O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 19-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 7-aprelda ma’qullangan
Senat tomonidan 2026-yil 7-aprelda ma’qullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasi
Ushbu Qonun davlat organlarining, ular tarkibiy va hududiy bo‘linmalarining yoki mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashda yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, ichki ishlar, bojxona organlari xodimlarining va harbiy xizmatchilarning g‘ayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi tufayli hamda davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, shuningdek terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda, favqulodda holatni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar natijasida yoxud bunday holatlarga chek qo‘yish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha choralar qo‘llanilishi munosabati bilan jabrlangan shaxslarga hamda yer uchastkalari kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi alohida qonunlar bilan belgilanadi.
3-modda. Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi qonunchilik
Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
zararning o‘rnini qoplash — davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan hamda sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan moddiy va (yoki) ma’naviy zararning o‘rnini qoplash;
ma’naviy zarar — davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli jismoniy shaxsga yetkazilgan ma’naviy va jismoniy azoblar (kamsitish, jismoniy og‘riq, zarar ko‘rish, noqulaylik va boshqalar);
moddiy zarar — huquqi buzilgan shaxsning o‘z buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi kerak bo‘lgan xarajatlari, uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek ushbu shaxs o‘z huquqlari buzilmagan taqdirda odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda);
undiruvchi — davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan o‘ziga moddiy va (yoki) ma’naviy zarar yetkazilganligi aniqlangan jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs, ularning qonuniy vakillari;
hududiy kompensatsiya jamg‘armasi — davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan hamda sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan moddiy va (yoki) ma’naviy zararning o‘rnini qoplaydigan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarorlari bilan tashkil etiladigan hamda ular huzurida faoliyat yuritadigan Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash bo‘yicha hududiy maqsadli jamg‘armalar.
5-modda. Zararning o‘rnini qoplash sohasidagi asosiy prinsiplar
Zararning o‘rnini qoplash sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik;
ochiqlik va shaffoflik.
6-modda. Hududiy kompensatsiya jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish
Hududiy kompensatsiya jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining zaxira jamg‘armalari mablag‘larining o‘n besh foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘lari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining qo‘shimcha manbalari mablag‘lari;
tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni elektron savdo platformasida realizatsiya qilishdan kelib tushgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlarining maxsus g‘azna hisobvaraqlariga qo‘shimcha manbalar sifatida o‘tkaziladigan mablag‘lar;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘larining bir qismi;
mahalliy budjet parametrlarida moddiy va ma’naviy zararning o‘rnini qoplash uchun nazarda tutilgan mablag‘lar;
davlat organidan regress tartibida undirilgan mablag‘lar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik va xayriya yordami tarzidagi mablag‘lari;
davlat foydasiga musodara qilingan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar (hududiy kompensatsiya jamg‘armalariga yo‘naltiriladigan qismi);
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Mahalliy budjet parametrlarida moddiy va ma’naviy zararning o‘rnini qoplash uchun nazarda tutilgan hamda davlat foydasiga musodara qilingan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar (hududiy kompensatsiya jamg‘armalariga yo‘naltiriladigan qismi) faqat moddiy va ma’naviy zararning o‘rnini qoplash uchun yo‘naltiriladi.
Hududiy kompensatsiya jamg‘armalariga kelib tushgan mablag‘lar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasining tegishli hududiy bo‘linmalarida ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida jamlanadi.
7-modda. Hududiy kompensatsiya jamg‘armalarining kuzatuv kengashlari
Hududiy kompensatsiya jamg‘armalarining kuzatuv kengashlari (bundan buyon matnda hududiy kuzatuv kengashlari deb yuritiladi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi hududiy kompensatsiya jamg‘armalarining kollegial yuqori boshqaruv organidir.
Hududiy kuzatuv kengashlarining shakllantirilishi va faoliyatini amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
8-modda. Hududiy kuzatuv kengashlarining vakolatlari
Hududiy kuzatuv kengashlari ma’muriy-hududiy birliklar doirasida:
zararning o‘rnini qoplash uchun mablag‘lar ajratish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
tegishli jamg‘armaga mablag‘larning kelib tushishini nazorat qiladi va jamg‘armalardan foydalanish prognozlarini ko‘rib chiqadi, shuningdek keyingi yil uchun mablag‘lardan foydalanish prognozlarini tasdiqlaydi;
zararning o‘rni qoplanishini moliyalashtirish bo‘yicha budjet so‘rovini ko‘rib chiqadi;
tegishli jamg‘arma daromadlarining barqaror shakllantirilishini, zararning o‘rnini qoplash o‘z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlaydi hamda mablag‘larning to‘liq hajmda ajratilishi ustidan muntazam monitoring olib boradi;
tegishli jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanilishini belgilangan tartibda nazorat qiladi.
Hududiy kuzatuv kengashlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Hududiy kuzatuv kengashlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar davlat organlari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Hududiy kuzatuv kengashlarining qarorlari kuzatuv kengashi majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
9-modda. Hududiy kuzatuv kengashlarining ishchi organlari va ularning vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy bo‘linmalari (bundan buyon matnda hududiy ishchi organ deb yuritiladi) tegishli hududiy kuzatuv kengashlarining ishchi organidir.
Hududiy ishchi organ:
hududiy kuzatuv kengashining zararning o‘rnini qoplash uchun mablag‘lar ajratish to‘g‘risidagi qaroriga asosan to‘lovlarni amalga oshiradi va zararning o‘rnini qoplash choralarini ko‘radi;
zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar loyihalari yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
ma’muriy-hududiy birlik doirasida zararning o‘rni qoplanishini moliyalashtirish bo‘yicha budjet so‘rovini shakllantiradi.
Hududiy ishchi organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. Zararning o‘rnini qoplash uchun undiriladigan mablag‘lar miqdorini aniqlash
Zararning o‘rnini qoplash uchun undiriladigan mablag‘lar miqdori sudning qarori asosida aniqlanadi.
11-modda. Zararning o‘rnini qoplash shakli
Jismoniy yoki yuridik shaxsga yetkazilgan hamda sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan moddiy va (yoki) ma’naviy zararning o‘rni hududiy kompensatsiya jamg‘armasidan pul shaklida qoplanadi.
12-modda. Zararning o‘rnini qoplash asoslari
Zararning o‘rni sudning zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq berilgan ijro hujjatiga asosan qoplanadi.
Agar zarar yetkazilganligi uchun aniq bir shaxs sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aybdor deb topilgan bo‘lsa, moddiy va (yoki) ma’naviy zararning o‘rni ushbu shaxs tomonidan qoplanishi lozim. Bunda yetkazilgan zararning o‘rni ushbu Qonunda belgilangan tartibda dastlab hududiy kompensatsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanib, mazkur mablag‘lar keyinchalik aybdor shaxsdan tegishli davlat organi orqali regress tartibida undirib olinadi, bundan hududiy kompensatsiya jamg‘armasi zararning o‘rnini qoplaguniga qadar aybdor shaxs tomonidan zararning o‘rni ixtiyoriy ravishda qoplangan hollar mustasno.
13-modda. Zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi ijro hujjatini ijro etish tartibi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining yuridik xizmati ijro hujjati kelib tushgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida hujjatni ko‘rib chiqib, ushbu ijro hujjatida ko‘rsatilgan zararning o‘rnini qoplash uchun mablag‘ ajratish haqidagi qaror loyihasini undiruvchining bankdagi hisobvarag‘ini ko‘rsatgan holda hududiy kuzatuv kengashiga kiritadi.
Hududiy kuzatuv kengashi bir ish kuni ichida qaror loyihasini ko‘rib chiqadi va ijro hujjatida ko‘rsatilgan zararning o‘rnini qoplab berish uchun mablag‘ ajratish haqida qaror qabul qiladi hamda hududiy ishchi organga mazkur qarorni darhol yuboradi.
Hududiy kuzatuv kengashining qaroriga muvofiq hududiy ishchi organ mazkur qaror kelib tushgan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida hududiy kompensatsiya jamg‘armasidagi mavjud mablag‘lar doirasida zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi ijro hujjatida ko‘rsatilgan zararning o‘rnini qoplash uchun tegishli mablag‘larni undiruvchining bankdagi hisobvarag‘iga yoki shaxsiy bank kartasiga o‘tkazib beradi.
Undiruvchiga mablag‘larni o‘tkazib berish hududiy kuzatuv kengashi qarorining ro‘yxatga olish tartib raqami ketma-ketligi asosida amalga oshiriladi.
Sudning qarori ustidan sudga shikoyat kiritilgan va ijro ishini yuritish to‘xtatib turilgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining yuridik xizmati sudning ijro ishini yuritish to‘xtatilganligi haqidagi tegishli qarori (ajrimi) ilova qilingan holdagi xatni undiruvchiga ikki ish kuni ichida yuboradi. Bunda ijro hujjatini ijro etish bo‘yicha barcha harakatlar qonunchilikda belgilangan tartibda to‘xtatib turiladi.
14-modda. Aybdor shaxs tomonidan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplash
Sud qarori bilan aybdor deb topilgan shaxs o‘zi yetkazgan zararning o‘rnini undiruvchiga belgilangan tartibda ixtiyoriy ravishda qoplash huquqiga ega.
Aybdor shaxs tomonidan zararning o‘rnini qoplash undiruvchining bankdagi hisobvarag‘iga yoki shaxsiy bank kartasiga pul mablag‘larini kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Zararning o‘rnini taraflarning qonunchilikda belgilangan tartibdagi yozma kelishuviga muvofiq boshqa shaklda qoplashga yo‘l qo‘yiladi.
15-modda. Zarar yetkazgan shaxsga nisbatan regress huquqi
Zararning o‘rni sud qarori asosida hududiy kompensatsiya jamg‘armalari hisobidan qoplab berilganda va keyinchalik zarar yetkazgan aybdor shaxsga nisbatan qonunga muvofiq regress huquqi yuzaga kelgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aybdor shaxs faoliyat yuritayotgan yoki muqaddam ishlagan davlat organiga talabnoma kiritadi.
Zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talabnomani olgan davlat organi uch ish kuni ichida mablag‘larni o‘zining budjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan tegishli kompensatsiya jamg‘armasiga to‘liq miqdorda o‘tkazib beradi va ushbu mablag‘larni aybdor shaxsdan regress tartibida undirish choralarini ko‘radi.
Davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari va xarajatlar smetasining tegishli moddasi bo‘yicha budjetdan ajratilgan mablag‘lar qoldig‘i yetarli bo‘lmagan taqdirda, davlat organi xarajatlar smetasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi hamda mablag‘larni belgilangan muddatda o‘tkazib beradi.
Zararning o‘rnini qoplash uchun o‘tkazib berilgan mablag‘lar aybdor shaxs tomonidan ixtiyoriy ravishda qaytarilmagan taqdirda, davlat organi ushbu mablag‘larni aybdor shaxsdan sud tartibida undiradi.
16-modda. Davlat organiga nisbatan regress huquqi
Agar sud qarorida undiruvchiga yetkazilgan zararning o‘rnini davlat organi tomonidan qoplab berilishi belgilangan bo‘lsa, ushbu zararning o‘rni tegishli hududiy kompensatsiya jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Keyinchalik mazkur mablag‘larni davlat organidan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olish choralari ko‘riladi.
17-modda. Hududiy kompensatsiya jamg‘armasining mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida hisobot berish
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududiy kompensatsiya jamg‘armasining mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga bir yilda bir marta hisobot taqdim etadi.
Hududiy ishchi organi hududiy kompensatsiya jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan to‘lovlar va ularni regress tartibida undirib olish to‘g‘risidagi hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning o‘ninchi sanasiga qadar taqdim etadi.
Hududiy kompensatsiya jamg‘armalarining mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga taqdim etiladigan Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotida aks ettiriladi.
18-modda. Nizolarni hal etish
Zararning o‘rnini qoplash sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
Kuzatuv kengashlarining qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Jismoniy va yuridik shaxslar bilan davlat organlarining zararning o‘rnini qoplash sohasidagi o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar hamda noaniqliklar jismoniy va yuridik shaxslarning foydasiga talqin qilinadi.
19-modda. Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
20-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish
O‘zbekiston Respublikasining quyidagi qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilsin:
1. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2013-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 2, 5-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 11, 23-moddalar, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 418-modda; 2006-yil, № 6, 261-modda; 2007-yil, № 4, 166-modda, № 6, 248, 249-moddalar, № 9, 422-modda, № 12, 594, 595, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 177, 187-moddalar, № 9, 482, 484, 487-moddalar, № 12, 636, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 4, 136-modda, № 9, 335-modda, № 12, 469, 470-moddalar; 2010-yil, № 6, 231-modda, № 9, 334, 336, 337, 342-moddalar, № 12, 477-modda; 2011-yil, № 4, 103, 104-moddalar, № 9, 252-modda, № 12/2, 363-modda; 2012-yil, № 1, 3-modda, № 9/2, 244-modda, № 12, 336-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 385-modda; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 506, 510-moddalar, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 5-moddalar, № 4, 218, 224-moddalar, № 7, 430, 431-moddalar, № 10, 679-modda; 2019-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161-modda, № 5, 259, 267-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469-modda, № 9, 589, 592-moddalar, № 10, 671-modda, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 881, 891-moddalar; 2020-yil, № 3, 204-modda, № 5, 296-modda, № 12, 689-modda; 2021-yil, № 1, 5, 11, 13, 14-moddalar, № 2, 142, 144-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 973-modda, № 12, 1193-modda; 2022-yil, № 2, 81-modda, № 3, 216-modda, № 4, 337-modda, № 6, 575-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185-moddalar, № 4, 265, 269-moddalar, № 5, 319-modda, № 9, 713-modda; 2024-yil, № 1, 8-modda, № 2, 115-modda, № 9, 964-modda, № 10, 1070, 1073, 1077, 1083-moddalar, № 12, 1280, 1286, 1292-moddalar; 2025-yil, № 1, 8-modda, № 2, 196, 201-moddalar, № 3, 376-modda) 305-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Kodeks 304-moddasining 1, 3, 4, 5 va 6-bandlarida ko‘rsatilgan ziyon miqdori iqtisodiyot va moliya organlarining hisob-kitoblariga asosan, 2-bandida ko‘rsatilgan ziyon miqdori O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlarining hisob-kitoblariga asosan aniqlanadi hamda mazkur ziyonning o‘rni qonunda belgilangan tartibda davlat budjeti hisobidan qoplanadi”.
2. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 3, 161, 166-moddalar, № 5, 267-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880, 886-moddalar; 2020-yil, № 1, 3, 4-moddalar, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 217, 218-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 464-modda, № 6, 570, 577-moddalar, № 11, 1061, 1062-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 921-modda; 2024-yil, № 2, 111, 114-moddalar, № 6, 530-modda, № 9, 960-modda, № 11, 1193-modda; 2025-yil, № 2, 188, 194-moddalar, № 4, 522-modda, № 6, 730-modda) 15-moddasining birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hujjat qabul qilinishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday zararning o‘rni qonunda belgilangan tartibda tegishli maqsadli jamg‘armalarning mablag‘lari, davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining mablag‘lari hisobidan qoplanadi”.
3. O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi 258-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 9-10, 169-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 8, 367-modda, № 12, 598-modda; 2008-yil, № 4, 184, 187-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda; 2010-yil, № 9, 337, 340-moddalar; 2012-yil, № 12, 336-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 9, 276-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 7, 389-modda, № 8, 469-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar; 2022-yil, № 4, 337-modda, № 6, 570-modda; 2023-yil, № 4, 269-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 8, 827-modda, № 10, 1073-modda; 2025-yil, № 4, 522-modda, № 6, 729-modda) 487-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Undiruvni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va budjet tashkilotlarining pul mablag‘lariga qaratish “Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ijro hujjatlari bo‘yicha undiruvni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining, budjet tashkilotlarining mablag‘lariga qaratish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan xususiyatlar hisobga olingan holda ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiriladi”.
4. O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 22-yanvarda qabul qilingan O‘RQ-460-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 1-ilova, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 5, 261-modda, № 9, 592-modda, № 10, 671-modda, № 11, 791, 792-moddalar, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 1, 3-moddalar, № 3, 198, 199-moddalar; 2021-yil, № 1, 8-modda, 4-songa ilova, № 8, 803-modda, № 9, 903-modda; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 8, 787-modda; 2023-yil, № 4, 269-modda, № 12, 1007-modda; 2024-yil, № 2, 115-modda, № 8, 827-modda, № 9, 964, 969-moddalar, № 11, 1191-modda, № 12, 1280, 1286-moddalar; 2025-yil, № 1, 8-modda, № 3, 373-modda, № 6, 729-modda) 449-moddasining birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jinoyat sodir qilish natijasida yetkazilgan zararning, davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, alimentlarni undirish, mayib bo‘lganlik yoki sog‘liqqa boshqacha shikast yetganlik, shuningdek boquvchi vafot etganligi natijasida ko‘rilgan zararning o‘rnini qoplash, xodim bilan mehnat shartnomasini g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilish yoxud xodimni g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazishda yoki sudning ishga tiklash to‘g‘risidagi hal qiluv qarorini bajarmaganlikda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslardan pul summalarini undirish, davlat daromadiga pul mablag‘larini undirish hollarida sud o‘z tashabbusiga ko‘ra ijro varaqasini ijro etish uchun yuboradi”.
5. O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 24-yanvarda qabul qilingan O‘RQ-461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 2-ilova, № 7, 433-modda, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 5, 261, 266-moddalar, № 9, 592-modda, № 10, 671-modda, № 11, 791-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda; 2021-yil, № 1, 10-modda, 4-songa ilova, № 8, 803-modda, № 9, 903-modda; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 5, 463-modda, № 6, 577-modda, № 8, 787-modda; 2023-yil, № 4, 269-modda, № 12, 1008-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 9, 964, 969-moddalar, № 12, 1280, 1286-moddalar; 2025-yil, № 3, 373-modda, № 6, 729-modda) 336-moddasining sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Budjetga mablag‘larni undirish, davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash yuzasidan ijro varaqasi qarzdor turgan joydagi davlat ijrochisiga sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan keyin besh kun ichida yuboriladi”.
6. O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 25-yanvarda qabul qilingan O‘RQ-462-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 3-ilova, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 5, 261-modda, № 9, 592-modda, № 11, 791-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 198-modda; 2021-yil, № 1, 9-modda, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar, № 9, 903-modda; 2022-yil, № 8, 787-modda, № 12, 1188-modda; 2023-yil, № 3, 185-modda, № 4, 269-modda, № 11, 923-modda, № 12, 1009-modda; 2024-yil, № 2, 115-modda, № 9, 964, 969-moddalar, № 12, 1286-modda; 2025-yil, № 3, 373-modda, № 6, 729-modda) 278-moddasining yettinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Budjetga mablag‘larni undirish, davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash yuzasidan ijro varaqasi qarzdor turgan joydagi davlat ijrochisiga sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan keyin besh kun ichida yuboriladi”.
7. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-dekabrda qabul qilingan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘RQ-781-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 6, 576-modda; 2024-yil, № 8, 830-modda, № 10, 1072-modda) 7-moddasining ikkinchi qismiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:
ikkinchi va uchinchi xatboshilar quyidagi mazmundagi ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining zaxira jamg‘armalari mablag‘larining o‘n besh foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘lari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining qo‘shimcha manbalari mablag‘lari;
tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni elektron savdo platformasida realizatsiya qilishdan kelib tushgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlarining maxsus g‘azna hisobvaraqlariga qo‘shimcha manbalar sifatida o‘tkaziladigan mablag‘lar”;
to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar tegishincha beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
21-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
22-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
hududiy kuzatuv kengashlarining shakllantirilishi va faoliyatini amalga oshirish tartibini uch oylik muddatda tasdiqlasin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
23-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 27-iyul,
O‘RQ-1161-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 03/26/1161/0787-son)