Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga yoqilgʻi-energetika tarmogʻida nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va elektr energiyasini yetkazib berishdagi yoʻqotishlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilgʻi-energetika tarmogʻida nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va elektr energiyasidan foydalanishdagi yoʻqotishlarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 10-iyundagi PF-110-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminoti korxonalari tomonidan elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzishda javobgarlikni kuchaytirish;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish.
2. Ushbu qarorga ilovaning 3-bandi qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi D.A. Isaqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-iyun,
355-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 355-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
3. Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2024-yil 31-maydagi 319-son qarorida:
a) 1-ilova quyidagi mazmundagi 1331-band bilan toʻldirilsin:
“1331. Quyidagi holatlar elektr taʼminoti korxonasi tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzish holatlari deb hisoblanadi:
uskunalarni, elektr uzatish tarmoqlarini, hisoblagichlarni uzluksiz ekspluatatsiya qilishini taʼminlamaslik, oʻz vaqtida ularga xizmat koʻrsatmaslik va uskunalarni taʼmirlamaslik, shuningdek, oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida nosozliklarni bartaraf etmaslik;
oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasi sifat koʻrsatkichlarini davlat standartlarida belgilangan darajada saqlab turmaslik;
elektr taʼminoti korxonasi tomonidan belgilangan elektr energiyasini isteʼmol qilish rejimiga rioya etmaslik;
elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining rejali taʼmirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan taʼminlashdagi mumkin boʻlgan uzilishlar toʻgʻrisida kamida 3 kun oldin ogohlantirmaslik;
joriy etiladigan cheklashlar haqida cheklashning hajmi va vaqtini koʻrsatgan holda oʻz vaqtida isteʼmolchilarga xabar qilmaslik;
oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasining texnologik sarflarini qisqartirish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqmaslik yoki ishlab chiqilgan tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirmaslik;
elektr energiyasining elektr tarmoqlarining mansublik chegarasida hisobga olinmagan isteʼmolini aniqlamaslik;
isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasini belgilangan tartibda hisobga olib bormaslik;
tegishli hujjatlarsiz (texnik shart, loyiha hujjatlari, loyiha hujjatlarini kelishish va shartnoma) va (yoki) ruxsatnomalarsiz isteʼmolchini elektr tarmogʻiga ulash yoki ulanishga ruxsat berish;
EHNATga mos keladigan hisoblagichlar boʻlmaganda, isteʼmolchilar va subisteʼmolchilarni elektr tarmoqlariga ulash;
isteʼmolchiga mansub boʻlgan tarmoqlardagi texnologik sarflar hamda quvvat koeffitsiyentining (cos φ) iqtisodiy qiymati hisob-kitob qilinmasligi;
hisoblash tizimiga taʼsir qilmagan holda, ikkilamchi tok zanjirida kirish va chiqish simlari oʻzaro oʻrnini almashtirib ulash;
hisobga olinadigan elektr energiyasi miqdorini kamaytirish maqsadida dasturga qoʻshimcha koeffitsiyentlarni kiritish;
Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari talablariga rioya qilmaslik;
har oyda bevosita isteʼmolchilar tomonidan foydalanilgan energiya resurslari hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib hisoblagichlarni EHNATga bir oydan ortiq aloqaga chiqishini taʼminlamaslik;
isteʼmolchilarga notoʻgʻri hisob-kitoblar amalga oshirilganligi;
elektr taʼminoti korxonasining masʼul xodimi aybi bilan qoida buzilishlar sodir etilishi;
sertifikatlashtirilmagan energetika uskunalaridan, energiya taʼminoti tarmoqlari va tizimlarining elementlaridan foydalanish;
EHNAT tizimida hisoblagichlar ishlashida nosozliklar yuzasidan kelib tushgan xabarlar asosida mazkur nosozliklarning bir oylik muddatda joyiga chiqqan holda bartaraf etilishini taʼminlamaslik;
debitor qarzdorligi mavjud isteʼmolchilarga asossiz ravishda elektr energiyasini yetkazib berish.
Ushbu bandda nazarda tutilgan qoida buzilishlari aniqlangan taqdirda, elektr taʼminoti korxonasi tegishliligi boʻyicha rahbari va (yoki) masʼul xodimlarning qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi;
b) 2-ilova quyidagi mazmundagi 1291-band bilan toʻldirilsin:
“1291. Quyidagi holatlar taʼminotchi korxona tomonidan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish deb hisoblanadi:
tegishli hujjatlarsiz va ruxsatnomalarsiz isteʼmolchini gaz tarmogʻiga ulash yoki ulanishga ruxsat berish;
gaz hisoblagichlarga tashqi taʼsir koʻrsatishga isteʼmolchiga sharoit yaratib berish, yaʼni hisoblagich va oʻlchov uzellariga belgilangan tartibda plombalar oʻrnatilmaganligi (simlarning tarang tortilmaganligi, yaʼni simni uzmagan yoki plombalarni buzmagan holda ularni yechish orqali manifold joʻmraklari, kalibrlash boltlari, impulsli tarmoq joʻmraklariga taʼsir koʻrsatish imkonini beradigan holatda oʻrnatilganligi);
tabiiy gaz uchun oldindan toʻlovlarni amalga oshirmagan isteʼmolchilarga asossiz ravishda tabiiy gaz yetkazib berish;
oʻchirib-yoqish klapaniga ega boʻlmagan gaz hisoblash uskunalaridan foydalanayotgan isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berish (bir oy avval ogohlantirilgandan soʻng);
isteʼmolchilar tomonidan xavfsizlikni taʼminlash hamda yoqilgʻining yonish jarayonlarini avtomatik boshqarish jihozlari boʻlmagan, standart talablariga oʻrnatilgan gaz jihozlarining quvvati gaz hisoblagich quvvatidan yuqori boʻlishiga qaramasdan gazdan foydalanishga ruxsat berish;
texnik shart, loyiha va (yoki) shartnomada nazarda tutilmagan jihozlardan foydalanishga yoʻl qoʻyish;
kuz-qish mavsumi davrida tabiiy gaz yetkazib berilishiga cheklov kiritilgan isteʼmolchilarni gaz tarmogʻidan payvandlash va (yoki) tamgʻalash yoʻli bilan hamda masofadan turib oʻchirib-yoqish klapani orqali onlayn ajratmagan holda ularga tabiiy gazdan foydalanishga imkoniyat yaratib berish;
debitor qarzdorligi mavjud isteʼmolchilarga asossiz ravishda tabiiy gaz yetkazib berish;
noqonuniy foydalangani uchun yoki boshqa holatlarda vaqtinchalik uzib qoʻyilgan isteʼmolchilarga asossiz ravishda gaz yetkazib berishni davom ettirish;
ushbu Qoidalarda koʻrsatilgan majburiyatlarni bajarmaganlik.
Ushbu bandda nazarda tutilgan qoida buzilishlari aniqlangan taqdirda, gaz taʼminoti korxonasi tegishliligi boʻyicha rahbari va (yoki) masʼul xodimlarning qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2026-y., 09/26/355/0710-son)