Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni ommalashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida savdo va xizmat koʻrsatish sohalarini yanada rivojlantirish, mazkur sohalarda yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda aholi faolligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining 2026-yil 1-iyuldan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati hududidagi savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida amalga oshirilgan xaridlar boʻyicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli oʻyinlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida berilgan nazorat-kassa texnikasi cheklari asosida yutuqli oʻyinlar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda yutuqli oʻyinlar har oyda oʻtkazib borilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi bir oy muddatda “Soliq” mobil ilovasida “Yutuqli oʻyinlar platformasi”ni ishga tushirib, unda har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar yutuqli oʻyin gʻoliblarini inson omilisiz aniqlash imkoniyatini joriy etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Xorazm viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda bir oy muddatda ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tushuntirilishini taʼminlasin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 18-may,
254-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-maydagi 254-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida berilgan nazorat-kassa texnikasi cheklari asosida yutuqli oʻyinlar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida xaridni amalga oshirgan jismoniy shaxslarga nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
nazorat-kassa texnikasi — fiskal xotira bilan jihozlangan nazorat-kassa mashinalari, fiskal toʻplagichlardagi fiskal maʼlumotlar yozib olinishi va saqlanishini taʼminlovchi, fiskal hujjatlarni shakllantiruvchi hamda ularning soliq organlariga fiskal maʼlumotlar operatori orqali topshirilishini, shuningdek, fiskal hujjatlar nazorat-kassa texnikasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq qogʻozda chop etilishini taʼminlovchi boshqa qurilmalar hamda dasturiy-texnik majmualar;
nazorat-kassa texnikasi cheki — sotuvchi va xaridor (mijoz) oʻrtasidagi tovar sotib olingani yoki xizmat koʻrsatilganini tasdiqlovchi, onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassa dasturiy taʼminotini qoʻllagan holda chop etiladigan, QR-kod, fiskal belgi hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa zarur maʼlumotlar aks ettirilgan hujjat;
yutuqli oʻyin — jismoniy shaxslar oʻrtasida yutuqli oʻyinlarni tashkil etish, oʻtkazish va natijasi boʻyicha yutuqlarni gʻoliblarga berish jarayonini oʻz ichiga olgan huquqiy, tashkiliy va texnik chora-tadbirlar yigʻindisi;
yutuqli oʻyinni tashkil etish komissiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Soliq qoʻmitasi) raisining buyrugʻi asosida tashkil etiladigan komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya);
oʻyin ishtirokchisi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida joylashgan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish obyektlarida xaridlarni amalga oshirib, nazorat-kassa texnikasi cheklarini “Soliq” mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxs;
gʻolib — “Soliq” mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazilgan nazorat-kassa texnikasi cheklari orasidan tasodifiy tanlov asosida mukofotlash maqsadida tanlab olingan jismoniy shaxs.
2-bob. Komissiya faoliyatini tashkil etish
3. Yutuqli oʻyinning qonunchilikka muvofiq oʻtkazilganini nazorat qilish hamda oʻyin gʻoliblarini mukofotlash boʻyicha komissiya tarkibi rais, uning oʻrinbosari, komissiyaning kotibi va aʼzolaridan iborat boʻlib, 5 kishidan kam boʻlmasligi kerak.
4. Komissiya tarkibiga kelishuv asosida tashkilotchi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat organlari, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakillari kiritilishi mumkin.
5. Komissiya quyidagi vakolatlarga ega:
komissiya aʼzolari tarkibidan komissiya raisi va kotibini saylash;
yutuqli oʻyinni oʻtkazish vaqtini kelishish;
yutuqli oʻyinni oʻtkazish jarayonining shaffofligini taʼminlash choralarini koʻrish;
yutuqli oʻyin jarayoni Soliq qoʻmitasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining teleradiokanallarida jonli efirda uzatilishini tashkil etish;
yutuqli oʻyinga barcha xarid cheklarining kiritilganini tekshirish;
yutuqli oʻyin oʻtkazish bilan bogʻliq nizoli holatlarni koʻrib chiqish;
yutuqli oʻyin natijalari boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish.
6. Komissiya qarorlari oddiy koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi va bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
3-bob. Oʻyinlarni oʻtkazish hamda gʻoliblarni mukofotlash tartibi
7. Soliq qoʻmitasi yutuqli oʻyinlarni tashkil etish, xaridlar uchun roʻyxatdan oʻtkazilgan nazorat-kassa texnikasi cheklarini (keyingi oʻrinlarda — xarid cheklari) tasodifiy tanlash va gʻoliblarni aniqlash boʻyicha vakolatga ega boʻlgan oʻyin tashkilotchisi hisoblanadi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan chakana savdo, xizmat koʻrsatish hamda umumiy ovqatlanish sohalaridagi tadbirkorlik subyektlarida amalga oshirilgan xaridlar boʻyicha nazorat-kassa texnikasi cheklari oʻrtasida yutuqli oʻyinlar tashkil etiladi.
Bunda mazkur obyektlardagi xarid cheklarini “Soliq” mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazgan har bir jismoniy shaxs bevosita yutuqli oʻyin ishtirokchisiga aylanadi.
9. “Soliq” mobil ilovasida har bir jismoniy shaxsga roʻyxatdan oʻtkazilgan xarid cheklarining yutuqli oʻyinga kiritilgani haqida maʼlumot berib boriladi.
10. Xarid cheklari “Soliq” mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazilganda, xarid cheki shakllantirilgan oy uchun oʻynaladigan yutuqli oʻyinda qatnashish huquqini beradi.
11. Yutuqli oʻyin har oyda Soliq qoʻmitasining “Soliq” mobil ilovasidagi “Yutuqli oʻyinlar” platformasi orqali oʻtkaziladi.
12. Tanlov bir oy davomida ishtirokchilar tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan xarid cheklarining jamlanmasi doirasida oʻtkazilib, gʻoliblar inson omilisiz xarid chekini tasodifiy tanlab olish asosida aniqlanadi.
13. Yutuqli oʻyin platformasida roʻyxatdan oʻtkazilgan xarid cheklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar real vaqt rejimida ochiq hamda shaffoflik prinsipi asosida taqdim etib boriladi.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida har bir yutuqli oʻyin gʻolibiga bosh sovrin sifatida avtomashina taqdim etiladi.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi Komissiya bilan kelishgan holda, oʻyin gʻoliblariga qoʻshimcha sovrinlarni ham berishi mumkin.
16. Har oyning 10-sanasida Komissiya tomonidan tanlov gʻoliblarini mukofotlash tadbirlari oʻtkazilib, ushbu jarayonlar hamda tanlov gʻoliblari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Soliq qoʻmitasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida va hududiy teleradiokanallarda jonli efirda uzatiladi.
17. Gʻolib sifatida aniqlangan shaxslarga har oy yakuni bilan xarid summasining bir foizini qaytarib berishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.
4-bob. Yutuq fondini shakllantirish va taqsimlash
18. Yutuqli oʻyinlarni oʻtkazish jarayonida gʻoliblarni mukofotlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligining alohida yagona gʻazna hisobvaragʻida yutuqlar fondi shakllantiriladi.
19. Yutuqlar fondi quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
2026-yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari va Xorazm viloyati mahalliy budjeti daromadlarining rejadan orttirib bajarilgan qismi;
2027-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar;
homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
20. Yutuqlar fondi mablagʻlaridan boshqa maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
21. Yutuqlar fondining sarflanishi uchun javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligiga yuklatiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2026-y., 09/26/254/0498-son)