Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Global raqobat kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda barqarorlik va samaradorlikni taʼminlash, davlat sektorida xarajatlarni keskin kamaytirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, davlat korxonalarida tejamkor boshqaruv, raqamli iqtisodiyot va xalqaro korporativ standartlarga asoslangan ish uslubini joriy etish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Mazkur farmoyishni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib 2026-yilda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalarda (keyingi oʻrinlarda — davlat korxonalari) mahsulot tannarxini kamaytirish va faoliyati samaradorligini oshirish belgilansin.
II. Mahsulot tannarxini kamaytirish va mehnat unumdorligini oshirish
2. Davlat korxonalarida mahsulot tannarxini kamaytirish va mehnat unumdorligini oshirishning quyidagi asosiy yoʻnalishlari belgilansin:
(a) xarajatlarni har chorakda qayta tahlil qilish (spending review) orqali kelgusi davrdagi har bir yoʻnalish ustuvorligidan kelib chiqib, budjetni toʻliq “noldan” qayta koʻrib chiqish (zero-based budgeting) amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
(b) moddiy-texnik taʼminot xarajatlarini maqbullashtirish — oʻxshash turdagi tovar va resurslarni birgalikda xarid qilish orqali tannarxni pasaytirish, logistika jarayonlarini takomillashtirish;
(v) yordamchi funksiya va xizmatlarni autsorsingga topshirish, asosiy boʻlmagan ishlarga ixtisoslashgan tashkilotlarni jalb etib, ortiqcha boshqaruv xarajatlarini qisqartirish;
(g) tejamkor ishlab chiqarish va meʼyorlash tamoyillarini joriy etish, mehnat va resurslar sarfi boʻyicha ilgʻor meʼyorlarni amaliyotga tatbiq qilish orqali chiqimlarni kamaytirish;
(d) zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali ishlab chiqarish va boshqaruv operatsiyalarini avtomatlashtirish, samaradorlikni oshirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish;
(j) buxgalteriya hisobi va hisobotini moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) talablari asosida shaffof yuritish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash;
(z) xodimlar tashabbuslarini ragʻbatlantirish — iqtisodiy samara beradigan takliflar uchun mukofotlar va boshqa ragʻbatlantiruvchi choralarni koʻrish orqali tejamkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash;
(i) ochiqlik va jamoatchilik nazorati — kompaniyaning moliyaviy va maʼmuriy faoliyati ochiqligini taʼminlash, jamoatchilikka axborot yetkazish hamda fuqarolar tomonidan nazorat va fikr-mulohaza bildirish uchun sharoit yaratish;
(k) energiya samaradorligi — energiya auditi oʻtkazish orqali energiya isteʼmolini tahlil qilish, tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda energiya resurslaridan oqilona foydalanish;
(l) tashkiliy tuzilma va kadrlar sonini maqbullashtirish — korxonalarning tashkiliy tuzilmasini qayta koʻrib chiqish, takrorlanuvchi va samarasiz lavozimlarni qisqartirish hamda mehnat unumdorligini oshirish;
(m) resurslardan foydalanishda suiisteʼmolchilikka yoʻl qoʻymaslik uchun ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish, moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini taʼminlash.
3. Davlat korxonalari bir oy muddatda mazkur farmoyishning 2-bandida belgilangan yoʻnalishlar asosida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan oʻz dasturlarini ishlab chiqib, kuzatuv kengashlarida tasdiqlasin.
4. Davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) farmoyish ijrosini taʼminlash doirasida davlat korxonalarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning bajarilishi ustidan tizimli monitoring va tahlil olib borish;
(b) davlat korxonalariga xarajatlarni maqbullashtirish va samaradorlikni oshirish boʻyicha dasturlar tayyorlashda metodologik yordam berish, ushbu yoʻnalishda zarur uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish;
(v) xarajatlarni qisqartirish va ish unumdorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha ichki zaxiralarni aniqlash hamda ulardan foydalanish yuzasidan takliflar tayyorlash;
(g) toʻlov tizimini takomillashtirish orqali debitor va kreditor qarzdorliklarni kamaytirish;
(d) korxonalarning kredit portfeli boʻyicha mavjud majburiyatlari, shu jumladan, qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish zaruratini tahlil qilish;
(j) kuzatuv kengashlari aʼzolari tomonidan ularga yuklatilgan vazifalarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini tahlil qilish;
(z) belgilangan choralarning natijadorligi yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish.
5. Hisob palatasi (M. Abdullayev) ikki oy muddatda “UzAssets” AJ bilan uning boshqaruvidagi strategik yirik davlat korxonalari tomonidan 2026-yil uchun ishlab chiqilgan biznes-rejalarni tanqidiy koʻrib chiqib, ularni takomillashtirish yuzasidan kuzatuv kengashlariga takliflar berishni taʼminlasin.
6. Respublika komissiyasi (J. Qoʻchqorov, M. Abdullayev) ikki oy muddatda:
(a) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda davlat korxonalari boshqaruv xodimlari sonini 10 foizgacha qisqartirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin;
(b) davlat korxonalarining keng isteʼmol tovarlari boʻyicha umumiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida birgalikda xaridlarni tashkil etish ishlarini taʼminlasin;
(v) zarur hollarda, birgalikda xaridlarni amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda ekspertlar, ekspert tashkilotlari yoki maxsus xarid tashkilotchilari (professional agentlar yoki xarid komissiyalari) jalb etilishini taʼminlasin.
7. Quyidagilar:
(a) Davlat korxonalari uchun birgalikda xarid qilinishi mumkin boʻlgan asosiy tovarlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
(b) Birgalikdagi davlat xaridlarini amalga oshirishning vaqtinchalik tartibi 3-ilovaga muvofiq;
(v) Davlat korxonalarida autsorsing asosida bajarilishi lozim boʻlgan funksiya va xizmatlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
(g) Davlat korxonalarida raqamlashtirish joriy etiladigan jarayonlar va axborot texnologiyalari mahsulotlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Respublika komissiyasiga mazkur farmoyishga 2 — 5-ilovalarga davlat buyurtmachilarining asoslangan takliflaridan kelib chiqib, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
9. Davlat korxonalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlaridan tashqari boshqa hollarda homiylik yordamlarini koʻrsatishni toʻxtatsin.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Oʻzbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamgʻarmasi” AJ hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
(a) 2025-yil 1-dekabrga qadar 2026-yil uchun tegishli korxonalar rahbarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) ishlab chiqib, tasdiqlash uchun aksiyadorlarning umumiy yigʻilishiga kiritsin;
(b) davlat korxonalari boʻyicha eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari tasdiqlangandan soʻng 2026-yil 1-fevralga qadar har bir davlat korxonasi boʻyicha aksiyadorlar kutilmasini tasdiqlasin hamda eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari ijrosini monitoring qilib borish maqsadida Boshqaruv samaradorligi agentligiga kiritsin.
11. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-iyulga qadar korxonada ERP axborot tizimini ishga tushirmagan yoki xarajatlarni qisqartirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarni bajarmagan kompaniya rahbarlarining tegishli oʻrinbosarlari lavozimidan ozod etiladi;
(b) 2026-yil 1-martdan boshlab “UzAssets” AJ boshqaruvidagi strategik yirik davlat korxonalarida:
(i) Buxgalteriya hisobini yuritish axborot tizimida moliyaviy rejalashtirish, xaridlar, shartnomalar ijrosi, gʻaznachilik toʻlovlari, savdo operatsiyalari va komplayens nazorat qilish imkoniyatini beradigan “Yagona gʻaznachilik” axborot tizimi joriy etiladi. Bunda “Yagona gʻaznachilik” axborot tizimi orqali mazkur korxona va ularning tizimidagi korxonalarning barcha daromad va xarajatlari markazlashgan holda amalga oshiriladi;
(ii) ishlab chiqarish va moliyaviy oqimlar, tannarx, investitsiya va kreditlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni onlayn tahlil qilish hamda biznes-reja ijrosini nazorat qilish imkonini beruvchi “Moliyaviy model” elektron dasturi ishga tushiriladi;
(iii) umumiy xizmat koʻrsatish markazlari (Shared Service Centers) faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ular orqali yordamchi xizmatlar va funksiyalar (xaridlar, kadrlar, buxgalteriya, axborot texnologiyalari, yuridik xizmatlar) markazlashtiriladi;
(iv) biznes jarayonlarini avtomatlashtirish maqsadida Bojxona qoʻmitasi, Soliq qoʻmitasi, xarid operatorlari, davlat xaridlari elektron tizimining operatorlari, elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtiruvchi operatorlar, xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklari va boshqa tashkilotlar axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilishga ruxsat beriladi.
III. Farmoyish ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
12. Mahsulot tannarxini kamaytirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun davlat korxonalari ijroiya organlari rahbarlari, kuzatuv kengashlari raislari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga shaxsiy masʼuliyat yuklatilsin.
13. Raqamli texnologiyalar vazirligi bir oy muddatda yirik davlat korxonalari faoliyatida foydalanilayotgan axborot va raqamli mahsulotlarni xatlovdan oʻtkazish, raqamlashmagan jarayonlarni raqamlashtirish boʻyicha dastur ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Hisob palatasi (M. Abdullayev) ikki oy muddatda “UzAssets” AJ bilan birgalikda uning boshqaruvidagi strategik yirik davlat korxonalarida davlat xaridlarini monitoring qilish maqsadida “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimida yangi modulni joriy qilsin.
15. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat korxonalarida mazkur farmoyish doirasidagi vazifalar ijrosida korrupsiyaga qarshi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirsin.
16. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi davlat korxonalarida birgalikda xaridlarni tashkil etish va boshqa belgilangan choralarni amalga oshirish jarayonida raqobat qoidalari buzilmasligini taʼminlasin.
17. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-noyabr,
F-59-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi F-59-son farmoyishiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI
M.R. Abdullayev | — | Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari, Respublika komissiyasi hamraisi |
J.A. Qoʻchqorov | — | Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri, Respublika komissiyasi hamraisi |
J.T. Mirzamahmudov | — | energetika vaziri |
B.F. Islamov | — | togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri |
Sh.X. Shermatov | — | raqamli texnologiyalar vaziri |
I.R. Maxkamov | — | transport vaziri |
X.B. Mustafayev | — | iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari |
A.J. Ortikov | — | Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori |
U.B. Davlatov | — | Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari |
F.M. Xamrayev | — | Hisob palatasi shoʻba mudiri, Respublika komissiyasi kotibi |
Izoh: Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi F-59-son farmoyishiga
2-ILOVA
2-ILOVA
Davlat korxonalari uchun birgalikda xarid qilinishi mumkin boʻlgan asosiy tovarlar
roʻyxati
1. Ofis qogʻozi (turli oʻlchamlardagi yozuv qogʻozlari).
2. Kanselyariya buyumlari (ruchka, daftar va boshqalar).
3. Kompyuterlar va periferiya qurilmalari (monitorlar, printerlar, tashkilot uchun boshqa texnikalar).
4. Nusxa koʻchirish va bosma uskunalari hamda ularning sarf materiallari (kartrij, toner va boshqalar).
5. Maxsus ish kiyimlari va shaxsiy himoya vositalari (formali kiyim-bosh, kaska, qoʻlqop va h.k.).
6. Ofis mebellari (stol, stul, shkaf va boshqalar).
7. Gigiyena va tozalash vositalari (sovun, yuvish va dezinfeksiyalash mahsulotlari).
8. Oziq-ovqat mahsulotlari (xodimlar oshxonasi va umumiy ovqatlanish ehtiyojlari uchun).
9. Yonilgʻi-moylash materiallari (benzin, dizel yoqilgʻisi, motor moylari).
10. Avtotransport vositalari uchun ehtiyot qismlar (shinalar, filtrlar va boshqalar).
11. Qurilish va taʼmirlash materiallari (sement, boʻyoq va boshqalar).
12. Yorugʻlik chiroqlari va elektrotexnika tovarlari (lampochka, kabel, rozetka va boshqalar).
13. Konditsionerlar va ventilyatsiya uskunalari.
14. Aloqa va telekommunikatsiya vositalari (statsionar telefonlar, mobil aloqa qurilmalari).
15. Standart dasturiy taʼminot mahsulotlari uchun litsenziyalar (operatsion tizimlar, ofis dasturlari va boshqalar).
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi F-59-son farmoyishiga
3-ILOVA
3-ILOVA
Birgalikdagi davlat xaridlarini amalga oshirishning vaqtinchalik
tartibi
1. Ikki va undan ortiq davlat korxonalari bir turdagi tovarlar, ishlar, xizmatlarni xarid qilishda auksion, tanlash, tender vositasida birgalikdagi davlat xaridlarini amalga oshirishga haqli.
2. Ikki yoki undan ortiq davlat korxonalari birgalikdagi davlat xaridlarini amalga oshirishi uchun tomonlar oʻrtasida oʻzaro bitim tuzilishi talab etiladi.
Birgalikdagi davlat xaridlarini amalga oshirishda davlat korxonalarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi qonunchilikda belgilangan tartibda tomonlarning kelishuvi bilan tuzilgan bitimga asosan belgilanadi.
3. Birgalikdagi davlat xaridlarining tashkilotchisi sifatida davlat korxonalari oʻrtasida tuzilgan bitimga asosan davlat xaridlarini tashkil etish va oʻtkazish vakolati berilgan davlat korxonalaridan biri belgilanadi. Bitimga quyidagi axborotlar kiritiladi:
(a) bitim tomonlari toʻgʻrisidagi;
(b) birgalikdagi davlat xaridi predmeti, hajmi, yetkazib berish muddati toʻgʻrisidagi;
(v) bitim tomonlarining birgalikdagi davlat xaridlarini amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbalari va miqdorlari toʻgʻrisidagi;
(g) bitim tomonlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi haqidagi;
(d) birgalikdagi davlat xaridlari tashkilotchisi toʻgʻrisidagi;
(j) tashkilotchiga bitimga asosan berilgan vakolatlar toʻgʻrisidagi;
(z) xarid komissiyasini shakllantirish shartlari haqidagi;
(i) xarid qilish hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi;
(k) birgalikdagi davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillari turi va savdolarni oʻtkazish muddatlari haqidagi;
(l) birgalikdagi davlat xaridlarini tashkil etish va oʻtkazish xarajatlarini toʻlash tartibi haqidagi;
(m) bitimning amal qilish muddati haqidagi;
(n) nizolarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi.
Birgalikdagi xaridlarni oʻtkazishda bitimga taraflarning oʻzaro munosabatlarini belgilovchi boshqa axborotlar kiritilishi mumkin.
4. Birgalikdagi davlat xaridlari tashkilotchisi xaridlarni amalga oshirish boʻyicha komissiya tarkibini bitim tomonlari bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi (bundan auksion vositasidagi davlat xaridlari mustasno).
5. Birgalikdagi davlat xaridlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda qonunchilikda belgilangan axborotlarga qoʻshimcha ravishda bitim tomonlarining manzillari, tovarlarni yetkazib berish, ishlarni bajarish va xizmatlarni koʻrsatish manzillari (har bir tomon uchun), toʻlovlarni amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbalari va miqdorlari koʻrsatiladi.
6. Davlat xaridiga doir tender boʻyicha xarid qilish hujjatlari yoki texnik topshiriqlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertizadan oʻtkazilishi talab etilsa, kompleks ekspertizadan oʻtkazish uchun toʻlovlar bitim tomonlari oʻrtasida teng ulushlarda taqsimlanadi.
7. Birgalikdagi davlat xaridlari natijalariga koʻra shartnomalar har bir davlat korxonasi hamda gʻolib oʻrtasida belgilangan tartibda alohida-alohida tuziladi.
8. Ushbu vaqtinchalik tartib birgalikdagi davlat xaridlarini amalga oshirish tartibini belgilovchi tegishli normativ-huquqiy hujjat qabul qilinguniga qadar amal qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi F-59-son farmoyishiga
4-ILOVA
4-ILOVA
Davlat korxonalarida autsorsing asosida bajarilishi lozim boʻlgan funksiya va xizmatlar
roʻyxati
1. Bino va hududlarni tozalash (klining) xizmati.
2. Qorovullik va obyektlarni muhofaza qilish xizmati.
3. Ishchilar ovqatlanishini tashkil etish (keytering) xizmati.
4. Xodimlarni xizmat avtotransporti bilan taʼminlash xizmati (haydovchi bilan birga).
5. Bino va inshootlarni texnik qoʻllab-quvvatlash (santexnika, elektr taʼminoti va boshqa muhandislik xizmatlari).
6. Ishlab chiqarish uskunalariga texnik xizmat koʻrsatish.
7. Axborot texnologiyalari infrastrukturasiga xizmat koʻrsatish (IT-autsorsing).
8. Dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va texnik qoʻllab-quvvatlash xizmati.
9. Buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotni yuritish xizmati.
10. Yuridik maslahat va huquqiy hamrohlik xizmati.
11. Xodimlarni tanlash va ishga qabul qilish (rekruting) xizmati.
12. Ish haqini hisoblash va kadrlar boʻyicha hujjat yuritish xizmati.
13. Marketing, reklama va jamoatchilik bilan aloqalar xizmati.
14. Mijozlar uchun koll-markaz va axborot xizmati.
15. Pochta-kuryerlik va hujjat yetkazib berish xizmati.
16. Poligrafiya va bosmaxona xizmati (matbaachilik va nusxa koʻpaytirish ishlari).
17. Konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarni tashkil etish xizmati.
18. Avtoparkni boshqarish va avtotransportlarga servis xizmati.
19. Laboratoriya sinovlari va sertifikatlash xizmatlari.
20. Ichki audit va konsalting xizmati.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi F-59-son farmoyishiga
5-ILOVA
5-ILOVA
Davlat korxonalarida raqamlashtirish joriy etiladigan jarayonlar va axborot texnologiyalari mahsulotlari
roʻyxati
1. Ombor va zaxiralarni boshqarish axborot tizimi.
2. Maʼlumotlar bazasi va hisobotlarni vizualizatsiya qilish uchun yagona tahliliy tizim.
3. Ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida kuzatib borish va tahlil qilish tizimi (masalan, SCADA/MES platformalari).
4. Kompaniya budjeti va xarajatlarini rejalashtirish hamda tahlil qilish uchun biznes tahlil (Business Intelligence — BI) platformasi.
5. Energiya isteʼmolini monitoring qilish va tejamkorlikni tahlil qilish uchun axborot tizimi.
6. Buxgalteriya va moliyaviy hisobot jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi (buxgalteriya uchun ERP moduli).
7. Xaridlar va tenderlarni elektron tarzda tashkil etish tizimi (elektron xaridlar e-procurement platformasi).
8. Elektron hujjatlar aylanish tizimi (Document Management System).
9. Kadrlar hisobi va maosh boshqaruvi uchun elektron HR-menejment tizimi.
10. Mijozlar bilan ishlash va sotuv jarayonlari uchun CRM (Customer Relationship Management) axborot tizimi.
11. Kompaniyaning veb-sayti va onlayn xizmatlar (raqamli marketing va kommunikatsiya) platformasi.
12. Axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash tizimlari.