Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining
qarori
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oʻrgangan kasb-hunari boʻyicha amaliy imtihondan oʻtkazish va ularga elektron sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 14-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3647]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PQ-53-son “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga oʻqitish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-fevraldagi 78-son “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarni kasb-hunarga oʻqitishda tadbirkorlik subyektlarini jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi qaror qiladi:
1. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oʻrgangan kasb-hunari boʻyicha amaliy imtihondan oʻtkazish va ularga elektron sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. UMAROVA
Toshkent sh.,
2025-yil 11-iyun,
3-mh-son
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
Toshkent sh.,
2025-yil 5-iyun,
08/270-son
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025-yil 11-iyundagi 3-mh-son hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2025-yil 5-iyundagi 08/270-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oʻrgangan kasb-hunari boʻyicha amaliy imtihondan oʻtkazish va ularga elektron sertifikat berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oʻrgangan kasb-hunari boʻyicha amaliy imtihondan oʻtkazish hamda ularga elektron sertifikat (bundan buyon matnda sertifikat deb yuritiladi) berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Kasb-hunarga oʻqitish joriy etiladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining (bundan buyon matnda maktab deb yuritiladi) roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bitiruvchi — maktabning 11-sinfini tamomlaydigan va kasb-hunarni oʻrgangan oʻquvchisi;
sertifikat — kasb-hunarga oʻqitish dasturi doirasida amaliy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga beriladigan elektron hujjat;
elektron platforma — soʻrovnoma va testlar orqali oʻquvchilarning qiziqishlarini aniqlashga moʻljallangan hamda sertifikat shakllanadigan axborot tizimi;
kasbiy taʼlim fani — maktabning 10-11-sinf oʻquvchilarini kasb-hunarga oʻqitish uchun joriy etilgan fan.
2-bob. Kasbiy taʼlim yoʻnalishi boʻyicha amaliy imtihon oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
3. Kasbiy taʼlim yoʻnalishi boʻyicha amaliy imtihon (bundan buyon matnda amaliy imtihon deb yuritiladi) oʻtkaziladigan kun va vaqt maktabning pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi va bu haqida amaliy imtihon boshlanishidan kamida oʻn besh kun oldin hududdagi tegishli kasbiy taʼlim tashkilotiga rasmiy xabar beriladi hamda maktabning eʼlonlar taxtasiga joylashtiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 19-martdagi 3647-son hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 6-martdagi 15-q/q-sonli qarori (roʻyxat raqami 3647-1, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3647-1/0312-son)
4. Amaliy imtihonni oʻtkazish uchun maktab direktorining buyrugʻi bilan kamida 5 kishidan iborat tarkibda amaliy imtihon oʻtkazish komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tuziladi.
5. Komissiya quyidagi tarkibdan iborat boʻladi:
komissiya raisi — maktab direktori (u boʻlmaganda, uning vazifasini bajaruvchi shaxs);
Oldingi tahrirga qarang.
komissiya aʼzolari — maktab direktorining oʻrinbosari (komissiya kotibi), kasbiy taʼlim tashkiloti xodimi, ikki nafar texnologiya fani oʻqituvchilari.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 19-martdagi 3647-son hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 6-martdagi 15-q/q-sonli qarori (roʻyxat raqami 3647-1, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3647-1/0312-son)
Komissiya tarkibiga kasb-hunar yoʻnalishi boʻyicha tadbirkorlar va soha mutaxassislari kiritilishi mumkin.
Komissiya unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Amaliy imtihonning har bir kasb turi boʻyicha baholash mezonlari va amaliy imtihon savollari Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
6. Amaliy imtihon natijalari imtihon yakunlangandan soʻng shu kunning oʻzida eʼlon qilinadi.
7. Amaliy imtihonda uzrli sabablarga koʻra (bitiruvchining yoki yaqin qarindoshining betobligi (tibbiy maʼlumotnoma asosida), yoʻl-transport hodisasi, yaqin qarindoshining vafoti, yaqin qarindoshining nikoh tuzishi, respublika yoki xalqaro olimpiada va tanlovlarda maktab nomidan ishtirok etganligi, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi sababli) ishtirok etmagan yoki amaliy imtihonda 55 ball va undan past natija koʻrsatgan bitiruvchiga amaliy imtihon yakunlangan kundan eʼtiboran Komissiya qaroriga asosan ikki hafta ichida amaliy imtihonni qayta topshirishga ruxsat etiladi.
Bitiruvchi amaliy imtihonni qayta topshirishda 55 ball yoki undan kam ball toʻplasa, unga sertifikat berilmaydi.
8. Uzrsiz sabablarga koʻra amaliy imtihonda qatnashmagan bitiruvchilarga amaliy imtihonni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
3-bob. Baholash mezonlari
9. Amaliy imtihon orqali bitiruvchilarning oʻrgangan kasb-hunar taʼlimi dasturi boʻyicha bilim va kompetensiyalarining shakllanganlik darajasi aniqlanadi.
Amaliy imtihon 10-11-sinf oʻquvchilari oʻrgangan kasbiy taʼlim fani oʻquv dasturlari asosida oʻtkaziladi.
10. Amaliy imtihonda amaliy topshiriqni bajarish uchun har bir kasbning murakkabligi va xususiyatidan kelib chiqib, 120 daqiqagacha vaqt beriladi.
11. Amaliy imtihonda bitiruvchi bitta amaliy topshiriqni bajaradi va umumiy 100 ballik tizimda Komissiya aʼzolari tomonidan quyidagicha baholanadi:
86 — 100 | aʼlo |
72 — 85 | yaxshi |
56 — 71 | qoniqarli |
0 — 55 | qoniqarsiz |
56 va undan yuqori ball toʻplagan bitiruvchi amaliy imtihondan oʻtgan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Amaliy imtihon maktabning kasb-hunar oʻrgatiladigan xonalarida yoki tegishli korxonalarda, kasbiy taʼlim tashkilotlarida ular bilan kelishgan holda tashkil etilishi mumkin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 19-martdagi 3647-son hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 6-martdagi 15-q/q-sonli qarori (roʻyxat raqami 3647-1, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3647-1/0312-son)
13. Amaliy imtihonlarni oʻtkazish uchun maktab imtihon oʻtkazish joyini kerakli jihozlar, oʻlchov asbob-uskunalari, texnik hujjatlar hamda xomashyo materiallari bilan taʼminlaydi.
14. Amaliy imtihon boshlanishidan oldin komissiya aʼzolaridan biri bitiruvchilarni imtihon shartlari, texnik shartlar, baholash mezonlari, vaqt meʼyorlari va xavfsizlik qoidalari bilan tanishtiradi.
4-bob. Sertifikatni shakllantirish
15. Maktabda elektron platformadan foydalanish hamda sertifikatni shakllantirish boʻyicha maktab direktorining buyrugʻi bilan masʼul shaxs belgilanadi.
Masʼul shaxs boshqa ishga oʻtgan taqdirda yoki lavozimidan ozod etilganda, uning oʻrniga tayinlangan yoki vazifasini vaqtincha bajarib turgan shaxsga mazkur vazifa yuklatiladi.
16. Oʻquv yili davomida kasbiy taʼlim fanidan bitiruvchining choraklik baholari kasbiy taʼlim ustasi tomonidan elektron platformaga kiritib boriladi.
17. Har yili 25-iyunga qadar kasbiy taʼlim fanidan amaliy imtihon baholari elektron platformaga kiritiladi hamda maktabning pedagogik kengashi bitiruvchilarga sertifikat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Bitiruvchi haqidagi barcha maʼlumotlar elektron platformaga kiritilganidan soʻng sertifikat avtomatik tarzda shakllanadi hamda maktab va kasbiy taʼlim tashkiloti direktori tomonidan elektron platforma orqali tasdiqlanadi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 19-martdagi 3647-son hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 6-martdagi 15-q/q-sonli qarori (roʻyxat raqami 3647-1, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3647-1/0312-son)
19. Bitiruvchilarga sertifikat har yili 30-iyunga qadar, amaliy imtihonni qayta topshirgan bitiruvchilarga 10-iyulga qadar beriladi.
20. Bitiruvchilar tomonidan sertifikat elektron platforma orqali bepul yuklab olinadi.
21. Maktabda bitiruvchilarga berilgan sertifikatlarning reyestri (sertifikatlarni roʻyxatga olish kitobi) yuritib boriladi.
Reyestrning yuritilishi va saqlanishiga maktab direktori shaxsan javobgar hisoblanadi.
22. Maktabda kasb-hunar oʻrgangan bitiruvchilarga beriladigan sertifikatning tavsifi va davlat namunasi mazkur Nizomning 1 va 2-ilovalarida keltirilgan.
5-bob. Bitiruvchilarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
23. Bitiruvchilarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibi tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mudirining buyrugʻi bilan amaliy imtihon oʻtkazish kunidan kamida 15 kun oldin tasdiqlanadi.
Apellyatsiya komissiyasi 1 nafar tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi xodimi hamda oʻqitilgan kasb-hunar turi boʻyicha 2 nafar malakali mutaxassislardan iborat tarkibda tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga Komissiya aʼzolari kiritilmaydi.
24. Amaliy imtihon natijalaridan norozi boʻlgan bitiruvchilar amaliy imtihon natijasi eʼlon qilingan kunning oʻzida apellyatsiya komissiyasiga yozma shaklda shikoyat arizasi berishi mumkin.
25. Shikoyat arizasi apellyatsiya komissiyasi tomonidan shu kunning oʻzida koʻrib chiqiladi.
Shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan bitiruvchi mazkur shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
26. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
imtihon natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
imtihon natijalariga oʻzgartirish kiritish.
Shikoyat arizasini koʻrishda bitiruvchining imtihonda olgan ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
27. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan bitiruvchiga oʻz qarorini u qabul qilingan kunning oʻzida maʼlum qiladi.
28. Apellyatsiya komissiyasining amaliy imtihon natijalariga oʻzgartirish kiritish va bitiruvchini amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan deb topish toʻgʻrisidagi qarori asosida bitiruvchiga tegishli sertifikat beriladi.
29. Apellyatsiya komissiyasining qarori ustidan bitiruvchi yoki uning qonuniy vakillari (ota-onalar, farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar) yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
6-bob. Yakuniy qoida
30. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oʻrgangan kasb-hunari boʻyicha amaliy imtihondan oʻtkazish va ularga elektron sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida kasb-hunar oʻrgangan bitiruvchilarga beriladigan sertifikatning
TAVSIFI
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida kasb-hunar oʻrgangan bitiruvchilarga beriladigan elektron sertifikat A4 (297x210mm) oʻlchamli koʻrinishga ega.
Uning yuqori qismiga “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI, REPUBLIC OF UZBEKISTAN” soʻzlari 24 shrift hajmida yoziladi va markaziga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining 30 mm diametrli tasviri tushiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Quyi qismiga “SERTIFIKAT” soʻzi koʻk rangda 48 shrift hajmida, “CERTIFICATE” koʻk rangda 24 shrift hajmida yoziladi. Sertifikatda S harfi va sakkizta raqamli tartib raqami va matnlar 14 shrift hajmida yoziladi (familiyasi, ismi, otasining ismi, taʼlim muassasasi soʻzlari 10 shrift hajmida yoziladi). Elektron sertifikat maktab direktori hamda kasbiy taʼlim tashkiloti direktori tomonidan elektron platforma orqali imzolanadi.
(1-ilovaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 19-martdagi 3647-son hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 6-martdagi 15-q/q-sonli qarori (roʻyxat raqami 3647-1, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3647-1/0312-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oʻrgangan kasb-hunari boʻyicha amaliy imtihondan oʻtkazish va ularga elektron sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 19-martdagi 3647-son hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 6-martdagi 15-q/q-sonli qarori (roʻyxat raqami 3647-1, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3647-1/0312-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2025-y., 10/25/3647/0613-son; 04.04.2026-y., 10/26/3647-1/0312-son)