O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON DAVLAT TELEVIDENIYA VA RADIOEShITTIRISh KOMPANIYASINING KO‘RSATUV VA EShITTIRIShLARI HAJMLARINI KO‘PAYTIRISh, UNING MODDIY-TEXNIKA NEGIZINI MUSTAHKAMLASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-mart 41-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika aholisining axborotlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘laroq qondirish, teleradio dasturlari mazmunini tubdan yaxshilash va “O‘zdavteleradio” kompaniyasining moddiy-texnika negizini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zteleradio” kompaniyasining teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar dasturlari hajmlarini ko‘paytirishga oid takliflari 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. O‘zbekiston Davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyasi:
O‘zbekiston televideniyesining uchta umumrespublika kanali uzluksiz ishlashini ta’minlasin, teleko‘rsatuvlarning kundalik hajmini bosqichma-bosqich qo‘shimcha 16,5 soatga ko‘paytirsin, bunda respublika hududining televideniyening o‘z mahsuloti bilan kamida 10 soat hajmida to‘liq qamrab olinishini nazarda tutsin;
respublika radiosi eshittirishlari hajmini 15 soatga ko‘paytirishni nazarda tutsin. O‘zbekiston radiosi II kanalini “Mash’al” eshittirishlariga to‘liq bersin, uning eshittirishlarini 1994-yilda bir kecha-kunduzda 23 soatgacha yetkazsin;
III umumrespublika radiokanali ishga tushirilgandan keyin 1994-yilning oxirigacha “Mash’al” to‘lqinida berilayotgan “Do‘stlik” dasturining kundalik radioeshittirishlari hajmini 9 soatgacha, 1995-yilda esa 15 soatgacha yetkazsin;
1995-yildan boshlab bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tish va zarur tuzilmalar tashkil etishni va reklama-tijorat xizmatlari sohasini rivojlantirishni nazarda tutgan holda xo‘jalik yuritishning samarali usullari bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
“O‘zbektelefilm” studiyasining ijodiy faoliyatini yaxshilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning hajmini ko‘paytirish va sifatini yaxshilash, yuksak badiiy talablarga javob beruvchi hujjatli, ilmiy-ommabop va qisqa metrajli filmlar ishlab chiqarish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rsin;
Mo‘ljallangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida kompaniya tarkibiy bo‘linmalarini yuqori malakali kadrlar bilan mustahkamlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi “O‘zdavteleradio” kompaniyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda chet tillarda beriladigan radioeshittirishlarning sifatini yaxshilash, hajmlarini ko‘paytirish va hududini kengaytirish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. “O‘zdavteleradio” kompaniyasi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda yangi binolar (televideniye tahririyat binosi, Radio uyining apparat studiyasi, uy-joylar)ni qurish va ishlab turgan obyektlar (Respublika radio uyi, Respublika telemarkazi, maxsus avtokorxona, “O‘zbektelefilm” studiyasi, Ijod uyi)ni rekonstruksiya qilish bo‘yicha kelishilgan takliflarni shu yil may oyining oxirigacha tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Ko‘paytirilgan hajmlardagi radioeshittirishlar va teleko‘rsatuvlarni sifatli tayyorlash uchun zarur bo‘lgan texnika vositalari va ehtiyot qismlar sotib olish maqsadida 1994—1996-yillarda “O‘zdavteleradio” kompaniyasiga Respublika valyuta jamg‘armasidan 5,9 mln AQSh dollari miqdoridagi foizsiz kredit o‘n yil muddatga, shuningdek, 1,86 mlrd Rossiya rubli 2 va 2a-ilovalarga* muvofiq ajratilsin.
* 2, 2a-ilovalar berilmaydi.
“O‘zdavteleradio” kompaniyasi berilgan kreditni 1997-yildan boshlab qaytarilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi teleradio dasturlar berilishini ta’minlovchi texnika vositalari, ehtiyot qismlar sotib olishga va asbob-uskunalarni tuzatishga 1994-yilning II choragidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligiga har chorakda teng ulushlarda 2100 mln Rossiya rubli ajratsin. Aloqa vazirligi mablag‘larning milliy valyutada qoplanishini ta’minlasin.
7. Ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun “O‘zdavteleradio” kompaniyasi 1994-yil davrida valyutada soliqlar to‘lashdan hamda uning belgilangan ulushini majburiy ravishda sotishdan ozod qilinsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Mehnat vazirligi “O‘zdavteleradio” kompaniyasi bilan birgalikda 20 kun muddatda to‘plangan ilg‘or tajriba asosida teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar tayyorlashga va ularni translatsiya qilishga sarflanadigan amaldagi normativlarni qayta ko‘rib chiqsinlar hamda ularni qo‘shma qaror bilan tasdiqlasinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tasdiqlangan normativlarni va 1994—1996-yillarga mo‘ljallangan teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar hajmlarini hisobga olgan holda belgilangan tartibda zarur mablag‘lar ajratsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligi va Aloqa vazirligi ikki oy muddatda oliy o‘quv yurtlarida quyidagi mutaxassislar: teleradio jurnalistlar, teleradio-kino rejissorlar, tele-kino operatorlar, ovoz operatorlari muhandislari va boshqalarni o‘qitish sifatini yaxshilash bo‘yicha kelishilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar, 1994-yilga va keyingi o‘quv yillariga qabul qilish rejasida ularni “O‘zdavteleradio” kompaniyasi va O‘zdavkinokompaniya buyurtmanomalariga muvofiq maqsadli tayyorlashni nazarda tutsinlar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi “O‘zdavteleradio” kompaniyasi tizimida ishlayotgan chet ellik mutaxassislar va uning taklifi bilan kelayotgan xorijiy fuqarolarning mehmonxonada yashashi, avtomobil transportidan foydalanganligi, amaldagi pasportlarning ro‘yxatga olinishi va muddatlari uzaytirilishi hamda viza xizmatlari uchun olinadigan to‘lovlarni milliy valyutada qabul qilishga ruxsat bersinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosarlari M.Q, Qoraboyev, K.N. To‘laganov va B.S. Hamidovlar zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 28-mart,
167-son