O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining
buyrug‘i
Davlat ijrochilarini ijro yig‘imi hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 19-mayda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3624]
O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-son “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Davlat ijrochilarini ijro yig‘imi hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Bosh prokuror N. YO‘LDOSHEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-may,
26-B-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2025-yil 14-may
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2025-yil 14-maydagi 26-B-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Davlat ijrochilarini ijro yig‘imi hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining (bundan buyon matnda Byuro deb yuritiladi) davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodimlarini ijro yig‘imi hisobidan moddiy rag‘batlantirish (bundan buyon matnda moddiy rag‘batlantirish deb yuritiladi) tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Moddiy rag‘batlantirish sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishni ta’minlash samaradorligini oshirish maqsadida qarzdordan undirilgan ijro yig‘imining bir qismini davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodimlarga ajratma sifatida qoldirish orqali amalga oshiriladi.
2. Moddiy rag‘batlantirish qonuniylik, adolatlilik, xolisonalik va oshkoralik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Moddiy rag‘batlantirish asoslari
3. Davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodimlarga beriladigan moddiy rag‘batlantirish miqdorlari Ijro ishi yurituvlari yagona elektron bazasi (bundan buyon matnda dasturiy ta’minot deb yuritiladi) orqali avtomatik tarzda har oy yakuni bo‘yicha hisoblab boriladi.
4. Moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari davlat ijrochisi va davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodimlarning ish yurituvida bo‘lgan tamomlangan ijro ishlaridan oy davomida to‘lov tizimlari orqali undirilgan ijro yig‘imining bir qismini ajratish orqali amalga oshiriladi.
Bunda, ijro yig‘imining to‘g‘ri va haqqoniy qo‘llanilishi, taqsimlanishi va o‘tkazilishiga davlat ijrochisi va davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodim mas’ul hisoblanadi.
5. Moddiy rag‘batlantirish qisman yoki soddalashtirilgan tartibda undiruv amalga oshirilgan, ijrosi to‘xtatilgan yoxud kechiktirilgan, shuningdek boshqa hududga yuborilgan hamda ijrosiz qaytarilgan ijro ishlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
6. Ayrim toifadagi qarzdorlardan undiriladigan ijro yig‘imi ajratma sifatida qoldirilmaydi yoki ajratilmaydi. Bunday toifadagi qarzdorlar ro‘yxati Byuro direktori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
7. Xizmat safaridagi yoki rotatsiya qilingan davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodimlarga moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari ishlab turgan hudud hamda muqaddam ishlagan hududdagi ish yurituvidagi ijro ishlarining natijalari inobatga olgan holda hisoblanadi.
Bunda, xizmat safaridagi yoki rotatsiya qilingan davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodimlarning ishlab turgan hudud hamda muqaddam ishlagan hududdagi amalga oshirgan ijro ishlari dasturiy ta’minotda hisoblab boriladi.
3-bob. Moddiy rag‘batlantirish tartibi
8. Moddiy rag‘batlantirish har oy yakuni bo‘yicha Byuro direktori va hududiy boshqarma boshlig‘ining buyrug‘iga asosan keyingi oyning 10 sanasiga qadar amalga oshiriladi.
9. Moddiy rag‘batlantirish uchun xarajatlar Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasiga kelib tushgan ijro yig‘imi mablag‘larining 10 foizi miqdoridagi ajratma hisobidan amalga oshiriladi.
10. Moddiy rag‘batlantirish xarajatlari uchun ajratma mulkiy xarakterga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha quyidagi miqdorlarda taqsimlanadi:
1) Byuroning markaziy apparatida:
ajratmaning 80 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining uch baravaridan oshmagan miqdorda bevosita ijro yig‘imini undirgan davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodimga;
ajratmaning 20 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining uch baravaridan oshmagan miqdorda davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan boshqa xodimlarga;
2) Byuroning hududiy boshqarmalarida:
ajratmaning 80 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining uch baravaridan oshmagan miqdorda bevosita ijro yig‘imini undirgan davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodimga;
ajratmaning 20 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining uch baravaridan oshmagan miqdorda boshqa davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodimlarga;
3) Byuroning tuman (shahar) bo‘limlarida:
ajratmaning 80 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining to‘rt baravaridan oshmagan miqdorda bevosita ijro yig‘imini undirgan davlat ijrochisiga;
ajratmaning 20 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining to‘rt baravaridan oshmagan miqdorda Byuroning tuman (shahar) bo‘limlari boshqa davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodimlariga.
Mazkur bandda ko‘rsatilgan xodimlarni rag‘batlantirishning umumiy miqdori 1 va 2-kichik bandlari bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining uch baravaridan, 3-kichik bandi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining to‘rt baravaridan oshmaydi.
Moddiy rag‘batlantirish xarajatlari uchun ajratmaning 20 foizi qo‘llaniladigan boshqa davlat ijrochilari va davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodimlarning lavozimlari ro‘yxati Byuro direktori tomonidan tasdiqlanadi.
11. Mulkiy xarakterga ega bo‘lmagan ijro hujjatlari bo‘yicha undirilgan ijro yig‘imidan ajratma davlat ijrochisiga to‘liq miqdorda, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining to‘rt baravaridan oshmagan miqdorda yo‘naltiriladi.
12. Ijro yig‘imini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilganda, ijro yig‘imini qaytarish xarajatlari keyingi davr uchun to‘lanadigan ajratma hisobidan qayta hisob-kitob qilinadi.
Davlat ijrochisi va davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodim prokuratura organlari tizimidan bo‘shatilgan va u bilan yakuniy hisob-kitob amalga oshirilmagan bo‘lsa, ijro yig‘imini qaytarish xarajatlari yakuniy hisob-kitob davrida ushlab qolinadi hamda agar u bilan yakuniy hisob-kitob amalga oshirilgan bo‘lsa, xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda undiriladi.
13. Moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan to‘lovlar jumlasiga kiradi va intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida ham qo‘llaniladi.
14. Moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari davlat ijrochisi va davlat ijrochisi maqomiga ega bo‘lgan xodim dasturiy ta’minotga noto‘g‘ri ma’lumotlar kiritganligi aniqlanganda yoki bir oydan ortiq vaqt mobaynida asosiy vazifasiga kirishmaganda (o‘quv muassasasida tahsil olayotgan, homiladorlik, tug‘ish va bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan, kasalligi sababli davolanayotgan yoki boshqa hollarda) qo‘llanilmaydi.
4-bob. Yakuniy qoida
15. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.05.2025-y., 10/25/3624/0452-son)