Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XORAZM VILOYATIDA QAND-ShAKAR ZAVODI QURISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikaning qand-shakarga boʻlgan ehtiyojlarini uning oʻz ishlab chiqarishi hisobiga qondirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan Turkiyaning “Turk Sheker Yuksel Inshaat SP” firmasi oʻrtasida Xorazm viloyatida har sutkada 3000 tonna qand lavlagini qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan qand-shakar zavodini foydalanishga tayyor holda qurish (qurilish muddati — 26 oy) yuzasidan kontrakt imzolangan;
imzolangan kontraktga binoan qurilishning umumiy qiymati 83,25 mln AQSh dollarini tashkil qiladi, Ushbu mablagʻlar 1-ilovaga * muvofiq muddatlarda oʻzlashtiriladi;
* Ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi “Innovatsiya” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi orqali qand-shakar zavodi qurilishining chet el valyutasi qismi boʻyicha buyurtmachi hisoblanadi;
“Oziqovqatsanoat” uyushmasi qand-shakar zavodi qurilishining butun loyihasi boʻyicha buyurtmachi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-oktabrdagi 373-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining qand-shakar zavodi qurilishi uchun “Turkeksmibank” tomonidan ajratiladigan kredit hajmidagi blank qarzlari majburiyatlarini “Turkeksimbank” ga bersin;
olingan kredit mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga belgilangan tartibda qayta mablagʻlashtirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga qand-shakar zavodi qurilishi uchun “Turkeksimbank” tomonidan ajratiladigan kredit hajmida Oʻzbekiston Respublikasi hukumati kafolatini berish zarur deb hisoblansin.
5. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va “Oziqovqatsanoat” uyushmasi bir hafta muddatda 2-ilovaga* muvofiq zavod qurilishi hamda kreditlarni toʻlash boʻyicha xarajatlarni qoplash muddatlari va sharoitlarini belgilovchi tegishli shartnomalarni tuzsinlar.
* Ilova berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(6 va 7-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-oktabrdagi 373-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
8. Pul-kredit siyosati boʻyicha komissiya, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki “Oziqovqatsanoat” uyushmasiga 3-ilovaga* muvofiq tashqi muhandislik kommunikatsiyalari, zavod infrastrukturasi obyektlarini qurish boʻyicha sarmoya sarflarini amalga oshirish hamda chet el valyutasi sarflarini qoplash uchun milliy valyutada uzoq muddatli kredit ajratishni nazarda tutsinlar.
* Ilova berilmaydi.
9. “Oziqovqatsanoat” uyushmasi qurilish maydonidan tashqaridagi muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy-madaniy maqsadlardagi obyektlar qurilishi uchun arxitektura — rejalashtirish topshirigʻining oʻz vaqtida olinishini va loyiha-smeta hujjatlarining ishlab chiqilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyihaning Oʻzbekiston va Turkiyaga tegishli qismlarini ekspertizadan oʻtkazsin.
11. Tashqi muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy-madaniy maqsadlardagi obyektlarni barpo etish boʻyicha pudratchi qurilish tashkiloti vazifasi “Oʻzsuvqurilish” davlat konserniga yuklansin.
12. “Oʻzsuvqurilish” davlat konserni inshootlar qurilishini hamda zavod infrastrukturasi obyektlarini va qurilish maydonidan tashqaridagi muhandislik kommunikatsiyalarni kontrakt shartlariga javob beradigan muddatlarda foydalanishga topshirishni amalga oshirsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi, “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni, Oʻrta Osiyo Temir yoʻl boshqarmasi, Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi “Oʻzsuvqurilish” davlat konserni bilan shartnoma asosida tashqi muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy-madaniy maqsadlardagi obyektlar qurilishini amalga oshirsinlar.
14. “Oʻzbekneftgaz” korporatsiyasi qand-shakar zavodini ishlatish uchun gazga zarur limit ajratsin.
“Oʻzbekneftgaz” ishlab chiqarish birlashmasi gaz bilan taʼminlash boʻyicha texnik shartlarni bersin.
15. “Oʻzulgurjisavdo” uyushmasi, “Oʻzqurilishmateriallari” davlat konserni zarur asbob-uskunalar va materiallar yetkazib berish yuzasidan “Oziqovqatsanoat” uyushmasi, “Oʻzsuvqurilish” davlat konserni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan shartnomalar tuzsinlar.
16. “Oʻzmashsanoat” uyushmasi va “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi “Oziqovqatsanoat” uyushmasi buyurtmasi boʻyicha qand-shakar zavodi uchun standartlashtirilmagan va boshqa asbob-uskunalarni tayyorlab berish yuzasidan shartnomalar tuzsinlar.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” davlat konserni Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi va “Oʻzavtosanoat” uyushmasi bilan birgalikda 1995-1996-yillarda qand lavlagi yetishtirish va uni oʻstirishni mexanizatsiyalash dasturini ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining “Innovatsiya” xoʻjalik hisobidagi respublika tashqi savdo birlashmasi valyuta loyihasi kontrakti egasi sifatida:
qand-shakar zavodi qurilish uchun zarur boʻlgan import qilinuvchi asbob-uskunalar va materiallar uchun bojxona toʻlovlari hamda yigʻimlari toʻlashdan;
qand-shakar zavodi qurilishida band boʻlgan Turkiya mutaxassislari va ishchilari uchun viza hujjatlarini rasmiylashtirish boʻyicha olinadigan konsulxona yigʻimlari toʻlashdan ozod qilinsin.
19. Pudratchi bilan havo va yer usti transportida yuk va yoʻlovchilar tashishni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston tashkilotlari oʻrtasidagi, shuningdek, mutaxassislarning yashashi va ularga koʻrsatiladigan servis xizmati uchun barcha oʻzaro hisob-kitoblarni milliy valyutada amalga oshirishga ruxsat etilsin.
20. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Oʻ.T.Sultonov va R.R.Yunusov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 18-oktabr,
513-son