O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XO‘JALIK HISOBIDAGI TEXNIK RO‘YXATGA OLISh RESPUBLIKA KADASTR BYuROSI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-fevraldagi 74-sonli “O‘zkommunxizmat” agentligi to‘g‘risidagi nizomni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining hududiy kommunal-foydalanish birlashmasi to‘g‘risidagi Namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslarga mulk huquqida tegishli bo‘lgan binolar va inshootlar bo‘yicha ro‘yxatga olish-baholash ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida” 1998-yil 21-yanvardagi 35-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1998-yil 3-oktabr,
423-son
Vazirlar Mahkamasining
1998-yil 3-oktabrdagi 423-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi to‘g‘risida
NI3OM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-yanvardagi 35-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga bo‘ysunadi.
2. Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi to‘liq xo‘jalik hisobi va o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash prinsiplari asosida ish ko‘radi, yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z hisob-kitob schyotiga va mustaqil balansiga ega.
3. Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining buyruqlari va ko‘rsatmalariga, boshqa me’yoriy hujjatlarga amal qiladi.
4. Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi tuzilmasi, shtatlari va xarajatlari smetasi O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
5. Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi ikki tomonlama bo‘ysunuvchi (vazirlikka va hokimlikka) Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish Qoraqalpog‘iston respublika kadastr byurosi, xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish viloyat kadastr byurolari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining texnik ro‘yxatga olish yagona tizimini tashkil etadi.
Toshkent shahar hokimligining yakka tartibdagi uy-joylarni nazorat qilish va hisobga olish boshqarmasi binolar va inshootlarni texnik ro‘yxatga olish bilan bog‘liq masalalarda Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosining me’yoriy hujjatlariga amal qiladi, shuningdek Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosiga belgilangan tartibda ma’lumotlar va hisobotlar taqdim etadi.
II. XO‘JALIK HISOBIDAGI TEXNIK RO‘YXATGA OLISh RESPUBLIKA KADASTR BYuROSINING ASOSIY VAZIFALARI VA FAOLIYATI YO‘NALIShLARI
6. Quyidagilar Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari hisoblanadi:
a) Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish Qoraqalpog‘iston respublika kadastr byurosi, xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish viloyatlar kadastr byurolarining quyidagilar bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish:
turar joy binolari va inshootlarini (ularning qismlarini) asosiy ro‘yxatga olish;
turar joy binolari va inshootlariga hamda ularning qismlariga mulkchilik huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni tashkil qilish;
uyga egalik qilishni bo‘lish imkoniyati variantlari to‘g‘risidagi xulosani rasmiylashtirish;
turar joy binolari va inshootlarini hisobga olish reyestr daftarlari yuritish;
turar joy binolari va inshootlarini baholash va qayta baholash;
joriy o‘zgartirishlarni kiritish;
uy-joy binolari va inshootlarining eskirish foizini aniqlash;
ro‘yxatga olish arxiv yig‘majildlari saqlanishini ta’minlash;
qurilishi tugallangan turar joy binolari va inshootlarini hisobga olish;
uy-joy fondini ro‘yxatga olishga doir ma’lumotlarni zamonaviy ma’lumotlar darajasida ta’minlash;
binolar va inshootlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning texnik ro‘yxatga olish kadastr byurosi tomonidan kadastr hujjatlariga zarur ma’lumotlarni kiritish uchun tumanlar va shaharlar ko‘chmas mulk kadastri tegishli xizmatiga taqdim etilishi;
b) turar joy binolari va inshootlari hamda xususiylashtirilgan kvartiralarni ro‘yxatga olish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, baholash va qayta baholashga doir ishlarni bajarishda o‘ziga qarashli hududiy tuzilmalarga umumiy rahbarlik qilish;
v) amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq turar joy binolari va inshootlarini texnik ro‘yxatga olish bo‘yicha qoidalar, texnik shartlar va normativlarni belgilangan tartibda ishlab chiqish;
g) tashkiliy tuzilmani va boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga taqdim etish;
d) xo‘jalik yuritishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
e) o‘ziga qarashli tashkilotlarning ishlab chiqarish faoliyatini vaqti-vaqti bilan tekshirish;
j) uy-joy fondini texnik ro‘yxatga olish natijalari bo‘yicha statistika hisobotini respublika bo‘yicha umumlashtirish va jamlash;
z) respublika bo‘yicha hisobga olish-texnik xodimlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, ularni tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish, ularni o‘qitishning o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish;
i) vazirliklar, davlat qo‘mitalarining so‘rovlari bo‘yicha texnik ro‘yxatga olish ma’lumotlarini belgilangan tartibda taqdim etish;
k) nashriyot-bosmaxona, mashinkada yozish va nusxa ko‘paytirish ishlarini hamda xizmatlar va ishlarning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa turlarini tashkil etish va amalga oshirish.
III. HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
7. Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi quyidagi huquqlarga egadir:
a) pul mablag‘lari, moddiy boyliklardan foydalanilishi va ularning saqlanishini, tejamkorlik rejimiga rioya qilinishini hujjatlar orqali kompleks tekshirishda qatnashish, o‘ziga qarashli tashkilotlarda narxlar va tariflarning to‘g‘ri shakllantirilishi va qo‘llanishi ustidan nazoratni amalga oshirish, auditorlik tekshirishlarini tashkil etish;
b) texnik ro‘yxatga olish masalalari 6o‘yicha kengashlar chaqirish va seminarlar o‘tkazish, maslahatlar berish;
v) yuridik va jismoniy shaxslarni o‘qitishni tashkil etishda maslahatlar berish, axborot bilan ko‘maklashish;
g) turar joy binolari va inshootlarini ro‘yxatga olish, baholash masalalarida yuridik va jismoniy shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni tashkil etish.
8. Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagilarga majburdir:
a) yuklangan vazifalar to‘liq hajmda bajarilishini ta’minlash;
b) texnik ro‘yxatga olishga tegishli ishlab chiqarish va kalendar prognozlarni, yillik va davriy hisobotlarni tuzish hamda ularning bajarilishini tashkil etish;
v) bajariladigan ishlarning texnik darajasini oshirish tadbirlarini ishlab chiqish va joriy etish;
g) uy-joy fondini texnik ro‘yxatga olish natijalari bo‘yicha taqdim etiladigan statistika hisobotining ishonchliligi uchun javob berish.
IV. RAHBARIYAT
9. Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosiga boshliq boshchilik qiladi, u mazkur Nizomga muvofiq Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi boshlig‘i Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hay’atida tasdiqlanadi, O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining buyrug‘i bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan bo‘shatiladi. Bosh muhandis va bosh buxgalter Vazir bilan kelishilgan holda Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi boshlig‘ining buyrug‘i bilan lavozimga tayinlanadi va bo‘shatiladi.
Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi boshlig‘i bo‘lmagan paytlarda (xizmat safari, ta’til, kasallik va boshqalar) boshliqning huquq va majburiyatlari bosh muhandisga o‘tadi, u bo‘lmaganda boshqa mansabdor shaxsga o‘tadi, bu haqda byuro bo‘yicha buyruqda e’lon qilinadi.
10. Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi boshlig‘i:
o‘z vakolati doirasida buyruqlar chiqaradi, ko‘rsatma va farmoyishlar beradi;
Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi mol-mulkini tasarruf qiladi, bankda hisob-kitob va boshqa schyotlar ochadi, cheklar va to‘lov talablarini imzolaydi, birinchi imzo huquqi bilan bank xizmatlarining barcha turlaridan foydalanadi;
Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish Qoraqalpog‘iston respublika kadastr byurosi boshlig‘i, xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish viloyatlar kadastr byurosi boshliqlarining egallab turgan lavozimiga muvofiqligi to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga, viloyat hududiy-kommunal foydalanish birlashmalariga takliflar kiritadi;
Mehnat to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi xodimlarini lavozimga tayinlaydi va bo‘shatadi;
Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi xodimlarining lavozim yo‘riqnomalarini va boshqa ichki hujjatlarni tasdiqlaydi.
11. Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi boshlig‘i va bosh muhandisi o‘z vakolatlari doirasida, mazkur Nizom asosida Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosini turar joy binolari va inshootlarini texnik ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha barcha davlat, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ifodalaydi.
V. MOL-MULKI VA MABLAG‘LARI
12. Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr bazasining mol-mulkini asosiy fondlar va aylanma mablag‘lar, shuningdeq qiymati mustaqil balansda aks ettiriladigan mablag‘lar va boyliklar tashkil etadi.
Quyidagilar mol-mulkni shakllantirish manbalari hisoblanadi:
miqdori O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining buyrug‘i bilan belgilanadigan Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish Qoraqalpog‘iston respublika kadastr byurosi, xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish viloyatlar kadastr byurolari daromadlaridan har chorakda ajratiladigan pul ajratmalari;
xo‘jalik faoliyatining boshqa turlaridan olingan daromadlar;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi o‘z mol-mulkiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan istalgan harakatlarni sodir etishi mumkin.
Toshkent shahar hokimligi yakka tartibdagi uy-joylarni hisobga olish va nazorat qilish boshqarmasi bilan Xo‘jalik hisobidagi texnik ro‘yxatga olish respublika kadastr byurosi o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar shartnoma shartlarida quriladi.
13. Ijtimoiy faoliyati, hisob va hisobot, faoliyatni nazorat qilish va tekshirish, qayta tashkil etish yoki tugatish amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.