Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yadroviy qurilmani joylashtirish uchun maydoncha tanlash toʻgʻrisida
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, muqobil energiya manbalarini joriy etish hamda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish orqali mamlakatimiz energetika sohasini diversifikatsiya qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunining 25-moddasiga muvofiq atom elektr stansiyasini joylashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida” 2018-yil 13-oktabrdagi PQ-3969-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati hamda Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida atom elektr stansiyasini qurish borasidagi hamkorlik toʻgʻrisida 2018-yil 7-sentabr kuni Moskva shahrida (Rossiya Federatsiyasi) imzolangan Bitim tasdiqlangani;
Jizzax viloyatining Forish tumani “Qizilqum” MFY hududidagi “Aydar-Arnasoy” koʻllar tizimiga kiruvchi “Tuzkon” koʻli yaqinidagi 1 105,2 ga yer maydoni oʻtkazilgan muhandislik-qidiruv ishlari natijasiga asosan atom elektr stansiyasini joylashtirish uchun ustuvor maydoncha etib belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Atom elektr stansiyasini qurish loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) amalga oshiriladigan hududning chegaralari ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi Loyihani amalga oshirishda:
belgilangan hudud chegaralaridan chiqmaslikni;
2026-yil 1-iyulga qadar qoʻshimcha muhandislik tadqiqotlar oʻtkazilishini;
hududdagi tabiiy muhit komponentlarini kompleks rejimli kuzatuv (monitoring) ishlari amalga oshirilishini taʼminlasin.
4. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan birgalikda Loyihani amalga oshirish davrida loyiha hujjatlari ekspertizadan belgilangan tartibda, zarur hollarda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori A.I. Axmedxadjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 4-dekabr,
764-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2025-y., 09/25/764/1125-son)