O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ROSSIYA FEDERATSIYASI HUKUMATI TOMONIDAN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIGA BERILGAN DAVLAT KREDITIDAN FOYDALANISh VA UNI TO‘LASh TARTIBI HAMDA SOBIQ SSR ITTIFOQI RESPUBLIKALARI BILAN HISOB-KITOBLARNI TARTIBGA SOLISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Rossiya Federatsiyasining xo‘jalik yurituvchi subyektlari bilan iqtisodiy aloqalar uzilayotgan sharoitlarda respublika xalq xo‘jaligining barqaror faoliyat ko‘rsatishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki, Rossiya Federatsiyasi Hukumati tomonidan “Rossiya Federatsiyasi rubli”da naqd pulsiz berilgan 125 mlrd so‘m miqdoridagi davlat krediti faqat davlat ehtiyojlari uchun g‘oyat muhim bo‘lgan moddiy resurslar sotib olishga, O‘zbekiston Respublikasi xalq xo‘jaligining ustuvor tarmoqlarining bir maromda ishlashini ta’minlashga yo‘naltiriladi. Davlat krediti va hukumatlararo bitimlarga muvofiq qo‘shilgan foizlar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan “Rossiya Federatsiyasi rubllarida” yoki erkin almashtiriladigan valyutada to‘lanadi.
2. Berilgan kredit mablag‘lari ilovaga* muvofiq mahsulotlarning eng muhim turlarini sotib olishga yo‘naltirilsin.
* ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki davlat kredit hisob-kitoblarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining vakil banki etib belgilansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:
davlat krediti hisobiga hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasining vakil bankida alohida schyot ochsin;
davlat kreditining haqiqatda foydalanilgan summasini Rossiya Markaziy bankining to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha “Rossiya Federatsiyasining rubllarida” va AQSh dollarida bir yo‘la hisobga olib borish va solishtirib chiqishni ta’minlasin;
foydalanilgan mablag‘larni hisobga olib borish uchun Moliya vazirligiga mazkur schyotdan muntazam ravishda ko‘chirma berib tursin.
5. Vazirliklar va idoralar, Markaziy bank va tijorat banklari davlat kreditini mazkur qarorning ilovasiga qat’iy muvofiq ravishda rasmiylashtirish va undan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
Davlat krediti vazirliklarga va idoralarga Moliya vazirligi bilan kredit shartnomasi tuzilganda hamda O‘zbekiston Respublikasining qonuniy to‘lovlarida berilgan kreditning ekvivalenti ular tomonidan Moliya vazirligining maxsus budjetdan tashqari schyotiga avans tarzida o‘tkazib turilgan taqdirda berilsin.
Berilgan kredit bo‘yicha Moliya vazirligi bilan uzil-kesil hisob-kitoblar, Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, respublika Markaziy banki tomonidan, hukumatlararo kreditga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz stavkalarini hisobga olgan holda, almashish kursi aniqlangandan keyin amalga oshiriladi.
6. Respublika Markaziy banki va Moliya vazirligi Rossiya Federatsiyasining Markaziy banki va Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat krediti bo‘yicha schyotlarning va hisob-kitoblarning, shu jumladan, ular bo‘yicha ustamalar va foizlarni to‘lashning texnik tartibini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
7. Vazirliklar, idoralar, birlashmalar va korxonalarning rahbarlari, “O‘zdehqonchiliksanoatbank”, “O‘zsanoatqurilishbank” Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki shaxsan javobgarlikni o‘z zimmalariga olgan holda:
Rossiya Federatsiyasi Hukumati tomonidan berilgan davlat krediti hisobiga korxonalarning bir maromda ishlashi uchun zarur bo‘lgan eng tanqis moddiy resurslarni keltirish bo‘yicha shartnomalar va kontraktlarning qat’i bajarilishini ta’minlasinlar. Tijorat banklari har oyning 10-kunidan kechikmay Markaziy bankka davlat kreditidan foydalanish to‘g‘risida axborot berib tursinlar.
8. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, “O‘zshartnomasavdo” uyushmasi, vazirliklar, idoralar, birlashmalar va korxonalar Moliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa banklar bilan birgalikda:
Rossiya Federatsiyasidan mahsulot va tovarlar keltirishni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirsinlar, bunda barter asosida tovarlar almashish a’mollaridan foydalansinlar;
1993-yilning oxirigacha MDH mamlakatlari bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro mahsulotlar yetkazib berishda ijobiy balans ta’minlansin. Uning qanday bajarilayotgani haqida shu yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
9. Markaziy bank Moliya vazirligi bilan birgalikda ilgari berilgan va Rossiya Federatsiyasi bilan tuzilgan Bitimga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi sifatida qayta rasmiylashtirilgan 237 mlrd so‘m miqdoridagi texnik kreditni to‘lash va unga xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida 1-oktabrgacha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Moliya vazirligi respublika valyuta rejasini va to‘lov balansini shakllantirishda 1995-yildan boshlab har yili davlat kreditini to‘lash xarajatlarini ko‘zda tutsin.
11. O‘zbekiston Respublikasining va sobiq SSR Ittifoqi boshqa respublikalarining xo‘jalik yurituvchi subyektlari o‘rtasidagi hisob-kitoblarni tartibga solish maqsadida, ularda o‘zlarining naqd pulsiz rubllarining yoki milliy valyutalarining ishlatilishini hisobga olgan holda Markaziy bankda ilgari SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalarning Davlat valyuta jamg‘armalari tashkil etilsin.
Belgilab qo‘yilsinki:
respublikaning xo‘jalik yurituvchi subyektlari adresiga kelib tushadigan barcha eksport tushumlari Markaziy bank tomonidan ko‘rsatilgan jamg‘armaga o‘tkaziladi, ayni bir vaqtda uning ekvivalenti ularning schyotlarida Markaziy bankning mablag‘ kelib tushgan kundagi rasmiy kursi bo‘yicha naqd pulsiz “O‘zbekiston so‘mlari”da aks ettiriladi;
Davlat zaxira jamg‘armasidan chet el valyutasini sotish Markaziy bank tomonidan valyuta birjasi orqali amalga oshiriladi;
sotib olingan chet el valyutasidan bir oy mobaynida chet ellik mahsulot yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan kontraktlarni to‘lashda foydalanilishi kerak.
Ushbu muddat tugagach u Markaziy bankka rasmiy kurs bo‘yicha majburiy tartibda sotiladi;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar — mahsulotni eksport qiluvchilar naqd pulsiz valyutalar sotib olishda imtiyozli huquqlardan foydalanadilar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Resurslar, moddiy-texnika ta’minoti va bitimlar bo‘limi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, “O‘zshartnomasavdo” uyushmasi bilan birgalikda Markaziy bank tomonidan “Rossiya Federatsiyasi rubllari”da yoki respublikalar valyutasining Davlat zaxira jamg‘armasidan sobiq SSR Ittifoqi boshqa respublikalarining milliy valyutasida pul to‘lanadigan, strategik jihatdan muhim mahsulotlar ro‘yxatini 1993-yil 10-iyulgacha aniqlasin.
13. Vazirliklar, idoralar, konsernlar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlarining oldindan pul to‘lagan holda respublika tashqarisidan tovar va moddiy boyliklarni hamda respublika tashqarisiga jo‘natilgan mahsulotlar evaziga to‘lovlarni o‘z vaqtida olish uchun mas’uliyati ularni yetkazib berish yoki haqini to‘lashning 60 kunlik muddatini o‘tkazib yuborganlik uchun jarima sanksiyalari belgilash yo‘li bilan oshirilsin. Jarima sanksiyalarini to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
14. Markaziy bank 1993-yil 10-iyulgacha ushbu qarorni amalga oshirishning texnik tartibini ishlab chiqsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining markaziy apparatida sobiq SSR Ittifoqi respublikalari bilan davlatlararo hisob-kitoblar va qarzlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tuzilsin, undagi xodimlarning cheklangan soni 10 nafarga ko‘paytirilsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot hamda Resurslar, moddiy-texnika ta’minoti va bitimlar bo‘limlariga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 9-iyul,
338-son