Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan investitsiya faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda investitsiya faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini shakllantirish, sohada samarali nazorat mexanizmlarini yaratish orqali investorlar huquqlari himoyasini taʼminlash hamda biznesni moliyalashtirishda qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib aholidan investitsiya loyihalariga mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha ommalashib borayotgan amaliyotni huquqiy jihatdan tartibga solish, fuqarolar huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlash, shuningdek, investitsiya faoliyatini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirishning shaffof va ishonchli mexanizmlarini joriy etish belgilansin.
II. Investitsiyalarni jalb qilishning muqobil shakllari
2. 2025-yil 1-oktabrdan 2026-yil 1-oktabrga qadar investitsiya platformalaridan “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimida (keyingi oʻrinlarda — maxsus huquqiy rejim) quyidagi yoʻnalishlarda foydalanishga ruxsat berilsin:
(a) qimmatli qogʻozlarni joylashtirish va sotib olishda;
(b) venchur va pay fondlarini moliyalashtirishda;
(v) kommandit shirkatlarga hissa kiritishda.
3. Maxsus huquqiy rejim doirasida:
(a) yuridik shaxs hisoblangan tadbirkorlik subyektlari investitsiya jalb etishni talab etadigan loyihalarini hamda ulushga ega boʻlish orqali tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishga oid takliflarini investitsiya platformalarida joylashtirishga haqli;
(b) investorlar investitsiya platformalarida eʼlon qilingan investitsiya loyihalarini tanlash va ularga mablagʻ kiritish orqali investitsiya faoliyatini amalga oshirish hamda shu orqali foyda olish huquqiga ega;
(v) investitsiya platformalari orqali amalga oshiriladigan loyihalar investitsiya va boshqaruv kompaniyalari orqali ham boshqarilishi mumkin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra investitsiya platformasi orqali kiritilgan investitsiyalar raqamli elektron guvohnomalar bilan tasdiqlanadi va investitsiyalarni jalb etuvchi shaxs nomidan investitsiya platformalari orqali taqdim etiladi.
5. Investitsiya platformalari operatori (keyingi oʻrinlarda — platforma operatori) uchun quyidagi talablar belgilansin:
(a) rezident yuridik shaxs maqomiga ega boʻlishi;
(b) vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladigan maxsus elektron reyestrga kiritilgan boʻlishi;
(v) oʻz faoliyatini vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan qoidalarga muvofiq amalga oshirishi;
(g) investitsiya platformasi orqali rasmiylashtirilgan shartnomalar reyestrini yuritishi.
6. Belgilab qoʻyilsinki, investitsiyalarni jalb etuvchi shaxslar investitsiya loyihalari yoki takliflari bilan bir vaqtda quyidagilarni investitsiya platformasiga joylashtirishi shart:
(a) investitsiya jalb etuvchi shaxslarda toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari mavjud emasligi hamda ular tomonidan oʻtgan moliya yili davomida soliq va buxgalteriya qonunchiligiga rioya etilgani toʻgʻrisidagi auditorlik tashkilotining xulosasi;
(b) investitsiya loyihasini amalga oshirish, uni boshqarishda ishtirok etish hamda investitsiyani qaytarib olish tartibi, kiritilgan investitsiya qayerga yoʻnaltirilishi hamda u orqali investor bevosita yoki bilvosita ega boʻladigan mulk haqidagi maʼlumot, investorning huquq va majburiyatlari hamda xavf-xatarlar yuzasidan axborot.
7. Belgilansinki:
(a) investorlar tomonidan investitsiya platformasi orqali kiritilgan mablagʻlar garov obyekti hisoblanmaydi va boshqa maqsadlarda foydalanilmaydi, shuningdek, platforma operatorlari va uchinchi shaxslar tomonidan va ularning foydasiga undirilmaydi, bundan sud qarori asosida amalga oshiriladigan holatlar mustasno;
(b) jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, norezidentlarga investitsiya platformalari orqali investitsiya kiritishga ruxsat beriladi;
(v) investitsiya platformalari orqali jalb etiladigan mablagʻlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga yoʻnaltiriladi;
(g) investitsiya platformalari orqali kiritilgan investitsiyalar qaytarilishi va rentabelligi uchun toʻliq javobgarlik investitsiyalarni jalb etuvchi shaxs zimmasiga yuklanadi;
(d) investitsiya platformalari orqali investitsiya faoliyatini amalga oshirgan investorlar, ulush yoki hissaga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar tegishlicha “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida”gi qonunlar hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlarga ega boʻladilar va huquqiy himoya vositalaridan toʻliq foydalanadilar;
(j) investitsiya platformalari ishtirokchilarining huquq hamda majburiyatlarini belgilash, oʻzgartirish va toʻxtatish “aqlli shartnomalar” (smart contract) yordamida amalga oshirilishi mumkin.
8. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi platforma operatorlari faoliyati sohasida tartibga solish va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilansin.
9. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi:
(a) platforma operatorlarining faoliyatiga ruxsat berish va ularning faoliyatini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilaydi;
(b) investitsiya platformalari va platforma operatorlarining elektron reyestrlarini yuritadi;
(v) investitsiya platformalari va platforma operatorlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi.
10. Belgilansinki:
(a) investitsiya platformalari orqali investitsiya kiritishga oid bitimlar elektron shaklda tuziladi va investitsiya platformalaridan olingan maʼlumotlar asosida qoʻshimcha hujjatlarsiz real vaqt rejimida Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestriga tegishli yozuv kiritiladi;
(b) ulush egasi va hissadorlar tarkibi oʻzgarishi yuzasidan investitsiya platformalaridagi maʼlumotlar asosida Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilgan kundan boshlab uch oy ichida kommandit shirkatlar taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
11. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi:
2025-yil 1-oktabrga qadar platforma operatorlarining faoliyatiga ruxsat berish va ularning faoliyatini amalga oshirish tartib-taomillarini tasdiqlasin;
2027-yil 1-yanvarga qadar Adliya vazirligi bilan birgalikda maxsus huquqiy rejim doirasida erishilgan natijalar asosida investitsiya platformalarini xorijiy tajribani inobatga olgan holda joriy etish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Adliya vazirligi platforma operatorlari bilan birgalikda investitsiya platformalari “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilinishini va real vaqt rejimida axborot almashuvini taʼminlasin.
13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D.R. Li belgilansin.
14. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-avgust,
PQ-255-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 07/25/255/0764-son)