Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqillik eʼlon qilingan kunning bir yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi eʼlon qilinganligining bir yilligi munosabati bilan va insonparvarlik tamoyillariga amal qilgan holda qaror qilaman:
1. Quyidagi mahkumlar ozodlikdan mahrum etish tarzidagi, shuningdek ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolardan ozod qilinsin:
a) Ulugʻ Vatan urushining qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
b) ayollar va voyaga yetmaganlar;
v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;
g) I va II guruh nogironlari.
2. Uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish yoki ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan, shuningdek ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etilgan, ozodlikdan mahrum etish joylaridan shartli ravishda ozod qilinib, mehnatga majburan jalb etish jazolariga hukm qilinganlar jazodan ozod qilinsin.
3. Qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun besh yil muddatgacha ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, jazo muddatining kamida yarmini oʻtab boʻlgan, Farmonining 1-moddasi qoʻllanilmaydigan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
4. Tergovdagi ishlar va sudlar tomonidan koʻrib chiqilmagan qoʻyidagi barcha ishlar:
Farmonning 1-moddasida qayd etilgan shaxslar sodir etgan jinoyatlar;
sodir etgan jinoyatlari uchun qonunda uch yil muddatgacha ozodlikdan mahrum etish yoki ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo koʻzda tutilgan jinoiy ishlari harakatdan tugatilsin.
5. Ehtiyotsizlik oqibatida sodir etgan jinoyatlari uchun uch yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, Farmonning 2-moddasi qoʻllanilmaydigan shaxslarning jazo muddati yarimiga qisqartirilsin.
6. Mazkur Farmonga asosan jazodan ozod qilinmaydigan shaxslarning jazo muddatini oʻtalmagan qismi quyidagicha qisqartirilsin:
a) ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mehnatga majburan jalb etishga sudlanganlarning qolgan muddati uchdan bir qismga;
b) ozodlikdan mahrum etish joylaridan shartli ravishda ozod qilinib, mehnatga majburan jalb etilganlarning qolgan muddati yarimiga;
v) axloq tuzatish-mehnat muassasalarida jazoni oʻtayotgan, jazo muddatining kamida yarmini oʻtab boʻlgan va muqaddam ozodlikdan mahrum etishga bir martadan ortiq sudlanmagan mahkumlarning qolgan muddati — uchdan bir qismiga.
7. Amnistiya Farmonning 1, 2, 3, 4-moddalarida sanab oʻtilgan qoʻyidagi shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
a) oʻta xavfli davlat jinoyatlari (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 54 — 63-moddalari), shuningdek milliy va irqiy teng huquqlikni buzish uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan va sudlanganlar (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 64-moddasi);
davlat sirlarini oshkor etganlik (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 65-moddasi);
banditizm (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 67-moddasi);
axloq tuzatish-mehnat muassasalarining ishini izdan chiqaruvchi harakatlar (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 67-1-moddasi);
kontrabanda (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 68-moddasi);
ommaviy tartibsizliklar (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 69-moddasi);
qalbaki pul va qimmatbaho qogʻozlar tayyorlaganlik yoki sotganlik (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 77-moddasi);
jinoyatni ogʻirlashtiradigan holatlarda valyuta operatsiyalari toʻgʻrisidagi qoidalarni buzganlik (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 78-moddasining 2-qismi);
b) oʻta xavfli retsidivistlarga;
v) qasddan odam oʻldirganliklari uchun javobgarlikka tortilgan va sudlanganlarga (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 80, 81-moddalari);
qasddan badanga ogʻir shikast yetkazganlik (Oʻzbekiston Respublikasi JK 88-moddasining “b”, “v” bandlari);
militsiya xodimining hayotiga tajovuz qilganlik (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 194-1-moddasi);
militsiya xodimining badaniga ogʻir shikast yetkazganlik (Oʻzbekiston Respublikasi JK 194-2-moddasining 2-qismi);
militsiya xodimini qasddan oʻldirganlik (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 194-4-moddasi);
nomusga tekkanlik (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 94-moddasi);
tovlamachilik (reket) (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 115-1, 128-moddalari);
ogʻirlashtiruvchi holatlar boʻyicha firibgarlik (Oʻzbekiston Respublikasi JK 119-moddasining 2, 3-qismlari, 129-moddasining 2, 3-qismlari);
juda koʻp miqdordagi davlat yoki jamoat mulkini talon-taroj qilganlik (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 119-1-moddasi);
kvalifikatsiya belgilari boʻlgan holatda davlat, jamoat yoki shaxsiy mulkni oʻgʻirlash (Oʻzbekiston Respublikasi JK 114-moddasining 2, 3, 4-qismlari, 125-moddasining 2, 3, 4-qismlari);
talonchilik (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 115, 126-moddalari);
talonchilik (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 116, 127-moddalari);
pora olganlik, pora berganlik yoki pora olish-berishga vositachilik qilganlik (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 152, 153, 154-moddalari);
ashaddiy bezorilik (Oʻzbekiston Respublikasi JK 204-moddasining 2,3-qismi);
shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 100-moddasining 2-qismida, 101, 101-1, 166, 166-3, 193-2-moddasining 2-qismida, 209-2, 209-3, 210-1, 216-2, 216-3, 216-4, 216-5, 216-6-moddalarida koʻzda tutilgan jinoyatlar;
qasddan sodir etilgan harbiy jinoyatlar;
g) qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun muqaddam ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanganlar;
d) muqaddam afv etish yoki amnistiya tartibida jazodan ozod etilgan va yana qasddan jinoyat sodir etgan;
e) alkogolizm, giyohvandlik yoki tanosil kasalliklaridan davolashning toʻliq kursini tugatmaganlar;
j) jazoni oʻtash tartibini ashaddiy buzuvchilarga.
8. Farmonning 5, 6-moddalarida koʻrsatib oʻtilgan shaxslarga nisbatan qamoqda saqlash tartibini ashaddiy buzuvchi mahkumlarga, shuningdek, afv yoki amnistiya tartibida ilgari jazodan ozod etilgan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga amnistiya qoʻllanilmaydi.
9. Mazkur Farmon eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi, Oʻzbekiston Respublikasining sudlari va uning hududida joylashgan harbiy sudlar (tribunallar) hukm qilingan shaxslargagina nisbatan qoʻllaniladi va toʻrt oy muddatda ijro etilishi lozim.
10. Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Prokuraturasi hamda Oliy sudi bilan birgalikda mazkur Farmonni qoʻllanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun taqdim etsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 28-avgust,
PF-462-son