Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Avtomobil transportida yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Respublika yuk avtomobillari parkini yangilash va modernizatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xalqaro transport xizmatlari bozorida mahalliy tashuvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, eksport-import operatsiyalari qiymatida transport xarajatlarini kamaytirish hamda tashqi bozorlarga yuklarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish maqsadida qaror qilaman:
1. Yuk tashish uchun moʻljallangan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan quyidagi transport vositalarini (samosvallardan tashqari) 2027-yil 31-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasiga import qilishda ularga bojxona bojining va utilizatsiya yigʻimining nol stavkalari qoʻllanilsin:
(a) “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan avtotransport vositalari (TIF TN kodlari 8701 21, 8701 22, 8701 23, 8701 24);
(b) toʻla vazni 15 tonnadan ortiq yoki yukxonasining ichki hajmi kamida 76 metr kub boʻlgan yarim tirkamalar (TIF TN kodi 8716 39).
2. Belgilansinki, avtotransport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran uch yil mobaynida eksportga realizatsiya qilinganda va/yoki qayta jihozlash TIF TN kodi oʻzgarishiga olib kelganda (yoqilgʻi turini oʻzgartirish bilan bogʻliq qayta jihozlash holatlari bundan mustasno), ushbu qarorning 1-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar bekor qilinadi hamda tegishli toʻlovlar belgilangan tartibda undiriladi.
3. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiya (J. Xodjayev) oʻn kun muddatda ushbu qarorning 1-bandida nazarda tutilgan Yevropa standartlariga mos keladigan yuk avtotransport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasiga import qilishda ularni majburiy sertifikatlashdan vaqtinchalik ozod qilish boʻyicha tegishli qarorni qabul qilsin.
4. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev hamda transport vaziri I.R. Maxkamov belgilansin.
5. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-iyul,
PQ-251-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2026-y., 07/26/251/0705-son)