O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
QAMOQQA OLIShGA SANKSIYA BERISh HUQUQINI SUDLARGA O‘TKAZISh TO‘G‘RISIDA
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimi islohotining eng muhim vazifasi insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, avvalo, asossiz jinoiy ta’qib va xususiy hayotga aralashishdan himoyalanish, shaxsiy daxlsizlik huquqlari hamda adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqi samarali muhofaza etilishini ta’minlash hisoblanadi.
So‘nggi yillarda huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, inson huquqlarini samarali himoya qilishning eng muhim kafolati sifatida sud hokimiyatining nufuzini mustahkamlash, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi rolini kuchaytirish borasida muhim ishlar amalga oshirildi.
Sudlarning jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilishi qonunan mustahkamlab qo‘yildi, bu esa ishlarni ko‘rib chiqish sifati oshishini ta’minladi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirdi. Ishlarni ko‘rib chiqishning apellatsiya tartibi joriy etilishi sud xatolarini o‘z vaqtida tuzatish, sud ishlarini yuritishda sansalorlikka yo‘l qo‘ymaslikning muhim kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda. Kassatsiya instansiyasi isloh qilindi: fuqarolar qonuniy kuchga kirgan sud qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda o‘z huquqlarini mazkur instansiyada shaxsan va bevosita himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Sud protsessida ayblov bilan himoyaning huquqiy jihatdan tengligini, ularning tortishuv prinsipini amalga oshirishni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlar yaratildi.
Dastlabki tergov muddatlari ikki yildan bir yilgacha hamda ayblanuvchilarni qamoqda saqlash muddatlari bir yarim yildan 9 oygacha, alohida hollarda esa 1 yilgacha qonun yo‘li bilan qisqartirildi. Shuningdek, ushbu ehtiyot chorasini qo‘llash doirasi cheklandi.
Qonunchilikni, huquqni qo‘llash amaliyotini liberallashtirish bo‘yicha yuqoridagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi sudgacha tergov, odil sudlovning tezkorligi va sifati oshishini, sud protsessi ishtirokchilari huquqlariga rioya etilishining protsessual kafolatlari kengayishini ta’minladi.
Mamlakatda ro‘y berayotgan sudgacha tergovni liberallashtirish dalolati sifatida fuqarolarni qamoqqa olish tariqasidagi ehtiyot chorasidan foydalanish so‘nggi 4 yilning o‘zida ikki baravardan ko‘proqqa qisqardi.
Sud-huquq tizimini yanada liberallashtirishning eng muhim vazifasi sudgacha tergov bosqichida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini samarali himoya qilish bo‘yicha sud vakolatlarini kengaytirish, eng avvalo, qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini prokuratura organlaridan sudlarga o‘tkazishdan iboratdir. Ushbu chora fuqarolarning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik borasidagi konstitutsiyaviy huquqlari himoya qilinishi samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga bu shaxsning huquq va erkinliklari daxlsizligi hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga xech kim haqli emasligi belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga ham to‘la mos keladi.
Ayni vaqtda qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlar vakolatiga o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslari va boshqa qonun hujjatlariga puxta ishlab chiqilgan tegishli o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilganidan; bu sohadagi xorijiy tajriba o‘rganilganidan; sudlar tomonidan qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy, protsessual mexanizmlari ishlab chiqilganidan; sud va huquqni muxofaza qilish organlari tizimi kadrlarini tegishlicha tayyorlash va qayta tayyorlash hamda boshqa tayyorgarlik tadbirlari o‘tkazilganidan keyin izchillik bilan amalga oshirilishi lozim.
Sud-huquq tizimini yanada liberallashtirish, insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq protsessual majburlov choralarini qo‘llashga sanksiya berish huquqi sudlarga bosqichma-bosqich va izchil o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining fuqarolarni sud orqali himoya qilish huquqini belgilovchi 19, 25 va 44-moddalariga muvofiq:
1. Jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi 2008-yil 1-yanvardan e’tiboran sudlar vakolatiga o‘tkazilsin.
Belgilansinki, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qonunda belgilangan boshqa ehtiyot choralarini qo‘llash samarasiz bo‘lgan alohida holatlarda va faqat jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar yoki harbiy sudlar vakolatiga muvofiq ularning qarori bo‘yicha amalga oshirilishi lozim.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslariga, O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunlariga qamoqqa olishga sanksiya berish, qamoqda saqlash muddatlarini uzaytirish tartibi va jarayonlarini belgilovchi, shuningdek sudgacha ish yuritish bosqichida insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish, uning daxlsizligini ta’minlash borasida qo‘shimcha kafolatlarni belgilovchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar tayyorlasin. Shu bilan birga mazkur Farmonning 1-bandiga muvofiq nafaqat qonunlar va qonun osti hujjatlari, balki idoraviy huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan norma va normativlar ham qayta ko‘rib chiqilishi zarur.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, moliya, iqtisodiyot, adliya, ichki ishlar vazirliklari, Bosh prokuraturasi, Milliy xavfsizlik xizmati hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi ikki oy muddatda qamoqqa olishga sanksiya berish bo‘yicha prokuratura organlarining vakolatlari sudlarga o‘tkazilishini hisobga olib, umumiy yurisdiksiya sudlarini tashkiliy-kadrlar jihatdan ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid takliflar tayyorlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi adliya, ichki ishlar vazirliklari, Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Milliy xavfsizlik xizmati sud qaroriga binoan qamoqqa olish tartibi joriy etilishi munosabati bilan sudyalar hamda prokuratura organlari, IIV va MXX tergov bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
5. Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining muhokamasiga kiritilsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. Xudaybergenov zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 8-avgust,
PF-3644-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 32-33-son, 242-modda)