O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilish uchun tanlovlar o‘tkazish va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 21-noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3089-2]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2021-yil 26-martdagi PF-6196-son “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlariga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 20-oktabrdagi 286-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3089, 2018-yil 22-noyabr) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2018-y., 10/18/3089/2222-son) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab internatiga o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilish uchun tanlovlar o‘tkazish va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHPULATOV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-noyabr,
652-son
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2025-yil 15-noyabrdagi 652-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilish uchun tanlovlar o‘tkazish va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 5-bandning birinchi xatboshisi va 36-banddagi “kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i” degan so‘zlar “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
2. 6-banddagi “Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi” degan so‘zlar “Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
3. 7-banddagi “Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi (bo‘limi)” va “O‘z xavfsizligi” degan so‘zlar tegishli ravishda “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati” va “Shaxsiy xavfsizlik” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
4. 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Farzandlari maktab-internatga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar hamda xodimlar mazkur Nizomning 10-bandidagi ariza yoki bildirgi bilan birga nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar anketasini hamda elektron shaklda nomzodning rangli fotosuratini taqdim etadi.
Nomzodning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Bunda, ishchi guruh tomonidan mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlar tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olish orqali aniqlanadi.”.
5. 15-bandning uchinchi xatboshisidagi “ichki ishlar boshqarmalarining kadrlar bilan ishlash boshqarmasi (bo‘limi)” degan so‘zlar “ichki ishlar boshqarmalari Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
6. 37-banddagi “Kadrlar bosh boshqarmasi” degan so‘zlar “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.11.2025-y., 10/25/3089-2/1085-son)