O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASINING 60 YILLIGINI NIShONLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mamlakatimiz tarixi va iqtisodiy-ijtimoiy hayotidagi yuksak o‘rni va ahamiyatini inobatga olib hamda tashkil etilganining 60 yilligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 60 yilligini keng miqyosda nishonlash haqidagi Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalar markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va ilmiy jamoatchilikning takliflari ma’qullansin.
Yubiley sanasiga bag‘ishlangan tantanali majlis 2003-yil dekabr oyining ikkinchi yarmida Toshkent shahrida o‘tkazilsin.
2. Yubiley tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Tashkiliy qo‘mita bir hafta muddat ichida yubileyga bag‘ishlangan tadbirlar dasturini ishlab chiqsin hamda dasturni amalga oshirishda Fanlar akademiyasining Vatanimiz taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan tarixiy hissasini ifoda etadigan, uning faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratsin:
mamlakatimizda Fanlar akademiyasining vujudga kelishi tarixiga xalqimizning yuksak ilmiy-ijodiy tafakkuri, buyuk ajdodlarimizning aql-zakovati, ona zaminimizda qadimdan mavjud bo‘lgan Ma’mun akademiyasi, Samarqand, Buxoro va Farg‘ona vodiysi kabi ilm-fan markazlarida yaratilgan boy ilmiy meros va madaniy an’analarning mantiqiy hosilasi, milliy tariximizning tabiiy mahsuli sifatida baho berish;
Fanlar akademiyasining milliy va umumbashariy ilm-fan xazinasiga qo‘shgan munosib hissasining nafaqat yurtimizda, shu bilan birga, xalqaro miqyosda tan olinganini aniq misollarda ko‘rsatish va targ‘ib-tashviq qilish;
xalqimizning noyob iste’dodi va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish va yuksaltirishda, o‘lkamizning tabiiy boyliklarini o‘zlashtirish, ulardan el-yurt manfaati yo‘lida foydalanish borasida Fanlar akademiyasining samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotganini keng yoritish;
shu dargohda izlanish va tadqiqotlar olib borib, o‘z ilmiy maktablariga asos solgan buyuk olimlarimiz zamonaviy ilm-fanning geologiya, jumladan, neft, gaz, oltin, rangli va qimmatbaho metallar konlarini aniqlash, ularni qazib olish va qayta ishlash texnologiyalarini yaratish, matematika, yadro va qattiq jismlar fizikasi, astronomiya, mikrobiologiya, o‘simliklar kimyosi, seysmologiya, falsafa va boshqa ijtimoiy fanlar kabi yetakchi sohalarni, buyuk va ko‘hna tariximiz sahifalarini, Sharqning bebaho merosi jam bo‘lgan noyob qo‘lyozmalarni chuqur o‘rganish, ona tilimizning rivojlanish qonuniyatlari va imkoniyatlarini tadqiq etish, jahon ilmiy jamoatchiligi e’tirof etgan ko‘plab kashfiyot va yangiliklar yaratib, O‘zbekistonimizni butun dunyoga tarannum etish yo‘lida fidokorona xizmat qilganini har tomonlama aks ettirish;
mamlakatimiz istiqbolini belgilab beradigan zamonaviy ta’lim-tarbiya tizimining shakllanishi Fanlar akademiyasi va uning ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati bilan uzviy bog‘liq ekanini ochib berish.
Shu bilan birga, bugungi kunda Fanlar akademiyasining institut va laboratoriyalarida olimlar jamoalari tomonidan yaratilgan muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan yuksak ilmiy salohiyat, xalq xo‘jaligini rivojlantirishga katta turtki beradigan ayrim tadqiqot ishlarining natijalari e’tibordan chetda qolib kelayotganini, ishlab chiqarish korxonalari bilan yetarli darajada aloqa o‘rnatilmagani sababli bu izlanish va ixtirolarni ro‘yobga chiqarish uchun tegishli imkoniyat tug‘dirilmayotganini, moddiy va ijtimoiy ko‘mak berilmayotganini xolisona tan olish va bunday nuqsonlarni bartaraf etish zarurligini ham ta’kidlash lozim.
4. Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy kompleksi (A. Azizxo‘jayev), Umumiqtisodiyot kompleksi (R. Azimov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga (S. G‘ulomov) Fanlar akademiyasi (B. Yo‘ldoshev) bilan birgalikda bir oy muddat ichida Fanlar akademiyasi qoshida yuksak texnologiyalarni yaratish va rivojlantirish, ularning natijalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha maxsus jamg‘arma va uning Homiylar kengashini tuzish hamda nizomini tasdiqlash vazifasi topshirilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, mazkur jamg‘armaning asosiy faoliyati O‘zbekistonning ilmiy va ishlab chiqarish imkoniyatlarini kuchaytirishga xizmat qiladigan zamonaviy, ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish, ulardan samarali va oqilona foydalangan holda mavjud mahalliy resurslar asosida jahon bozori talablariga javob beradigan mahsulotlar va ilmiy ishlanmalar yaratish va ularni hayotga tatbiq etishdan iboratdir.
5. Iqtisodiyot vazirligi (R. Azimov), Moliya vazirligi (M. Nurmurodov), Davlat mulki qo‘mitasi (M. Asqarov), Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi (A. To‘xtayev) va Fanlar akademiyasi ishtirokida Akademiyaning moddiy bazasini o‘rganib chiqish va uni rivojlantirish maqsadida maxsus komissiya tuzilsin.
Komissiya:
ikki oy muddatda Fanlar akademiyasining asosiy fondlari va boshqa mol-mulkini inventarizatsiyadan o‘tkazsin, sotiladigan va hisobdan chiqariladigan mol-mulkning ro‘yxatini aniqlasin;
mol-mulkni sotish va hisobdan chiqarish bilan bog‘liq ishlarni o‘rnatilgan tartibda amalga oshirsin. Sotishdan tushadigan mablag‘lar to‘laligicha Fanlar akademiyasi moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga yo‘naltirilsin;
Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uni tartibga solish va rivojlantirish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, ilmiy faoliyat ehtiyojlari uchun tegishli laboratoriya jihozlari va uskunalarini sotib olish, bino va inshootlarni ta’mirlash hamda milliy boyligimiz hisoblangan ilmiy-madaniy obyektlar, noyob inshootlar va qurilmalarni saqlash hamda asrab-avaylash bo‘yicha takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy kompleksiga Fanlar akademiyasi Botanika bog‘ining bugungi holatini har tomonlama o‘rganib chiqish va uni yanada rivojlantirish uchun alohida komissiya tuzish topshirilsin.
Moliya vazirligi komissiya taqdim etgan hisob-kitoblar asosida ana shu maqsad uchun 2004-yilda zarur mablag‘ ajratishni nazarda tutsin.
7. Mamlakatimizda yangi hayot, yangi jamiyat, bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo etilayotgan, xalqaro maydonda Vatanimizning obro‘-e’tibori yuksalib, O‘zbekiston jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olayotgan hozirgi davrda Akademiyaning ilm-fan taraqqiyotining ilmiy-nazariy fundamental asoslarini yaratish borasidagi roli va hissasini kuchaytirish maqsadida Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirliklar, idoralar va muassasalar, keng jamoatchilik va mutaxassislar ishtirokida alohida dastur ishlab chiqsin hamda uni Akademiyaning istiqbolli va yillik ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan birgalikda ko‘rib chiqqan holda amalda joriy etish tadbirlarini belgilasin.
8. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga “O‘zekspomarkaz”da O‘zbekiston ilm-fani erishayotgan yangi yutuqlar va ishlanmalar ko‘rgazmalarini tashkil etish hamda mazkur ko‘rgazmalarni Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda muntazam namoyish etib borish vazifasi yuklatilsin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 6-sentabrdagi 248-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 36-son, 367-modda)
9. “O‘zbekkino” kompaniyasi (M. Muhammad Do‘st) bir oy muddatda Fanlar akademiyasining tashkil topishi va rivojlanishi hamda mustaqillik yillarida fanning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga va ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan hujjatli filmni yaratish borasidagi ishlarni yakunlasin va yubiley tadbirlari doirasida uning taqdimotini o‘tkazsin.
10. O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga (M. Hazratqulov), “O‘zteleradio” kompaniyasi (A. Ko‘chimov) va boshqa ommaviy axborot vositalariga Fanlar akademiyasining 60 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
11. Yubileyga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 50 mln so‘m ajratilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A. Abduvohitov va Bosh vazir o‘rinbosari A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 28-oktabr,
470-son