Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholini muntazam jamoat transporti xizmati bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Olis hududlardagi aholini jamoat transporti xizmati bilan taʼminlash va jamoat transporti yoʻnalishlari tarmogʻini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasida tumanlar markazlarini olis hududlar bilan bogʻlovchi shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo norentabel muntazam mikroavtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berishga ruxsat berilsin.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan har yili 1-yanvarga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasida tumanlar markazlarini olis hududlar bilan bogʻlovchi norentabel muntazam mikroavtobus yoʻnalishlari (keyingi oʻrinlarda — norentabel mikroavtobus yoʻnalishlari) roʻyxati tasdiqlanadi.
2. Transport vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
norentabel mikroavtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berish boʻyicha davlat xizmatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali joriy etilishini;
YIDXP orqali kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqishni “UzTrans” yagona interaktiv axborot tizimi orqali amalga oshirish imkoniyati yaratilishini taʼminlasin. Bunda:
tashuvchilar norentabel mikroavtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berish yuzasidan YIDXP orqali 2026-yil 1-fevraldan boshlab murojaat qiladilar;
norentabel mikroavtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berishda talab etiladigan maʼlumotlarni (hujjatlarni) koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
3. Norentabel mikroavtobus yoʻnalishlaridan koʻriladigan zararlar, zarur mablagʻlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti parametrlarida nazarda tutgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan har chorak yakuni boʻyicha subsidiya ajratish yoʻli bilan qoplanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-noyabr,
725-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-noyabrdagi 725-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 8-oktabrdagi 630-son qarorida:
a) 4-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasida, istisno tariqasida, tijorat asosida yoʻlovchilar tashish xizmatini koʻrsatadigan va bunga maxsus ruxsatnomasi (litsenziyasi) boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo avtobus va mikroavtobus yoʻnalishida koʻriladigan zarar miqdori 40 foizgacha (40 foiz ham shu jumlaga kiradi) boʻlgan yoʻnalish norentabel yoʻnalish hisoblanadi”;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 6-bandning ikkinchi xatboshisidagi “avtobus yoʻnalishida” soʻzlari “avtobus va mikroavtobus yoʻnalishlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo muntazam avtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlarni qoplab berish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 30-oktabrdagi 718-son qarorining 1-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasida shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo norentabel mikroavtobus yoʻnalishlarida koʻrilgan zararlar Maʼmuriy reglamentda belgilangan tartibda qoplab beriladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.11.2025-y., 09/25/725/1057-son)