O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 8-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 4-sentabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2025-yil 4-sentabrda ma’qullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish yuzasidan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga sud hujjatlarini ijro etishda muddati o‘tgan qarzdorlikni undirish mexanizmlarini takomillashtirish, auksionda sotilmagan mol-mulkni kreditorlarga o‘tkazishdagi muammolarni bartaraf etish, kreditorlar huquqlarining ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 56-moddasiga mulk huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi idoralar tomonidan mol-mulkka nisbatan qo‘yilgan taqiqlar davlat ijrochisining qarori asosida bekor qilinishini, davlat ijrochisining qarori unda ko‘rsatilgan shaxsga mol-mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (hisobga qo‘yish) uchun asos bo‘lishini, mol-mulk bo‘yicha mavjud majburiyatlar uning sobiq egasi bo‘lgan qarzdor zimmasida qolishini, shuningdek bundan undiruvchi mazkur majburiyatlarni bajarishni ixtiyoriy ravishda o‘z zimmasiga olgan hollar mustasno ekanligini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Shu bilan birga “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 56-moddasiga qo‘shimcha kiritilib, unga muvofiq ko‘chmas mulkka qo‘yilgan taqiq davlat ijrochisining realizatsiya qilinmagan mol-mulkni undiruvchiga topshirish to‘g‘risidagi dalolatnomasi asosida qabul qilingan qaroriga muvofiq olib tashlanishi belgilanmoqda.
Ushbu Qonun kreditorlarning garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlashga, mol-mulkka nisbatan qo‘yilgan ta’minlovchi choralar davlat ijrochisining qarorlari asosida bekor qilinishini joriy etishga, shuningdek kredit tashkilotlarining kredit portfelidagi muammoli aktivlar ulushini kamaytirishga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi 258-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 9-10, 169-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 8, 367-modda, № 12, 598-modda; 2008-yil, № 4, 184, 187-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda; 2010-yil, № 9, 337, 340-moddalar; 2012-yil, № 12, 336-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 9, 276-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 7, 389-modda, № 8, 469-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar; 2022-yil, № 4, 337-modda, № 6, 570-modda; 2023-yil, № 4, 269-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 8, 827-modda, № 10, 1073-modda; 2025-yil, № 4, 522-modda, № 6, 729-modda) 56-moddasining to‘qqizinchi qismi kuyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirilsin:
“Agar undiruvchi realizatsiya qilinmagan mol-mulkni o‘zida qoldirish haqidagi taklifga rozilik bersa, mulk huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi idoralar tomonidan mol-mulkka nisbatan qo‘yilgan taqiqlar davlat ijrochisining qarori asosida bekor qilinadi, davlat ijrochisining qarori unda ko‘rsatilgan shaxsga mol-mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (hisobga qo‘yish) uchun asos bo‘ladi. Bunda mol-mulk bo‘yicha mavjud majburiyatlar uning sobiq egasi bo‘lgan qarzdor zimmasida qoladi, bundan undiruvchi mazkur majburiyatlarni bajarishni ixtiyoriy ravishda o‘z zimmasiga olgan hollar mustasno”.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 28-noyabrda qabul qilingan “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘RQ-803-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 11, 1064-modda; 2024-yil, № 10, 1072-modda; 2025-yil, № 2, 188-modda) 56-moddasi kuyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan hollardan tashqari, ko‘chmas mulkka qo‘yilgan taqiq davlat ijrochisining realizatsiya qilinmagan mol-mulkni undiruvchiga topshirish to‘g‘risidagi dalolatnomasi asosida qabul qilingan qaroriga muvofiq olib tashlanadi”.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-mart,
O‘RQ-1119-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.03.2026-y., 03/26/1119/0199-son)