O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
Yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi hamda raqobatni ta’minlovchi standartlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 21-apreldagi PF-71-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, davlat resurslari ishtirokidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda oshkoralik, hisobdorlik va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi hamda raqobatni ta’minlovchi standartlarni joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish;
yirik investitsiya loyihalarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash;
yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va raqobat muhitiga ta’sirini baholash ustidan nazorat hamda javobgarlik.
2. Quyidagilar:
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi — yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertiza qilish jarayonini muvofiqlashtirish va metodologik ta’minlash;
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi — yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish shartlarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash jarayonini muvofiqlashtirish va metodologik ta’minlash;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi — yirik investitsiya loyihalari bo‘yicha umumiy rahbarlik, raqamli monitoring platformasini shakllantirish va mazkur jarayonlarni yagona investitsiya davriga integratsiya qilish uchun mas’ul etib belgilansin.
3. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-martga qadar:
rasmiy veb-sayti bilan integratsiya qilingan, investitsiya loyihalarini tanlash va xulosalarni olish hamda boshqarish, shuningdek, loyihalarni kuzatib borish bo‘yicha nazorat qilish imkoniyatlariga ega bo‘lgan Yagona raqamli platformada platformaning ishga tushirilishini ta’minlasin.
Bunda elektron platformani yaratish va modernizatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplanadi;
b) kelgusi yil xarajatlarida yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid xalqaro standartlarga va raqobat muhitiga ta’sirini baholash, ekspertizadan majburiy tartibda o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan raqamli platformani doimiy ravishda takomillashtirish, saqlash hamda foydalanuvchilarni o‘qitishni ta’minlash xarajatlarini nazarda tutsin.
4. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ikki oy muddatda vazirlik va idoralarning ichki nazoratni amalga oshiruvchi mas’ul bo‘linmalari uchun yo‘riqnomalar ishlab chiqsin hamda o‘quv mashg‘ulotlarini, shuningdek, metodologik yordamni tashkil etsin.
5. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 3-fevral,
44-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-fevraldagi 44-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi hamda raqobatni ta’minlovchi standartlarni joriy etish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi va raqobatni ta’minlovchi standartlarni majburiy tarzda joriy etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom quyidagi yirik investitsiya loyihalariga nisbatan qo‘llanadi:
Davlat budjeti yoki davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari;
davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari;
davlat kafolatlari, imtiyozlar yoki davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa shakllarini nazarda tutuvchi xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari.
3. Ushbu Nizomda qo‘yidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organlar — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi;
davlat-xususiy sheriklik (DXSH) — davlat sherigi va xususiy sherik o‘rtasidagi bitim hamda konsessiya shartnomasi asosida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiriladigan loyiha;
yirik investitsiya loyihasi (keyingi o‘rinlarda — loyiha) — moliyaviy resurslar qiymati kamida 50,0 mln AQSH dollari ekvivalentida (jumladan, davlat investitsiyalari, xalqaro moliya institutlari kreditlari) jalb etilgan holda amalga oshiriladigan, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar, xizmatlar yoki boshqa infratuzilmani yaratish, kengaytirish yoki modernizatsiya qilishga qaratilgan investitsiya loyihalari;
loyihani korrupsiyaga qarshi ekspertizadan (keyingi o‘rinlarda — ekspertiza) o‘tkazish — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan loyihani rejalashtirish, moliyalashtirish, tayyorlash, davlat xaridlarini amalga oshirish va ekspluatatsiya, monitoring qilish bosqichlarida korrupsiya holatlarini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillar va xavflarni aniqlash hamda tahlil qilish, shuningdek, ularni bartaraf etish yoki kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish jarayoni;
loyihaning raqobat muhitiga ta’sirini baholash (keyingi o‘rinlarda baholash) — Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan loyihaning tegishli bozorlarda raqobatga ta’sirini baholash, raqobatni cheklash, ayrim ishtirokchilarga ustunlik berish yoki monopol holatni yuzaga keltirish xavflarini aniqlash bartaraf etish, shuningdek, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun teng bo‘lgan shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash jarayoni.
4. Ushbu Nizom talablari asosida davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muvofiqlashtiriladi hamda ularning bajarilishi monitoring qilinadi, shuningdek, raqobat qonunchiligiga rioya etilishi nazorat qilinadi.
5. Vakolatli organlar hamkorlikda loyihani ekspertizadan o‘tkazish va baholash bo‘yicha metodik tavsiyalar va zarur hujjat shakllarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari (keyingi o‘rinlarda — ichki nazorat tuzilmalari) o‘z vakolati doirasidagi loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekspertiza qiladi va baholaydi.
6. Loyihalarda korrupsiyaga qarshi va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlovchi standartlarni joriy etishda quyidagi asosiy tamoyillardan foydalaniladi:
qonuniylik va qonun ustuvorligi — barcha ekspertizadan o‘tkazish va baholash jarayonlari O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari talablariga hamda qonun ustuvorligi tamoyillariga rioya qilingan holda amalga oshiriladi;
shaffoflik va ochiqlik — ekspertizadan o‘tkazish va baholash, ularning uslubiyoti, natijalari hamda ishlab chiqilgan tavsiyalar manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lishi lozim, maxfiy ma’lumotlar bundan mustasno. Bunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (keyingi o‘rinlarda — UNCAC) talablari asosida loyihalarda ishtirok etish shartlari va jarayonlari bo‘yicha ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish to‘liq hisobga olinadi;
kasb mahorati va ekspertizaning (baholashning) mustaqilligi — ekspertizadan o‘tkazadigan va baholaydigan ichki nazorat tuzilmalari xodimlari tegishli malakaga, korrupsiyaning oldini olish va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash sohasida bilimlarga ega bo‘lishi shart. Ekspertiza va baholash loyiha tashabbuskorlari yoki manfaatdor shaxslar ta’siridan xoli ravishda, xolisona va mustaqil ravishda amalga oshiriladi;
ekspertizadan o‘tkazish va baholash UNCACda belgilangan hisobdorlik va halollik tamoyillarini loyiha muvofiqligini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi;
komplekslilik va muvofiqlashtirish — ekspertiza va baholash o‘zaro bog‘liq holda o‘tkaziladi, natijalar taqqoslanadi. Vakolatli organlar o‘zaro hamkorlik qiladi, zarur ma’lumotlar almashiladi, qo‘shma maslahatlar o‘tkaziladi. Zarur hollarda kelishilgan tavsiyalarni ishlab chiqish uchun idoralararo ko‘rib chiqish tashkil etiladi;
muqarrarlik — ekspertizadan o‘tkazish va baholash jarayonida aniqlangan korrupsiya xavflari va raqobatni cheklovchi omillar majburiy ravishda bartaraf etilishi yoki kamaytirilishi lozim. Aniqlangan korrupsiya xavflari va raqobatni cheklovchi omillar bartaraf etilmaguncha loyiha amalga oshirish uchun ma’qullanishi mumkin emas;
xalqaro standartlarga muvofiqlik — joriy etilayotgan mexanizmlar eng ilg‘or xalqaro amaliyotlarga mos keladi. Jumladan, loyihaning barcha bosqichlarida korrupsiyadan xoli bo‘lish ta’minlanadi hamda davlat organlari va tashkilotlari ham davlat, ham xususiy sektorlar tomonidan halollikni ta’minlash choralarini ko‘radi. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalarida korrupsiyaga nisbatan nol tolerantlik tamoyili va bozor ishtirokchilari uchun teng shart-sharoitlarni kafolatlovchi sog‘lom raqobat muhiti tamoyiliga rioya etiladi.
2-bob. Loyihani ekspertizadan o‘tkazish
7. Ushbu Nizomning 2-bandida ko‘rsatilgan barcha loyihalar rejalashtirish, moliyalashtirish, tayyorlash, davlat xaridlarini amalga oshirish va ekspluatatsiya, monitoring qilish bosqichlarida majburiy tarzda ekspertizadan o‘tkaziladi. Ekspertiza quyidagi holatlarda o‘tkaziladi:
loyiha tashabbusi bosqichida — konsepsiya, texnik-iqtisodiy asos (TIA), loyihani baholash hujjati (LBH) yoki loyihani asoslovchi boshqa dastlabki hujjatlar ishlab chiqilayotganda, moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi yoki shartnoma tuzilishi (DXSH uchun) oldidan;
davlat xaridi bosqichida — loyiha bo‘yicha yetkazib beruvchilar, pudratchilar, investorlar yoki hamkorlarni tanlash uchun raqobatbardosh tanlov jarayonlari o‘tkazilishi paytida;
amalga oshirish bosqichida — loyiha shartlarida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lganda, qo‘shimcha shartnomalar tuzilganda, shartnomalarning ijrosini monitoring qilish paytida korrupsiya holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida.
Ekspertizadan o‘tkazish loyihani tasdiqlash jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi.
8. Ichki nazorat tuzilmalari ekspertizani tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul etib belgilanadi. Ekspertiza quyidagicha tashkil etiladi va o‘tkaziladi:
birinchi bosqich — loyihani tayyorlayotgan davlat organi yoki tashkiloti (keyingi o‘rinlarda — loyiha tashabbuskori) loyihani ichki nazorat tuzilmalari ko‘rib chiqishi uchun loyiha bo‘yicha to‘liq hujjatlar to‘plamini (konsepsiya, TIA, LBH, kelishuv loyihasi, hamkorni tanlashga oid materiallar va boshqalar) hamda korrupsiya xavflarini aniqlashga qaratilgan oldindan to‘ldirilgan chek-listni (vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanadigan shaklda) taqdim etadi;
ikkinchi bosqich — ichki nazorat tuzilmalari loyihani idoraviy nazorat jurnalida ro‘yxatdan va belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazadi. Zarur hollarda mustaqil ekspertlar, jamoatchilik kengashlari, ilmiy muassasalar va loyihaga daxldor iqtisodiyot sohasi mutaxassislari jalb etiladi;
uchinchi bosqich — ekspertiza o‘n besh ish kundan kechiktirmasdan o‘tkaziladi. Ekspertiza jarayonida loyiha hujjatlari tahlil qilinadi, unda korrupsiya xavflari mavjudligi, ya’ni korrupsiya uchun zamin yaratilishi mumkin bo‘lgan mezon va ko‘rsatkichlar borligi o‘rganiladi, loyihani tayyorlash jarayoni tahlil qilinadi, ochiqlik talablari (ommaviy muhokama, tanlovlar va boshqalar) bajarilgani, mas’ul shaxslar o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi, loyiha ijrochilarining (investorlarning, hamkorlarning, pudratchilarning) shaffofligi va ishonchliligi tekshiriladi, ochiq manbalar, korrupsiya holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar orqali o‘rganiladi. Xorijiy investorlar bo‘lsa, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (keyingi o‘rinlarda — IHTT) va Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruh (keyingi o‘rinlarda — FATF) standartlari bo‘yicha hamkorlarni zarur darajada tekshirish talablari hisobga olinadi, agar loyiha ular ishtirokida moliyalashtirilayotgan bo‘lsa, xalqaro korrupsiyaga qarshi standartlarga (UNCAC, IHTT) va donorlarning talablariga mos kelishi baholanadi (masalan, kelishuvlarda korrupsiyaga qarshi shartlari, komplayens rejalar mavjudligi va boshqalar);
to‘rtinchi bosqich — tahlil yakunlariga ko‘ra ichki nazorat tuzilmalari tasdiqlangan shakl asosida xulosa va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan ekspertiza xulosasini tayyorlaydi. Ekspertiza xulosasi ichki nazorat tuzilmasi tomonidan ichki ro‘yxatdan o‘tkaziladi va uni ichki nazorat tuzilmasi rahbari imzolaydi hamda loyiha tashabbuskoriga yuboriladi.
9. Ekspertizadan o‘tkazishda quyidagi asosiy mezonlar va korrupsiya omillari tasdiqlangan korrupsiya xavflarini aniqlash bo‘yicha metodikalar asosida hisobga olinadi:
tashkil etish va o‘tkazish jarayonining oshkoraligi — loyiha ishtirokchilari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgani, salohiyatli ishtirokchilar uchun barcha ma’lumotlar to‘liq e’lon qilingani, takliflarni taqdim etish uchun yetarli muddat berilgani (UNCAC talabi bo‘yicha);
me’yorlarning aniqligi va xolisligi — investorni (pudratchini) tanlash mezonlari va loyiha muvaffaqiyati ko‘rsatkichlari oldindan belgilangan va izchil qo‘llangani;
manfaatlar to‘qnashuvi mavjud emasligi — loyihani tayyorlash yoki qaror qabul qilishda shaxsan manfaatdor shaxslar (qarindoshlar, mulkiy aloqalar, lavozimdagi bog‘liqlik) ishtirok etmayotgani o‘rganiladi. Bunda manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan choralar ko‘riladi;
diskretsion vakolatlar mavjud emasligi — loyiha yoki unga bog‘liq qarorlarda mansabdor shaxslarga ortiqcha va noaniq vakolatlar berish holatlari aniqlanadi (masalan, shartnomaning muhim shartlarini oshkora tartibda o‘zgartirish vakolati, zaxira mablag‘larini yakka qaror bilan sarflash huquqi);
cheklovlar va to‘siqlar mavjud emasligi — loyiha ishtirokchilari uchun belgilangan cheklovlarning (talablarning, litsenziyalarning, roziliklarning) maqsadga muvofiqligi, ortiqcha yuklamalarga olib kelmasligi va muayyan ishtirokchining manfaatini ko‘zlab yaratilmagani nuqtai nazaridan tahlil qilinadi;
nazorat va hisobot — loyiha amalga oshirilishi ustidan tashqi nazorat mexanizmlari (audit, monitoring, jamoatchilik nazorati) va loyiha amalga oshirilishi to‘g‘risida doimiy ommaviy hisobot taqdim etish majburiyatlari nazarda tutilgani yoki yo‘qligi baholanadi;
javobgarlik choralari — loyiha hujjatlarida korrupsiyaviy huquqbuzarliklar uchun ta’sirchan jazo choralari belgilangani (masalan, poraxo‘rlik holati aniqlanganda, shartnomani bekor qilish, jarima sanksiyalari, pudratchini chetlatish va boshqalar), shuningdek, IHTT standartlariga ko‘ra loyiha ishtirokchilaridan ichki komplayens dasturlari yoki etika siyosati mavjudligi to‘g‘risida axborot talab etilishi kerak;
boshqa omillar — metodikalarda keltirilgan boshqa korrupsiya omillari ham hisobga olinadi (masalan, huquqiy tartibga solishdagi bo‘shliqlar, huquq va majburiyatlarni taqsimlashda aniqlik yo‘qligi, normalarni turlicha talqin qilish imkoniyati va boshqalar).
Aniqlangan har bir korrupsiya omili bo‘yicha tegishli chek-list to‘ldiriladi va xulosada korrupsiya omilini bartaraf etish (loyiha hujjatlariga o‘zgartirish kiritish) yoki bartaraf etish imkoni bo‘lmasa, xavflarni kamaytirish uchun kompleks nazorat choralarini joriy etish kabi tavsiyalar beriladi.
10. Ekspertiza natijalari bo‘yicha xulosada quyidagilar keltiriladi:
loyihadagi xavf darajasini umumlashtiruvchi baholash — aniqlangan omillar asosida loyihaning korrupsiyaviy xavf darajasiga (masalan, past, o‘rtacha, yuqori xavf) muvofiq toifa beriladi;
aniqlangan xavflar va qonun buzilishlari ro‘yxati — loyihadagi aniq holatlar (manfaatlar to‘qnashuvi, noaniq mezonlar va boshqalar) ko‘rsatiladi;
xavflarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar — chora-tadbirlar rejasi, loyiha hujjatlariga qanday o‘zgartirishlar kiritish, qanday qo‘shimcha tartib-taomillarni amalga oshirish (qayta tanlov, jamoatchilik muhokamasi), qanday komplayens-mexanizmlarni joriy etish;
yuqori xavfli loyihalar uchun alohida choralar — loyiha amalga oshirilishi bo‘yicha mustaqil kuzatuvchi (monitor) tayinlash, doimiy korrupsiyaga qarshi auditlar o‘tkazish taklif etiladi;
tavsiyalarni bajarish muddatlari va mas’ullar — loyiha tashabbuskori tavsiyalarni amalga oshirishi kerak bo‘lgan davr va nazorat qiluvchi mas’ul shaxslar belgilanadi;
loyihaning maqbulligi bo‘yicha xulosa — yakuniy xulosa, tavsiyalar bajarilgan taqdirda, loyiha amalga oshirilmagan yoki aniqlangan holatlar bartaraf etilmagan taqdirda, loyiha to‘xtatilishi mumkin. Agar loyiha asosiy korrupsiyaga qarshi talablarga javob bermasa, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi loyihani rad etish yoki qayta ishlash uchun qaytarishni taklif etadi.
Xulosa loyiha tashabbuskoriga, qaror qabul qiluvchi vakolatli davlat organi va tashkilotiga yuboriladi. Loyiha tashabbuskori belgilangan muddatda ichki nazorat tuzilmasiga tavsiyalarni bajarish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida hisobot taqdim etadi. Ichki nazorat tuzilmasi tavsiyalarning ijrosi ustidan nazorat qiladi.
Agar tavsiyalar to‘liq va to‘g‘ri bajarilmagan bo‘lsa, ichki nazorat tuzilmasi yuqori turuvchi organlarni va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor qiladi. Basharti baholash jarayonida korrupsiyaviy huquqbuzarlik alomatlari (masalan, raqobatbardosh tanlov jarayonlari bosqichida pora taklif qilish, hujjatlarni soxtalashtirish va boshqalar) aniqlansa, ichki nazorat tuzilma ushbu holatlar to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga darhol xabar beradi.
3-bob. Loyihani baholash
11. Loyihalar ekspertiza bilan bir vaqtda yoki undan so‘ng baholanadi. Loyihalar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
loyihada yoki uning natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarni aniqlash;
loyihani amalga oshirishda amaldagi raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqlikni ta’minlash;
loyiha amalga oshirilishi munosabati bilan bozorning barcha ehtimoliy ishtirokchilari uchun teng shart-sharoitlarni kafolatlaydigan tavsiyalarni ishlab chiqish, ya’ni loyihalarda alohida tadbirkorlik subyektlariga raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi davlat yordami berilmasligini ta’minlash;
raqobat muhiti ta’minlanmasligi oqibatida monopoliyalarning paydo bo‘lishi va buning natijasida sifatsiz xizmatlar yoki ortiqcha yuqori narxlar yuzaga kelishining oldini olish orqali iste’molchilar huquqlarini himoya qilish.
12. Baholash ichki nazorat tuzilmalari yoki davlat organlari va tashkilotlarining vakolatli bo‘linmalari tomonidan amaldagi raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari doirasida amalga oshiriladi.
13. Baholash tartibi quyidagilardan iborat:
birinchi bosqich — loyiha tashabbuskori ichki nazorat tuzilmasi, shuningdek, monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etilgan davlat organlari va tashkilotlarida monopoliyaga qarshi komplayens bo‘yicha mas’ul xodimga materiallarni taqdim etadi;
ikkinchi bosqich — ichki nazorat tuzilmasi va/yoki monopoliyaga qarshi komplayens bo‘yicha mas’ul xodim materiallarni ro‘yxatdan o‘tkazganidan so‘ng baholash uchun mas’ul mutaxassislarni yoki komissiyani tayinlaydi. Agar loyiha murakkab bo‘lsa, sohaviy mutaxassislar, monopoliyaga qarshi organ vakillari ishtirokida ishchi guruh tuzadi;
uchinchi bosqich — baholash muddati ekspertiza bilan mos bo‘ladi (masalan, o‘n besh ish kuni, zaruratga qarab loyihalar uchun 20 ish kunigacha uzaytiriladi).
14. Baholash davomida quyidagilar tahlil qilinadi:
bozor va ishtirokchilar — loyihani amalga oshirishga ta’sir ko‘rsatadigan tegishli bozor (yoki faoliyat sohasi), bozordagi asosiy va salohiyatli ishtirokchilar va ularning ulushlari aniqlanadi. Loyiha natijasida bir ishtirokchining bozorda monopol tashkilotga aylanib qolishi yoki boshqa ishtirokchilarning bozordan chiqib ketishi xavfi bor-yo‘qligi baholanadi;
kirish shartlari va maxsus huquqlar — loyiha xususiy sherik yoki investorga davlat yordamini berishni nazarda tutayotgan holatlarda baholanadi, shuningdek, davlat yordamiga samaradorligi jihatidan o‘xshash bo‘lgan, biroq kamroq yuklama va cheklovlarni nazarda tutuvchi muqobil yondashuvlarni amalga oshirish imkoniyati tahlil qilinadi;
davlatning aralashuvi — davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari (masalan, subsidiyalar, minimal daromad kafolati, mahsulotni xarid qilib olish va boshqalar) bozor raqobat muhitini buzadigan afzallikni yaratishi yoki yo‘qligi tahlil qilinadi. Agar davlat tegishli bozorda odatda ishtirokchilar tomonidan qilinadigan tavakkalchilik yoki xarajatlarni o‘z zimmasiga olsa, buning ochiq-oydinligi, vaqtinchaligi va boshqa ishtirokchilarni noqulay holatga qo‘ymasligi ta’minlanganiga ishonch hosil qilinishi lozim;
bog‘liq bozorlarga ta’sir — loyihaning bog‘liq tarmoq va bozorlarga ehtimoliy ta’siri ko‘rib chiqiladi (masalan, yo‘l qurilishi — transport xizmatlari bozoriga; erkin iqtisodiy zona tashkil etilishi — boshqa hududlardagi ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobatga). Bog‘liq sohalarda raqobat muvozanatining buzilishi xavfi aniqlanadi;
raqobat qonunchiligiga muvofiqlik — loyiha shartlarida O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni buzilishi holatlari (kartel kelishuvlari, iqtisodiy faoliyatni noqonuniy muvofiqlashtirish, raqobatga asoslangan yuqori narxlarni majburlash va boshqalar) mavjud emasligi o‘rganiladi. Agar loyihada ustun mavqega ega xo‘jalik yurituvchi subyektlar ishtirok etayotgan bo‘lsa, ularning amaldagi qonunchilik hujjatlariga zid ravishda ustunliklardan foydalanishining oldini olish talablariga rioya etilgani hisobga olinadi.
Ichki nazorat tuzilmasi va/yoki monopoliyaga qarshi komplayens bo‘yicha mas’ul xodim tahlil yakunlangandan so‘ng baholash yuzasidan (alohida yoki ekspertiza bilan birgalikda) xulosalar va tavsiyalar tayyorlaydi. Baholash xulosasi ichki nazorat tuzilmasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi va loyiha tashabbuskoriga, loyiha bo‘yicha qaror qabul qiluvchi vakolatli organga, shuningdek, vakolatli organlarga ma’lumot va nazorat uchun yuboriladi.
15. Baholashda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi:
ta’minotchilar (pudratchilar) soniga ta’siri — loyihada tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazish imkoniga ega bo‘lgan ishtirokchilar sonining ta’sir doirasi o‘rganiladi. IHTT metodologiyasiga ko‘ra, agar loyiha muayyan ishtirokchilar soni yoki doirasini cheklasa, bu baholashni chuqur o‘tkazish zarurligini taqozo etadi. Raqobatni cheklash ko‘zda tutilgan, ya’ni bitta ijrochini nazarda tutuvchi loyiha manfiy baholanadi;
bozorga kirishdagi to‘siqlar — loyiha doirasida boshqa tadbirkorlik subyektlari uchun yangi to‘siqlar yaratilishi ehtimoli, jumladan, haddan tashqari talablar, uzoq muddatli litsenziyalar, maxsus standartlar baholanadi. Agar bunday to‘siqlar mavjud bo‘lsa, mazkur shartlarni qayta ko‘rib chiqish yoki kompensatsiya choralarini (boshqa to‘siqlarni yengillashtirish, maxsus shartlarning ochiq qayta ko‘rib chiqilishi va boshqalar) qo‘llash maqsadga muvofiqligi ko‘rib chiqiladi;
o‘zaro kelishuv xavfi va tanlov jarayonining shaffof emasligi — xususiy sherik yoki investor tanlovi qay darajada oshkora va raqobatli bo‘lgani baholanadi. Agar tanlov (tender) ishtirokchilari o‘rtasida kelishuv belgilari yoki kamsituvchi talablar mavjud bo‘lsa, bu jiddiy omil sifatida qayd etiladi, shuningdek, qayta tanlov (tender) o‘tkazish yoki loyiha doirasida narxlar va sifat ustidan qat’iy nazorat mexanizmlarini joriy etish talab etiladi;
davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zarurligi — loyihani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarining (subsidiyalar, kafolatlangan daromad, mahsulotni xarid qilish va boshqalar) asosliligi “oqilona yetarlilik” nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Xalqaro talablarga ko‘ra, loyihalar orqali davlat majburiyatlarini “balans ortida” qoldirmasligi, barcha xavf-xatar va kafolatlar budjetda oshkora aks ettirilishi kerak. Agar xususiy sherikka daromad kafolati berilgan yoki boshqa imtiyozlar taqdim etilgan bo‘lsa, xulosada bu “pul uchun qiymat” amaliyotiga mos kelishi, ya’ni davlat o‘z navbatida yetarli foyda olishi yoki ololmasligi kabi holatlar o‘rganiladi;
iste’molchilar huquqlarini himoya qilish — loyihaning amalga oshirilishi aholi va biznes kabi yakuniy iste’molchilarga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sir oqibatlari prognoz qilinadi. Raqobatning kamayishi sifatning yomonlashishiga, tanlov imkoniyatlarining cheklanishiga yoki narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlanganda, bunday xatarlarni kamaytirish maqsadida tegishli tartibga solish mexanizmlarini nazarda tutish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bunday mexanizmlarga, jumladan, tariflarni davlat tomonidan tartibga solish, xizmat sifatiga minimal talablar joriy etish, kelgusida yangi ishtirokchilarni bozorga kiritish imkoniyatini yaratish kabilar kiradi;
raqobatga oid xalqaro majburiyatlar — xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar bilan tuzilgan kelishuvlarda raqobatni ta’minlashga oid talablar inobatga olinadi. Jumladan, Jahon banki standartlariga muvofiq infratuzilma loyihalarida ochiq va xolis tanlovlarni o‘tkazish talab etiladi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘z loyihalarida raqobatning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda kelishuv xatarlariga oid huquqiy ekspertiza o‘tkazilishini talab qiladi.
16. Ichki nazorat tuzilmasi va/yoki monopoliyaga qarshi komplayens bo‘yicha mas’ul xodim tomonidan loyiha bo‘yicha tayyorlangan xulosada quyidagilar aks ettiriladi:
raqobatni cheklovchi holatlar — loyiha doirasida raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan jihatlar bayon etiladi;
IHTT tavsiyalariga ko‘ra baholash loyihaning raqobat muhitiga ta’sirini tahlil qilish va undan kamroq cheklovchi muqobil yechimlarni izlashni nazarda tutadi. Bunda asosiy vosita — raqobat chek-listi (vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan shakl) bo‘lib, u raqobatni cheklash ehtimoli mavjud bo‘lgan holatlarni aniqlash uchun savollar ro‘yxatini o‘z ichiga oladi;
shartlarning maqbulligini baholash — xulosada ushbu cheklov raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik va jamoat manfaatlariga mos keladimi-yo‘qmi ko‘rsatiladi. Agar mos kelsa (masalan, loyihaning o‘zini oqlashi uchun eksklyuzivlik zarur bo‘lsa), bunga asos va qanday shartlarda qabul qilinishi mumkinligi bayon etiladi (keyinchalik qayta ko‘rib chiqish, tarif nazorati ostida va boshqalar). Agar mos kelmasa, shart qayta ko‘rib chiqilishi yoki bekor qilinishi tavsiya etiladi;
raqobatni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar — belgilanishi zarur bo‘lgan aniq choralar. Ular qatoriga quyidagilar kirishi mumkin: raqobatli tartiblar o‘tkazish (agar avval o‘tkazilmagan bo‘lsa), eksklyuziv huquqlar muddatini qisqartirish, loyihani bir nechta ijrochilar ishtirok etishi uchun lotlarga ajratish, loyiha doirasida qo‘shimcha tanlovlar o‘tkazish, loyiha doirasida yaratilgan infratuzilmaga uchinchi shaxslarning kirishini ta’minlash majburiyatini joriy etish (masalan, tarmoq qurilgan bo‘lsa, boshqa operatorlarni ulashga ruxsat berish);
monitoring va keyingi nazorat shartlari — monopoliyaga qarshi organ loyihani amalga oshirishga ruxsat berish chog‘ida belgilangan shartlar asosida monitoring mexanizmlarini nazarda tutuvchi talablarni belgilaydi. Masalan, loyiha mazkur organ tomonidan belgilangan shartlar asosida ma’qullanadi, jumladan, operator-kompaniyaning bozordagi ulushi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan darajada oshmasligi lozim, aks holda belgilangan tartibda raqobatni ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘riladi;
amalga oshirish imkoniyati bo‘yicha xulosa — umumiy xulosa, taklif etilgan choralar bajarilganidan so‘ng loyiha raqobat nuqtai nazaridan amalga oshirilishi mumkin. Agar xatarlar qabul qilinmas darajada deb baholansa, rad etish xulosasi beriladi hamda sabablari ko‘rsatiladi.
Ushbu xulosa loyiha tashabbuskori va qaror qabul qilish uchun mas’ul organga yuboriladi. Tashabbuskor xulosada keltirilgan tavsiyalarni loyiha amalga oshirilishidan oldin bajarishi shart (shartnomalarga, xarid qilish hujjatlari belgilangan talablarga o‘zgartirishlar kiritish va boshqalar). Ichki nazorat tuzilmasi va/yoki monopoliyaga qarshi komplayens bo‘yicha mas’ul xodim tavsiyalarning bajarilishini nazorat qiladi. Agar tavsiyalarning ijrosi ta’minlanmasa, loyiha muvofiqlashtirilmaydi, shuningdek, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi aniqlangan taqdirda, tegishli ma’lumot qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda zarur choralarni ko‘rish maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga yuboriladi.
17. Ushbu Nizomning 2 va 3-boblarida bayon etilgan tartiblar kelishilgan holda amalga oshiriladi. Mos kelmaydigan talablarning oldini olish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
ichki nazorat tuzilmasida ekspertizadan o‘tkazish va baholash uchun mas’ul xodimlar ushbu jarayonlar to‘g‘risida ma’lumot almashadilar, zarur hollarda loyiha bo‘yicha qo‘shma uchrashuvlar o‘tkazadilar;
agar ichki nazorat tuzilmasi hamda monopoliyaga qarshi komplayens bo‘yicha mas’ul xodimlarning tavsiyalari o‘zaro bog‘liq bo‘lsa (masalan, xarid qilish tartib-taomilini qayta o‘tkazish zarurati ham korrupsiyaviy, ham raqobat xatarlariga taalluqli bo‘lsa), ular tomonidan birgalikdagi tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu tavsiyalar har ikkala xulosada yoki alohida Qo‘shma xulosada aks ettiriladi;
loyiha uchun korrupsiyaviy va raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar bo‘yicha yagona Qo‘shma xulosani tayyorlash mumkin. Bunda qo‘shma ishchi guruh tuziladi va yakuniy hujjat ushbu guruh a’zolari tomonidan birgalikda imzolanadi;
agar mas’ul xodimlar o‘rtasida xulosalar bo‘yicha qarama-qarshiliklar yuzaga kelsa, tegishli ichki nazorat tuzilmasi hamda monopoliyaga qarshi komplayens bo‘yicha mas’ul xodimlari rahbarlari darajasida muzokaralar orqali ular hal etiladi. Qarama-qarshilik hal etilmasa, masala vakolatli organlarga yuboriladi va kelishilgan qaror qabul qilinadi.
4-bob. Ekspertiza va baholash natijalariga munosabat bildirish
18. Ekspertiza va baholash natijalari bo‘yicha tayyorlangan xulosalar loyihani ma’qullash yoki moliyalashtirish uchun qaror qabul qiluvchi organlar tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi. Bunda:
loyihani amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati berilgan davlat organlari va tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda — vakolatli davlat organlari va tashkilotlari) loyihalarni tanlash komissiyasi va boshqalar loyiha bo‘yicha yig‘ilishda belgilangan muddatdan kechikmasdan xulosalarni qabul qiladi;
loyiha bo‘yicha qaror (ma’qullash, moliyalashtirishni tasdiqlash, kelishuv tuzish) xulosalardagi xulosa va tavsiyalar hisobga olingan holda qabul qilinishi lozim. Bunda:
a) agar xulosalarda shartlar yoki cheklovlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, ular qarorga kiritiladi (masalan: “loyiha ichki nazorat tuzilmalari tavsiyalari bajarilgan taqdirda ma’qullanadi”);
b) agar ekspertiza va baholash xulosalari salbiy bo‘lsa (loyiha amalga oshirilishi tavsiya etilmasa), ushbu xulosalarda ko‘rsatilgan sabablar bartaraf etilmasdan vakolatli davlat organlari va tashkilotlari loyihani ma’qullashga haqli emas;
qaror qabul qilinishida vakolatli davlat organlari va tashkilotlari qarorning asoslovchi qismida (yoki alohida bayonnomada) tavsiyalar qanday inobatga olinganini qayd etadi. Agar qandaydir tavsiyani qabul qilmaslikka qaror qilinsa, uni rad etish sabablari yozma ravishda asoslab berilishi kerak. Ammo qonunchilik hujjatlaridan kelib chiqadigan majburiy talablarni rad etishga (masalan, agar loyiha raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lsa) yo‘l qo‘yilmaydi.
Xulosalar loyiha materiallariga ilova qilinadi. Keyingi barcha hujjatlar (loyihani amalga oshirish bo‘yicha buyruqlar, qarorlar) o‘tkazilgan ekspertizalar va ular natijasida ko‘rilgan choralar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi lozim.
19. Ekspertiza va baholash xulosalari asosida loyiha tashabbuskori vakolatli organlar bilan hamkorlikda korrupsiya va raqobat muhitiga qarshi xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi. Chora-tadbirlar rejasida quyidagilar nazarda tutiladi:
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar ro‘yxati — loyiha hujjatlariga tuzattirishlar kiritish, tanlov shartlarini o‘zgartirish, shartnomalarga o‘zgartishlar kiritish, nazoratning ichki tartiblarini ishlab chiqish va boshqalar;
tashkiliy tadbirlar — loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xodimlar uchun etika va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari, loyiha jamoasida korrupsiyaga qarshi va raqobat muhitini ta’minlash uchun mas’ullarni tayinlash, muhim qarorlar uchun ikki tomonlama tekshiruv tizimini joriy etish (“to‘rt ko‘z qoidasi”);
shaffoflikni ta’minlovchi texnologiyalarni joriy etish — masalan, loyihani elektron tizimlar orqali amalga oshirish (tenderlarni raqamlashtirish, moliyalashtirishni elektron monitoring qilish), loyiha jarayoni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiq ma’lumotlar portallarida e’lon qilish;
xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik — agar loyiha xalqaro moliya institutlari ko‘magida moliyalashtirilsa, rejaga ularning korrupsiyaga qarshi va ekologik standartlariga muvofiqlik bo‘yicha talablar kiritiladi;
tavsiyalarni amalga oshirish jadvali — aniq muddatlar, har bir harakat uchun mas’ul shaxslar, bajarilish ko‘rsatkichlari (indikatorlari).
Ushbu chora-tadbirlar rejasi loyiha tashabbuskorining rahbari tomonidan tasdiqlanadi va zarurat bo‘lsa, ichki nazorat tuzilmasi bilan kelishiladi. Chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish majburiy hisoblanadi.
Loyiha ijrosi davomida tashabbuskor shaxs korrupsiyaga qarshi va raqobat talablariga rioya etilishini monitoring qilishi shart. Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar (KPI) muntazam ravishda kuzatilishi kerak. Aniqlangan qoidabuzarliklar soni, o‘rganishlar natijalari, bozorda sog‘lom raqobat muhitiga rioya etilishi kuzatilishi lozim.
20. Agar loyiha amalga oshirilishi jarayonida yoki qo‘shimcha o‘rganishlar natijasida yangi korrupsiya xavflari yoki raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatish holatlari aniqlansa, vakolatli organlar quyidagi choralarni ko‘rish huquqiga ega:
loyiha shartlari o‘zgargan taqdirda, korrupsiyaga qarshi yoki raqobat muhitiga ta’sirni baholash tahlilini belgilangan muddatdan tashqari tartibda o‘tkazishni talab qilish;
yangi qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish (masalan, shubhali shartnomani bekor qilish, qolgan ishlar uchun yangi tender o‘tkazish va boshqalar);
jiddiy qonun buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda, loyihani moliyalashtirishni to‘xtatish yoki davlat-xususiy sheriklik (DXSH) shartnomasini bekor qilish tashabbusi bilan chiqish, aybdorlarni javobgarlikka tortish.
Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi barcha subyektlar (davlat organlari va tashkilotlari, xususiy sheriklar) vakolatli organlar bilan halol hamkorlik qilishi shart. Zarur ma’lumotlarni taqdim etishi, o‘rganishlarga ko‘maklashishi, berilgan ko‘rsatmalarni bajarishi lozim. Bunday talablarni bajarmaslik amaldagi qonunchilik hujjatlari va shartnoma shartlariga muvofiq choralar ko‘rilishiga sabab bo‘ladi (masalan, jarimalar, hamkorlikni muddatidan avval to‘xtatish va boshqalar).
5-bob. Axborot tizimlari bilan integratsiya va shaffoflik
21. Ushbu standartlarni samarali joriy etish maqsadida davlat xaridlari va investitsiya loyihalarini boshqarish sohasidagi davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan Yagona raqamli platforma (keyingi o‘rinlarda — portal) orqali quyidagilar ta’minlanadi:
investitsiya loyihalari reyestri — har bir loyiha bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazish va baholash holati ko‘rsatiladi. Loyihalar tashabbuskorlari portal orqali loyihalarni ro‘yxatdan o‘tkazishi, zarur hujjatlarni yuklashlari shart. Vakolatli organlar ko‘rib chiqish natijalarini belgilaydilar (xulosa olingan sanasi, qisqa xulosa);
ichki nazorat tuzilmalari, vakolatli organlar hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida elektron o‘zaro aloqa — hujjatlar almashish, so‘rovlar yuborish, o‘rganishlar jadvalini kelishish kabi barcha ishlar tizim orqali amalga oshiriladi, bu jarayonni tezlashtiradi va auditorlik izini qoldiradi;
avtomatlashtirilgan chek-listlar va shakllar — ilovalar (anketa, chek-listlar) elektron shaklda joriy etiladi. Tashabbuskor loyihani ko‘rib chiqishga taqdim etganda, onlayn tarzda to‘ldiradi. Platforma xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan javoblarni (masalan, bir necha korrupsiyaviy omillar belgilangan bo‘lsa) avtomatik ravishda ajratib ko‘rsatadi, bu mutaxassislarning alohida e’tiborini talab qiladi;
ochiq ma’lumotlar uchun jamoat moduli — loyihalar haqida shaxsiy va maxfiy bo‘lmagan ma’lumotlar (nomi, qiymati, qatnashuvchilar, xavfning umumiy bahosi, qabul qilingan choralar) jamoatchilik uchun ochiq taqdim etiladi. Bu (UNCACda) belgilangan ochiqlik talablariga mos keladi. Fuqarolar va ommaviy axborot vositalarida loyihalar ekspertiza va baholashdan o‘tkazilganini kuzatishlari mumkin;
davlat xaridlari portali bilan integratsiya — ekspertiza va baholash natijalari (masalan, tenderni qayta o‘tkazish tavsiyasi) davlat xaridlari tizimiga avtomatik ravishda yuboriladi. Agar loyiha reyestrda baholanmagan yoki hal qilinmagan xavflarga ega deb belgilangan bo‘lsa, portal tenderni e’lon qilish yoki shartnoma tuzish imkonini bermaydi;
hisobotlar va tahlil — vakolatli organlar platforma orqali o‘tkazilgan baholashlar, tipik xavflar va qabul qilingan choralarning samaradorligi bo‘yicha statistika hisobotlari tuzadilar.
22. Raqamli platforma ma’lumotlarni, ayniqsa, maxfiy ma’lumotlarni (investorlarning tijorat sirlari, mutaxassislarning shaxsiy ma’lumotlari, milliy xavfsizlikka taalluqli ma’lumotlar) himoya qilishni ta’minlashi shart. Foydalanuvchilarning turli toifalari uchun kirish huquqlari cheklanadi. Ma’lumotlarni qayta ishlash amaliyoti shaxsga doir ma’lumot to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lishi ta’minlanadi. Shu bilan birga, jamiyat manfaatiga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar (korrupsiya va raqobatga oid xavflar to‘g‘risida) imkoniyat darajasida ochiq e’lon qilinishi lozim. Bu jamiyat ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
23. Platformada quyidagi mexanizmlar nazarda tutiladi:
fuqarolar, biznes va mustaqil mutaxassislar portal orqali aniq loyiha doirasidagi ehtimoliy korrupsiya holatlari yoki raqobatni cheklash holatlari haqida xabar berishlari mumkin (masalan, tenderda so‘zlashuv to‘g‘risida signal). Bunday xabarlar avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va tegishli organlar tomonidan ko‘rib chiqiladi;
jamoatchilik muhokamalari o‘tkaziladi (amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida jamoatchilik muhokamasi talab qilingan hollarda). Fuqarolar tomonidan kelib tushgan sharh va takliflar tahlil qilinadi hamda ekspertiza va baholash jarayonida inobatga olinadi;
xalqaro va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik. Platforma xalqaro moliya institutlari loyihalarini kuzatish tizimlariga (masalan, Jahon bankining loyiha monitoringi tizimiga) ulanishi mumkin, bu xavflar haqida axborot almashish imkonini beradi. Shuningdek, “jamoatchilik monitoringi” moduli joriy etilishi mumkin. Bu orqali nodavlat va notijorat tashkilotlari (NNT) hamda ommaviy axborot vositalari vakillari maxsus ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng kengaytirilgan ma’lumotlarga ega bo‘ladilar va loyihalarni amalga oshirishni kuzatish bo‘yicha o‘z hisobotlarini taqdim etishlari mumkin.
6-bob. Ekspertiza va baholash ustidan nazorat va javobgarlik
24. Ekspertiza va baholash natijalari bo‘yicha belgilangan tartib-qoidalarga rioya etilmaslik qonunchilik hujjatlariga muvofiq mansabdor shaxslar va tashkilotlarning javobgarligiga olib keladi.
Ekspertiza va baholash bo‘yicha tahlillar o‘tkazilmasdan yoki ular yakunlanishidan avval moliyalashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinmaydi yoxud DXSH shartnomasi tuzilmaydi. Bunday qaror vakolatli organlar yoki prokuratura taqdimnomasi asosida yuqori turuvchi organ yoxud sud tomonidan haqiqiy emas deb topiladi yoki bekor qilinadi.
25. Vakolatli organlar o‘z vakolati doirasida har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga ekspertiza va baholash natijalari yuzasidan tahliliy ma’lumotlar kiritadi. Bunda tahliliy ma’lumotlarda o‘tkazilgan ekspertiza va baholashlar soni, aniqlangan xavf-xatarlar, ko‘rilgan choralar to‘g‘risida, shuningdek, amaldagi tizimdagi muammolar tahlili va uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ham aks ettirilishi lozim.
7-bob. Yakunlovchi qoida
26. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.02.2026-y., 09/26/44/0109-son)