Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ITALIYA RESPUBLIKASIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING ELCHIXONASINI OCHISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida 1992-yil 24-martdagi protokolga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Rim shahrida Italiya Respublikasidagi Oʻzbekiston Respublikasining Elchixonasi ochilsin.
2. Elchixonaning shtat jadvali va 1998-yil uchun xarajatlar smetasi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
1998-yil uchun Elchixona xodimlari soni 5 nafardan iborat etib belgilansin, ulardan: 3 kishi — diplomatik tarkib xodimlari, 2 kishi — maʼmuriy-texnik xodimlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xodimlarning butlanishiga qarab xarajatlar smetasiga muvofiq 1998-yil uchun zarur mablagʻlar ajratsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddatda shtat jadvaliga muvofiq Elchixonaning diplomatik xodimlari tarkibini butlash uchun nomzodlar yuzasidan taklif kiritsin.
5. Italiya Respublikasidagi Oʻzbekiston Respublikasining Elchisi maishiy, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi vaziriga tenglashtirilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 2-aprel,
143-son