Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Axborot va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-iyuldagi “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-111-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Belgilansinki, ushbu qarorning asosiy maqsadi axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar va axborot sohalarida qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini monitoring qilishda davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni noxolis, ishonchsiz va taqiqlangan axborotlardan himoya qilish samaradorligini oshirish hisoblanadi.
II. Sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish
2. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) quyidagi sohalarda maxsus vakolatli davlat organi etib belgilansin:
(a) axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazoratini amalga oshirish, jumladan, sunʼiy intellekt sohalarida, axborot tizimi va resurslari, maʼlumotlar bazalari, raqamli xizmatlar, dasturiy taʼminot faoliyatini monitoring va nazorat qilish;
(b) ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish hamda ular tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish;
(v) noshirlik va matbaa faoliyati subyektlari tomonidan qonunchilik hujjatlari hamda texnik standartlar talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish, shuningdek, ular faoliyatini boshlaganlik (tugatganlik) toʻgʻrisida xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirish;
(g) bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, shuningdek, taqiqlangan axborot, jumladan, onlayn platformalarda tarqatilishini cheklash.
3. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasining asosiy vazifalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Inspeksiyaning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. Inspeksiyaga faoliyati tugatilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining axborot sohasida nazorat va monitoring boʻyicha vazifa va funksiyalari oʻtkazilishi munosabati bilan qoʻshimcha 54 ta shtat birligi ajratilsin hamda Inspeksiya boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 172 ta etib belgilansin. Bunda Inspeksiya xodimlari mehnatiga haq toʻlashning amaldagi tartibi va shartlari saqlab qolinadi.
6. Inspeksiya 2027-yil 1-yanvarga qadar, jumladan, quyidagi imkoniyatlarga ega “Raqamli nazorat” platformasini ishga tushirsin:
(a) aholi istiqomat qilayotgan, jumladan, olis va chekka hududlardagi raqamli texnologiyalar va telekommunikatsiyalar sohalarida koʻrsatilayotgan xizmatlar hamda aloqa sifat koʻrsatkichlarini monitoring qilish;
(b) axborot tizimlari, resurslari, dasturiy mahsulotlar va maʼlumotlar bazalarida yuzaga kelgan uzilish yoki toʻxtalish holati boʻyicha tegishli choralar koʻrish;
(v) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan axborot tizimlarining samaradorligi, maqsadliligi va joriy etish darajasini baholash;
(g) jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tezkor koʻrib chiqilishini tashkil etish.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
7. Belgilansinki, Inspeksiya faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
(a) Inspeksiyaning joriy taʼminoti, jumladan, kommunal toʻlovlar va tovar-moddiy zaxiralarini xarid qilish hamda xodimlar oylik ish haqi, unga tenglashtirilgan toʻlovlarni toʻlash, ustamalar va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish xarajatlari Raqamli texnologiyalar vazirligining Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan;
(b) Inspeksiyaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, bino va inshootlarini kapital taʼmirlash (rekonstruksiya qilish), shuningdek, “Raqamli nazorat” platformasini ishlab chiqish va texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar:
(i) Inspeksiya tomonidan aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan undirilgan maʼmuriy va moliyaviy jarimalarning 50 foizi;
(ii) tashqi reklama obyektini oʻrnatishga boʻlgan huquq uchun oylik yigʻimlardan tushadigan mablagʻlarning 10 foizi;
(iii) pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar.
8. “Xabar” gazetasi tahririyati” MCHJ ustav kapitalidagi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli davlat ulushlarini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markaziga berilsin.
9. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
(a) Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish boʻyicha;
(b) faoliyati tugatilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha Hukumat qarorlarini qabul qilsin.
10. Raqamli texnologiyalar vazirligi:
(a) bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
(b) “Raqamli nazorat” platformasi toʻliq ishga tushirilgandan soʻng ikki oy muddatda bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bekor qilish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish asosida Inspeksiya shtat birliklarini maqbullashtirish boʻyicha taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
13. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-dekabr,
PQ-371-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-dekabrdagi PQ-371-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasining
ASOSIY VAZIFALARI
1. Axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazoratini amalga oshirish, jumladan, sunʼiy intellekt texnologiyalari, axborot tizimlari va resurslari, maʼlumotlar bazalari, raqamli xizmatlar, dasturiy taʼminot faoliyatini monitoring va nazorat qilish yoʻnalishida:
(a) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(b) oʻz vakolati doirasida raqamli texnologiyalar, jumladan, sunʼiy intellekt tizimlarini joriy etish va ishlashida axborot xavfsizligi talablariga rioya qilinishi, shuningdek, pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish choralarini taʼminlash ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(v) fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatishda (sotish, ijaraga berish va barchaning eʼtiboriga yetkazishda) mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(g) normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda “Elektron hukumat” tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
(d) ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integrallashgan axborot tizimlarini, maʼlumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan, elektron davlat xizmatlari koʻrsatish samaradorligi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(1-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-141-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2026-y., 06/26/141/0776-son)
(j) “oxirgi milya” tamoyili boʻyicha Internet tarmogʻidan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yoʻli bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(z) Sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda axloq meʼyorlari va qonunchilik talablariga rioya qilinishini monitoring qilish, dasturiy taʼminot ishlab chiqarish va tarqatishda qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish, qonunbuzarliklarni aniqlash, bartaraf etish va jarima choralarini qoʻllash.
Oldingi tahrirga qarang.
(i) pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar sohalarida qonunchilik hujjatlari ijrosini xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishini nazorat qiladi, oʻrganadi va tekshiradi, aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻradi;
(k) qonunchilik hujjatlariga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan radiochastota spektridan foydalanish sohasida ruxsat etish va xabardor qilish, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni sotib olish (berish), sotish va (yoki) oʻrnatish (qurish), xorijdan olib kirish va foydalanish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi va tegishli choralar koʻradi;
(l) ushbu qarorning 2-bandida belgilangan sohalarda litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan va xabardor etmasdan faoliyat koʻrsatayotgan subyektlarni oʻrganadi va ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralarni koʻradi;
(m) tarqatish xizmatlarini koʻrsatishda, shuningdek, telekommunikatsiyalar tarmoqlarini, shu jumladan, mobil aloqa va telekommunikatsiya tizimlari tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, qayta qurish, kengaytirish va foydalanishda qonunchilik hujjatlari, normativ hujjatlar, texnik reglamentlar va standartlar, amaldagi normalar va qoidalarning bajarilishini nazorat qiladi va tekshiradi;
(n) telekommunikatsiyalar tarmoqlarining umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlariga ulanish qoidalarining, jumladan, ulanish shartlarining bajarilishini nazorat qiladi, oʻrganadi va tekshiradi;
(o) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan ichki nazorat qoidalariga pochta aloqasi operatorlari, provayderlari rioya etishini belgilangan tartibda monitoring qiladi, oʻrganadi, tekshiradi va nazorat qiladi;
(p) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish ehtimoli mavjud boʻlgan tavakkalchiliklarni pochta aloqasi sektorida tizimli ravishda oʻrganadi, tahlil qiladi va aniqlaydi, oʻrganish natijalarini hujjatlar bilan qayd etadi hamda aniqlangan tavakkalchiliklarni kamaytirishga doir tegishli choralar koʻradi;
(r) monitoring va tekshirishlar natijalari boʻyicha aniqlangan qoidabuzarliklar haqida tegishli qarorlar qabul qiladi, bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi va ularni bartaraf etish muddatlarini belgilaydi, shuningdek, litsenziya beradigan organga xoʻjalik yurituvchi subyektlar litsenziyalarining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida takliflar kiritadi, Inspeksiya vakolatlariga kirmaydigan qoidabuzarliklar boʻyicha materiallarni belgilangan tartibda tegishli vakolatli organlarga beradi;
(s) oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy koʻrsatma yoki taqdimnoma yuboradi;
(t) telekommunikatsiyalar tarmogʻi yoki tizimiga ruxsatsiz kirgan holda qoidabuzarliklar sodir etilgan holatlar yuzasidan qonunchilik hujjatlariga asosan zarur choralarni koʻradi;
(u) axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar va pochta aloqasi sohasida koʻrsatilayotgan xizmatlarning parametrlari va sifat koʻrsatkichlarini, shu jumladan, raqamli xizmatlar amaldagi qonunchilikka hamda texnik jihatdan tartibga soluvchi normativ hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan oʻrganish va tekshirish oʻtkazadi;
(f) telekommunikatsiyalar vositalariga shikast yetkazgan yoki aloqaning faoliyati toʻxtashi yoki uzilishiga sabab boʻlgan subyektlarga nisbatan zarur choralar koʻradi;
(x) telekommunikatsiyalar tarmoqlari ish sifatining pasayishiga yoki telekommunikatsiyalar tarmoqlarining shikastlanishiga olib keladigan harakatlarni sodir etgan, radiochastota organlari tomonidan aniqlangan radioxalaqitlarni vujudga keltirayotgan jismoniy va yuridik shaxslarga vakolatli idora va tashkilot bilan hamkorlikda chora koʻradi;
(ch) davlat sirlarini oʻz ichiga olmagan maʼlumotlarni qayta ishlaydigan muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
(sh) muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlikni taʼminlashda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarining muhim axborot infratuzilmasi subyektlari tomonidan bajarilishini tekshiradi, oʻrganadi va nazorat qiladi;
(e) davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini aniqlash maqsadida davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari koʻrsatish holatini baholaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-141-sonli Farmoniga asosan “i” — “e” kichik bandlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2026-y., 06/26/141/0776-son)
2. Ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish hamda ular tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish yoʻnalishida:
(a) ommaviy axborot vositalarida tarqatilishi taqiqlangan va (yoki) cheklangan axborotlarning tarqatilishiga qarshi kurashish yuzasidan qonunchilikda koʻzda tutilgan choralarni koʻradi;
(b) ommaviy axborot vositalari, onlayn platformalarda ijtimoiy axborotning tarqatilishida tili, hajmi, davomiyligi, axborot mahsulotining yoshga oid tasnifiga rioya etilayotgani yuzasidan monitoring va nazorat qilish choralarini koʻradi;
(v) ommaviy axborot vositalari faoliyati sohasidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ommaviy axborot vositalari faoliyati subyektlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(g) ommaviy axborot vositalarini roʻyxatdan oʻtkazadi va ularning davlat reyestrini yuritadi;
(d) belgilangan tartibda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida ommaviy kommunikatsiya vositalarida tarqatiladigan axborot materiallarining axborot sohasida shaxs, jamiyat va davlatning manfaatlarini himoya qilishni taʼminlashga, fuqarolarning ijtimoiy ongiga buzgʻunchi salbiy axborot-ruhiy taʼsirning oldini olishga, milliy-madaniy anʼanalar va merosni saqlab qolish va ularning uzviyligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan respublika qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertiza oʻtkazilishini tashkil etadi;
(j) Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markazning xulosasiga asosan:
(i) axborot resursi egalariga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlash toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi;
(ii) ommaviy axborot vositalari muassislariga yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilishlar boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun koʻrsatmalar beradi;
(iii) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan butunjahon Internet tarmogʻi axborot resurslari reyestrini shakllantiradi va yuritadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-141-sonli Farmoniga asosan “g” — “j” kichik bandlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2026-y., 06/26/141/0776-son)
3. Noshirlik va matbaa faoliyati subyektlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va texnik standartlar talablariga rioya qilinishini nazorat qilish, shuningdek, ular faoliyatini boshlaganlik (tugatganlik) toʻgʻrisida xabardor qilish tartib taomillarini amalga oshirish yoʻnalishida:
(a) noshirlik va matbaa faoliyati subyektlariga xabardor qilish tartibidagi davlat xizmatlarini koʻrsatadi hamda noshirlik va matbaa faoliyati sohasida davlat reyestrini yuritadi;
(b) kitob nashr etishda, elektron va audio kitoblar yaratishda mualliflik huquqlari buzilishining oldini olish yuzasidan choralar koʻradi;
(v) noshirlik va matbaa faoliyati sohasidagi qonun hujjatlariga, ruxsatnoma talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan monitoring yuritadi;
(g) noshirlik va matbaa faoliyatini amalga oshirish talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi;
(d) noshirlik va matbaa faoliyati sohasidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, noshirlik faoliyati subyektlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi.
4. Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, shuningdek, taqiqlangan axborot, jumladan, onlayn-platformalarda tarqatilishini cheklash yoʻnalishida:
(a) bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
(b) axborot mahsulotida bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotning mavjudligi yoki mavjud emasligi, axborot mahsuloti bolalarning muayyan yosh toifasiga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi boʻyicha monitoringni amalga oshiradi;
(v) axborot mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga va tarqatuvchilarga bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilganligi holatlarini, shuningdek, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda ularning oldini olish boʻyicha koʻrsatmalar yuboradi;
(g) onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish, shu jumladan, onlayn-platforma va veb-saytlar faoliyatining shaffofligini taʼminlash boʻyicha qonunchilikning bajarilishini nazorat qiladi;
(d) noqonuniy kontentni aniqlash maqsadida onlayn-platforma va veb-saytlar monitoringini amalga oshiradi, aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladi;
(j) onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilik talablarini buzish holatlari aniqlaganda belgilangan tartibda ularni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar beradi va taqdimnomalar kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-dekabrdagi PQ-371-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy savdolar orqali toʻliqligicha sotiladigan korxonalarning aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxatining 441-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi toʻgʻrisidagi nizomda:
(a) 9-band quyidagi mazmundagi “j” kichik band bilan toʻldirilsin:
“j) global elektron platformalar bilan oʻzaro hamkorlik sohasida:
global elektron platformalar bilan elektron tijorat, kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori va sugʻurtani rivojlantirishga koʻmaklashish masalalari hamda Agentlik faoliyatining boshqa yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro hamkorlik qiladi;
kripto-aktivlarning noqonuniy aylanishiga, elektron tijoratni amalga oshirish, qimmatli qogʻozlar muomalasi, sugʻurta xizmatlari koʻrsatish, bukmekerlik faoliyatini va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etishning belgilangan tartibi buzilishiga, shuningdek, notoʻgʻri reklama va taqiqlangan faoliyat turlari reklamasi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligini buzuvchi boshqa materiallar tarqatilishiga qarshi kurashish sohasida global elektron platformalar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
global elektron platformalarning Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi va vakolatli organlari bilan oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtiradi;
global elektron platformada eʼlon qilingan axborot resursi yoki materialni Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi Reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi koʻrsatmani tegishli vakolatli davlat organiga yuboradi;
global elektron platformalar bilan birgalikda Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻquv tadbirlari oʻtkazilishini tashkil etadi;
global elektron platformalar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda belgilaydi”;
(b) 10-bandda:
(i) quyidagi mazmundagi oʻn sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“global elektron platformada eʼlon qilingan axborot resursi yoki materialni, shu jumladan, internetdagi axborot resursining identifikatsiya maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi Reyestriga kiritish va undan chiqarish toʻgʻrisida koʻrsatmani ijro uchun tegishli vakolatli davlat organiga kiritish”;
(ii) oʻn sakkizinchi xatboshi oʻn toʻqqizinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2025-y., 07/25/371/1156-son; 25.07.2026-y., 06/26/141/0776-son)