OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI SANOAT, RADIATSIYA VA YADRO XAVFSIZLIGI QOʻMITASINING
QARORI
Atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududiga qoʻyiladigan talablarni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 6-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3785]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-son “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududiga qoʻyiladigan talablar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2026-yil 16-fevral,
39-son
Kelishildi:
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi A. ABDUXAKIMOV
2026-yil 6-fevral
Atom energiyasi agentligi direktori A. AXMEDXADJAYEV
2026-yil 2-fevral
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2026-yil 9-yanvar
Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. AYUPOV
2026-yil 9-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2026-yil 16-fevraldagi 39-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududiga qoʻyiladigan
TALABLAR
Mazkur hujjat atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur hujjatda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
atom elektr stansiyasi maydonchasi — atom elektr stansiyasi bloklari va unga tegishli bino va inshootlar joylashtiriladigan maydon;
atom elektr stansiyasi hududi — atom elektr stansiyasi xavfsizligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan tabiiy va texnogen xususiyatga ega hodisalar yuzaga kelishi ehtimoli mavjud boʻlgan hudud;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti uchun masʼul etib tayinlangan hamda oʻz kuchlari bilan yoki boshqa yuridik shaxslarni jalb etgan holda yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qilishga qodir boʻlgan yuridik shaxs;
faol yoriq — yer poʻstining tutash bloklari oʻrtasida 0,5 metr va undan ortiq nisbiy siljish kuzatilgan tektonik yoriq;
seyshalar — yopiq yoki qisman yopiq suv havzalarida vujudga keladigan tik (statsionar) toʻlqinlar.
2. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududiga tabiiy va texnogen xususiyatga ega hodisalar taʼsirini hisobga olgan holda atom elektr stansiyasi xavfsizligini taʼminlash uchun tashkiliy chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi lozim.
Atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududining chegaralari muhandislik-geologik, gidrologik, seysmologik va radiatsiyaviy-gigiyenik tadqiqotlar natijalarini hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
3. Atom elektr stansiyasi maydonchasining yaroqliligini aniqlashda quyidagilar hisobga olinadi:
atom elektr stansiyasi maydonchasida yuz berishi mumkin boʻlgan tabiiy va texnogen xususiyatiga ega hodisalar hamda ularning atom elektr stansiyasi xavfsizligini taʼminlashga taʼsiri;
atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiyasi va normal ekspluatatsiyaning buzilishi, shu jumladan loyiha va loyihadan tashqari avariyalar holatida aholi va atrof-muhitga radiatsiaviy taʼsiri;
radioaktiv moddalarning tarqalishi va toʻplanishiga taʼsir etuvchi atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududining tabiiy-geografik, topografik, iqlimiy, meteorologik, gidrologik, gidrogeologik hamda geokimyoviy xususiyatlari.
4. Atom elektr stansiyasi maydonchasining yaroqliligini aniqlash natijasida quyidagi omillardan biri aniqlansa, atom elektr stansiyasini joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi:
faol yoriqlar mavjud boʻlganda;
yerosti suvlarining sathi yuqori boʻlganda;
seysmikligi “Medvedev-Shponxoyer-Karnik MSK-64” shkalasi boʻyicha maksimal hisoblangan zilzila jadalligining 8 balldan yuqori qiymati (maksimal tezlanishi 4 m/s2 va undan ortiq) bilan tavsiflanganda;
sulfatli va tuzli karst tarqalishi mavjud boʻlganda;
tabiatni muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq atom elektr stansiyalarini joylashtirish taqiqlanganda.
5. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan atrof-muhit va aholi xavfsizligi uchun atom elektr stansiyasi maydonchasidagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishi lozim.
2-bob. Tabiiy xususiyatga ega hodisalarning atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududiga taʼsirini baholash
6. Atom elektr stansiyasi loyihasida atom elektr stansiyasi maydonchasi uchun quyidagi seysmik faollik xususiyatlari koʻrsatilishi lozim:
yer ustidagi tuproqlarning zilzila taʼsiridagi tebranishining kuchi;
atom elektr stansiyasiga tegishli bino va inshootlar joylashgan hududlarda, qurilish va ekspluatatsiya jarayonida oʻzgarishi mumkin boʻlgan tuproq tebranishi;
seysmik yuklanishlar taʼsirida tuproqning suyuqlanish ehtimoli.
7. Atom elektr stansiyasi loyihasida atom elektr stansiyasi hududi uchun quyidagi tektonik faollik xususiyatlari koʻrsatilishi lozim:
tektonik yoriqlar, uzilishlar va ehtimoliy zilzila oʻchoqlari zonalarining joylashuv sxemalari, ularning xususiyatlari, yoʻnalishlari, chegaralari hamda atom elektr stansiyasigacha boʻlgan minimal masofalar;
yer poʻstining soʻnggi davrlardagi tektonik siljishlari, toʻrtlamchi va hozirgi davr harakatlarining amplitudalari, tezliklari va gradiyentlari, shuningdek yuz berishi mumkin boʻlgan siljishlarning parametrlari;
faol yoriq zonalarining tavsiflari (geometrik xususiyatlari, yoriqlar boʻyicha siljishlarning amplitudasi va yoʻnalishi, oxirgi faollashuv vaqti).
8. Atom elektr stansiyasi loyihasida yiliga 10-4 va undan ortiq ehtimollikka ega boʻlgan ekstremal yogʻinlar, qorning jadal erishi, daryo oʻzanlarining toʻsilishi, qor va grunt koʻchkilari, kuchli shamol taʼsiridagi suv oqimlari hamda seyshalar taʼsiri hisobga olingan holda atom elektr stansiyasi maydonchasining suv bosishi mumkin boʻlgan maksimal balandligi va davomiyligi aniqlanib, koʻrsatib berilishi zarur.
Agar atom elektr stansiyasi maydonchasi suv havzasi qirgʻogʻida joylashgan boʻlsa, atom elektr stansiyasi loyihasida seyshalar, zilzilalar, suv sathining koʻtarilishi va pasayishi, shamol taʼsirida suv oqimlari hamda toʻlqinlarning qirgʻoqqa chiqishi yiliga 10-4 va undan ortiq ehtimollik bilan sodir boʻlishi mumkin boʻlgan maksimal suv toshqinlarining xususiyatlari aniqlanib, koʻrsatib berilishi kerak.
9. Atom elektr stansiyasi maydonchasida joylashgan atom elektr stansiyasini texnik suv bilan taʼminlovchi manbalarda suv sathining yiliga 0,9999 ehtimollikkacha boʻlgan minimal qiymati aniqlanishi kerak.
10. Atom elektr stansiyasi xavfsizligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan tabiiy xususiyatga ega hodisalar uchun quyidagilar hisobga olinishi lozim:
tabiiy xususiyatga ega hodisalarning maksimal intensivligi, chastotasi va taʼsir manbalari, atom elektr stansiyasigacha boʻlgan minimal masofalar;
tabiiy xususiyatga ega hodisalarning ehtimoliy kombinatsiyalari, yaʼni bir-biriga bogʻliq yoki bogʻliq boʻlmagan hodisalar birgalikda yuzaga kelib, alohida bir xavf omiliga nisbatan yanada jiddiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoli.
3-bob. Texnogen xususiyatga ega hodisalarning atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududiga taʼsirini baholash
11. Atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududida yiliga 10-6 va undan ortiq ehtimollik bilan namoyon boʻlishi mumkin boʻlgan texnogen xususiyatga ega hodisalar hisobga olinishi lozim.
12. Texnogen xususiyatga ega hodisalarning atom elektr stansiyasi xavfsizligiga taʼsirining tahlili quyidagilarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi zarur:
tashqi taʼsirlarning maksimal intensivligi va ehtimolligi;
atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilgan tashqi taʼsirlar ehtimolligining meʼyoriy darajasi;
tashqi taʼsirlar manbalari va atom elektr stansiyasi orasidagi xavfsiz masofa.
13. Atom elektr stansiyasi loyihasida barcha mumkin boʻlgan statsionar va koʻchma avariyaviy portlash manbalarining atom elektr stansiyasi xavfsizligiga taʼsirini hisobga olgan tahlil qilinishi kerak.
Xavfsizlik boʻyicha tahlilda statsionar va koʻchma avariyaviy portlash manbalaridagi moddalar miqdori va ularning xususiyatlari inobatga olinishi lozim.
Atom elektr stansiyasi maydonchasidan quyidagi uzoqlikda joylashgan obyektlar statsionar va koʻchma avariyaviy portlash manbalari hisoblanadi:
30 km radiusda joylashgan harbiy obyektlar;
10 km radiusda joylashgan portlovchi moddalar va oʻq-dorilar omborlari hamda ularni saqlash inshootlari;
5 km radiusda joylashgan texnologik portlashlar sodir boʻlishi mumkin boʻlgan, shuningdek bosim ostida ishlaydigan idishlar hamda gazlar, bugʻlar va boshqa suyuqliklar bilan ishlovchi yuqori bosimli qurilmalar mavjud boʻlgan tashkilotlar;
5 km radiusda joylashgan portlovchi moddalar tashilishi mumkin boʻlgan avtomobil va temir yoʻl yoʻnalishlari hamda portlovchi moddalarni tashuvchi suv transporti vositalari qatnovi;
7 km radiusda joylashgan neft, gaz va boshqa yonuvchi yoki tez alangalanuvchi suyuqliklarning magistral quvurlari;
7 km radiusda joylashgan zararli (ifloslantiruvchi) va yongʻin xavfini yuzaga keltiruvchi manbalarga ega korxonalar hamda fuqarolik va harbiy aviatsiya uchun moʻljallangan havo yoʻllari va uchish maydonlari.
14. Atom elektr stansiyasi loyihasida eng xavfli avariyaviy portlashlarning taʼsir parametrlari, zarba toʻlqinlari hamda portlashlarning ikkilamchi oqibatlari (grunt silkinishi, uchuvchi jismlar taʼsiri, gaz bulutining mahalliy sharoitda tarqalishi) hisobga olinishi lozim va atom elektr stansiyasi maydonchasigacha boʻlgan xavfsiz masofalar belgilanishi kerak.
15. Atom elektr stansiyasi loyihasida atom elektr stansiyasi xavfsizligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan va atom elektr stansiyasi maydonchasining chegarasidan 5 km radiusda joylashgan barcha faol kimyoviy moddalar yoki faol kimyoviy moddalardan iborat tashlanmalar chiqaruvchi korxonalar, shuningdek zaharli va korroziya taʼsirga ega moddalarni qayta ishlash, qoʻllash, saqlash va tashishni amalga oshiruvchi sanoat obyektlarining taʼsiri tahlil etilishi lozim.
4-bob. Atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududidagi atrof-muhit tarkibiy qismlarining monitoringi
16. Atom elektr stansiyasi loyihasida muhandislik izlanishlari natijalarini inobatga olgan holda, atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududidagi atrof-muhitning tarkibiy qismlari ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan monitoring qilinishi lozim.
17. Atrof-muhitning tarkibiy qismlari monitoring tabiiy xususiyatga ega hodisalarning taʼsirini rejaviy kuzatuvlarini hamda texnogen xususiyatga ega hodisalarning taʼsirini muntazam nazoratini oʻz ichiga olishi kerak.
18. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan atrof-muhitning tarkibiy qismlarini monitoring qilish natijalari doimiy qayd etib borilishi hamda ushbu qaydlar atom elektr stansiyasining toʻliq “hayotiy” davri davomida saqlanib borilishi kerak.
19. Atom elektr stansiyasini ekspluatatsiyadan chiqarish bosqichida amalga oshiriladigan atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududidagi atrof-muhit tarkibiy qismlarining monitoring natijalari atom elektr stansiyasi blokini ekspluatatsiyadan chiqarish dasturida belgilanishi zarur.
5-bob. Atom elektr stansiyasi maydonchasi va hududini tanlashda atom elektr stansiyasining atrof-muhitga taʼsirini hisobga olish
20. Atom elektr stansiyasi loyihasida radionuklidlarning yerusti va yerosti suvlari boʻylab koʻchish prognozi hamda ularning choʻkindi qatlamlarda toʻplanish prognozi quyidagilarni hisobga olgan holda tahlil qilinishi lozim:
radionuklidlarning chiqish yerlarining joylashuvi, ularning oʻlchami va chiqarish sabablari;
drenaj va yerosti suvlarining radionuklidlar bilan ifloslanish ehtimoli;
radionuklidlarning fizik-kimyoviy xossalari;
radionuklidlarning taʼsiri natijasida geokimyoviy reaksiyalar kinetikasi hamda togʻ jinslarining mineralogik xususiyatlarida yuz berishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlar;
suv oʻtkazuvchi va suv oʻtkazmaydigan qatlamlar, aeratsiya zonasi gruntlari va tuproqlarning litologik tarkibi hamda qalinligi;
togʻ jinslari, gruntlar va tuproqlarning ifloslantiruvchi moddalarni radionuklidlarni yutish qobiliyati;
radionuklidlar tushgan suv oqimlarining chiqish joylari tomon harakat yoʻnalishi va tezligi;
suv oʻtkazuvchi yer qatlamlari va gidrogeologik komplekslarning tavsiflari, ularning qatlamlarga ajralishi hamda yerosti va yerusti suvlarining gidravlik bogʻliqligi;
suv havzalari va gidrotexnik inshootlarning tavsiflari, suvdan foydalanish rejimi, suv sathi va sarfi, daryo oqim tezligi, shuningdek radionuklidlarning koʻchish va choʻkish holatlarining ehtimoli haqidagi maʼlumotlar.
21. Atom elektr stansiyasining aholiga va atrof-muhitga radiatsiaviy taʼsiri quyidagilarni hisobga olgan holda tahlil qilinishi hamda tahlil natijalari atom elektr stansiyasi xavfsizligini asoslash boʻyicha hisobotda aks ettirilishi kerak:
radionuklidlarni chiqarish manbalarining joylashuvi, oʻlchamlari va xususiyatlari;
radionuklidlarning fizik-kimyoviy xossalari;
shamol guli;
yer sathiga yaqin va atmosfera inversiyalarining mavjudligi;
atmosferaning barqarorlik koʻrsatkichi;
yogʻingarchilik va tumanlarning mavjudligi;
suv havzalarining gidrologik xususiyatlari;
suvdan foydalanish tavsiflari;
foydalanilayotgan qishloq xoʻjaligi yerlarining joylashuvi;
aholining mahalliy ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish hajmi;
aholining yosh tarkibi;
atom elektr stansiyasiga yaqin hududlardagi tabiiy va inson omiliga bogʻliq atrof-muhit evolyutsiyasi boʻyicha prognoz, xususan, reaktor qurilmasining prognoz qilinayotgan butun hayotiy davri davomida xavfsizlik bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan aholi sonining oʻsishi va hudud boʻyicha taqsimoti.
22. Atom elektr stansiyasining ekspluatatsiyasi jarayonida har 10 yilda bir marta radiatsiyaviy taʼsirning atrof-muhitga taʼsirini tahlil qilish uchun tadqiqot oʻtkazilishi kerak.
Tadqiqot oʻtkazilishi jarayonida atom elektr stansiyasi maydonchasida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yirik avariyalar hamda tabiiy va texnogen xususiyatiga ega hodisalar inobatga olinishi kerak.
23. Atom elektr stansiyasi normal ekspluatatsiya sharoitida, loyihaviy hamda loyihadan tashqari avariyalar holatlarida atom elektr stansiyasining aholiga hamda atrof-muhitga radiatsiyaviy taʼsirining tahlil natijalari, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish va aholining radiatsiyaviy xavfsizligini taʼminlovchi texnik tashkiliy choralar roʻyxati ishlab chiqilishi lozim.
24. Atom elektr stansiyasi loyihasida bir vaqtning oʻzida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan bir nechta tabiiy va texnogen xususiyatga ega hodisalarning oʻzaro taʼsiri hisobga olinishi kerak hamda atom elektr stansiyasi loyihasidan tashqari avariyalar va atom elektr stansiyasi maydonchasidagi turli xil faoliyat turlarining umumlashgan oqibatlari eʼtiborga olinishi lozim.
25. Atom elektr stansiyasi maydonchasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan avariyaviy holatlarda radiatsiyaviy taʼsirning tahlili prognoz qilinayotgan aholining maksimal nurlanish dozalariga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan eng noqulay meteorologik sharoitlar hisobga olingan holda amalga oshirilishi lozim.
26. Atom elektr stansiyasi loyihasida suv obyektlari qismlarining radionuklidlar bilan ifloslanishining oldini olish uchun atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiyasi va uning buzilishi hamda atom elektr stansiyasini ekspluatatsiyadan chiqarish jarayonlarida asoslab berilishi lozim.
Atom elektr stansiyasi loyihasida keltirilgan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan avariyalar holatlarida suv obyektlari qismlarining radionuklidlar bilan ifloslanishdan himoya qilish choralari koʻzda tutilishi hamda atom elektr stansiyasi loyihasidan tashqari avariyalar yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlarda suv obyektlari qismlarida radionuklidlar bilan ifloslanishni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishi kerak.
27. Atom elektr stansiyasida avariyalar sodir boʻlgan holatlarda undagi radionuklidlarning tashqariga chiqishi natijasida aholiga hamda atrof-muhitga ehtimoliy radiatsiyaviy taʼsir oqibatlari quyidagilarni hisobga olgan holda tahlil qilinishi lozim:
suv inshootlarining tavsiflari;
baliqchilik, baliq zaxiralarini tiklash va boshqa biologik resurslar uchun moʻljallangan suv havzalarining xususiyatlari;
mavjud va prognoz qilinayotgan aholining yosh boʻyicha taqsimoti, shuningdek aholi punktlaridan atom elektr stansiyasigacha boʻlgan masofa haqidagi maʼlumotlar.
28. Atom elektr stansiyasi loyihasida aholini himoya qilish choralarini rejalashtirish joylari va uning tavsiflari keltirilishi lozim.
29. Atom elektr stansiyasi loyihasidan tashqari avariyalar yuzaga kelgan holatlarda aholini evakuatsiya qilish hamda radionuklidlar bilan ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishni cheklash boʻyicha choralar SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN-2006)” hamda “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitariya qoidalariga (RXTASQ-2006)” muvofiq amalga oshirilishi kerak.
30. Atom elektr stansiyasi maydonchasi va aholini himoya qilish choralarini rejalashtirish joylarida radionuklidlarning tarqalishi va toʻplanishi sabablari oʻrganilishi lozim hamda mazkur sabablar atom elektr stansiyasining butun ekspluatatsiya davri davomida doimiy tahlil qilib borilishi kerak.
31. Aholini himoya qilish choralarini rejalashtirish joylarida aholini evakuatsiyasi qilishga qiyinchilik tugʻdiruvchi bino va inshootlar barpo etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
32. Aholini himoya qilish choralarini rejalashtirish joylarida SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN-2006)” hamda “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitariya qoidalariga (RXTASQ-2006)” muvofiq aholining evakuatsiyasini amalga oshirish imkonini beruvchi transport kommunikatsiyalari koʻzda tutilishi kerak.
33. Aholini himoya qilish choralarini rejalashtirish joylarining chegaralaridan atom elektr stansiyasigacha boʻlgan masofa 25 km dan ortiq boʻlmasligi lozim.
34. Atom elektr stansiyasining butun ekspluatatsiya davri davomida aholini himoya qilish choralarini rejalashtirish joylarida oʻrtacha aholining zichligi 1 km2 ga 100 kishidan oshmasligi lozim.
6-bob. Yakuniy qoida
35. Mazkur hujjatning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2026-y., 10/26/3785/0212-son)