Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqaro brendlar tovarlarining ayrim turlarini brend egalari yoki ularning vakolatli yetkazib beruvchilari (rasmiy distribyutorlar, dilerlar, ishlab chiqaruvchilarning savdo vakillari va ularning distribyutorlari, litsenziatlari) bilan tuzilgan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida import qiluvchilar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini xalqaro brendlarning sifatli mahsulotlari bilan taʼminlash va mahalliy korxonalarning global qoʻshilgan qiymat zanjirlariga kirishi uchun qoʻshimcha sharoit yaratishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 12-oktabrdagi PQ-393-son qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash hamda xalqaro brendlarning Oʻzbekiston bozoriga kirishida qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 9-martdagi 99-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro brendlar tovarlarining ayrim turlarini brend egalari yoki ularning vakolatli yetkazib beruvchilari (rasmiy distribyutorlar, dilerlar, ishlab chiqaruvchilarning savdo vakillari va ularning distribyutorlari, litsenziatlari) bilan tuzilgan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida import qiluvchilar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilsin:
brendning bozorda kamida 5 yil mavjudligini tasdiqlash toʻgʻrisidagi talabni 3 yil etib belgilash;
brendlar sohasida qonunchilik hujjatlari normalarini oʻzaro muvofiqlashtirish maqsadida mamlakatlar nomini mintaqalarga oʻzgartirish.
2. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-avgust,
506-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-avgustdagi 506-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 9-martdagi 99-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro brendlar tovarlarining ayrim turlarini brend egalari yoki ularning vakolatli yetkazib beruvchilari (rasmiy distribyutorlar, dilerlar, ishlab chiqaruvchilarning savdo vakillari va ularning distribyutorlari, litsenziatlari) bilan tuzilgan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida import qiluvchilar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-bandning yettinchi xatboshisidagi “5” raqami “3” raqami bilan almashtirilsin.
2. 2-ilovaning oʻninchi pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jahonning quyidagi mintaqalaridan kamida ikkitasida — Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq, Sharqiy Osiyoning chakana savdo tarmogʻida brend mahsulotlarining mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar”.
3. 2a-ilovada:
oʻn sakkizinchi pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Brendning bozorda kamida uch yil mavjudligini tasdiqlash”;
yigirmanchi pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jahonning quyidagi mintaqalaridan kamida ikkitasida — Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq, Sharqiy Osiyoning chakana savdo tarmogʻida brend mahsulotlarining mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 09/25/506/0708-son)