O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT ILMIY-TEXNIKA SIYOSATINING USTuVOR YO‘NALIShLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublikaning ilmiy-texnikaviy imkoniyatlarini saqlab qolish va mustahkamlash, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim muammolarini hal etish uchun uning kuchlarini qayta yo‘naltirish va bir joyga to‘plash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan O‘zbekiston Respublikasining 1993-yilgi va yaqin kelajakka mo‘ljallangan davlat ilmiy-texnika siyosatining ustuvor yo‘nalishlari va davlat ilmiy-texnika dasturlari ro‘yxati 1, 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1, 2 ilovalar berilmaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi:
tadqiqotlarning ustuvorligidan kelib chiqqan holda fanni rivojlantirish uchun 1993-yilga ajratilgan budjet mablag‘larini davlat va tanlov ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, fundamental tadqiqotlar jamg‘armasini shakllantirish uchun yo‘naltirsin;
ilg‘or texnologiyalarga olib chiqishni ta’minlovchi tashabbuskor tadqiqotchilik ishlarini moliyaviy ta’minlash uchun mablag‘larning umumiy hajmidan 2,5 foizgacha bo‘lgan miqdorda budjet mablag‘larining zaxiralarini tashkil etsin;
ajratilgan mablag‘larning aniq maqsadlarda foydalanilishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari M.Q. Qoraboyevga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-avgust.,
382-son