Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ilgʻor xorijiy tajribani qoʻllagan holda oʻquv jarayonlariga yangi taʼlim uslublari va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, foydali qazilmalardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarining maqsadi hamda vazifalari;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Togʻ-kon va geologiya sohasi xodimlari malakasini oshirish instituti” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Institut) togʻ-kon va geologiya sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha masʼul hisoblanadi hamda shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatadi.
Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar, shuningdek, “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” AJ, “Oʻzbekkoʻmir” AJ, “Shargʻunkoʻmir” AJga oʻz xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha Institut bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish huquqi berilsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-noyabr,
748-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-noyabrdagi 748-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom togʻ-kon tarmogʻi, geologiya, yer qaʼridan foydalanish hamda konchilik, portlatish ishlari, portlovchi materiallarning aylanmasi sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini (keyingi oʻrinlarda — oʻquv kurslari) tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
buyurtmachi — togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari;
malaka oshirish va qayta tayyorlash — kasbiy bilim va koʻnikmalarni yangilash hamda chuqurlashtirishga yoʻnaltirilgan faoliyat;
malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari — tinglovchi (xodim)larga davlat taʼlim standartlariga muvofiq taʼlim berishni nazarda tutadigan oliy, oʻrta-maxsus va oʻrta taʼlimdan keyingi oʻqitish shakli;
tinglovchi — oʻquv kurslariga jalb etilgan va belgilangan tartibda tinglovchilar safiga qabul qilingan hamda sohaviy tegishliligidan qatʼi nazar, barcha muhandis-texnik va ishchi xodimlar;
“Togʻ-kon va geologiya sohasi xodimlari malakasini oshirish instituti” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Institut) togʻ-kon tarmogʻi, geologiya, yer qaʼridan foydalanish hamda konchilik, portlatish ishlari, portlovchi materiallarning aylanmasi sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha faoliyat yuritadigan davlat muassasasi.
3. Oʻquv kurslarida xodimlar malakasi quyidagilar orqali oshiriladi va qayta tayyorlanadi:
xodimlarning kasbiy va malaka darajasini muntazam oshirish asosida qonunchilik normalari, nazariy, amaliy, ilmiy tadqiqotlar natijalari, texnologik taraqqiyot va oʻqitilayotgan fanlar boʻyicha innovatsiyalar, shuningdek, togʻ-kon sanoati va geologiya sohasidagi soʻnggi zamonaviy texnik va texnologik yutuqlarni chuqur oʻrganish;
yuqori samarali zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni, ilgʻor xorijiy tajribani keng joriy etgan holda, xodimlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash uslublarini yangilash;
malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini va sunʼiy intellektni joriy etish.
4. Mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish buyurtmachining buyurtmasiga binoan oʻzaro xoʻjalik shartnomasi asosida mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — vazirlik) tizimidagi tashkilotlarning barcha rahbar va muhandis-texnik xodimlari har 3 (uch) yilda bir marotaba malaka oshirish kursiga jalb qilinadi.
6. Institut quyidagilarni:
malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari rejasiga muvofiq oʻquv kurslari tashkil etilishi, sifat nazoratini amalga oshiradi, oʻquv kurslari yakunlari boʻyicha yagona tizimda bayonnomalarni rasmiylashtiradi;
oʻquv kurslari bitiruvchilariga Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasi xodimlari malakasini oshirganlik toʻgʻrisidagi sertifikat hamda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) tomonidan nazorat ostidagi kasblar, mutaxassisliklar boʻyicha maxsus guvohnomalar beradi;
Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida Burgʻilash qurilmalari mashinistini qayta tayyorlash oʻquv kursi guvohnomalarini tasdiqlaydi va ularning yagona reyestrni yuritadi.
7. Institut Inspeksiya nazorati ostidagi mutaxassisliklar boʻyicha muhandis-texnik va ishchi xodimlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash oʻquv kurslarini markazlashgan holda tashkil etadi.
8. Ushbu Nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning fuqarolari va tashkilotlari xodimlari Institutda tashkil etiladigan oʻquv kurslarida haq evaziga shartnoma asosida ixtiyoriy ravishda taʼlim olishlari mumkin.
2-bob. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarining maqsadi va vazifalari
9. Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida faoliyat yuritib kelayotgan barcha muhandis-texnik va ishchi xodimlarning kasbiy bilimlari, koʻnikmalari va mahoratlarini muntazam ravishda oshirib borish oʻquv kurslarining maqsadi hisoblanadi.
10. Oʻquv kurslarining vazifalari quyidagilardan iborat:
tinglovchilarning kasbiy bilimlari, koʻnikmalari va mahoratini uzluksiz oshirib borish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy talablarga muvofiq togʻ-kon sanoati va geologiya sohasi uchun kasbiy tayyorgarlikni zarur darajada taʼminlash;
malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarining nazariy shakllarini toʻgʻridan-toʻgʻri va bevosita amaliyotga joriy etish;
oʻquv kurslarining fan va ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻliqligini, uygʻunligini taʼminlash, tinglovchilar (xodimlar) malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish.
3-bob. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslaridan oʻtish tartibi
11. Vazirlik tomonidan har yili tasdiqlanadigan xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash reja-jadvaliga muvofiq vazirlik tizimidagi tashkilotlari hamda oʻquv yoʻnalishlari kesimida tinglovchilar kontingenti shakllantiriladi hamda malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari tashkil etiladi.
Buyurtmachilar vazirlik tomonidan tasdiqlangan xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash reja-jadvaliga muvofiq xodimlar (tinglovchilar)ni qonunchilikda belgilangan tartibda Institutga malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslariga yuboradi.
12. Tinglovchilar malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarida asosiy ish joyidan ajralgan holda oflayn (off-line), asosiy ish joyidan ajralmagan holda onlayn (on-line) hamda buyurtmachining talab va taklifiga muvofiq bevosita buyurtmachining ishlab chiqarish hududlarida (bazalarida) oʻqitiladi.
13. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslariga jalb etilgan tinglovchi (xodim)larning hamda professor-oʻqituvchilar va yuqori malakali amaliyot mutaxassislarining doimiy ish joyidagi lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlanadi.
14. Institutda togʻ-kon sanoati, geologiya va turdosh tarmoq ehtiyojlari uchun muhandis-texnik xodimlarning quyidagi yoʻnalishlarda malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlari tashkil etiladi:
foydali qazilma konlari geologiyasi va qidiruv ishlari;
foydali qazilma konlari texnika va texnologiyasi;
foydali qazilmalarni qazib olish;
foydali qazilmalarni boyitish geotexnologiyasi;
metallurgiya;
uran konlari geologiyasi va qidiruv ishlari;
uran konlari texnika va texnologiyasi;
uran konlari boyitish geotexnologiyasi;
togʻ-kon ishlari mexanikasi;
togʻ-kon ishlari elektoromexanikasi.
Institut barcha muhandis-texnik xodimlarning oʻz mutaxassisliklari doirasida malakasini oshirish va kasbiy doiralari boʻyicha ishchi xodimlarni qayta tayyorlash, togʻ-kon va geologiya sohalariga xorijiy standartlarni joriy etish maqsadida xorijiy kompaniyalarni hamda xorijiy yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarini tashkil etadi.
Inspeksiya nazorati ostidagi mutaxassisliklar boʻyicha muhandis-texnik xodimlar malakasini oshirish va ishchi xodimlarni qayta tayyorlash boʻyicha maqsadli oʻqitish boʻyicha tashkil etiladigan oʻquv kurslari Inspeksiya bilan kelishilgan holda tashkil etiladi.
4-bob. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari tashkilotchilarining vazifalari
15. Institut quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarining oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
togʻ-kon sanoati va geologiya sohasidagi oʻqitishning zamonaviy shakllari va uslublari, ilgʻor pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tayyorlangan oʻquv rejalari hamda dasturlarini qoʻllab, oʻquv jarayonlarini tashkil etadi;
nazariy oʻqishni boshqaruv faoliyati amaliyoti bilan mustahkam bogʻlash maqsadida vazirlikning tegishli tarkibiy boʻlinmalarida amaliyot ishlarining tashkil etilishini taʼminlaydi;
rivojlangan davlatlarning malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarida togʻ-kon sanoati va geologiya sohasidagi yutuqlarini tahlil qiladi, tinglovchilarga ushbu tajribalarni respublikaning iqtisodiyot tarmoqlarida joriy etish yuzasidan maʼlumotlar beradi;
malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarining toʻlov miqdorini tasdiqlaydi;
malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari tinglovchilarini yakuniy sinov imtihonlaridan oʻtkazadi.
16. Buyurtmachilar quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
vazirlik tomonidan tasdiqlangan malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarining tasdiqlangan oʻquv rejasi-jadvali asosida xodimlarining tegishli kurslarga belgilangan muddatlarda oʻz vaqtida kelishlarini taʼminlaydi;
malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari uchun belgilangan toʻlovlarni shartnoma asosida toʻlaydi;
malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari natijalarini muhokama qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etadi.
5-bob. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarida oʻquv jarayonini tashkil etish
17. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari tasdiqlangan davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha tartibga solinadi.
18. Institutda Inspeksiya nazorati ostidagi mutaxassisliklar boʻyicha muhandis-texnik va ishchi xodimlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari markazlashgan holda tashkil etiladi.
19. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarining oʻquv rejalari va dasturlari togʻ-kon sanoati va geologiya sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar asosida har yili takomillashtirib boriladi.
20. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarida nazariy va amaliy oʻquv mashgʻulotlarining maʼruza, interaktiv seminarlar, amaliy mashgʻulotlar, sayyor oʻquv mashgʻulotlari, tajriba almashish, mustaqil taʼlim, malaka amaliyoti, loyiha ishini himoya qilish, brifinglar, tim-bilding kabi asosiy turlari qoʻllanadi.
21. Malaka oshirish oʻquv kurslari jalb etilgan tinglovchilar soni oʻn ikki nafardan, qayta tayyorlash oʻquv kurslari jalb etilgan tinglovchilar soni besh nafardan kam boʻlmaganda tashkil etiladi.
22. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarining amaliy mashgʻulotlari Institut hududida tashkil etilgan amaliyot xonalarida, vazirlik tizimidagi tashkilotlar ishlab chiqarish hududlarida (bazalarida) tashkil etiladi.
23. Ayrim malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kursining nazariy va amaliy mashgʻulotlari xorijiy ilgʻor taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlar negizida tashkil etilishi mumkin.
24. Tinglovchilarning oʻzlashtirishi quyidagi tizim asosida baholanadi:
joriy va yakuniy nazorat natijalari;
malaka amaliyoti yakunlari;
loyiha ishini himoya qilish natijalari.
Ushbu baholash natijalari xodimlarning yakuniy attestatsiya sinovlarini topshirish jarayonida baholash mezonlari sifatida inobatga olinadi.
25. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslariga jalb qilingan mahalliy va xorijiy davlatlarning oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda tashkilot va ilgʻor kompaniyalarning professor-oʻqituvchilari va yuqori malakali amaliyot mutaxassislari mehnatiga ular oʻrtasida imzolangan haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasi (jismoniy shaxslar)ga va xoʻjalik shartnomasi (yuridik shaxslar)ga muvofiq haq toʻlanadi.
26. Malaka oshirish oʻquv kursi dasturlarini oʻzlashtirish muddati oʻn sakkiz soat (uch kun)dan kam boʻlmagan hajmda belgilanadi. Malaka oshirish oʻquv kursining yuklamasi eng yuqori hajmi bir yuz sakson soat (oʻttiz kun)ni tashkil etadi.
27. Qayta tayyorlash dasturlarini oʻzlashtirish muddati toʻqson soat (oʻn besh kun)dan kam boʻlmagan hajmda belgilanadi. Qayta tayyorlash oʻquv kursining yuklamasi eng yuqori hajmi besh yuz toʻrt soat (sakson toʻrt kun)ni tashkil etadi.
28. Alohida hollarda buyurtmachining yakka tartibdagi buyurtmasi asosida malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari davlat taʼlim talablariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturlar doirasida tashkil etiladi.
6-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarini yakuniy imtihonlardan oʻtkazish
29. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari tinglovchilari oʻqishni tugatgandan soʻng yakuniy imtihon topshiradi.
Yakuniy imtihonlar Institut rahbari tomonidan har bir malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari uchun alohida tasdiqlanadigan yakuniy sinov imtihoni komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
Yakuniy imtihon komissiyasi tarkibiga Institut, vazirlik markaziy apparatining rahbar (boshqarma, boʻlinma boshliqlari, bosh mutaxassislari) xodimlari, shuningdek, kelishuvga koʻra Inspeksiya, ilmiy va oliy taʼlim muassasalari va boshqa buyurtmachilarning vakillari kiritilishi mumkin.
Yakuniy imtihon komissiyasi kamida besh kishidan iborat boʻlgan tarkibda shakllantiriladi.
30. Yakuniy imtihon yozma ish shaklida oʻtkaziladi va ogʻzaki shaklda himoya qilinadi.
Yakuniy imtihon yuz balli tizim boʻyicha baholanadi va yakuniy imtihonda ellik besh balldan yuqori ball toʻplagan tinglovchilar imtihondan oʻtgan hisoblanadi. Ellik olti balldan kam ball toʻplagan tinglovchilarga ikkinchi marta yakuniy sinov imtihon topshirish huquqi beriladi.
Yakuniy sinov imtihonlarini ikkinchi marta topshira olmagan tinglovchi (xodim)lar alohida toʻlov asosida topshirishi mumkin.
31. Yakuniy sinov imtihoni natijalaridan norozi boʻlgan malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari tinglovchilari natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab uch kun ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma ravishda appelyatsiya berishi mumkin.
32. Apellyatsiya komissiyasi oʻn kun ichida Institut direktorining buyrugʻiga koʻra har bir malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari boʻyicha tajribali yuqori malakali professor-oʻqituvchilar hamda yuqori amaliy koʻnikmaga ega soha mutaxassislari orasidan besh kishidan iborat tarkibda tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi muammoli holatlarga aniqlik kiritish uchun jamoatchilik asosida malakali mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
Apellyatsiya komissiyasining tarkibi va ish tartibi Institutning Apellyatsiya komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi buyrugʻida belgilanadi.
33. Ariza (shikoyat) roʻyxatga olingan kundan boshlab oʻn kun muddatda koʻrib chiqiladi.
Murojaat etuvchi tinglovchilar Apellyatsiya komissiyasi tomonidan murojaati koʻrib chiqilishi jarayonida bevosita ishtirok etishi mumkin.
34. Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishida komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, uning qabul qilgan qarori qonuniy kuchga ega hisoblanadi.
35. Apellyatsiya komissiyasi qarorining nusxasi murojaat etuvchilarga ushbu komissiya qarori chiqqan kundan eʼtiboran besh kun ichida taqdim etiladi.
7-bob. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarini moliyalashtirish
36. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari moliyalashtirish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari;
Institut tomonidan shartnoma asosida xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari uchun jalb etiladigan grantlar, shu jumladan, xalqaro grantlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
37. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari faoliyatiga oid moliyaviy hisobotlar qonunchilik asosida yuritiladi.
8-bob. Yakunlovchi qoida
38. Malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari boʻyicha nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2025-y., 09/25/748/1107)