Oʻzbekiston respublikasi prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Hududlarda alohida tanlab olingan tumanlar va mahallalar infratuzilmasini jadal rivojlantirish orqali tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-iyun,
PF-119-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-iyundagi PF-119-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-yanvardagi “Respublika hududlarida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-54-son Farmonining 3-bandida:
(a) quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq tanlab olingan ogʻir toifadagi tumanlarni kompleks rivojlantirish dasturlariga hamda “ogʻir” mahallalarning “islohot dasturi”ga kiritilgan ijtimoiy va tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish”;
(b) beshinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-49-son qarorida:
(a) 4-banddagi “903” raqami “915” raqami bilan almashtirilsin;
(b) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Belgilansinki:
(a) har bir “ogʻir” mahallaning “islohot dasturi”ni moliyalashtirish maqsadida tegishli mahalliy budjetdan ajratilgan har 1 mlrd soʻm uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan 2 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlariga “islohot dasturi”ni moliyalashtirish uchun mahalliy budjet mablagʻlari bilan bir qatorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlaridan foydalanishga ruxsat beriladi;
(b) “islohot dasturi”ni amalga oshirish doirasida tuman (shahar) hokimligi, mahalla fuqarolar yigʻini hamda kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlari oʻrtasida kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan ijtimoiy shartnoma tuziladi.
Bunda xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari tomonidan ijtimoiy shartnomalar ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati amalga oshiriladi”;
(v) quyidagi mazmundagi 151-band bilan toʻldirilsin:
“151. Tuman (shahar) hokimlarining raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha maslahatchisi zimmasiga mahallalarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalari doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar (xizmatlar, ishlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron savdo platformalariga joylashtirish orqali ularning realizatsiyasiga koʻmak berish boʻyicha qoʻshimcha vazifa yuklansin”;
(g) 18-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlariga Dasturlarni moliyalashtirish uchun mahalliy budjet mablagʻlari bilan bir qatorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlaridan foydalanishga ruxsat beriladi”;
(d) 20-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Belgilansinki, 2026-yil 1-martdan boshlab ogʻir toifadagi tumanlarda, 2026-yil 1-iyuldan boshlab “ogʻir” mahallalarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar yillik 12 foiz stavkada ajratib boriladi”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-avgustdagi 485-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻchma savdoni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 49-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“elektr energiyasi va gaz taʼminoti bilan avtonom qurilmalar orqali yoki tadbirkorlik subyektining egallagan maydoni va faoliyat turidan kelib chiqib, alohida shartnoma asosida qoʻshni obyekt orqali belgilangan tartibda elektr energiyasi tarmogʻiga ulanish hisobiga taʼminlanadi”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 7-bandi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq tanlab olingan ogʻir toifadagi tumanlarni kompleks rivojlantirish dasturlariga hamda “ogʻir” mahallalarning “islohot dasturi”ga kiritilgan ijtimoiy va tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirishni moliyalashtirish”.
5. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi 151-son qarori bilan tasdiqlangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish manbalari va sarflash yoʻnalishlari quyidagi mazmundagi 25-band bilan toʻldirilsin:
“25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq tanlab olingan ogʻir toifadagi tumanlarni kompleks rivojlantirish dasturlariga hamda “ogʻir” mahallalarning “islohot dasturi”ga kiritilgan ijtimoiy va tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2026-y., 06/26/119/0624-son)