Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishni yangi tizim doirasida tashkil etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-son Farmoniga muvofiq qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan oqilona foydalanishning samarali tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida “Qishloq xoʻjaligida yer islohotlarini amalga oshirish loyiha ofisi” (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofisi);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari huzurida “Ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligi yerlariga xizmat koʻrsatish direksiyasi” tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining boshqaruv xodimlari shtat birliklari doirasida yuridik shaxs boʻlmagan holda Loyiha ofisi tashkil etiladi.
Bunda mehnatga haq toʻlash miqdorlari hamda lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlari boʻyicha Loyiha ofisi rahbari — Iqtisodiyot va moliya vazirligining boʻlim boshligʻiga, mutaxassis xodimlari — vazirlikning tegishli mutaxassislariga tenglashtiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki hafta muddatda Loyiha ofisi toʻgʻrisidagi nizomni hamda uning tuzilmasi va shtat birliklarini tasdiqlasin.
3. Quyidagilar Loyiha ofisining asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligi yerlariga xizmat koʻrsatish direksiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yangi tizim samaradorligini tahlil qilib borish;
davlat dasturlari doirasida ajratilishi belgilangan imtiyozli kreditlardan foydalanishda ijarachilarga har tomonlama koʻmaklashish;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini sotishdan haqiqatda tushgan mablagʻlar hisobini yuritish va ularning belgilangan tartibda maqsadli sarflanishini taʼminlash;
zaruratga koʻra 2025-yilning kuzgi ekish mavsumi va undan keyingi davrlarda boshqa hududlarda yangi tizim joriy etiladigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari roʻyxatini shakllantirish;
xorijiy tajribalarni oʻrgangan holda sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini elektron onlayn-auksion savdoda sotishdan tushgan mablagʻlardan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Loyiha ofisi toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadigan maqsadlarda foydalanish;
yer islohotlarini davom ettirish, ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish, xususan, sohada innovatsiyalarni joriy qilish maqsadida xorijiy ekspertlarni jalb qilish.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent, Fargʻona, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari muassisligida tashkil etiladigan “Ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligi yerlariga xizmat koʻrsatish direksiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatining namunaviy tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent, Fargʻona, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda:
2025-yil 10-iyunga qadar “Ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligi yerlariga xizmat koʻrsatish direksiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
2025-yil 15-iyunga qadar Loyiha ofisi tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy nizom asosida Direksiyalar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin;
2025-yil 1-iyulga qadar 5 ta shtat birligidan iborat Direksiya faoliyatini yoʻlga qoʻysin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
Direksiya direktori tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi hamda lavozimdan ozod qilinadi;
Direksiyalar faoliyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Loyiha ofisiga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosariga hisobdor hisoblanadi;
Direksiyaga budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilish vakolati beriladi.
7. Quyidagilar Direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga oluvchilarning ijara shartnomasida belgilangan huquqlardan amalda foydalanishini kafolatlash;
suv yetkazib berish limitlariga rioya qilinmasligi natijasida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga oluvchilarga yetkazilgan zararni darhol qoplab berish va keyinchalik ushbu mablagʻlarni suv yetkazib beruvchi tashkilotlardan regress tartibda undirib olish;
oʻz tanloviga koʻra ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning sugʻorish tizimlarini yaxshilash, elektr energiyasi taʼminoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, texnikalar harakati uchun ichki xoʻjalik yoʻllarining holatini yaxshilash kabi ishlarga mablagʻ ajratish, ushbu tadbirlarda buyurtmachi vazifasini bajarish;
Direksiyaga ijara huquqi asosida berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasini yoki uning bir qismini mahalliy va chet ellik investorlar, shu jumladan, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ikkilamchi ijaraga berish (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz);
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga oluvchilarga yerdan foydalanish boʻyicha koʻmaklashish va ularning faoliyatini doimiy tahlil qilib borish hamda samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
2025-yilning kuzgi ekish mavsumini va undan keyingi davrlarni yangi tizim doirasida tashkil qilish istagi boʻlgan qishloq xoʻjaligi subyektlari hamda tuman hokimliklari zaxirasidagi boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari roʻyxatini shakllantirish va elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish uchun takliflar kiritish;
sohaga ilgʻor innovatsiya texnologiyalarini faol joriy etish maqsadida investitsiyalarni, shuningdek, xorijiy hamda mahalliy mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilish.
8. Direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini elektron onlayn-auksion savdolarida sotishdan tushgan mablagʻlarning 25 foizi (operator xarajatlari chegirib qolingan holda);
suv yetkazib berish limitlariga rioya qilinmasligi natijasida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga oluvchilarga yetkazilgan zararni qoplab berish uchun regress tartibda undirib olingan mablagʻlar;
hisobvaraqda vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni depozitga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari hamda texnik koʻmak mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
9. Direksiyaning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻidagi mablagʻlari Loyiha ofisi bilan kelishilgan holda quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
suv yetkazib berish limitlariga rioya qilinmasligi natijasida yer uchastkasini ijaraga oluvchiga yetkazilgan zararni qoplab berish;
ijaraga berilgan yerlarning sugʻorish tizimlarini yaxshilash, elektr energiyasi taʼminoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, texnikalar harakati uchun ichki xoʻjalik yoʻllari holatini yaxshilash ishlarini moliyalashtirish;
jalb qilingan xorijiy hamda mahalliy mutaxassislar va ekspertlarning mehnatiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda haq toʻlash;
Direksiyaning joriy faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan, ularga tegishli bino va inshootlarni saqlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash, shuningdek, mebel, aloqa vositalari, kompyuter texnikalari va boshqa zarur inventarlar bilan taʼminlash.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorda nazarda tutilgan tizim doirasida amalga oshirilgan ishlar natijalariga koʻra ushbu tizimni respublikaning boshqa hududlarida joriy qilish toʻgʻrisida 2026-yil 1-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent, Fargʻona, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-may,
332-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-maydagi 332-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligi yerlariga xizmat koʻrsatish direksiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatining
NAMUNAVIY TUZILMASI

Izoh. Boshqaruv xodimlarining umumiy soni 5 nafar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.05.2025-y., 09/25/332/0475-son)