O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida mazkur texnologiyalarga asoslangan yechimlarni ishlab chiqishni jadallashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsad
1. Belgilansinki, ushbu qarorni qabul qilishning asosiy maqsadi ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan ustuvor va startap loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish hisoblanadi.
II. Startap loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish
2. Quyidagilar:
(a) sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan Raqamli texnologiyalar vazirligiga:
(i) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PQ-358-son qaroriga asosan 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 50 million AQSH dollari miqdorida foizsiz kredit;
(ii) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoniga asosan beg‘araz asosda 10 million AQSH dollari hamda 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 90 million AQSH dollari miqdorida foizsiz kredit ajratilganligi;
(b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yildagi 14-oktabrdagi PQ-357-son qaroriga asosan venchur jamg‘armalarni moliyalashtiruvchi “Fondlar fondi” hamda IT-park huzurida raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni moliyalashtiradigan “IT Park Ventures” venchur jamg‘armalari tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan, shu jumladan, startap loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 2026-2027-yillarda qo‘shimcha 100 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ quyidagi maqsadlar uchun ajratilsin:
(a) 50 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ beg‘araz asosda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun. Bunda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga ustuvorlik beriladi;
(b) 50 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ teng ulushlarda “Fondlar fondi” va “IT Park Ventures” venchur jamg‘armalari ustav kapitaliga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ulushi sifatida kiritilishi orqali sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun.
4. Belgilansinki:
(a) mazkur qarorning 3-bandida nazarda tutilgan mablag‘lar “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Muvofiqlashtirish komissiyasi) tomonidan taqsimlanadi. Bunda:
(i) tarmoq va hududlar kesimida mablag‘larni taqsimlash yillik smetasi, shu jumladan, loyihalar kesimida moliyalashtirish hajmi Muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan belgilanadi;
(ii) 2025-yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha takliflarni Muvofiqlashtirish komissiyasining ishchi organiga taqdim etadi;
(iii) 2026-yil 1-yanvarga qadar ishchi organ takliflarni saralab, Muvofiqlashtirish komissiyasiga kiritadi;
(iv) “Fondlar fondi” va “IT Park Ventures” venchur jamg‘armalari orqali moliyalashtiriladigan loyihalarning ustuvor yo‘nalishlari va mezonlari Muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan belgilanadi;
(b) loyihalar Muvofiqlashtirish komissiyasi ko‘rsatmasiga asosan quyidagicha moliyalashtiriladi:
(i) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoniga asosan shakllantirilgan reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari bilan tuziladigan shartnomalarga asosan;
(ii) ushbu reyestrda mavjud bo‘lmagan yangi loyihalar bo‘yicha Muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan belgilangan talab va mezonlarga muvofiq keluvchi ishtirokchilar orasida o‘tkaziladigan ochiq tanlov natijalariga ko‘ra;
(v) mazkur qaror doirasida ishlab chiqiladigan axborot tizimi va resurslari texnik hujjatlarining ekspertizasi, istisno tariqasida, barcha ekspertiza organlarida bir vaqtning o‘zida 15 kun muddatda amalga oshiriladi.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
5. Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-oktabr,
PQ-320-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.10.2025-y., 07/25/320/0998-son)