Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1994-1995 YILLARDA JIZZAX VILOYATINI IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANTIRIShNI JADALLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirishga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1994-1995-yillarda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini belgilashda ijtimoiy maqsadlardagi obyektlar, gaz va suv taʼminoti, sogʻliqni saqlash obyektlari, avariya holatidagi maktablar oʻrniga yangilarini qurish hamda yangi yerlarni oʻzlashtirish uchun zarur sarmoya mablagʻlari ajratishni nazarda tutsinlar (1 va 2-ilovalar).*
* 1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki “Oʻzsanoatqurilishbanki” va “Oʻzdehqonchiliksanoatbank” bilan birgalikda yuqorida qayd qilingan obyektlar qurilishiga 1994-1995-yillar uchun 2,0 mlrd soʻm imtiyozli 5 foizli kredit ajratsin.
3. Jizzax viloyati hokimi A.X. Toshkenboyev 2-ilovada nazarda tutilgan obyektlar qurilishi uchun mablagʻlapni mahalliy budjetdan qidirib topsin hamda korxonalar va tashkilotlarning oʻz mablagʻlarini jalb etishni taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 13-oktabr,
493-son