Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi ishlarni koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida
Fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish uning huquqiy maqomiga, mulkiy hamda boshqa qonuniy manfaatlariga bevosita taʼsir koʻrsatishi, bunday masalalar qonunda belgilangan tartibda faqat sud tomonidan hal etilishi va bu jarayonda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish muhim vazifa ekanligini inobatga olib, mazkur toifadagi ishlarni koʻrishda qonunchilik hujjatlarini toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga koʻra (19-moddasining birinchi qismi) mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda mazkur Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etiladi va kafolatlanadi.
Fuqarolarning fuqarolik huquq va burchlariga ega boʻlish layoqati (huquq layoqati) tugʻilgan paytdan vujudga kelib, vafot etishi bilan tugaydi.
Fuqaroning oʻz harakatlari bilan fuqarolik huquqlarini amalga oshirish va burchlarini bajarish layoqati (muomala layoqati) esa u oʻn sakkiz yoshga toʻlgach yoki toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinganida (emansipatsiya) toʻla hajmda vujudga keladi. Fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish yoki bunday cheklashni bekor qilish hamda fuqaroni muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqatli deb topish toʻgʻrisidagi ishlarni qonuniylikka qatʼiy rioya qilgan holda oʻz vaqtida va toʻgʻri hal qilinishi fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafolati hisoblanadi.
2. Fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish yoki bunday cheklashni bekor qilish hamda fuqaroni muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqatli deb topish haqidagi arizalar sud tomonidan alohida ish yuritish tartibida koʻriladigan ishlar toifasiga kiradi va Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (bundan buyon FK) 30-31-moddalari, Fuqarolik protsessual kodeksining (bundan buyon FPK) 310 — 316-moddalari, “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etilgan holda koʻrib chiqilishi lozim. Sudlar ishni koʻrib chiqishda ish boʻyicha ahamiyatga ega boʻlgan barcha holatlarni har taraflama, toʻliq va xolisona aniqlashi shart (FPKning 15-moddasi).
Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, FKning 23-moddasiga muvofiq, qonunda nazarda tutilgan hollar va tartibdan tashqari hech kimning muomala layoqati cheklanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu munosabat bilan sudlar bunday cheklovlarni qoʻllashda faqat qonunda belgilangan asoslar va tartibga qatʼiy rioya etishlari, har qanday cheklovning qonuniyligi va asosliligini sinchiklab tekshirishlari shart.
3. Fuqaroning muomala layoqatini cheklash yoki uni muomalaga layoqatsiz deb topish sud tomonidan qoʻllaniladigan huquqiy himoya choralari hisoblanadi.
Muomala layoqati cheklangan fuqaro mayda maishiy bitimlarni mustaqil ravishda tuzishi mumkin. Mayda maishiy bitimlardan tashqari boshqa bitimlarni tuzish, shuningdek, ish haqi, pensiya va boshqa daromadlarni olish hamda ularni tasarruf etish homiyning roziligi asosida amalga oshiriladi. Bunday shaxs oʻzi tuzgan bitimlar boʻyicha va yetkazgan zarari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mustaqil ravishda mulkiy javobgar hisoblanadi.
Muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs oʻz harakatlarining huquqiy ahamiyati va oqibatlarini anglay olmasligi yoki ularni boshqara olmasligi sababli, fuqarolik huquq va majburiyatlarini mustaqil ravishda amalga oshira olmaydi. Bunday shaxs tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik masalasi FKning 996-moddasi qoidalariga muvofiq hal etiladi.
Sudlarning eʼtibori qonunda fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki uni muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisida talab qoʻyish huquqiga ega boʻlgan shaxslar doirasi qatʼiy belgilanganligiga qaratilsin.
Bunday ariza:
fuqaroning oila aʼzolari;
vasiylik va homiylik organi;
prokuror;
davolash muassasalari;
qonunchilikda bunday vakolatlar yuklatilgan davlat organlari;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari;
qonunchilikka muvofiq bunday huquq berilgan jamoat birlashmalari tomonidan berilishi mumkin.
Oila kodeksining 5-moddasiga muvofiq, er-xotin, ota-ona va bolalar (shu jumladan, farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinganlar) fuqaroning oila aʼzolari hisoblanadi. Shu bilan birga, boshqa qarindoshlar, xususan, bobo, buvi, aka-uka, opa-singil, togʻa, amaki, xola, amma va boshqalar fuqaroning oila aʼzolari doirasiga kirmasligi tushuntirilsin.
“Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunning 7-moddasiga muvofiq, fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki muomalaga layoqatsiz deb topish boʻyicha vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyat tuman, shahar tibbiyot birlashmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Ariza manfaatdor shaxs nomidan ish yuritishga vakolati boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan deganda, ishonch bildiruvchi nomidan vakillik qilish huquqini beruvchi tegishli ishonchnomaga ega boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan ariza tushuniladi.
Shu sababli, sudlarga fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki uni muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisida talab bilan murojaat qilish huquqiga ega boʻlmagan shaxslar va ularning vakillari tomonidan berilgan arizalarni FPK 195-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytarish yoki ushbu kodeks 122-moddasining 2-bandiga koʻra koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻlmasligi tushuntirilsin.
Ushbu arizalar mazmunan koʻrib chiqilishi va ariza beruvchida qonun hujjatlariga muvofiq bunday talab bilan murojaat qilish huquqi boʻlmaganligi sababli qanoatlantirilmasligi lozim. Shu bilan birga, zarurat mavjud boʻlgan hollarda, sud bunday ariza berish masalasini hal etish uchun vakolatli organlarga tegishli tartibda xabar yuborishga haqli.
4. Fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ariza shu fuqaro yashab turgan joydagi, agar u davolanayotgan boʻlsa, ushbu muassasa joylashgan hududdagi sudning sudloviga tegishlidir (FPKning 310-moddasi).
5. Fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi arizada spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari, shuningdek, aql-idrokiga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa moddalarni suiisteʼmol qilayotgan shaxs ushbu xatti-harakatlari bilan oʻz oilasini ogʻir moddiy ahvolga solib qoʻyayotganligidan dalolat beruvchi holatlar bayon qilinishi lozim.
Fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisidagi arizada fuqaroda oʻz harakatlarining ahamiyatini anglash yoki ularni boshqarish imkoniyatidan mahrum etuvchi ruhiy buzilish (kasallik) yoxud aqli zaiflik alomatlarini koʻrsatuvchi holatlar bayon etilishi lozim (FPKning 311-moddasi).
6. Sudlarga tushuntirilsinki, sudya ishni sud majlisida koʻrishga tayyorlash bosqichida qonunga muvofiq ishni koʻrilishida ishtirok etishi shart boʻlgan prokuror hamda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokini taʼminlash (FPKning 313-moddasi), shuningdek, ariza vakolatli shaxslar tomonidan berilgan hollarda zaruratga qarab fuqaroning oila aʼzolarini manfaatdor shaxs sifatida jalb qilish masalasini hal etishi va bu haqda sud ajrimida koʻrsatishi lozim.
Fuqaroning ruhiy holati sud-psixiatriya ekspertizasi orqali aniqlanishi sababli, uni muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha, agar ruhiy holati buzilganligi (ruhiy kasallik yoxud aqli zaiflik) haqida yetarli maʼlumotlar mavjud boʻlsa, ishni sud majlisida koʻrishga tayyorlash bosqichida sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanadi (FPKning 312-moddasi). Bunday maʼlumotlar jumlasiga fuqaroning kasallik tarixi koʻchirmasi, ruhiy-asab kasalliklari muassasalarida hisobda turishi yoki davolanganligi haqidagi maʼlumotnoma, nogironlik guvohnomasi hamda shu kabi hujjatlar kiradi.
Sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimda fuqaroning ruhiy holatini (ruhiy kasalligi yoxud aqli zaifligi), shuningdek, u oʻz harakatlarining ahamiyatini anglash yoki ularni boshqarish qobiliyatiga ega yoxud ega emasligini aniqlashga qaratilgan savollar qoʻyiladi.
Sudlar sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlashda shaxsning huquq va erkinliklarini eng kam cheklaydigan ekspertiza shaklini tanlash zarurligini inobatga olishi lozim.
Shaxsning ruhiy holatiga oid yetarli tibbiy maʼlumotlar mavjud boʻlgan hollarda, qoida tariqasida, ambulator sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlash maqsadga muvofiq.
Agar ish hujjatlari, tibbiy maʼlumotlar yoki shaxsning holati ambulator tekshiruv orqali toʻliq va asoslantirilgan xulosa berish imkoni yoʻqligini koʻrsatsa, sud ajrimda tegishli asoslarni bayon qilgan holda statsionar sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlashi mumkin.
Oʻziga nisbatan sud-psixiatriya ekspertizasi oʻtkazilayotgan shaxs tekshiruvdan ochiqdan-ochiq, yaʼni faol ravishda boʻyin tovlasa va uning xatti-harakatlari jamoat tartibiga, atrofdagilarning huquqlari, hayoti yoki sogʻligʻiga tahdid solsa, sud majburiy tartibda ekspertizaga yuborish toʻgʻrisida ajrim chiqarishga, ajrim ijrosini tegishli ichki ishlar organlari zimmasiga yuklashga hamda mazkur ajrimni ijro etish jarayonida shaxs tibbiyot xodimi kuzatuvida boʻlishini belgilashga haqlidir (FPKning 312-moddasi).
7. Qonunga koʻra, bunday toifadagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokida koʻrilishini inobatga olib, ular sud majlisiga kelmagan taqdirda, ish muhokamasi keyinga qoldiriladi va bu haqda ularga xabar beriladi. Shu bilan birgalikda sud, ularning sud majlisiga uzrsiz sabablar bilan kelmaganligi holati yuzasidan xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan munosabat bildiradi (FPKning 220 va 313-moddalari).
Muomala layoqati cheklanishi yoki muomalaga layoqatsiz deb topilishi soʻralayotgan fuqaro mazkur ish boʻyicha manfaatdor shaxs hisoblanishi sababli muomala layoqati cheklanishi masalasi koʻrib chiqilayotgan fuqaroning ishda ishtirok etishi majburiy boʻlib, u uzrsiz sabablarga koʻra sud majlisiga kelmagan yoxud kelmaganligi sabablarini maʼlum qilmagan taqdirda, FPKning 144 va 186-moddalari qoidalari qoʻllaniladi.
Ushbu qoida muomalaga layoqatsiz deb topilishi masalasi koʻrib chiqilayotgan shaxsning sogʻligʻi holati imkon bergan hamda sud uni ishda ishtirok etishi lozim deb topgan hollarda ham qoʻllanilishi mumkin. Sud uning sud majlisidagi ishtirokini videokonferensaloqa orqali yoki sayyor sud majlisi oʻtkazish yoʻli bilan ham taʼminlashi mumkin.
8. Fuqaroning spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini hamda boshqa kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni suiisteʼmol qilishi fakti ish boʻyicha toʻplangan dalillar bilan tasdiqlanishi lozim (FPKning 8-bobi).
Bunday dalillarga:
tibbiy muassasalarning maʼlumotnomalari;
sud-narkologik ekspertizasi xulosasi;
sud qarorlari yoki huquqni muhofaza qilish organlarining hujjatlari (masalan, ichki ishlar organining jamoat tartibini buzish, oilada mojaroli vaziyatlar keltirib chiqarish haqidagi hujjatlari);
yashash yoki ish joyidan berilgan tavsifnomalar;
shaxsning spirtli ichimliklar, giyohvandlik va psixotrop moddalar yoki ularning analoglariga qaramlik holatini tasdiqlovchi boshqa dalillar kiradi.
Fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish uchun uning giyohvandlik (narkomaniya), zaharvandlik (toksikomaniya), ichkilikbozlik tufayli hisobda turishi shart emas.
9. Fuqaroning spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini, shuningdek, boshqa kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni suiisteʼmol qilishi oqibatida uning oilasi ogʻir moddiy ahvolga tushganligi faktini aniqlashda sud quyidagilarga eʼtibor berishi lozim:
oila aʼzolarini taʼminlash majburiyatini bajarmaganligi (voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlamaslik, nogiron yoki yordamga muhtoj oila aʼzolarini taʼminlamaslik va h.k.);
spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop va qaramlikni keltirib chiqaradigan boshqa kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni sotib olish uchun oʻzining yoki oila aʼzolarining mablagʻlarini sarflashi;
oila budjetiga zarar yetkazganligi (oila aʼzolarining erkiga zid va oila manfaatiga mos boʻlmagan holda oila mol-mulkini sotish yoki yoʻq qilish, qarz olib oilani qarzdor qilish va shu kabi holatlar).
Agar sud, fuqaroning oila xarajatlarida ishtirok etmasligi spirtli ichimliklar, narkotik vositalar yoki psixotrop moddalarni suiisteʼmol qilish emas, balki kasallik, ishga joylasha olmaslik kabi obyektiv sabablarga bogʻliq ekanligini aniqlasa, u holda bunday fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish mumkin emas.
10. FKning 31-moddasiga koʻra, fuqaroning muomala layoqatini cheklash uchun quyidagi ikki shartning oʻzaro sababiy bogʻliqlikda bir vaqtning oʻzida mavjud boʻlishi talab etiladi:
fuqaroning spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini, shuningdek boshqa kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni suiisteʼmol qilishi;
oʻz oilasini ogʻir moddiy ahvolga solishi.
11. Sudlar fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasini dalil sifatida baholaydi.
Ekspertiza xulosasi ish uchun ishonchli va yetarli dalil sifatida qabul qilinishi uchun unda fuqaroning ruhiy holati buzilganligi oqibatida oʻz harakatlarining ahamiyatini anglay olmasligi yoki ularni boshqara olmasligi aniq, ravshan va qatʼiy xulosa shaklida bayon etilgan boʻlishi lozim.
Ekspert xulosasida mavhum, ehtimol tutilgan, yaʼni shartli ifodalarga, jumladan, “boʻlishi mumkin”, “istisno etilmaydi”, “taxmin qilinadi” kabi iboralarga asoslangan, qatʼiy xulosa mazmunini ifodalamaydigan toʻxtamlar mavjud boʻlganda, xulosa sud tomonidan dalilning maqbulligi hamda yetarliligi nuqtai nazaridan tanqidiy baholanib, tegishli tartibda qayta, komissiyaviy yoki kompleks ekspertiza tayinlash masalasi hal qilinishi mumkin.
12. FKning 22-moddasiga muvofiq, fuqaro oʻn sakkiz yoshga toʻlgandan keyingina toʻliq hajmda muomala layoqatiga ega boʻladi, biroq ushbu yoshga yetgunga qadar ham qonun hujjatlarida belgilangan doirada qisman muomala layoqatiga ega hisoblanadi.
Xususan, oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar FK 27-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli boʻlib, ushbu muomala layoqati doirasida tuzgan bitimlari boʻyicha, shuningdek, oʻzlari yetkazgan zarar uchun mustaqil javobgar hisoblanadi (FKning 994-moddasi).
Shundan kelib chiqib, oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan fuqarolarga nisbatan FPKning 310-moddasida nazarda tutilgan asoslar va tartibda sudga ariza berilishi mumkin.
13. Sudlarga tushuntirilsinki, fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha qabul qilinadigan hal qiluv qarori FPKning 23-bobi talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida arizani qanoatlantirish yoxud rad etish haqidagi xulosa aniq bayon etilishi lozim. Ariza qanoatlantirilganda muomalaga layoqatliligi masalasi koʻrib chiqilgan fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi, yashash manzili va shaxsini identifikatsiya qiluvchi boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
“Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunning 13 va 21-moddalari talablariga muvofiq, tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari doirasida muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaroga homiy yoxud vasiy tayinlash uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi hamda muayyan shaxsning homiy yoxud vasiy etib tayinlanishi mumkinligi toʻgʻrisidagi xulosani tuman (shahar) hokimligiga taqdim etadi. Shundan soʻng, tuman (shahar) hokimining qarori asosida fuqaroga homiy yoxud vasiy tayinlanadi.
Shu sababli, sudlar homiy yoxud vasiy tayinlash haqidagi masalani hal qilishga haqli emas.
Sudlarning eʼtibori, muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oʻz vaqtida hisobga olinishini taʼminlash, shuningdek, keyinchalik yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy huquqiy oqibatlarning oldini olish maqsadida hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasi u qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay fuqaroning yashash joyidagi tibbiyot birlashmasi huzuridagi vasiylik va homiylik organiga yuborilishi lozimligiga qaratilsin (FPKning 314-moddasi).
14. Fuqaroning muomala layoqatini cheklashni va unga nisbatan belgilangan homiylikni bekor qilish yoki fuqaroni muomalaga layoqatli deb topish va unga belgilangan vasiylikni bekor qilish FKning 30, 31-moddalari va FPKning 315-moddasiga muvofiq, cheklovga asos boʻlgan holatlar barham topgan taqdirda sud tartibida amalga oshiriladi.
Mazkur holatlar sud tomonidan tibbiy maʼlumotnoma, tavsifnomalar, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertiza xulosasi va boshqa maqbul dalillar asosida aniqlanadi.
Fuqaroning muomala layoqatini cheklashni bekor qilish masalasi FPKning 315-moddasiga muvofiq, muomala layoqati cheklangan shaxsning oʻzi, uning homiysi, shuningdek FPKning 310-moddasida sanab oʻtilgan subyektlarning arizasiga asosan koʻrib chiqiladi.
Vasiy, shuningdek, FPKning 310-moddasida koʻrsatilgan subyektlar sogʻaygan fuqaroni muomalaga layoqatli deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Fuqaroni muomalaga layoqatli deb topish yoki uning muomala layoqatini cheklashni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza, fuqaroning muomala layoqati cheklanishi yoxud muomalaga layoqatsiz deb topilishi haqidagi qaror qaysi sud tomonidan qabul qilinganidan qatʼi nazar, mazkur fuqaroning yashash joyidagi sudga beriladi va shu sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
Bunday arizalarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha sud ilgarigi hal qiluv qarorini bekor qilish masalasini hal etmasdan, fuqaroning muomala layoqatini cheklashni bekor qilish yoki fuqaroni muomalaga layoqatli deb topish hamda unga nisbatan belgilangan homiylik yoki vasiylikni bekor qilish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.
15. Sudlarga tushuntirilsinki, fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori uning huquqiy maqomiga bevosita taʼsir qilishi sababli, bunday shaxs mazkur sud hujjati ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
16. Sudlarning eʼtibori FPKning 316-moddasi talablariga muvofiq fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud xarajatlari arizachidan undirilmasligi sababli, ushbu toifadagi ishlar boʻyicha arizachilar davlat boji va pochta xarajatlarini toʻlamasdan sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligiga qaratilsin.
Agar ariza davlat boji toʻlangan holda topshirilgan boʻlsa, sud ishni koʻrish yakunlari boʻyicha, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasiga asosan uni ortiqcha toʻlangan deb topib, qaytarish masalasini hal qilishi lozim.
Sud ariza fuqaroning oila aʼzolari tomonidan insofsizlik bilan, asossiz ravishda fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki uni muomala layoqatidan mahrum etish maqsadida ataylab berilgan deb topsa, oldindan toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi, davlat foydasiga undirilishi lozim boʻlgan davlat boji esa, arizachidan undiriladi.
Sudlarga tushuntirilsinki, arizaning insofsizlik bilan, asossiz ravishda va ataylab berilganligini baholashda FPKning 40-moddasi ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻzlariga berilgan protsessual huquqlardan insofli ravishda foydalanishi shartligi haqidagi talabi, shuningdek, FKning 9-moddasida belgilangan fuqarolik huquqlarini halol, oqilona va adolat bilan amalga oshirish, boshqa shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmaslik, huquqni suiisteʼmol qilmaslik toʻgʻrisidagi umumiy qoidalardan kelib chiqish maqsadga muvofiq.
17. Sudlar bunday toifadagi ishlar boʻyicha qonunga xilof xatti-harakatlar va salbiy ijtimoiy holatlarni keltirib chiqarayotgan hamda bunga sabab boʻlayotgan omillarni (masalan, ruhiy holati buzilgan shaxsning nazoratsizligi, ichkilikbozlik yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni suiisteʼmol qilish, ularning muomalada boʻlish holatlari) aniqlaganda, ularning oldini olish choralarini koʻrish maqsadida xususiy ajrim (xabarnoma) chiqarib, tegishli organlarga yuborishi lozim (FPKning 275-moddasi).
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari ushbu toifadagi ishlar boʻyicha sud amaliyotini muntazam oʻrganib borishlari, fuqaroning muomala layoqatliligi bilan bogʻliq munosabatlarda qonun talablari buzilishi sabablarini tahlil qilishlari va ularni bartaraf qilishga qaratilgan choralar koʻrib borishlari lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi R. MAXMUDOVA
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi U. XOLOV
Toshkent sh.,
2026-yil 3-iyul,
18-son