Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash grafigini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 12-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3724]
1. Davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash grafigini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Vazir J. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 1-dekabr,
304-son
Kelishildi:
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 14-noyabr
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 13-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 1-dekabrdagi 304-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash grafigini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash grafigini toʻldirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yoʻriqnomada quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bojxona organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining (bundan buyon matnda Bojxona qoʻmitasi deb yuritiladi) markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bojxona boshqarmalari, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi hamda bojxona postlari;
davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash grafigi (bundan buyon matnda grafik deb yuritiladi) — vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarga nisbatan davriy bojxona toʻlovlarini undirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan va deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasi (bundan buyon matnda BYD deb yuritiladi) bilan birga taqdim etiladigan hujjat.
2. Grafik vaqtincha olib kirish bojxona rejimi BYDning ajralmas qismi hisoblanib, mazkur Yoʻriqnomaning ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etiladi.
2-bob. Grafikni taqdim etish tartibi
3. Grafik deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan quyidagi hollarda bojxona organiga taqdim etiladi:
tovarlarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirishda davriy bojxona toʻlovlarini har oyda yoki yilning har choragida toʻlashda;
bojxona toʻlovlaridan shartli ozod etish boʻyicha berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati tugashi munosabati bilan vaqtincha olib kirishning keyingi muddatida davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash lozim boʻlganda.
4. BYD elektron shaklda bojxona organiga taqdim etilgan taqdirda grafik elektron shaklda taqdim etilishi lozim.
Elektron shaklda deklaratsiyalashda barcha maʼlumotlar grafikning tegishli grafalarida yoki ushbu grafa uchun ajratilgan detallashtirilgan jadvallarda toʻliq koʻrsatiladi hamda boshqa grafalarga qoʻshimcha ilova qilinadigan varaqlar yoki boshqa shu kabi havolalar qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. BYD qogʻoz shaklda bojxona organiga taqdim etilgan taqdirda grafik qogʻoz shaklda toʻrt nusxadan iborat A4 formatdagi varaqlarda taqdim etiladi hamda quyidagicha taqsimlanadi:
birinchi nusxa — bojxona posti uchun;
ikkinchi nusxa — deklaratsiyalovchi shaxs uchun;
uchinchi va toʻrtinchi nusxalar — deklarant uchun.
Bunda, grafikning har bir nusxasi deklaratsiyalovchi shaxs va bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi.
Qogʻoz shaklda toʻldirilgan grafik boʻyicha undirilishi lozim boʻlgan davriy bojxona toʻlovlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bojxona organining xodimi tomonidan Bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.
6. Grafik taqdim etilgandan soʻng bojxona organi BYD bilan bir vaqtda grafikning toʻgʻri toʻldirilganligini dastlabki tekshiruvdan oʻtkazadi.
Dastlabki tekshiruv natijasida kamchiliklar aniqlansa, bojxona organi xodimi ushbu kamchiliklarni BYD rasmiylashtirishuvi muddatlari doirasida bartaraf etish toʻgʻrisida deklaratsiyalovchi shaxsni xabardor qiladi.
Grafikning dastlabki tekshiruvi natijasida kamchiliklar aniqlanmasa, bojxona organi xodimi grafikni rasmiylashtirish uchun qabul qiladi.
Bojxona organi tomonidan grafik BYD bilan bir vaqtning oʻzida rasmiylashtiriladi.
7. Grafikka oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish yangidan grafikni taqdim etish orqali quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
grafikni toʻldirishda xatoliklar aniqlanganda;
vaqtincha olib kirilgan tovarlar qisman olib chiqilgan yoki boshqa bojxona rejimga joylashtirilgan taqdirda yoxud boshqa shaxsga oʻtkazilganda;
davriy bojxona toʻlovlari belgilangan davr uchun oldindan toʻlanganda;
davriy bojxona toʻlovlarini ortiqcha toʻlanganlik fakti aniqlanganda;
vaqtincha olib kirish bojxona rejimi muddatining amal qilishi tovarlar xatlanishi yoki olib qoʻyilishi munosabati bilan vaqtincha toʻxtatib turilganda. Bunda, tovarlardan taqiq olib tashlangan sanadan boshlab, davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash majburiyati tiklanadi hamda mazkur sanadan boshlab grafikka oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritilishi lozim;
davriy bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorlik aniqlanganda.
8. Deklaratsiyalovchi shaxs quyidagi hollarda muddatidan oldin grafikni tugatish huquqiga ega:
davriy bojxona toʻlovlari toʻliq toʻlanganda;
vaqtincha olib kirilgan tovarlar toʻliq olib chiqilgan yoki boshqa bojxona rejimlariga joylashtirilgan taqdirda yoxud boshqa shaxsga oʻtkazilganda.
9. Grafik rasmiylashtirilganligi hamda unga oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
10. Bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona nazorati yakunlangandan soʻng bojxona organlari tomonidan elektron grafik yoki qogʻoz shakldagi grafikning birinchi nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 184-moddasida koʻrsatilgan muddat davomida saqlanishi taʼminlanadi.
11. Grafikni toʻldirishda Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomada (roʻyxat raqami 2773, 2016-yil 6-aprel) nazarda tutilgan tasniflagichlardan foydalaniladi.
3-bob. Grafikni toʻldirish tartibi
12. Deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan grafikning 1, 2, 5 va “Imzo” grafalari toʻldiriladi.
13. Bojxona organi tomonidan grafikning 3, 4, 5-grafalari hamda “Bojxona belgilari uchun” maydonchasi toʻldiriladi.
14. Deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan grafalarning toʻldirilishi:
1) 1-grafa. “Avvalgi grafikning roʻyxat raqami”.
Mazkur grafada vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan tovarlar uchun muqaddam davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash grafigi mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu grafikning roʻyxat raqami koʻrsatiladi;
2) 2-grafa. “Toʻlov muddati turi”.
Mazkur grafada toʻlovchi tanloviga koʻra davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash muddatining quyidagi turlaridan biri koʻrsatiladi.
har oyda toʻlanganda “1” raqami koʻrsatiladi;
choraklik toʻlanganda “2” raqami koʻrsatiladi;
3) 5-grafa. “Toʻlov grafigi”.
Mazkur grafada davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash muddatlari aks etadi.
“Tartib raqami” ustunida davriy bojxona toʻlovlari har oyda toʻlanganda oylar ketma-ketligining tartib raqami, agar choraklik toʻlanganda choraklar ketma-ketligining tartib raqami koʻrsatiladi.
“Faktura qiymati” ustunida deklaratsiyalanayotgan tovarlar turkumining umumiy faktura qiymati koʻrsatiladi. Umumiy faktura qiymati BYDning 42-grafalaridagi tovarlarning faktura qiymatlari yigʻindisini tashkil qiladi.
“Toʻlov sanasi” ustunida davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash muddati koʻrsatiladi.
Bunda, toʻlov muddati turidan kelib chiqib, tovarlar vaqtincha olib kirish bojxona rejimida turgan davr boshlanishidan oldingi muddatning oxirgi sanasi koʻrsatiladi.
Masalan:
davriy bojxona toʻlovlari har oy toʻlanishi maʼlum qilinganda, 2025-yil iyun oyi uchun “Toʻlov sanasi” ustunida “31.05.2025” koʻrsatiladi.
davriy bojxona toʻlovlari choraklik toʻlanishi maʼlum qilinganda 2025-yilning 3-choragi uchun “Toʻlov sanasi” ustunida “30.06.2025” koʻrsatiladi.
“Toʻlov sanasi” ustunining birinchi qatorida bojxona organlariga grafik taqdim etilgan sana koʻrsatiladi.
“Valyuta kodi” ustunida BYDning 22-grafasida koʻrsatilgan valyutaning raqamli kodi koʻrsatiladi;
“Chet el valyutasidagi toʻlov summasi” ustunida tegishli davr uchun toʻlanishi lozim boʻlgan shartnoma valyutasidagi davriy bojxona toʻlovlari summasi koʻrsatiladi.
Bunda, bojxona boji va soliqlar kodi Bojxona toʻlovlari tasniflagichiga muvofiq alohida toʻldiriladi;
4) “Imzo” grafasi.
Maʼlumotlarning toʻgʻriligi elektron shaklda deklaratsiyalovchi shaxsning elektron raqamli imzosi yoki qogʻoz shaklda deklaratsiyalovchi shaxsning imzosi bilan tasdiqlanadi.
15. Bojxona organi tomonidan grafalarning toʻldirilishi:
1) 3-grafa. “BYDning roʻyxat raqami”.
Mazkur grafada vaqtincha olib kirish bojxona rejimi rasmiylashtirilgan BYDning roʻyxat raqami koʻrsatiladi;
2) 4-grafa. “Grafikning roʻyxat raqami”.
Mazkur grafa avtomatlashtirilgan holda Bojxona qoʻmitasining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi tomonidan toʻldiriladi.
Grafada bojxona posti kodi, grafik qabul qilingan sana, grafik raqami quyidagi tartibda koʻrsatiladi:
99999 / 99.99.9999 / 99999
1-element — Bojxona postlari tasniflagichiga muvofiq deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan BYD taqdim etiladigan bojxona postining beshta belgili kodi;
2, 3 va 4-elementlar — grafik bojxona rasmiylashtiruvi uchun qabul qilingan kun, oy va yil;
5-element — tegishli bojxona organi tomonidan rasmiylashtirilgan grafikning tartib raqami (joriy yilda oʻsish tartibida, yil yakunlangach raqamlash yangidan boshlanadi). Grafikning tartib raqami qaytarilmasligi lozim;
3) 5-grafa. “Toʻlov grafigi”.
“Toʻlangan sana” ustunida toʻlovchi tomonidan davriy bojxona toʻlovlari amalda toʻlangan sana koʻrsatiladi.
“Milliy valyutadagi kurs” ustunida mazkur grafaning “Toʻlangan sanasi” ustunida koʻrsatilgan sanada “Valyuta kodi” ustunidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyutaning rasmiy ayirboshlash kursi koʻrsatiladi.
“Milliy valyutadagi davriy bojxona toʻlovlari summasi” ustunida mazkur grafaning “Toʻlov sanasi” ustunida koʻrsatilgan sanada milliy valyutada toʻlanishi lozim boʻlgan davriy bojxona toʻlovlari summasi koʻrsatiladi.
Bunda, bojxona boji va soliqlar kodi Bojxona toʻlovlari tasniflagichiga muvofiq alohida toʻldiriladi.
4) “Bojxona belgilari uchun” grafasi.
Elektron shakldagi grafikning mazkur grafasida bojxona organi tomonidan ushbu grafik yuzasidan qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi bojxona organining belgilari (yozuvlari) koʻrsatiladi. Bojxona organi belgilari (yozuvlari) bojxona organi xodimining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi, bundan avtomatlashtirilgan tarzda rasmiylashtirilgan BYDlar mustasno.
Qogʻoz shakldagi grafikning mazkur grafasida bojxona organi tomonidan ushbu grafik yuzasidan qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi bojxona organining shtampi va muhri hamda zarur hollarda boshqa belgilari qoʻyiladi. Bojxona nazorati natijalari haqidagi shtamp ushbu grafik yuzasidan qaror qabul qilgan bojxona organi xodimining shaxsiy raqamli muhri bilan tasdiqlanadi.
Davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash grafigini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
ILOVA
ILOVA
Davriy bojxona toʻlovlarini toʻlash grafigi
1. Avvalgi grafikning roʻyxat raqami | 2. Toʻlov muddati turi | 3. BYDning roʻyxat raqami | 4. Grafikning roʻyxat raqami | |||||||||||
5. Toʻlov grafigi | ||||||||||||||
T/r | Faktura qiymati | Toʻlov sana | Valyuta kodi | Chet el valyutasidagi toʻlov summasi | Toʻlangan sanasi | Milliy valyutadagi kurs | Milliy valyutadagi davriy bojxona toʻlovlari summasi | |||||||
20 | 27 | 29 | Jami | 20 | 27 | 29 | Jami | |||||||
Umumiy | ||||||||||||||
1. | ||||||||||||||
2. | ||||||||||||||
3. | ||||||||||||||
4. | ||||||||||||||
5. | ||||||||||||||
6. | ||||||||||||||
7. | ||||||||||||||
… | ||||||||||||||
“Imzo” | “Bojxona belgilari uchun” | |||||||||||||
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.12.2025-y., 10/25/3724/1162-son)