Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yengil sanoat korxonalariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatish uchun tijorat banklari orqali kredit ajratishga resurslarni joylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirokini kengaytirish hamda tashqi bozorlarda oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2026-yil 12-yanvardagi PF-4-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirokini kengaytirish hamda tashqi bozorlarda oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2026-yil 12-yanvardagi PF-4-son Farmoniga muvofiq 50 million AQSH dollari 2026-yilda tijorat banklari orqali yengil sanoat korxonalariga quyosh fotoelektr stansiyasini qurish maqsadida 4 yil muddatgacha yillik 6 foiz stavkada (bank marjasi 1,5 foiz va Agentlik xarajatlari 0,5 foiz) kreditlar berish uchun Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi buyurtmasiga asosan Yengil sanoatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yengil sanoat korxonalariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatish uchun tijorat banklari orqali kredit ajratishga resurslarni joylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yengil sanoat korxonalari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatish maqsadida kredit olish uchun tijorat banklariga murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddatlari;
murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha resurslarni taqdim etish va/yoki taqdim etishni rad etish asoslari;
ajratilgan resurslardan maqsadli foydalanganlik holatini doimiy monitoring qilish tartibi.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori N.Q. Xolmurodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 12-avgust,
438-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-avgustdagi 438-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Yengil sanoat korxonalariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatish uchun tijorat banklari orqali kredit ajratishga resurslarni joylashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) qoshidagi Yengil sanoatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) hisobidan yengil sanoat korxonalariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatish uchun tijorat banklariga moliyaviy resurslarni joylashtirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
yengil sanoat korxonalari — Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan va toʻqimachilik, ipakchilik, charm-poyabzal hamda gilamchilik sanoatida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari;
yetkazib beruvchi — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligining Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi (keyingi oʻrinlarda — platforma) orqali aniqlangan quyosh panellari, geliokollektorlar, issiqlik nasoslari hamda boshqa qurilma va uskunalarni xarid qilish va oʻrnatishni taklif etuvchi yuridik shaxs;
moliyaviy resurslar — Agentlik tomonidan yengil sanoat korxonalariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatish uchun tijorat banklariga joylashtirilgan chet el valyutasidagi pul resursi;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari — qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, energiyani qabul qilib olish, oʻzgartirish, toʻplash va (yoki) uzatish, shuningdek, hisobga olish boʻyicha texnologik asbob-uskunalar majmuasi, texnologik va (yoki) butlovchi asbob-uskunalar (fotopanellar (PV modullar), quyosh panellari, geliokollektor, issiqlik nasoslari).
2-bob. Tijorat banklariga moliyaviy resurslarni taqdim etish shartlari
3. Yengil sanoat korxonasi moliyaviy resurslarni olish maqsadida platforma orqali yoki mustaqil ravishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining bozor narxlarini oʻrganadi. Oʻrganish natijalariga koʻra narx va sifat omillaridan kelib chiqqan holda tanlab olingan dastlabki narxlar asosida xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga murojaat qiladi.
4. Tijorat banki murojaatni besh ish kunida koʻrib chiqadi, murojaat koʻrib chiqilishida yengil sanoat korxonalarining quyidagi shartlarga muvofiqligini tekshiradi:
yengil sanoat korxonasi tugatish bosqichida emasligi yoki unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartiboti qoʻzgʻatilmagani;
yengil sanoat korxonasi tomonidan taqdim qilingan dastlabki narxlar platformadagi narxlarga muvofiqligi;
yengil sanoat korxonasining barcha moliyaviy va savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitorlik qarzdorligi ushbu operatsiyalarning 10 foizdan yuqori emasligi;
yengil sanoat korxonasiga kredit taqdim etish bankning ichki kredit siyosatiga muvofiqligi.
5. Tijorat banki qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatish uchun ajratiladigan kreditlarga moliyaviy resurs ajratilishi boʻyicha Agentlikka belgilangan tartibda elektron axborot tizimi orqali buyurtmanoma taqdim etadi.
6. Agentlik uch ish kunida buyurtmanomani koʻrib chiqadi va koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan qaror toʻgʻrisida elektron axborot tizimi orqali tijorat bankiga maʼlum qiladi.
7. Agentlik tomonidan moliyaviy resurslar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan yengil sanoat korxonalariga tijorat banklari orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatish uchun 4 yil muddatgacha yillik 6 foiz stavkadan (shundan 1,5 foizi bank marjasi, 0,5 foizi Agentlik xarajatlari) oshmagan holda kreditlarni ajratish maqsadlari uchun taqdim etiladi.
8. Agentlikning moliyaviy resurslari hisobidan berilgan kreditlarni oʻz vaqtida soʻndirib kelayotgan yengil sanoat korxonalariga aynan shu maqsadlar boʻyicha bir necha marta qoʻshimcha moliyaviy resurs ajratishga ruxsat etiladi.
9. Moliyaviy resurslardan foydalanish uchun tijorat bankida alohida hisobvaraq ochiladi.
10. Moliyaviy resurslardan faqat qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini platforma orqali xarid qilish va oʻrnatish uchun kreditlar ajratish maqsadlarida foydalaniladi.
3-bob. Moliyaviy resurslar taqdim etilishini rad etish
11. Tijorat bankiga moliyaviy resurslar taqdim etishni rad etish uchun ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan shartlar yoki ulardan birining bajarilmasligi asos boʻladi.
12. Tijorat banki buyurtmanoma boʻyicha rad etish toʻgʻrisida bildirishnoma olganda, rad etish asoslarida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda, moliyaviy resurs olish uchun Agentlikka qayta buyurtmanoma taqdim etishga haqli.
4-bob. Moliyaviy resurslar boʻyicha toʻlovlarni toʻlash
13. Agentlikning kredit maqsadlari uchun moliyaviy resurslar ajratish toʻgʻrisidagi Agentlik qarori yuborilgan kundan boshlab uch ish kunida moliyaviy resurs ajratilishi bildirilgan buyurtmanoma boʻyicha toʻlov talabnomasi tijorat banki tomonidan Agentlikka kiritiladi.
Agentlik talabnoma kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida undagi maʼlumotlarning buyurtmanoma maʼlumotlariga muvofiqligini oʻrganadi hamda oʻrganish natijalariga koʻra tijorat banklarida ochilgan alohida hisobvaraqqa moliyaviy resurslarni oʻtkazib beradi.
14. Talabnomadagi maʼlumotlar buyurtmanomadagi maʼlumotlarga muvofiq kelmagan hollarda, Agentlik bir ish kunida toʻlov talabnomasini tijorat bankiga qaytaradi.
15. Tijorat banki talabnomadagi nomuvofiqliklarni bartaraf etgan holda, bir ish kuni ichida Agentlikka qayta talabnoma kiritishi mumkin.
16. Mazkur Nizomning 13-bandida belgilangan muddatlarda tijorat banki tomonidan Agentlikka belgilangan tartibda talabnoma kiritilmagan yoki talabnomadagi nomuvofiqliklar bartaraf etilib qayta kiritilmagan taqdirda, mazkur buyurtmanoma boʻyicha talabnoma oʻz kuchini yoʻqotgan hisoblanadi va resurs ajratish toʻgʻrisidagi qaror bekor qilinadi.
Bunda tijorat banki tomonidan qaytadan buyurtmanoma rasmiylashtirilib, Agentlikka koʻrib chiqish uchun kiritilishi mumkin.
17. Tijorat banki uning hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlarni imzolangan tegishli kredit shartnomasiga muvofiq uch ish kunida yengil sanoat korxonasiga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatish uchun ajratilgan moliyaviy resurslar uchun bank hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi va buni tasdiqlovchi bank hujjatlarini Agentlikka taqdim etadi.
18. Tijorat bankining hisobvaragʻiga Agentlikdan kelib tushgan mablagʻlardan buyurtmanomada koʻrsatilgan maqsadlardan boshqa maqsadlar uchun foydalanish taqiqlanadi.
19. Tijorat banklari Agentlik tomonidan ajratilgan moliyaviy resurslar hisobidan yengil sanoat korxonalariga taqdim etilgan kredit summalari bilan bogʻliq moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda shartnoma platforma orqali tuzilganini tekshiradi.
20. Hujjatlar taqdim etilgan kunning oʻzidayoq tijorat banklari yengil sanoat korxonasiga taqdim qilingan kredit mablagʻlari hisobidan platforma orqali tuzilgan shartnomalar boʻyicha bank operatsiyasi amalga oshirilayotgan kundagi kurs bilan chet el valyutasini konvertatsiya qilgan holda toʻlovlarni toʻlaydi.
21. Tijorat banki Agentlik tomonidan ajratilgan moliyaviy resurslar ushbu Nizomning 7-bandida belgilangan foiz stavkalari asosida hisoblangan ustama haqi bilan birga oʻzaro tasdiqlangan moliyaviy resurslarni qaytarish grafigiga asosan Agentlikka oʻtkazib borilishini taʼminlaydi, fors-major holatlar bundan mustasno.
Bunda tijorat bankiga ajratilgan moliyaviy resurslar boʻyicha hisoblangan foizlar va asosiy qarz summasi tijorat bankining jamgʻarib boriladigan hisobvaragʻida yigʻiladi va moliyaviy resurslarni qaytarish grafigida belgilangan muddatlarda Agentlikka oʻtkazib boriladi.
22. Moliyaviy resurslardan foydalanayotgan yengil sanoat korxonalari ushbu Nizomda belgilangan moliyalashtirish turi boʻyicha olgan mablagʻlarni muddatidan oldin qaytargan taqdirda, tegishli mablagʻlar (moliyaviy resurs va u boʻyicha hisoblangan foizlar) tijorat banki tomonidan dalolatnomaga asosan 5 ish kunida Agentlikka oʻtkazib beriladi.
23. Moliyaviy resurslardan foydalanayotgan yengil sanoat korxonalari ushbu Nizomda belgilangan moliyalashtirish turi boʻyicha olgan mablagʻlarini oʻz muddatida qaytara olmagan hollarda, moliyaviy resurslarning belgilangan muddatlarda Agentlikka qaytarilishi boʻyicha javobgarlik tijorat banklariga yuklanadi.
Bunda tijorat banklari yengil sanoat korxonalari tomonidan grafik boʻyicha toʻlovlar toʻlanishidan qatʼi nazar, Agentlik va tijorat banklari oʻrtasida tuzilgan bosh kelishuvga muvofiq toʻlovlarni (asosiy qarz va foizlar) Agentlikning hisobvaragʻiga oʻtkazib boradi.
24. Tijorat banki tomonidan quyidagi hollarda muddati oʻtgan har bir kun uchun kechiktirilgan qarz summasining 0,1 foizi miqdorida, biroq majburiyatlari bajarilmagan qismi miqdorining 30 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda neustoyka (penya) toʻlaydi:
bosh kelishuvga asosan moliyaviy resurs va unga hisoblangan ustama haqi boʻyicha moliyaviy resurslarni qaytarish grafigida koʻrsatilgan muddatlardan kechiktirilganda;
tijorat bankining maxsus hisobvaragʻiga oʻtkazilgan, lekin tadbirkorlik subyekti tomonidan foydalanish rad etilgan mablagʻlarni Agentlikka oʻtkazib berish kechiktirilganda.
25. Tijorat banklari yengil sanoat korxonalariga taqdim etilgan kreditlarning maqsadli sarflanishi boʻyicha joyiga chiqqan holda hamda onlayn platforma orqali doimiy monitoring yuritadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Agentlik va tijorat banki oʻrtasidagi nizolar sud tartibida hal etiladi.
27. Agentlik tomonidan tijorat bankiga ajratilgan moliyaviy resurslardan maqsadli foydalanish boʻyicha javobgarlik tijorat bankiga yuklanadi.
28. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-avgustdagi 438-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2025-yil 17-noyabrdagi 729-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-ilovada:
a) 11-band “a” kichik bandi beshinchi xatboshisi va “b” kichik bandi oʻn beshinchi xatboshisidagi “malakali mutaxassislarni” soʻzlari “ishchi va mutaxassislarni” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 35-bandning “a” kichik bandi uchinchi xatboshisidagi “uzluksiz” soʻzi chiqarib tashlansin;
v) 38-banddagi “jamoa kelishuviga” soʻzlari “jamoa shartnomasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 2-ilovada:
a) 5-bandda:
“v” kichik banddagi “malakali mutaxassislarni” soʻzlari “ishchi va mutaxasisslarni” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi “m”, “n”, “o”, “p” va “r” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“m) yirik brendlar va riteylerlar ishtirokidagi xalqaro koʻrgazma va konferensiyalarda “homiylik” toʻlovlarini toʻlaydi;
n) xorijiy brend, “sorsing” va riteylerlar mutaxassislarining Oʻzbekistonga tashrifi xarajatlarini qoplash (aviachipta, transport, mehmonxona);
o) terini qayta ishlash, poyabzal va charm-attorlik yoʻnalishida:
terini qayta ishlab, tayyor charm ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarib, realizatsiya qilingan tayyor charmning (krast, finish) har bir detsimetr kvadrati uchun 350 soʻm miqdorida subsidiya ajratiladi;
poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarishga joriy qilingan har bir yangi model uchun 1 million soʻm, biroq bir korxona uchun bir kalendar yilida 50 million soʻmdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi;
poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun import qilingan poyabzal qoliplari (kolodka, press-forma) qiymatining 50 foiz qismi, biroq bir kalendar yilda Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun 10 ming AQSH dollari, boshqa davlatlar uchun 5 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi;
poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga yoki ularning roʻyxatga olingan savdo belgisi (brend nomi) bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy markazi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahri, shuningdek, respublikaning aholi soni 100 ming kishidan oshadigan yirik shaharlarida savdo uylari va firma doʻkonlarini tashkil etgan tadbirkorlarga dastlabki 1 yil davomida bino va maydonlarni ijaraga olish xarajatlarining 50 foiz qismi, biroq 100 million soʻmdan oshmagan miqdorda qoplab beriladi;
p) yengil sanoat korxonalari tomonidan suv tozalash inshootlarida belgilangan meʼyorlar doirasida suvni tozalash uchun xarid qilingan kimyoviy vositalar va reagentlar qiymatining 50 foiz qismi qoplab beriladi;
r) Charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi xodimlarini saqlash xarajatlari”.
3. 3-ilovada:
a) 3-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida koʻzda tutilgan moliyalashtirishning boshqa turlari va yoʻnalishlari”;
b) 4-bandda:
“a” kichik band quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“xorijiy brend aktivlarini brend nomi bilan birgalikda xarid qilib, respublikaga relokatsiya qilgan yengil sanoat korxonalariga ular tomonidan sotilgan mahsulot hajmidan qatʼi nazar, 5 million AQSH dollarigacha”;
yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishlicha sakkizinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi “g” kichik band bilan toʻldirilsin:
“g) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan boshqa moliyalashtirish turlari uchun ushbu hujjatlarda belgilab berilgan shartlar va miqdorlarda”.
4. 4-ilovada:
a) 2-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“foiz xarajatlarining bir qismini qoplash — xorijiy brend aktivlarini brend nomi bilan birgalikda xarid qilib, respublikaga relokatsiya qilgan yengil sanoat korxonalarining mazkur qarorga 3-ilova 4-bandi “a” qismining yettinchi xatboshisida nazarda tutilgan shartlarda ajratilgan kredit foiz xarajatlarining 2 foiz punktini qoplab berish”;
b) 3-band quyidagi mazmundagi “n”, “o” va “p” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“n) yengil sanoat korxonalarini jahon bozorlariga jalb qilishni kengaytirish maqsadida:
yirik brendlar va riteylerlar ishtirokdagi xalqaro koʻrgazma va konferensiyalarda “homiylik” toʻlovlarini toʻlash;
xorijiy brend, “sorsing” va riteylerlar mutaxassislarining Oʻzbekistonga tashrifi xarajatlarini qoplash (aviachipta, transport, mehmonxona);
o) terini qayta ishlash, poyabzal va charm-attorlik sohasini quyidagi mexanizmlar orqali qoʻllab-quvvatlash:
terini qayta ishlab, tayyor charm ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarib, realizatsiya qilingan tayyor charmning (krast, finish) har bir detsimetr kvadrati uchun 350 soʻm miqdorida subsidiya ajratish;
poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarishga joriy qilingan har bir yangi model uchun 1 million soʻm, biroq bir korxona uchun bir kalendar yilda 50 million soʻmdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratish;
poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun import qilingan poyabzal qoliplari (kolodka, press-forma) qiymatining 50 foiz qismi, biroq bir kalendar yilda Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun 10 ming AQSH dollari, boshqa davlatlar uchun 5 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda qoplab berish;
poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga yoki ularning roʻyxatga olingan savdo belgisi (brend nomi) bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy markazi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahri, shuningdek, respublikaning aholi soni 100 ming kishidan oshadigan yirik shaharlarida savdo uylari va firma doʻkonlarini tashkil etgan tadbirkorlarga dastlabki 1 yil davomida bino va maydonlarni ijaraga olish xarajatlarining 50 foiz qismi, biroq 100 million soʻmdan oshmagan miqdorda qoplab berish;
p) yengil sanoat korxonalari tomonidan suv tozalash inshootlarida belgilangan meʼyorlar doirasida suvni tozalash uchun xarid qilingan kimyoviy vositalar va reagentlar qiymatining 50 foiz qismi qoplab berish”;
v) 5-bandda:
“o” kichik band “Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan dastur” soʻzlaridan keyin “va imzolangan shartnoma boʻyicha “Loyihalar va xaridlar samaradorligini oshirish markazi” DMning ekspertiza xulosasi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
quyidagi tahrirdagi “s”, “t”, “u” va “f” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“s) yirik brendlar va riteylerlar ishtirokdagi xalqaro koʻrgazma va konferensiyalarda “homiylik” toʻlovlarini toʻlash yoʻnalishida Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi qarori, yirik brendlar va riteylerlar hamda Agentlik oʻrtasida tuzilgan shartnomalar;
t) xorijiy brend, “sorsing” va riteylerlar mutaxassislarining Oʻzbekistonga tashrifi xarajatlarini qoplash yoʻnalishida Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi qarori, Agentlik va xorijiy brend, “sorsing” va riteyler kompaniyalari bilan Agentlik oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq;
u) terini qayta ishlash, poyabzal va charm-attorlik sohasini quyidagi mexanizmlar orqali qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida:
terini qayta ishlab, tayyor charm ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarib, realizatsiya qilingan tayyor charmning (krast, finish) har bir detsimetr kvadrati uchun subsidiya ajratishda:
tayyor charm (krast, finish) ishlab chiqarish korxonasining oʻzi foydalanayotgan va ijaraga bergan yillik quvvatlari toʻgʻrisida maʼlumot, hisobot davrida soliq organlariga topshirilgan QQS hisobotlari ilovalari bilan (soliq organlari tomonidan elektron tasdiqlangan), ishlov berilmagan teri mahsulotlarini xarid qilinganligi toʻgʻrisida shartnoma, hisob-fakturalar (elektron hujjatlar aylanmasi orqali olingan va korxonaning muhri bilan tasdiqlangan) yoki sotib olish akti (korxona tomonidan xarid qilingan) va bank operatsiyasi amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlari (bank tomonidan muhr qoʻyib tasdiqlangan);
hisobot davri boshiga ishlov berilmagan teri mahsulotlari nomenklaturasi, hajmi va narxi boʻyicha qoldigʻi, hisobot davrida xarid qilingan ishlov berilmagan teri mahsulotlari nomenklaturasi, hajmi va narxi, hisobot davrida ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan ishlov berilmagan teri mahsulotlari nomenklaturasi, hajmi va narxi;
hisobot davrida ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan tayyor charm (krast, finish) mahsulotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, unda hisobot davri boshiga tayyor charm nomenklaturasi, hajmi va narxi boʻyicha qoldigʻi, hisobot davrida ishlab chiqarilgan tayyor charm nomenklaturasi, hajmi va narxi, hisobot davrida sotilgan tayyor charm nomenklaturasi, hajmi va narxi konteragentlar kesimida koʻrsatiladi;
tayyor charm (krast, finish) ichki bozorga realizatsiya qilinganida:
tayyor charm mahsulotini sotib olgan poyabzal yoki charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasining ishlab chiqarish quvvatlari toʻgʻrisida (ular tomonidan tasdiqlangan) maʼlumotnoma, korxona tomonidan tayyor charmdan ishlab chiqargan mahsuloti realizatsiya qilinganligi boʻyicha hujjatlar (schet faktura yoki chakana savdo cheki);
tayyor charm mahsulotini sotib olib, keyinchalik eksport qilgan savdo korxonasi bilan tuzilgan shartnoma (elektron hujjatlar aylanmasi orqali olingan va korxonaning muhri bilan tasdiqlangan, hisob fakturalar (elektron hujjatlar aylanmasi orqali olingan va korxonaning muhri bilan tasdiqlangan), eksport shartnomasi (Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimi — TSOYAEAT dan koʻchirma), bojxona yuk deklaratsiyasi, invoys, tovar ishlab chiqarilgan davlatni tasdiqlovchi sertifikat nusxasi;
tayyor charm (krast, finish) ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan tashqi bozorga realizatsiya qilinganda eksport shartnomasi (Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimi — TSOYAEAT dan koʻchirma) hamda bojxona yuk deklaratsiyasi, invoys, tovar ishlab chiqarilgan davlatni tasdiqlovchi sertifikat (sertifikat proisxojdeniya tovara);
ishlab chiqaruvchi korxonaning oʻz ishlab chiqarish quvvatlari boʻlmagan taqdirda, boshqa quvvatlarni ijaraga olish boʻyicha ijara shartnomasi (e-ijara elektron platformasidan roʻyxatdan oʻtkazilgan va korxonaning muhri bilan tasdiqlangan). Bunda ijara shartnoma kamida 12 oyga tuzilgan va ijarachi 6 oy ishlagan boʻlishi kerak. Ijaraga beruvchi korxonaning oylik ishlab chiqarish quvvati va berilayotgan quvvat boʻyicha maʼlumot boʻlishi shart;
murojaat qiluvchi korxonada ishlov berilmagan terini qayta ishlash imkoniyatlari boʻlmaganda, xarid qilingan xom teriga nisbatan realizatsiya qilingan tayyor charm (krast, finish) mahsulotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzaro nomuvofiq boʻlganda, shuningdek, shartnomalar oʻzaro affillangan shaxslar oʻrtasida tuzilganda subsidiya taqdim etish rad etiladi;
poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarishga joriy qilingan yangi model uchun subsidiya ajratishda:
yangi modeldagi poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarishga joriy qilish toʻgʻrisida korxona rahbarining buyrugʻi, yangi modelning texnik pasporti, fotosuratlari va eskiz nusxalari, modelni ishlab chiqarishga joriy qilish boʻyicha dalolatnoma, yangi model boʻyicha kamida 100 juft poyabzal yoki 50 dona charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarilganligi toʻgʻrisida tasdiqlangan hisobot, sotuvni tasdiqlovchi hujjatlar (elektron hisobvaraq-faktura, shartnoma yoki tovar yukxatlari), agar yangi model mustaqil modelyer-dizayner yoki shu turdagi xizmat koʻrsatuvchi boshqa tadbirkorlik subyekti tomonidan tayyorlangan boʻlsa uning faoliyat turiga muvofiq tegishli hujjatlari (guvohnomasi, model ishlab chiqish boʻyicha sertifikati);
poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun import qilingan poyabzal qoliplari (kolodka, press-forma) qiymatining 50 foizini qoplab berish yoʻnalishida xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar (import shartnoma va (yoki) oferta, bojxona yuk deklaratsiyasi va bajarilgan ishlar boʻyicha dalolatnoma, xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan tasdiqlangan toʻlov topshiriqnomasi nusxalari, tovar ishlab chiqarilgan davlatni tasdiqlovchi sertifikat (tovarning kelib chiqish sertifikati);
poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga yoki ularning roʻyxatga olingan savdo belgisi (brend nomi) bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy markazi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahri, shuningdek, respublikaning aholi soni 100 ming kishidan oshadigan yirik shaharlarida savdo uylari va firma doʻkonlarini tashkil etgan tadbirkorlarga dastlabki 1 yil davomida bino va maydonlarni ijaraga olish xarajatlarining qoplab berish yoʻnalishida savdo uyi yoki doʻkon ochish toʻgʻrisidagi korxona rahbarining qarori, e-ijara elektron platformasidan roʻyxatdan oʻtkazilgan va korxonaning muhri bilan tasdiqlangan ijara shartnomasi (bunda shartnoma bir yildan kam boʻlmagan muddatga tuzilgan va kamida 3 oy oʻz ish faoliyatini olib borgan boʻlishi kerak) savdo uyi yoki doʻkonda oʻrnatilgan kassa apparatini tuman soliq inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma, savdo uyi yoki doʻkon uchun ijaraga olingan binoga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat, shartnoma boʻyicha topshirish qabul qilish dalolatnomasi, toʻlovlarni toʻlaganlik toʻgʻrisidagi hujjat (bank tomonidan tasdiqlangan), har oy yakuni boʻyicha ijara shartnomasi boʻyicha takdim etilgan hisob-fakturalari;
f) yengil sanoat korxonalari tomonidan suv tozalash inshootlarida belgilangan meʼyorlar doirasida suvni tozalash uchun xarid qilingan kimyoviy vositalar va reagentlar qiymatining 50 foiz qismi qoplab berish yoʻnalishi boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlanadigan tegishli texnik reglamentdagi meʼyorlar asosida”;
g) 18-bandda:
“l” kichik bandning toʻrtinchi xatboshisi “savdo maydonchalariga” soʻzlaridan keyin “va B2B platformalarga” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi “s” va “t” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“s) yirik brendlar va riteylerlar ishtirokidagi xalqaro koʻrgazma va konferensiyalarda “homiylik” toʻlovlarini toʻlash yoʻnalishida:
koʻrgazma va konferensiyalarni tashkil qilish bilan bogʻliq xarajatlar;
koʻrgazma va konferensiyalarni oʻtkazish pavilyonlarini ijaraga olish bilan bogʻliq xarajatlar;
bannerlar tayyorlash, multimediya mahsulotlarini tayyorlash, stendlar tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlar;
t) xorijiy brend, “sorsing” va riteylerlar mutaxassislarining Oʻzbekistonga tashrifi xarajatlarini qoplash yoʻnalishida:
aviachipta — ekonom klass uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi mehmonxona xarajatlari — standart xona;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi transport xarajatlari — ekonom klass uchun;
tarjimonlik xizmati”;
d) 19-bandda:
“xarajatlarning kamida 10 baravari miqdorida xorijiy valyutada” soʻzlari “xarajatlarning kamida 10 baravari miqdorida aynan oʻsha savdo uyi yoki ombor orqali xorijiy valyutada Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda Hukumatning alohida topshiriqlariga asosan Agentlik tomonidan tadbirkorlik subyektlarining ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shu jumladan, chet elda tashkil qilingan savdo uylarining ijara shartnomalari boʻyicha xarajatlarini qoplash yuzasidan moliyaviy yordam miqdori va shartlarini oʻzgartirishga ruxsat beriladi”;
“n” kichik banddagi “Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda” soʻzlari chiqarib tashlansin;
“r” kichik bandning birinchi xatboshisi “yetkazib beruvchilar (bajaruvchi, koʻrsatuvchi) bilan toʻgʻridan-toʻgʻri” soʻzlaridan keyin “yoki xalqaro yetkazib beruvchi pochta xizmatlarining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari va shu xizmatni koʻrsatuvchi uchinchi yuridik shaxslar bilan” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi “s” va “t” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“s) yirik brendlar va riteylerlar ishtirokidagi xalqaro koʻrgazma va konferensiyalarda “homiylik” toʻlovlarini toʻlash yoʻnalishida Hukumat komissiyasining qaroriga muvofiq bitta yirik brendlar va riteylerlar korxonasiga bitta koʻrgazma yoki konferensiya uchun 100 ming AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda;
t) xorijiy brend, “sorsing” va riteylerlar mutaxassislarining Oʻzbekistonga tashrifi xarajatlarini qoplash yoʻnalishida Hukumat komissiyasining qarori bilan bitta korxona uchun 100 foiz miqdordagi xarajatlar qoplab beriladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 09/26/438/0843-son)