O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI GIDROMETEOROLOGIYA XIZMATI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining Gidrometeorologiya xizmatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2004-yil 14-apreldagi 183-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan ittifoq bo‘ysunishidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga o‘tishi to‘g‘risida” 1991-yil 22-iyuldagi qaroriga muvofiq hamda respublika xalq xo‘jaligining gidrometeorologiya ta’minotini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. SSSR Gidrometeorologiya davlat qo‘mitasining O‘zbekiston Respublika gidrometeorologiya boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi gidrometeorologiya Bosh boshqarmasi (“Boshgidromet”) ga aylantirilsin.
“Boshgidromet” markaziy apparati xodimlarining soni 24 nafardan iborat etib belgilansin (xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni hisobga olinmagan holda).
“Boshgidromet” boshlig‘iga markaziy apparatning tuzilishi va shtat jadvalini xodimlarning belgilangan soni va mehnat haqi fondi doirasida tasdiqlash huquqi berilsin.
“Boshgidromet”ga uch nafar boshliq o‘rinbosariga, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari hamda 7 kishidan iborat hay’atga ega bo‘lishga ruxsat etilsin.
2. SSSR gidrometeorologiya davlat qo‘mitasining V.A.Bugayev nomidagi O‘rta Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot gidrometeorologiya instituti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Eksperimental aerokosmik asbobsozlik maxsus konstruktorlik byurosi “Boshgidromet” ixtiyoriga berilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, “Boshgidromet” quyidagilarni amalga oshiradi:
gidrometeorologiya sohasida tarmoqlararo boshqaruv va respublikaning butun hududida tabiiy muhitning ifloslanishi darajasini kuzatish;
xalq xo‘jaligi davlat boshqaruv organlarining, mudofaa va xavfsizlikning, shuningdek, aholining gidrometeorologiya ta’minoti;
vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan gidrometeorologik va boshqa geofizik jarayonlarga faol ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha olib boriladigan ishlarni nazorat qilish.
4. Belgilab qo‘yilsinki, “Boshgidromet” respublika mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan asosiy ishlar bilan birga xo‘jalik shartnomalari asosida ixtisoslashtirilgan gidrometeorologiya xizmati ko‘rsatish ishlarini bajarishi mumkin.
5. Gidrometeorologiya xizmati tizimida amal qiluvchi quyidagi imtiyozlar “Boshgidromet” xodimlari uchun saqlab qolinsin:
borish qiyin bo‘lgan stansiyalar xodimlarini bepul ovqat bilan ta’minlash;
bepul maxsus kiyim bilan ta’minlash;
vafot etgan yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotgan hollarda muassasa hisobidan sug‘urta qilish;
aviameteorologiya bo‘linmalari xodimlarining imtiyozli yo‘l haqi.
6. “Boshgidromet” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi gidrometeorolgiya Bosh boshqarmasi to‘g‘risidagi Nizom loyihasini va ushbu qarorning 5-bandida ko‘rsatilgan imtiyozlar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarorining O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan loyihasini bir oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
7. O‘zbekiston Respublikasining taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi, O‘zbekiston shartnoma va savdo bo‘yicha davlat-aksionerlik uyushmasi kvotalarni taqsimlashda moddiy-texnika resurslari ajratishni, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi esa “Boshgidromet” ning faoliyat ko‘rsatishi va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun zarur budjet mablag‘lari ajratishni nazarda tutsinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Boshgidromet”ga 2 ta xizmat avtomobilini, shu jumladan, bittasini O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligining umumiy foydalaniladigan tizimidan saqlashga limit ajratsin.
O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi ajratilgan limitga muvofiq “Boshgidromet” ga xizmat transportining xizmat ko‘rsatishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-mart,
110-son