O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRIning
buyrug‘i
Xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyati bilan tanishuv O‘zbekiston Respublikasi auditorlik faoliyati milliy standarti (31-son AFMS)ni tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 21-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1043]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni asosida va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi “Auditorlik faoliyati va Auditorlik tekshiruvlari rolini oshirish to‘g‘risida” 365-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Ilova qilinayotgan “Xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyati bilan tanishuv” O‘zbekiston Respublikasi auditorlik faoliyati milliy standarti (31-son AFMS) tasdiqlansin.
2. “Mijoz faoliyati (biznesi) bilan tanishuv” (1999-yil 3-sentabrda 810-son bilan ro‘yxatga olingan) O‘zbekiston Respublikasi Audit milliy standarti (4-son AMS) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
Moliya vaziri M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2001-yil 31-may,
48-son
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2001-yil 31-mayda 48-son bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
O‘zbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti 31-sonli AFMS
XO‘JALIK YuRITUVChI SUBYEKTNING FAOLIYATI BILAN TANIShISh
Mazkur Auditorlik faoliyatining milliy standarti (AFMS) O‘zbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini normativ tartibga solish elementi hisoblanadi.
§ 1. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur standartning maqsadi auditorlik tekshiruvi o‘tkazilayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish tushunchasini aniqlash, hamda auditorlik tashkiloti uchun bunday tanishishning muhimligini asoslashdir.
2. Mazkur standart talablari auditorlik faoliyatini amalga oshirishda barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
3. Auditorlik tekshiruvini o‘tkazayotganda auditorlik tashkiloti, xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyati to‘g‘risida, uning ish uslublari, operatsiyalari va hodisalarini tushunish uchun yetarli bo‘lgan hajmda bilimga ega bo‘lishi yoki bilimni egalashi kerak, chunki ular auditorlik tashkilotining fikricha, auditorlik tartib-taomillarining masshtabiga, auditorlik tekshiruvining usullariga va muddatlariga yoki auditorlik xulosasining mazmuniga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
§ 2. XO‘JALIK YuRITUVChI SUBYEKTNING FAOLIYATI BILAN TANIShISh
4. Xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish, ma’lumotlar to‘plash va baholash hamda tekshiruvning barcha bosqichlarida egallangan bilimlar natijalarini auditorlik dalillari bilan solishtirish kabi uzluksiz davom etadigan jarayon hisoblanadi.
5. Auditorlik tashkiloti auditorlik tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin, auditorlik tekshiruvi o‘tkaziladigan xo‘jalik yurituvchi subyektning mulkchilik shakli, boshqaruvi va faoliyati to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlarni olish uchun xo‘jalik yurituvchi subyektning ta’sis hujjatlari, buxgalteriya hujjatlari va moliyaviy hisoboti bilan oldindan tanishib chiqishi va auditorlik tekshiruvini o‘tkazish uchun talab etiladigan zaruriy bilim darajasiga erishish mumkinligini aniqlashi kerak.
6. Auditorlik tashkiloti auditorlik tekshiruvi davomida xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot olib to‘plagani sari ilgari olingan ma’lumotlar baholanadi, aniqlashtiriladi, yangilanadi va to‘ldirib boriladi.
7. Keyingi auditorlik tekshiruvlari vaqtida auditorlik tashkiloti so‘nggi tekshiruvdan keyin yuz bergan o‘zgarishlarni aniqlashga qaratilgan tartib-taomillarni bajaradi. Shu bilan birga, xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar hajmi oshib boradi va ilgari olingan ma’lumotlar yangilanadi va qayta baholanadi.
8. Auditorlik tashkiloti xo‘jalik yurituvchi subyekt to‘g‘risida, uning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan umumiqtisodiy omillar va tarmoq sharoitlari haqidagi ma’lumotlarni quyidagi manbalardan olishi mumkin:
xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyatini tartiblashtiruvchi normativ-huquqiy hujjatlar;
xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan tanishish uchun taqdim etilgan hujjatlar (oldingi auditorlik hisobotlari va xulosalari, hisob siyosati, buxgalteriya hisobining ishchi schyotlar rejasi, lavozim yo‘riqnomalari, inventarizatsiya ma’lumotlari va boshqalar);
ushbu xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki u tegishli bo‘lgan tarmoq to‘g‘risida chop qilingan materiallar;
ushbu xo‘jalik yurituvchi subyekt bilan yoki mazkur subyekt tegishli bo‘lgan tarmoqdagi boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan oldingi ish tajribalari.
9. Auditorlik tashkiloti xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish uchun ko‘rib chiqiladigan masalalarni professional kasbiy mulohazalardan kelib chiqib belgilashi kerak. Bunda, ushbu masalalar, auditorlik tekshiruvini samarali o‘tkazish maqsadlari uchun xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati to‘g‘risida yetarli bilimlarni olishni ta’minlashi kerak.
10. Xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish maqsadida ko‘rib chiqiladigan masalalar auditorlik tashkilotining ish hujjatlarida aks ettiriladi.
11. Xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish maqsadida auditorlik tashkiloti ushbu AFMSning ilovasida keltirilgan savollarning namunaviy ro‘yxatidan foydalanishi mumkin..
§ 3. YAKUNIY QOIDALAR
12. Xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishish, uning faoliyatiga doir bilimlarning mavjudligi, auditorlik tashkilotiga auditorlik tekshiruvining barcha bosqichlarida bilimlar olishni talab etadigan masalalar yuzasidan o‘z fikrini bildirishga yordam beradi:
risklarni baholash va muammolarni aniqlash;
auditorlik tekshiruvining rejasini va dasturini ishlab chiqish;
auditorlik tekshiruvini samarali va malakali o‘tkazish, auditorlik dalillarini baholash;
xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbariyatining auditorlik tekshiruvi davomida yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha bildirishnomalarini baholash;
buxgalteriya hisobidan olingan va xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisobotlarida yoritib berilgan ma’lumotlarning va hisob siyosatining muvofiqligini baholash;
bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan axborotlarni aniqlash (moliyaviy hisobot ma’lumotlari, rahbarning bildirishnomalari va xo‘jalik yurituvchi subyekt va (yoki) tarmoq faoliyatiga tegishli bo‘lgan nashrlardagi ma’lumotlarning qarama-qarshiligi);
auditorlik tekshiruvi buyurtmachisiga yaxshi xizmat ko‘rsatishni ta’minlash.
31-son “Xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyati bilan tanishish” AFMSga
ILOVA
ILOVA
Auditorlik tekshiruvi o‘tkaziladigan xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati bilan tanishishda ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan savollarning
NAMUNAVIY RO‘YXATI
Ushbu Namunaviy ro‘yxat auditorlik tekshiruvi o‘tkaziladigan xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyati bilan tanishish davomida ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan bir qator asosiy savollarni o‘ziga qamrab oladi, lekin ular to‘liq tugallangan deb hisoblanmaydi.
1. Umumiy iqtisodiy omillar:
iqtisodiy holat (pasayish, o‘sish), moliyalashtirish shartlari;
inflatsiya, valyuta revalvatsiyasi, valyuta cheklovlari.
2. Xo‘jalik yurituvchi subyekt taalluqli bo‘lgan tarmoq faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan omillar
normativ-huquqiy hujjatlar;
bozor va raqobat;
mavsumiy va davriy faoliyat;
ishlab chiqarish texnologiyasining holati va undagi o‘zgarishlar;
ishlab chiqarishni qisqartirish va kengaytirish;
noqulay vaziyatlar (masalan, tarmoq mahsulotlariga bo‘lgan talabning pasayishi, foydanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlari, jiddiy narx raqobati);
buxgalteriya hisobini yuritish usullarining maxsus amaliyoti va u bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar;
ekologiya talablari va u bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar;
energiya ta’minoti va uning tannarxi;
tarmoqning moliyaviy va statistik ko‘rsatkichlari;
3. Xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati
a) boshqaruvning muhim jihatlari va mulkchilik huquqi:
mulkchilik shakli;
ishtirokchilar manfaatlari va bog‘liq tomonlar;
ustav kapitalining tarkibi;
tashkiliy tuzilma;
vazifalar, kutilayotganlar va keyingi faoliyatni rejalashtirish;
moliya va ishlab chiqarish operatsiyalari boshqaruvchilari, direktorlar kengashining faoliyati;
b) boshqaruv organlari:
tarkibi;
alohida shaxslarning ishbilarmonlik obro‘si va ish tajribasi;
tashqi nazorat organlaridan mustaqilligi;
yig‘ilishlar o‘tkazishning davriyligi (aksiyadorlar, ishtirokchilar va muassislarning);
lavozim yo‘riqnomalarining mavjudligi, professional maslahatchilar tarkibidagi o‘zgarishlar (masalan, yuristlar);
v) amaldagi rahbariyat:
ish tajribasi, obro‘si;
kadrlar qo‘nimsizligi;
moliya xodimlari va ularning boshqaruvdagi mavqeyi;
buxgalteriya hisobi bo‘linmalarining kadrlar bilan ta’minlanganligi;
biznes-rejaning mavjudligi va qo‘llanishi;
rahbariyatning axborot tizimi;
ichki nazorat funksiyalari (mavjudligi, sifati);
g) xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati — mahsulotlar, bozor, mol yetkazib beruvchilar, xaridorlar, operatsiyalar, daromadlar, xarajatlar:
faoliyat turi (ishlab chiqarish, savdo va h.k.z.);
ishlab chiqarish uskunalarining, omborlarning, ofislarning joylashgani;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yoki ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi;
shartnomalar va kontraktlar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi;
tovar va xizmatlarni yetkazib beruvchilar ro‘yxati;
asosiy faoliyat samaradorligini oshirish va takomillashtirish, moliyaviy menejment, marketing va h.k.z. lar bo‘yicha ishlanmalar va tadqiqotlar;
tovar-moddiy zaxiralari (joylashgan joyi va soni);
aktivlar va majburiyatlarning holati;
moliyaviy hisobotning asosiy ko‘rsatkichlari va tarmoq bo‘yicha statistika ma’lumotlari;
normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish holati.
(O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2001-y., 12-son)