Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Andijon viloyati Asaka tumanidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisida” 2025-yil 1-apreldagi PQ-132-son qaroriga muvofiq Andijon viloyati Asaka tumanidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan samarali foydalanish, sanoatlashgan intensiv bogʻ va uzumzorlar barpo qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish, agrar sohadagi tadbirkorlik subyektlarining tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bogʻ va tokzorlarni barpo qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-son Farmoniga muvofiq respublikada sanoatlashgan yangi intensiv bogʻ va tokzorlarni barpo etish hamda moliyalashtirish boʻyicha yangi tizim joriy etilgani, zaxiradagi yer uchastkalari yangi bogʻlarni barpo etish maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) yoki u tomonidan tanlangan tadbirkorlik subyektiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri ijara huquqi bilan ajratilishi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisida” 2025-yil 1-apreldagi PQ-132-son qarorida Agentlikka yer maydonlari ajratib, intensiv mevali bogʻ va tokzorlar barpo etish hamda lizing orqali aholiga berish belgilangani;
v) Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2025-yil 23-apreldagi 255-son qarori bilan Respublika hududlarida sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bogʻ va tokzorlarni barpo etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Andijon viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining Andijon viloyati Asaka tumanining “Yangiobod” mahalla fuqarolari yigʻinidagi “Bobur” massivi hududida joylashgan va tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan ilovaga muvofiq qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 54,3 gektar yer uchastkasini sanoatlashgan intensiv bogʻ va uzumzor barpo qilish uchun Agentlikka 30 (oʻttiz) yil muddatga ijara huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
3. Andijon viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
ushbu qarorda nazarda tutilgan yer uchastkalarini xatlovdan oʻtkazib, Asaka tumani hokimligi va Agentlik oʻrtasida yer ijara shartnomasi tuzilishini;
belgilangan tartibda yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
yer uchastkalarining chegaralari naturada (joyning oʻzida) belgilanishi taʼminlasin.
4. Agentlik:
ajratilgan yer maydonlarida sanoatlashgan intensiv bogʻ va uzumzor barpo qilish uchun hududning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda meva va uzum navlari tanlanishini taʼminlasin;
loyihaning tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq 2025-yil yakuniga qadar intensiv mevali bogʻ va uzumzorlarni barpo qilib, ularni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda 100 nafar fuqaroga lizing asosida elektron onlayn-auksion savdolari orqali berishni tashkil etsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 5-sentabr,
567-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-sentabrdagi 567-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sanoatlashgan bogʻ va uzumzorlar barpo qilish uchun Andijon viloyati Asaka tumani hokimligi zaxirasida boʻlgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar hisobidan Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga ajratiladigan yer uchastkalari
T/r | Yerdan foydalanuvchi nomi | Yer uchastkasi manzili | Kontur raqami | Umumiy yer maydoni, gektar | Shundan: | |||||
tuman (shahar) nomi | mahalla nomi | sugʻoriladigan ekin yerlari | koʻp yillik daraxtzor | suv osti yerlari | yoʻllar | boshqa yerlar | ||||
1. | Asaka tumani hokimligi | Asaka tumani | “Yangiobod” MFY, “Bobur” massivi | 14 | 7 | 6,4 | 0,2 | 0,2 | 0,2 | |
2. | 19q | 2,6 | 2,6 | |||||||
3. | 26 | 4,7 | 3,9 | 0,3 | 0,1 | 0,2 | 0,2 | |||
4. | 27 | 1,8 | 1,1 | 0,2 | 0,2 | 0,3 | ||||
5. | 28 | 1 | 1 | 0 | ||||||
6. | 29 | 1,4 | 1,4 | 0 | ||||||
7. | 30 | 7,7 | 7,3 | 0,2 | 0,2 | |||||
8. | 31 | 4,8 | 4,4 | 0,1 | 0,1 | 0,2 | ||||
9. | 33 | 16,8 | 15,9 | 0,3 | 0,3 | 0,3 | ||||
10. | 21q | 0,3 | 0,3 | |||||||
11. | 22q | 6,2 | 6,2 | |||||||
Jami: | 54,3 | 50,2 | 1,1 | 1,1 | 0,6 | 1,3 | ||||
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.09.2025-y., 09/25/567/0808-son)