Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Sugʻorishda suv yoʻqotishlarini kamaytirish va suv tanqisligining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Respublikada mavjud suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, suv yoʻqotishlarining oldini olish, shuningdek, suv tanqisligining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar mazkur qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar etib belgilansin:
(a) Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi suv yoʻqotilishi yuqori boʻlgan 389 km kanallarni rekonstruksiya qilish va betonlashtirish. Bunda:
(i) yiliga oʻrtacha 206 mln metr kub suv resurslarini hamda 26 mln kilovatt soat elektr energiyasini iqtisod qilish;
(ii) sugʻoriladigan 158,4 ming gektar yerlarning suv taʼminotini yaxshilash;
(b) suv tanqisligi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish choralarini koʻrish.
II. Moliyaviy resurslar
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligining suv resurslaridan oqilona foydalanish va joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar uchun respublika budjetining 2026-yil 1 chorak yakuni boʻyicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 600 mlrd soʻm mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Belgilansinki, joriy yilda ushbu qarorning 2-bandida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan:
(a) kanallar va sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari uchun 480 mlrd soʻm;
(b) suv tanqisligining oldini olish bilan bogʻliq chora-tadbirlar uchun 120 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
4. Suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda quyidagilarni tasdiqlash uchun Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) kanallar va sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish boʻyicha amalga oshiriladigan ustuvor loyihalarning manzilli roʻyxati;
(b) joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi.
5. Suv xoʻjaligi vazirligi sugʻorish tarmoqlarini taʼmirlash (betonlashtirish) ishlari birinchi navbatda, “bir kanal — bir tizim” tamoyili asosida avval betonlashtirilgan yoki betonlashtirish boshlangan kanallardan suv oluvchi tarmoqlarda amalga oshirilishini taʼminlasin.
6. Suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari mahalliy va xorijiy tajribalardan kelib chiqib, bir oy muddatda kuz-qish mavsumida foydalanilmaydigan hamda yogʻingarchilik suvlaridan unumli foydalanishni tashkil etish hamda ushbu tizimni ragʻbatlantirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib quyidagilar belgilansin:
(a) iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari S. Sadullayev — zarur mablagʻlarni belgilangan muddatlarda ajratish hamda “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga tegishli oʻzgartirishlar kiritishga;
(b) suv xoʻjaligi vaziri Sh. Xamrayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari — dolzarb va samarador loyihalar tanlanishiga, ularning oʻz vaqtida sifatli amalga oshirilishiga hamda natijadorligiga;
(v) Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi rahbari S. Samadov — mablagʻlarning maqsadli sarflanishi hamda qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatishga.
8. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari T.N. Butunbayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-mart,
PQ-79-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2026-y., 07/26/79/0202-son)