Oʻzbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi tomonidan
vazir oʻrinbosari
E.F. GADOYEV
1999-yil 14-iyul, 54-son
“TASDIQLANGAN”
AUDITNI REJALAShTIRISh
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI Audit MILLIY STANDARTI
3-SON aMS
3-SON aMS
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 10-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 837]
Mazkur standart Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Umumiy qoidalar
1. Mazkur standart Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 10-iyundagi 296-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis XIV sessiyasidagi maʼruzasi asosiy qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini normativ tartibga solish elementi hisoblanadi.
Standartning maqsadi va vazifalari
2. Mazkur standartning maqsadi xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisoboti auditini rejalashtirish paytida auditorlik tashkilotlari tomonidan qoʻllaniladigan normalarni belgilash hisoblanadi.
3. Standartning vazifalari quyidagilardan iborat:
3.1. Auditni rejalashtirish dastlabki bosqichining tavsifi;
3.2. Auditning umumiy rejasi va dasturini tayyorlash prinsiplarini shakllantirish;
3.3. Auditning umumiy rejasi va dasturini tayyorlash hamda tuzish tartibining tavsifi.
Amal qilish sohasi
4. Mazkur standartning talablari rasmiy auditorlik xulosasini tayyorlashni nazarda tutadigan auditni amalga oshirish paytida barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi, ular tavsiya tusida ekanligi ochiq koʻrsatilgan qoidalar bundan mustasno.
5. Mazkur standart talablari, tekshiruv natijalari asosida rasmiy auditorlik xulosasi tayyorlashni nazarda tutmaydigan auditning amalga oshirilishida, shuningdek, auditga turdosh xizmatlar (konsalting xizmatlari) koʻrsatilishida tavsiyaviy tusga ega boʻladi. Aniq topshiriqni bajarish chogʻida mazkur standartning majburiy talablaridan chetga chiqilgan hollarda auditorlik tashkiloti buni oʻzining ish hujjatlarida hamda audit va (yoki) unga turdosh xizmatlarga buyurtma bergan xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyatiga beriladigan yozma hisobotda majburiy tartibda koʻrsatib oʻtishi lozim.
Auditni rejalashtirish maqsadi va vazifalari
6. Rejalashtirish audit oʻtkazishning boshlangʻich bosqichi boʻlib, auditorlik tashkiloti tomonidan audit oʻtkazishning kutilayotgan hajmi, grafiklari va muddatlarini koʻrsatgan holda auditning umumiy rejasini ishlab chiqish, hamda auditorlik tashkiloti tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisoboti toʻgʻrisida xolisona va asoslangan xulosani shakllantirish uchun zarur boʻlgan auditorlik tartib-taomillarning ketma-ketligini, turi va hajmini aniqlab beradigan auditorlik dasturini ishlab chiqishdan iboratdir.
7. Auditni rejalashtirish auditorlik tashkiloti tomonidan auditni oʻtkazishning umumiy prinsiplariga, shuningdek quyidagi xususiy prinsiplarga muvofiq oʻtkazilishi kerak:
7.1. Rejalashtirishning kompleksliligi;
7.2. Rejalashtirishning uzluksizligi;
7.3. Rejalashtirishning maqbulligi.
8. Auditni rejalashtirishning kompleksliligi prinsipi dastlabki rejalashtirishdan boshlab auditning umumiy rejasi va dasturini tuzishga qadar boʻlgan rejalashtirishning barcha bosqichlarining oʻzaro bogʻliqliligini va uygʻunliligini taʼminlashni nazarda tutadi.
9. Auditni rejalashtirishning uzluksizligi prinsipi auditorlar guruhiga oʻzaro bogʻlangan topshiriqlarni belgilaydi va rejalashtirish bosqichlarini muddatlar hamda turdosh xoʻjalik yurituvchi subyektlar (alohida balansga ajratilgan tarkibiy boʻlinmalar, filiallar, vakolatxonalar, shuʼba korxonalar) boʻyicha bogʻliqligini ifodalaydi. Xoʻjalik yurituvchi subyektda auditorlik kuzatuvi yil davomida amalga oshirilishi sababli uzoq muddatga audit rejalashtirilganda, auditorlik tashkiloti xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatidagi oʻzgarishlarni va oraliq auditorlik tekshiruvlari natijalarini hisobga olgan holda auditni oʻtkazish rejasi va dasturlariga oʻz vaqtida tuzatishlarni kiritishi kerak boʻladi.
10. Auditni rejalashtirishning maqbulligi prinsipi shundan iboratki, bunda rejalashtirish jarayonida auditorlik tashkiloti oʻzi belgilagan mezonlar asosida auditning umumiy rejasi va dasturining maqbul variantini tanlash imkoniyatini yaratish uchun rejalashtirishning variantliligini taʼminlashi kerak.
11. Auditni rejalashtirishda auditorlik tashkiloti quyidagi asosiy bosqichlarni ajratishi kerak:
11.1. Dastlabki rejalashtirish;
11.2. Auditning umumiy rejasini tayyorlash va tuzish;
11.3. Audit dasturini tayyorlash va tuzish.
Auditni dastlabki rejalashtirishning mazmuni
12. Auditni samarali rejalashtirish uchun auditorlik tashkiloti xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyati bilan auditni oʻtkazish bilan bogʻliq asosiy tashkiliy masalalarni kelishib olishi kerak.
13. Dastlabki rejalashtirish bosqichida auditor xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati bilan tanishishi va quyidagilar toʻgʻrisida axborotga ega boʻlishi shart:
13.1. Xoʻjalik yurituvchi subyektning xoʻjalik faoliyatiga taʼsir koʻrsatadigan, mamlakat (mintaqa) boʻyicha iqtisodiy vaziyatni va uning tarmoq xususiyatlarini aks ettiradigan tashqi omillar;
13.2. Xoʻjalik yurituvchi subyektning xoʻjalik faoliyatiga taʼsir koʻrsatadigan, uning individual xususiyatlari bilan bogʻlangan ichki omillar;
13.3. Auditor quyidagilar bilan ham tanishishi kerak:
a) xoʻjalik yurituvchi subyektning tashkiliy-boshqaruv tuzilishi;
b) ishlab chiqarish faoliyati turlari va ishlab chiqarilayotgan mahsulot nomenklaturasi;
v) kapital tarkibi va aksiyalar kursi (xoʻjalik yurituvchi subyekt aksiyalari kotirovka qilinishi kerak boʻlgan holda);
g) mahsulot ishlab chiqarishning texnologik xususiyatlari;
d) rentabellik darajasi;
e) xoʻjalik yurituvchi subyektning asosiy xaridorlari va taʼminotchilari;
j) tashkilot tasarrufida qoladigan foydani taqsimlash tartibi;
z) shuʼba va tobe tashkilotlar mavjudligi;
i) xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan tashkil etilgan ichki nazorat tizimi;
k) xodimlar mehnatiga haq toʻlashni shakllantirish prinsiplari.
14. Auditor uchun quyidagilar xoʻjalik yurituvchi subyekt toʻgʻrisida axborot olish uchun manba hisoblanishi kerak:
14.1. Xoʻjalik yurituvchi subyekt ustavi;
14.2. Xoʻjalik yurituvchi subyektni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi hujjatlar;
14.3. Xoʻjalik yurituvchi subyektning kuzatuv va (yoki) ijroiya organlari majlislari, aksiyadorlar yigʻilishlarining yoxud boshqa shu singari boshqaruv organlari majlislari bayonnomalari.
14.4. Xoʻjalik yurituvchi subyektning hisob siyosatini va unga oʻzgartirishlar kiritishni tartibga soluvchi hujjatlar;
14.5. Buxgalteriya hisobotlari;
14.6. Statistika hisobotlari;
14.7. Xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatini rejalashtirish hujjatlari (rejalar, smetalar, loyihalar);
14.8. Xoʻjalik yurituvchi subyektning kontraktlari, shartnomalari, bitimlari;
14.9. Auditorlar, maslahatchilarning ichki hisobotlari;
14.10. Firmaning ichki yoʻriqnomalari;
14.11. Soliq tekshiruvlari materiallari;
14.12. Sud daʼvolari materiallari;
14.13. Xoʻjalik yurituvchi subyektning ishlab chiqarish va tashkiliy tuzilishlarini tartibga soladigan hujjatlar, uning filiallari va shuʼba korxonalari roʻyxati;
14.14. Xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyati va ijrochi xodimlari bilan suhbatlardan olingan maʼlumotlar;
14.15. Xoʻjalik yurituvchi subyektni, uning asosiy uchastkalari, omborlarini koʻzdan kechirishda olingan axborot.
15. Dastlabki rejalashtirish bosqichida auditorlik tashkiloti auditni oʻtkazish imkoniyatini baholaydi. Agar auditorlik tashkiloti audit oʻtkazishni mumkin deb hisoblasa, u auditni oʻtkazish uchun shtatni shakllantirishga oʻtadi.
16. Auditorlar guruhiga kiradigan mutaxassislar tarkibini rejalashtirishda auditorlik tashkiloti quyidagilarni hisobga olishi shart:
16.1. Auditning har bir bosqichi: tayyorgarlik, asosiy va yakunlash bosqichi uchun ish vaqti budjetini;
16.2. Guruh ishining moʻljallanayotgan muddatlarini;
16.3. Guruhning miqdoriy jihatdan tarkibini;
16.4. Guruh aʼzolarining mansab darajasini;
16.5. Guruh xodimlarining vorisligini;
16.6. Guruh aʼzolarining malaka darajasini.
Auditning umumiy rejasi va dasturini tayyorlash prinsiplari
17. Auditning umumiy rejasi va dasturini ishlab chiqishga kirishar ekan, auditorlik tashkiloti xoʻjalik yurituvchi subyekt toʻgʻrisidagi dastlabki bilimlarga, shuningdek, oʻtkazilgan tahliliy tartib-taomillarning natijalariga asoslanishi kerak.
18. Tahliliy tartib-taomillarni oʻtkazish yordamida auditorlik tashkiloti audit uchun ahamiyatli boʻlgan sohalarni aniqlashi kerak. Tahliliy tartib-taomillarning murakkabligi, hajmi va oʻtkazish muddatlarini auditorlik tashkiloti xoʻjalik yurituvchi subyektni moliyaviy hisoboti maʼlumotlarining hajmi va murakkabligiga qarab oʻzgartirishi kerak boʻladi.
19. Auditning umumiy rejasi va dasturini tayyorlash jarayonida auditorlik tashkiloti xoʻjalik yurituvchi subyektda amal qilayotgan ichki nazorat tizimining samaradorligini baholaydi va ichki nazorat tizimi riskini (nazorat riskini) baholashni amalga oshiradi. Agar ichki nazorat tizimi notoʻgʻri axborot paydo boʻlgani toʻgʻrisida oʻz vaqtida ogohlantirsa, shuningdek, notoʻgʻri axborotni aniqlasa, uni samarador deb hisoblash mumkin. Ichki nazorat tizimining samaradorligini baholanishida, auditorlik tashkiloti auditorlik isbot-dalillarining yetarli miqdorini toʻplashi kerak. Agar auditorlik tashkiloti moliyaviy hisobotning ishonchliligi xususida yetarli darajada ishonch hosil qilish uchun ichki nazorat tizimiga va buxgalteriya hisobi tizimiga asoslanishga qaror qilsa, u kelgusi audit hajmini tegishli tarzda tuzatishi kerak boʻladi.
20. Audit umumiy rejasi va dasturini tayyorlashda auditorlik tashkiloti moliyaviy hisobotni ishonchli deb hisoblash imkonini beradigan muhimlilik darajasi va auditorlik riskining uning uchun maqbul darajasini belgilashi kerak. Auditorlik riskini rejalashtirishda, auditorlik tashkiloti, xoʻjalik yurituvchi subyekt auditidan qatʼi nazar, ushbu hisobotga xos boʻlgan moliyaviy hisobotning ajralmas riski va nazorat riskini belgilaydi. Belgilangan risklar va muhimlilik darajasi yordamida auditorlik tashkiloti audit uchun ahamiyatli sohalarni aniqlaydi va zarur auditorlik tartib-taomillarini rejalashtiradi. Audit jarayonida rejalashtirishda belgilangan auditorlik riski va muhimlilik darajasining oʻzgarishiga taʼsir koʻrsatadigan holatlar yuzaga kelishi mumkin.
21. Auditning umumiy rejasi va dasturini tuzishda, auditorlik tashkiloti hisob axborotiga ishlov berishning avtomatlashganlik darajasini inobatga olishi kerak, bu ham auditorlik tashkilotiga auditorlik tartib-taomillarning hajmi va xarakterini aniqroq belgilash imkonini beradi.
22. Auditorlik tashkiloti, agar buni maqsadga muvofiq deb hisoblasa, tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyati bilan auditni umumiy rejasi va dasturining ayrim qoidalarini kelishib olishi mumkin. Bunda auditorlik tashkiloti umumiy reja va dasturda aks ettirilgan uslub va usullarni tanlashda mustaqil hisoblanadi, lekin oʻz ishining natijalari uchun mazkur umumiy reja va dasturga muvofiq toʻliq javobgar boʻladi.
23. Umumiy reja va dasturni tayyorlashda auditorlik tashkiloti bajarayotgan tartib-taomillarning natijalarini batafsil hujjatlashtirish kerak, chunki mazkur natijalar auditni rejalashtirish uchun asos hisoblanadi va butun audit jarayoni davomida ishlatilishi mumkin.
Auditning umumiy rejasini tayyorlash va tuzish
24. Umumiy reja audit dasturini amalga oshirishda qoʻllanma boʻlib xizmat qilishi kerak.
25. Audit jarayonida auditorlik tashkilotida umumiy rejaning ayrim qoidalarini qayta koʻrish uchun asos paydo boʻlishi mumkin. Rejaga kiritilayotgan oʻzgarishlarni, shuningdek, oʻzgarishlar sabablarini auditor batafsil hujjatlashtirishi kerak.
26. Umumiy rejada auditorlik tashkiloti auditni oʻtkazish muddatlarini nazarda tutishi va auditni oʻtkazish, hisobot (xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyatiga yozma axborot) va auditorlik xulosasini tayyorlash grafiklarini tuzishi kerak. Vaqt sarfini rejalashtirish jarayonida auditor quyidagilarni hisobga olishi kerak:
26.1. Haqiqiy xarajatlar;
26.2. Oldingi davrda (takroriy audit oʻtkazilgan taqdirda) vaqt sarfi hisob-kitobi va uning joriy hisob-kitob bilan aloqasi;
26.3. Muhimlilik darajasi;
26.4. Auditorlik risklarini baholashni oʻtkazish.
27. Umumiy rejada auditorlik tashkiloti dastlabki tahlil natijalari, ichki nazorat tizimining ishonchliligini baholash, audit risklarini baholash asosida auditni oʻtkazish usulini belgilaydi. Tanlab audit oʻtkazishga qaror qilingan taqdirda, auditor “Auditorlik tanlash” audit standartiga muvofiq auditorlik tanlashni shakllantiradi.
28. Boshqaruvni va bajarilayotgan audit sifatini nazorat qilishni rejalashtirishga doir qoidalar umumiy rejaning tarkibiy qismi hisoblanadi. Umumiy rejada quyidagilarni nazarda tutish tavsiya qilinadi:
28.1. Auditorlik guruhini, auditni oʻtkazishga jalb etiladigan auditorlar soni va malakasini shakllantirish;
28.2. Auditorlarni ularning kasbiy malakasi va mansab darajalari boʻyicha aniq audit uchastkalari boʻylab taqsimlash;
28.3. Jamoaning barcha aʼzolariga ularning vazifalari xususida yoʻl-yoʻriq berish, ularni xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati, shuningdek, audit umumiy rejasi mazmuni bilan tanishtirish;
28.4. Rahbarning reja bajarilishi va auditor yordamchilari ishining sifati, ular tomonidan ish hujjatlarining yuritilishi va audit natijalari tegishlicha rasmiylashtirishini nazorat qilishi;
28.5. Auditorlik guruhi rahbariga auditorlik tartib-taomillarni amalga oshirishning amaliy jihatlari bilan bogʻliq boʻlgan uslubiy masalalarni tushuntirishi;
28.6. Muayyan faktni baholashda auditorlik guruhi rahbari bilan uning oddiy aʼzosi oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlganda, auditorlik guruhi aʼzosi (ijrochi)ning alohida fikrini hujjatli rasmiylashtirish.
29. Auditorlik tashkiloti umumiy rejada ichki audit rolini, shuningdek audit oʻtkazish jarayoniga ekspertlarni jalb etish zaruriyatini belgilaydi.
30. Audit umumiy rejasining namunaviy mazmuni mazkur standartga 1-ilovada keltirilgan.
Audit dasturini tayyorlash va tuzish
31. Audit dasturi auditning umumiy rejasini takomillashtirish hisoblanadi va audit rejasini amaliyotda bajarish uchun zarur boʻlgan auditorlik tartib-taomillar mazmunining batafsil roʻyxatini aks ettiradi. Dastur auditor yordamchilari uchun batafsil yoʻriqnoma boʻlib xizmat qiladi va bir vaqtning oʻzida auditorlik tashkiloti va auditorlik guruhining rahbarlari uchun ish sifatini nazorat qilish vositasi hisoblanadi.
32. Auditor audit dasturini hujjat bilan rasmiylashtirishi, auditor ish jarayonida oʻzining ish hujjatlarida ularga havola qilish imkoniyatiga ega boʻlishi uchun har bir bajariladigan auditorlik tartib-taomilini raqam yoki kod bilan belgilashi kerak.
33. Auditorlik dasturini nazorat vositalari testlari dasturi koʻrinishida va mohiyatiga koʻra auditorlik tartib-qoidalari dasturi koʻrinishida tuzish kerak.
34. Nazorat vositalari testlari dasturi ichki nazorat va hisob tizimining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni yigʻish uchun moʻljallangan harakatlar majmuining roʻyxatidan iborat. Nazorat vositalari testlarining maqsadi shundan iboratki, ular xoʻjalik yurituvchi subyekt nazorat vositalarining jiddiy kamchiliklarini aniqlashda yordam beradi.
35. Mohiyatiga koʻra auditorlik tartib-taomillari buxgalteriya hisobida schyotlar boʻyicha aylanmalar va saldoni toʻgʻri aks ettirilganligini batafsil tekshirishni oʻz ichiga oladi. Mohiyatiga koʻra auditorlik tartib-taomillari dasturi ana shunday aniq batafsil tekshirishlar uchun auditor harakatlari roʻyxatidan iborat boʻladi. Mohiyatiga koʻra tartib-taomillar uchun auditor buxgalteriya hisobining ayni qanday boʻlimlarini tekshirishini belgilashi va buxgalteriya hisobining har bir boʻlimi boʻyicha audit dasturini tuzishi kerak boʻladi.
36. Auditni oʻtkazish shartlari va auditorlik tartib-taomillari natijalarining oʻzgarishiga bogʻliq holda audit dasturi qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Oʻzgarishlarning sabablari va natijalari hujjatlashtirilishi kerak.
37. Auditorlik dasturining har bir boʻlimi boʻyicha auditorning ish hujjatlarida rasman aks ettirilgan xulosalari auditorlik hisoboti (xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyatiga yozma axborot) va auditorlik xulosasini tuzish uchun haqiqiy material, shuningdek, xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisoboti toʻgʻrisida auditorning xolisona fikrini shakllantirish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
38. Audit dasturining namunaviy tarkibi mazkur standartga 2-ilovada keltirilgan.
39. Auditni rejalashtirish jarayoni tugaganidan soʻng, auditning umumiy rejasi va dasturi hujjat bilan rasmiylashtirilishi va belgilangan tartibda imzolanishi kerak.
Kuchga kirish sanasi
40. Mazkur Audit milliy standarti 2000-yilning 1-yanvaridan kuchga kiradi.
Auditni rejalashtirish 3-son AMSga
1-ILOVA
1-ILOVA
Auditning umumiy rejasi
| | | | | |
| Tekshirilayotgan tashkilot___________________________________________________________________________________ | ||||
| Audit davri______________________________________________________________________________________________ | ||||
| Kishi-soatlar soni________________________________________________________________________________________ | ||||
| Auditorlik guruhi rahbari__________________________________________________________________________________ | ||||
| Auditorlik guruhi tarkibi_______________________________________________________________________ | ||||
| Rejalashtirilayotgan auditorlik xatari________________________________________________________________________ | ||||
| Muhimlikning rejalashtirilayotgan darajasi___________________________________________________________________ | ||||
| | | | | |
| | | | | |
|
T/r |
Rejalashtirilayotgan ish turlari |
Oʻtkazish davri |
Bajaruvchi |
Izohlar |
| | | | | |
| | | | | |
| | | | | |
| | | | | |
| | | | | |
| | | | | |
| Uning nomidan auditorlik xulosalariga imzo chekish huquqiga ega boʻlgan auditorlik tashkiloti rahbari | ||||
| | | | | |
| Auditorlik guruhi rahbari | | | ||
Auditni rejalashtirish 3-son AMSga
2 -ILOVA
2 -ILOVA
Audit dasturi
| | | | | | |
| Tekshirilayotgan tashkilot_________________________________________________________________________ | |||||
| Audit davri__________________________________________________________________________________ | |||||
| Kishi-soatlar soni______________________________________________________________________________ | |||||
| Auditorlik guruhi rahbari________________________________________________________________________ | |||||
| Auditorlik guruhi tarkibi________________________________________________________________________ | |||||
| Rejalashtirilayotgan auditorlik xatari_______________________________________________________________ | |||||
| Muhimlikning rejalashtirilayotgan darajasi___________________________________________________________ | |||||
| | �� | | | | |
| | | | | | |
| T/r | Audit boʻlimlari boʻyicha auditorlik tadbirlari roʻyxati | Oʻtkazish davri | Bajaruvchi | Auditorningt ish hujjatlari | Izohlar |
| | | | | | |
| | | | | | |
| | | | | | |
| | | | | | |
| Uning nomidan auditorlik xulosalariga imzo chekish huquqiga ega boʻlgan auditorlik tashkiloti rahbari | |||||
| | | | | | |
| Auditorlik guruhi rahbari | |||||