Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Chet el fuqarolariga qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Chet el fuqarolariga qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish tizimidagi ayrim maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, tizimning qamrovini kengaytirish va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash orqali mamlakatning turistik jozibadorligini yanada oshirish hamda chakana savdo sohasida hisob-kitoblar shaffofligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) chet el fuqarolariga qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish tizimi qamrovini kengaytirish;
(b) 2026-2027-yillarda chet el fuqarolari tomonidan amalga oshiriladigan xaridlar hajmini 10 baravarga oshirish;
(v) chakana savdo sohasida hisob-kitoblar shaffofligini oshirish va yashirin tovar aylanmasini qisqartirish.
II. Chet el fuqarolariga qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish tizimini takomillashtirish
2. 2023-yil 1-yanvardan boshlab chet el fuqarolari tomonidan chakana savdo bilan shugʻullanuvchi subyektlardan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qisman qaytarish tizimi (keyingi oʻrinlarda — “tax free” tizimi) tajriba tariqasida joriy etilganligi hamda Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlarida servis shoxobchalari tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilansinki, 2026-yil 1-apreldan boshlab:
(a) respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
(b) chet el fuqarolariga ularning ixtiyoriga asosan qoʻshilgan qiymat soligʻini naqd pulda qaytarib olish imkoniyati yaratiladi. Bunda qoʻshilgan qiymat soligʻining belgilangan stavkasi miqdorining 85 foizi chet el fuqarosiga qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarishga, 15 foizi “tax free” tizimi operatorining xizmatlariga yoʻnaltiriladi;
(v) qoʻshilgan qiymat soligʻini chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqib ketilgan kundan keyin 3 ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi;
(g) chet el fuqarolariga qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishda minimal xarid qiymati qoʻshilgan qiymat soligʻini inobatga olgan holda uch yuz ming soʻm etib belgilanadi;
(d) “tax free” tizimi tatbiq etiladigan tovarlarning chegaralangan roʻyxati (bundan oziq-ovqat mahsulotlari mustasno) bekor qilinadi.
4. Soliq qoʻmitasi:
(a) bir oy muddatda soliq organlarining maxsus mobil ilovasida chet el fuqarolariga qaytariladigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olish va uni qaytarish uchun elektron pochta orqali identifikatsiyadan oʻtish imkoniyatini yaratsin;
(b) Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona postida rekonstruksiya ishlari yakunlanib, odamlar va transport vositalari harakati tiklangandan soʻng tajriba tariqasida ushbu bojxona postida barcha talablarga javob beradigan “tax free” servis shoxobchasini tashkil etsin.
III. “Tax free” tizimi targʻibotini kuchaytirish
5. Soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda:
(a) “tax free” tizimi boʻyicha ingliz, rus, xitoy, arab tillarida axborot materiallarini tayyorlab, rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini;
(b) turistik markazlar, yirik savdo majmualari hamda chet el fuqarolari koʻp tashrif buyuradigan bozorlardagi chakana savdo obyektlarida “tax free” tizimi joriy etilganligini bildiruvchi maxsus belgilar (flayerlar) boʻlishini taʼminlasin.
6. Turizm qoʻmitasi:
(a) Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar “tax free” tizimining afzalliklari va qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish tartibi toʻgʻrisida ingliz, rus, xitoy va arab tillarida taqdimot va axborot materiallarini tayyorlab, xalqaro turistik koʻrgazma va yarmarkalarda targʻib qilishni taʼminlasin;
(b) 2026-yil davomida Oʻzbekistonga sayyohlar oqimi yuqori boʻlgan xorijiy davlatlarda faoliyat yurituvchi turoperatorlar, aviakompaniyalar va onlayn bronlash platformalari bilan hamkorlikda “tax free” tizimi imkoniyatlarini targʻib qilishni tashkil etsin.
7. “Uzbekistan Airports” AJ Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda barcha xalqaro aeroportlarda Oʻzbekiston Respublikasida “tax free” tizimi joriy etilganligini bildiruvchi hamda mobil ilovadan foydalanishning bosqichlari haqida maʼlumot beruvchi flayer, bukletlar, tarqatma materiallar va boshqa qoʻllanmalar boʻlishini taʼminlasin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
9. Soliq qoʻmitasi:
(a) “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda 2026-yil 1-apreldan boshlab respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida “tax free” servis shoxobchalarini tashkil etsin hamda xalqaro aviqatnovlar grafigi asosida ishlashini taʼminlasin;
(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Soliq qoʻmitasi raisi F.J. Pulatov belgilansin.
11. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-mart,
PQ-78-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi PQ-78-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-avgustdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4812-son qarorining 4-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“budjet va korporativ buyurtmachilar rahbarlari xarid qilinishi nazarda tutilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni), shu jumladan, audit va soliq maslahati xizmatlarini birinchi navbatda new.cooperation.uz yoki Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi portallarida (keyingi oʻrinlarda — portal) roʻyxatdan oʻtgan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish imkoniyatini majburiy tartibda oʻrganadi. Bunda davlat xaridlari uchun zarur boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ushbu portalda mavjud boʻlmagan taqdirdagina portal maʼlumotnomasi asosida ularni boshqa elektron portallardan xarid qilishga ruxsat etiladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-348-son qarorida:
(a) 8-bandning “a” kichik bandidagi “2026-yil 1-fevraldan” soʻzlari “2026-yil 1-apreldan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 6-ilova 17-pozitsiyasining “Ijro muddati” ustunidagi “2026-yil yanvar” soʻzlari “2026-yil aprel” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2026-y., 07/26/78/0201-son)