OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga iqtidorli oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlashni takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish borasidagi faoliyatini davom ettirishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) faoliyatini takomillashtirish va Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalarini kengaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Belgilansinki, 2026-yilda Jamgʻarma daromadlari respublika budjetining II chorak yakuni boʻyicha daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan 100 mlrd soʻm hamda Jamgʻarma Vasiylik kengashining qaroriga asosan vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan tegishli mablagʻlarni yoʻnaltirish orqali shakllantiriladi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027-yildan boshlab Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining asoslangan hisob-kitoblari hamda vazirlik va idoralar tomonidan ajratilishi kutilayotgan mablagʻlarni inobatga olgan holda, Davlat budjeti parametrlarida Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
4. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-iyul,
PF-138-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-iyuldagi PF-138-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-5815-son Farmonining 6-bandida:
(a) quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Jamgʻarma Vasiylik kengashining qaroriga asosan vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan yoʻnaltiriladigan tegishli mablagʻlar”;
(b) ikkinchi — oʻn uchinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi — oʻn beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(v) oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini bank depozitlari shaklida va boshqa shakllarda joylashtirishdan olingan daromadlar”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-152-son Farmonida:
(a) 1-bandning “b” kichik bandi birinchi xatboshisidagi “2026/2027 oʻquv yilidan” soʻzlari “2027/2028 oʻquv yilidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 1-ilovaning 15-pozitsiyasida:
(i) “Ijro muddati” ustunidagi “2026/2027 oʻquv yilidan” soʻzlari “2027/2028 oʻquv yilidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) “Masʼul ijrochilar” ustunidagi “(X. Umarova)” soʻzlari “(E. Karimova)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-86-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 12-pozitsiyasida:
(a) “Amalga oshirish va natijalarga erishish mexanizmlari” ustuni 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Qisqa muddatli oʻquv kurslarga jalb etiladigan xodimlar va oʻquvchilarni kelib-ketishlari uchun transport, turar-joy, issiq ovqat, qoʻriqlash xizmati, ofis jihozlari hamda boshqa vositalar bilan taʼminlash”;
(b) “Masʼul ijrochilar” ustunidagi “(X. Umarova)” soʻzlari “(E. Karimova)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5188-son qarori 2-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilab qoʻyilsinki, vazirlik va idoralarning Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladigan budjetdan tashqari mablagʻlar miqdorlari hamda Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 06/26/138/0762-son)