OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TRANSPORT VAZIRINING
buyrugʻi
“Urganch-Xiva” pulli avtomobil yoʻlidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 30-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3949]
Oʻzbekiston Respublikasining “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. “Urganch — Xiva” pulli avtomobil yoʻlidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
4. Ushbu buyruq pulli avtomobil yoʻllaridan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinib, kuchga kirgunga qadar amal qiladi.
Vazir I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2026-yil 28-sentabr,
1-son
Kelishildi:
Iqisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2026-yil 15-sentabr
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
2026-yil 28-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2026-yil 28 sentabrdagi 1-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Urganch — Xiva” pulli avtomobil yoʻlidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi
VAQTINCHALIK NIZOM
Mazkur vaqtinchalik nizom “Urganch — Xiva” pulli avtomobil yoʻlidan (bundan buyon matnda pulli yoʻl deb yuritiladi) foydalanishning vaqtinchalik tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu vaqtinchalik nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
muqobil bepul harakatlanish yoʻli — pulli yoʻl bilan bogʻliq hududlar oʻrtasida avtotransport vositalarining toʻlovsiz harakatlanishini taʼminlaydigan avtomobil yoʻli;
nazorat arkasi — avtotransport vositalarini qayd etish, davlat raqami belgisini tanish, toʻlovni hisoblash uchun oʻrnatiladigan muhandislik-texnik inshooti;
operator — pulli yoʻlning egasi tomonidan oʻz zimmasiga pulli yoʻlni taʼmirlash, saqlash va undan foydalanish, shuningdek toʻlovlarni yigʻish hamda pulli yoʻldan foydalanuvchilarga boshqa xizmatlar koʻrsatish majburiyatlari yuklatilgan yuridik shaxs;
pulli yoʻl — toʻlov asosida foydalaniladigan avtomobil yoʻli (avtomobil yoʻlining uchastkasi);
tarif – avtotransport vositasi toifasi va yoʻl masofasidan kelib chiqib belgilangan toʻlov miqdori;
toʻlov punkti — pulli yoʻlning jihozlash elementi boʻlib, u oʻtkazish punktlarini va xizmat koʻrsatish inshootlarini, muhandislik uskunalarini va avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov olishning texnik vositalarini, shuningdek tezlikni oʻzgartirishning qatnov tasmalarini hamda transport vositalari uchun qoʻriqlanadigan toʻxtab turish joylarini oʻz ichiga oladi;
toʻlov undirish tizimi — avtotransport vositalarini identifikatsiya qilish, harakatni qayd etish, toʻlovni hisoblash, qabul qilish, qarzdorlikni shakllantirish, maʼlumotlarni saqlash va uzatishga moʻljallangan dasturiy-texnik vositalar, qurilmalar, maʼlumotlar bazalari majmui;
toʻsiqli toʻlov undirish tizimi — pulli yoʻlga kirish, chiqish yoki toʻlovni amalga oshirish shlagbaumlar va toʻlov punktlari orqali tashkil etiladigan tizim;
toʻsiqsiz toʻlov undirish tizimi — avtotransport vositasi harakatini toʻxtatmasdan, davlat raqami belgisini avtomatik tanish, foto va video qayd etish vositalari orqali toʻlovni hisoblaydigan tizim;
foydalanuvchi — pulli yoʻldan foydalanadigan jismoniy yoki yuridik shaxs;
kechiktirilgan toʻlov usuli — avtotransport vositasi pulli yoʻldan harakatlangandan keyin belgilangan muddatda toʻlovni amalga oshirish usuli;
qayta hisoblash — toʻlov miqdori notoʻgʻri hisoblangan, avtotransport vositasining toifasi notoʻgʻri aniqlangan yoki texnik nosozlik sababli toʻlov notoʻgʻri amalga oshirilgan hollarda toʻlov miqdorini qayta hisoblash jarayoni;
qarzdorlik — pulli yoʻldan foydalanilgan, biroq belgilangan muddatda toʻlanmagan toʻlov summasi;
elektron shaxsiy hisob — mobil ilova orqali foydalanuvchiga ochiladigan hamda toʻlovlar, avtotransport vositalarining oʻtishlari, qarzdorlik va oʻzaro hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yuritiladigan shaxsiy hisob.
2-bob. Pulli yoʻldan foydalanishni tashkil etish
2. Pulli yoʻlda harakatlanish boshlanishidan oldin operator tomonidan pulli yoʻlning texnik jihatdan, toʻlovlarni undirish tizimi hamda axborot tablolarining foydalanishga tayyorligi taʼminlanadi.
3. Operator pulli yoʻldan foydalanishni tashkil etishdan oldin pulli yoʻlning tariflari va shartlari, toʻlov usullari hamda muqobil bepul harakatlanish yoʻli toʻgʻrisidagi axborotlarni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va pulli yoʻlga kirish joylarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi deb yuritiladi) rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
4. Pulli yoʻlda toʻlovni toʻlamagan holda harakatlanish Oʻzbekiston Respublikasining “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonunining 47-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Operator va foydalanuvchi oʻrtasidagi munosabatlar
5. Pulli yoʻldan foydalanish operator va foydalanuvchi oʻrtasidagi ommaviy shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Operator ommaviy shartnoma shartlarini oʻzining rasmiy veb-sayti va mobil ilovasida eʼlon qiladi.
6. Foydalanuvchi pulli avtomobil yoʻliga kirish, harakatlanish uchun toʻlovni toʻlov punktida toʻlash yoki yoʻl talonini sotib olish orqali operatorning ommaviy shartnoma shartlarini qabul qilgan va operator bilan ommaviy shartnoma tuzgan hisoblanadi.
7. Pulli yoʻldan harakatlanish uchun toʻlov miqdori barcha foydalanuvchilar uchun bir toifadagi transport vositalariga nisbatan teng belgilanadi.
8. Ommaviy shartnomada quyidagilar nazarda tutiladi:
a) operator va foydalanuvchining huquqlari va majburiyatlari;
b) pulli yoʻlning nomi, chegaralari va foydalanish shartlari;
c) tariflar va toʻlov usullari;
d) toʻlovni toʻlamaslik, qarzdorlik va qayta hisoblash tartibi;
e) shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlash va himoya qilish shartlari;
f) texnik nosozlik va favqulodda holatlarda pulli yoʻldan foydalanish tartibi;
g) murojaatlar va shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi.
9. Operator foydalanuvchining shaxsga doir maʼlumotlarini uchinchi shaxslarga faqat qonunchilikda yoki ommaviy shartnomada nazarda tutilgan hollarda, shuningdek foydalanuvchining roziligi asosida taqdim etadi.
Foydalanuvchining shaxsga doir maʼlumotlari pulli yoʻldan foydalanishni taʼminlash, foydalanish uchun toʻlovlarni hisoblash va undirish, qarzdorlik hisobini yuritish, shuningdek qonunchilikda belgilangan nazorat va hisobot vazifalarini amalga oshirish maqsadlarida qayta ishlanadi.
4-bob. Pulli yoʻlda harakatlanish
10. Pulli yoʻldan foydalanuvchi yoʻl harakati qoidalariga, operatorning harakatlanishni tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalariga rioya etishi shart.
11. Pulli yoʻlda harakatlanish belgilangan tezlik rejimiga muvofiq amalga oshiriladi.
Pulli yoʻlda avtotransport vositasining toʻxtab turishiga faqat yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan yoki avtotransport vositasida nosozlik yuzaga kelgan hollarda, bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi hamda operatorni zudlik bilan qisqa raqam orqali xabardor qilish sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.
12. Toʻsiqli toʻlov undirish tizimida foydalanuvchi yoʻl belgilari va yoʻl chiziqlariga muvofiq toʻlov yoʻlagiga kirishi, belgilangan joyda toʻxtashi, toʻlovni amalga oshirishi hamda shlagbaum ochilganidan keyin harakatni davom ettirishi shart.
13. Toʻsiqsiz toʻlov undirish tizimida foydalanuvchi toʻxtamasdan harakatlanadi, avtotransport vositasining davlat raqami belgisi va harakat vaqti avtomatik texnik vositalar orqali qayd etiladi hamda toʻlov elektron shaxsiy hisob yoki kechiktirilgan toʻlov usulida amalga oshiriladi.
14. Pulli yoʻlda ogʻir vaznli, yirik gabaritli va xavfli yuk tashuvchi avtotransport vositalari, qishloq xoʻjaligi texnikalari, maxsus qurilish texnika va mexanizmlari, velosiped, dvigatelning ish hajmi 25 sm3 yoki quvvati 0,25 kilovattdan kam boʻlgan moped va skuterlar, piyodalar hamda avtotransport vositalarining shatakka olgan holda harakatlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bunda operator pulli yoʻlda harakatlanishi taqiqlangan avtotransport vositalari va texnikalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzining rasmiy veb-saytida, mobil ilovada, ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining rasmiy veb-saytida joylashtiradi.
5-bob. Foydalanuvchining huquq va majburiyatlari
15. Foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
a) ommaviy shartnoma va pulli yoʻldan foydalanish shartlari, tariflar, toʻlov usullari va muqobil bepul harakatlanish yoʻli haqidagi axborot bilan tanishish;
b) operatorga aloqa markazi va boshqa kanallar orqali murojaat qilish;
v) toʻlov tarixi va qarzdorlikni tekshirish, xato hisob-kitob boʻyicha qayta hisoblashni talab qilish;
g) toʻlovsiz harakatlanish huquqi mavjud boʻlsa, ushbu huquqdan foydalanish;
d) operator koʻrsatmalari va harakatlari ustidan Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga yoki sudga murojaat qilish.
16. Foydalanuvchi quyidagilarga majbur hisoblanadi:
a) pulli yoʻldan foydalanish uchun belgilangan toʻlovni oʻz vaqtida hamda toʻliq amalga oshirish;
b) pulli yoʻlda belgilangan harakatlanish tartibi, yoʻl harakati qoidalari va tezlik rejimi talablariga rioya qilish;
v) toʻlov punktlarida operator koʻrsatmalariga rioya qilish;
g) yoʻl infratuzilmasi, toʻlov tizimi va boshqa texnik vositalarga zarar yetkazmaslik, zarar yetkazilgan taqdirda ushbu zararni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplash;
d) texnik nosozlik, yoʻl-transport hodisasi yoki favqulodda holat yuzasidan operator va tegishli xizmatlarga zudlik bilan xabar berish;
e) qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda belgilangan muddatda uni qoplash.
17. Foydalanuvchiga quyidagi harakatlar taqiqlanadi:
a) toʻlov punktini, nazorat arkasini yoki belgilangan kirish va chiqish joylarini chetlab oʻtish;
b) davlat raqami belgisini qasddan yashirish, sunʼiy oʻzgartirish yoki texnik vositalar tomonidan oʻqilishini qiyinlashtirish;
v) shlagbaumni oʻzboshimchalik bilan ochish, shikast yetkazish yoki boshqacha tarzda oʻtishga harakat qilish;
g) toʻlov punktida toʻlovni toʻlash bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda toʻxtab turish, harakat yoʻlagini toʻsib qoʻyish yoki boshqa avtotransport vositalari harakatiga xalaqit berish.
6-bob. Operatorning huquq va majburiyatlari
18. Operator quyidagi huquqlarga ega:
a) pulli yoʻldan foydalanganlik uchun belgilangan tartibda toʻlov undirish;
b) tariflarni hisoblash va qayta koʻrib chiqish;
v) avtotransport vositasini, uning davlat raqami belgisini, oʻtish vaqti va joyini texnik vositalar orqali qayd etish;
g) toʻlovni amalga oshirmagan yoki qarzdorligi mavjud boʻlgan foydalanuvchidan qarzdorlikni talab qilish;
d) toʻsiqli toʻlov undirish tizimida belgilangan muddatga toʻlovni amalga oshirmagan foydalanuvchini pulli yoʻldan harakatlanishini cheklash;
e) vakolatli davlat organlariga ulardan zarur maʼlumotlarni olish boʻyicha soʻrovlar kiritish;
j) operatorlik vazifalarining ayrim funksiyalarini boshqa shahslarga topshirish;
z) yoʻl harakati xavfsizligi yoki favqulodda holatlar yuzaga kelganda vakolatli davlat organlari bilan kelishgan holda harakatni vaqtincha cheklash yoki qayta yoʻnaltirish.
19. Operator quyidagilarga majbur hisoblanadi:
a) pulli yoʻlni va yoʻl infratuzilmasini texnik soz holda saqlash hamda taʼmirlash;
b) pulli yoʻlda harakatni tashkil etish va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga koʻmaklashish;
v) toʻlov undirish tizimini joriy etish, texnik xizmat koʻrsatish hamda modernizatsiya qilish;
g) foydalanuvchi bilan ommaviy shartnoma asosida munosabatlarni tashkil etish;
d) tariflar, toʻlov usullari, muqobil bepul harakatlanish yoʻli va xizmatlar haqida ochiq axborotlar berish;
e) pulli yoʻlda harakatlanish uchun toʻlovlarni hisoblash, undirish, hisobga olish, qarzdorlikni yuritish va toʻlov tasdiqnomalarini berish;
j) elektron toʻlov va shaxsiy hisob, davlat raqami belgisi, foto-video qayd va nazorat arkalarini ishlatish;
z) foydalanuvchilar murojaatlari va qayta hisoblash talablarini koʻrib chiqish;
i) avariya, favqulodda holat va texnik nosozliklarda tezkor choralar koʻrish, evakuatsiya va texnik yordamni tashkil etish;
k) shaxsiy maʼlumotlar, tijorat sirlari, toʻlov maʼlumotlari va axborot tizimlari xavfsizligini taʼminlash;
l) pulli yoʻldan normal foydalanishga toʻsqinlik qiluvchi nosozliklarni bartaraf etish, shuningdek texnik nosozlik, shu jumladan yoʻl-transport hodisasi natijasida harakatlanishni toʻxtatgan va boshqa avtotransport vositalarining harakati uchun xavf tugʻdiruvchi avtotransport vositasini eng yaqin xavfsiz joyga koʻchirish;
m) foydalanuvchilarni pulli yoʻldagi avariya yoki favqulodda holat, yoʻl-transport hodisalari yuzaga kelish xavfini oshiruvchi noqulay ob-havo sharoitlari va pulli yoʻlda yoʻl harakati xavfsizligiga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa holatlar toʻgʻrisida, shu jumladan axborot tablosi orqali xabardor qilish;
n) foydalanuvchilar haqidagi maʼlumotlarning himoya qilinishi va saqlanishini qonunchilik hujjatlariga muvofiq taʼminlash;
o) pulli yoʻldagi nosozliklar tufayli avtotransport vositalariga yetkazilgan zararni foydalanuvchiga belgilangan tartibda qoplash.
20. Operator tomonidan pulli yoʻlga kirish va undan chiqish joylarida foydalanuvchilar tanishishi uchun oʻrnatilgan axborot tablolarida hamda oʻzining rasmiy veb-saytida quyidagi maʼlumotlar joylashtiriladi:
pulli hamda muqobil bepul harakatlanish yoʻli sxemasi;
harakatlanish uchun toʻlov miqdori, tartibi, usullari (shakllari);
harakatlanish uchun toʻlovlarni toʻlamagan holda harakatlanish huquqiga ega boʻlgan foydalanuvchilarning roʻyxati;
foydalanuvchilarning murojaatlarini qabul qiluvchi operator boʻlimining manzili va aloqa maʼlumotlari;
operatorning avariya xizmati manzili va aloqa maʼlumotlari;
pulli yoʻlda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining manzili va aloqa maʼlumotlari.
7-bob. Toʻlovni amalga oshirish
21. Pulli yoʻldan foydalanish uchun toʻlovlar elektron shaxsiy hisob, toʻlov punktida toʻlov yoki kechiktirilgan toʻlov usulida amalga oshiriladi.
22. Toʻlovni toʻlamaslik holati foto-video qayd etish vositalari, davlat raqami belgisini avtomatik tanish, toʻlov punkti yozuvi, nazorat arkasi maʼlumoti yoki operatorning axborot tizimidagi boshqa ishonchli dalillar asosida qayd etiladi.
23. Toʻlov amalga oshirilmaganligi aniqlangan taqdirda, operator foydalanuvchiga qarzdorlik miqdori, uni toʻlash usuli va muddati, shikoyat qilish tartibi hamda qarzdorlikni toʻlamaslik oqibatlari toʻgʻrisida xabarnomani yuboradi.
24. Foydalanuvchi pulli yoʻldan foydalanganlik uchun toʻlovlarni amalga oshirish maqsadida operatorning axborot tizimida elektron shaxsiy hisob ochishi mumkin.
25. Elektron shaxsiy hisobda foydalanuvchining identifikatsiya maʼlumotlari, avtotransport vositalari, amalga oshirilgan toʻlovlar, pulli yoʻldan harakatlanishlar, qarzdorlik va murojaatlar tarixi yuritiladi.
26. Elektron shaxsiy hisobga mablagʻ kiritilganda, foydalanuvchining mavjud qarzdorligi birinchi navbatda qoplanadi, qolgan mablagʻ esa pulli yoʻldan keyingi foydalanish uchun hisobga olinadi.
27. Pulli yoʻldan harakatlanish uchun toʻlov mazkur vaqtinchalik nizomning ilovasida keltirilgan miqdorlardan oshmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonunining 46-moddasiga muvofiq operator tomonidan belgilangan miqdorda amalga oshiriladi.
8-bob. Toʻlovni toʻlamaslik, qarzdorlik va majburiy undirish
28. Toʻsiqsiz toʻlov tizimida kechiktirilgan toʻlov usuli qoʻllanilganda, operator foydalanuvchiga toʻlovni besh ish kuni ichida amalga oshirish zarurligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
Xabarnomada avtotransport vositasining davlat raqami belgisi, pulli yoʻldan harakatlanilgan sana va vaqt, toʻlov miqdori va usuli, shikoyat bildirish tartibi hamda toʻlovni amalga oshirmaslik oqibatlari koʻrsatiladi.
Foydalanuvchi toʻlovni xabarnoma yuborilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida amalga oshirmagan taqdirda, operator qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida qonunchilikda belgilangan tartibda sudga murojaat qiladi.
29. Foydalanuvchi qarzdorlik boʻyicha eʼtiroz bildirgan taqdirda, operator shikoyat kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida tegishli maʼlumotlarni qayta tekshiradi hamda shikoyat asosli deb topilganda, qarzdorlik bekor qilinadi yoki qayta hisob-kitob amalga oshiriladi.
30. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda operator qarzdorlik mavjud boʻlgan avtotransport vositasini texnik koʻrikdan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish, boshqa shaxsga oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish yoki unga nisbatan boshqa yuridik harakatlarni amalga oshirishga cheklov qoʻyish maqsadida vakolatli davlat organlari bilan axborot almashishi mumkin.
9-bob. Undirilgan mablagʻlarni tasarruf etish
31. Pulli yoʻldan foydalanganlik uchun undirilgan toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmasining alohida hisobvaragʻida jamlanadi.
32. Pulli yoʻlni taʼmirlash va saqlash, qishki qarovdan oʻtkazish, koʻkalamzorlashtirish, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish, texnologik asbob-uskunalar hamda maxsus mashina va mexanizmlarni xarid qilish, operator xodimlarini saqlash, axborot tizimini texnik qoʻllab-quvvatlash, uni boshqa axborot tizimlari va resurslari, toʻlov hamda SMS-shlyuzlari bilan integratsiya qilish, shuningdek server va tarmoq qurilmalari hamda maʼlumotlar uzatish tarmoqlariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni modernizatsiya qilish (bundan buyon matnda pulli yoʻlni saqlash deb yuritiladi) xarajatlari smetasi operator tomonidan ishlab chiqiladi.
Xarajatlar smetasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
33. Pulli yoʻlni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar tasdiqlangan smeta doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmasining alohida hisobvaragʻi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
34. Pulli yoʻlni saqlash bilan bogʻliq xarajatlardan ortgan mablagʻlar pulli yoʻlni qurish loyihasi doirasida jalb qilingan kredit va ssuda mablagʻlarini qoplashga yoʻnaltiriladi.
10-bob. Yakuniy qoida
35. Mazkur vaqtinchalik nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
“Urganch — Xiva” pulli avtomobil yoʻlidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga
ILOVA
ILOVA
Pulli yoʻldan harakatlanish uchun toʻlov
MIQDORLARI
T/r | Avtotransport vositasi toifasi | “Urganch — Xiva” va “Xiva — Urganch” yoʻnalishida (35 km) | “Yangiariq — Xiva” va “Xiva — Yangiariq” yoʻnalishida (28 km) |
Bazaviy hisoblash miqdorining baravari: | |||
1. | Yengil avtotransport va mototransport vositalari (M1 va L toifalari) | 0,04 | 0,033 |
2. | Mikroavtobus (M2 toifa) | 0,10 | 0,08 |
3. | Avtobuslar (M3 toifa) | 0,15 | 0,12 |
4. | Ikki va uch oʻqli yuk avtotransport vositalari (N1, N2, O1, O2 va O3 toifalari) | 0,20 | 0,16 |
5. | Toʻrt va undan ortiq oʻqli yuk avtotransport vositalari, avtopoyezdlar (N3 va O4 toifalari)* | 0,30 | 0,24 |
* Izoh: mazkur toifadagi avtotransport vositalarining harakatlanishiga pulli yoʻlning yuqori qatlam qoplamalari toʻliq yakunlangandan soʻng ruxsat beriladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2026-y., 10/26/3949/0989-son)