Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 4589-KG-TJ-2025-D tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi, keyingi oʻrinlarda “Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
2000-yil 15-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi Shartnoma hamda 2018-yil 17-avgustda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida strategik sheriklik toʻgʻrisidagi Shartnomaning oʻzbek-tojik munosabatlaridagi muhim ahamiyatini eʼtirof etgan holda,
Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini taʼminlash yoʻlida har tomonlama mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga intilib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, Xelsinki Yakunlovchi akti hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining boshqa asosiy hujjatlari maqsad va prinsiplari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga sodiq ekanliklarini tasdiqlab,
har bir Oliy Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunchiligi qoidalariga asoslanib,
doʻstlik, ahil qoʻshnilik va oʻzaro hurmatning buzilmas prinsiplariga asoslangan ikki mamlakat xalqlarining koʻp asrlik tarixiy, maʼnaviy va madaniy mushtarakligidan kelib chiqib,
davlatlararo muloqotda erishilgan yuqori daraja, shuningdek, keng qamrovli ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda kuzatilayotgan ijobiy dinamikani qayd etib,
tenglik, oʻzaro hurmat, ishonch hamda qoʻllab-quvvatlash prinsiplariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga qatʼiy sodiqlikni tasdiqlab,
ikki tomonlama munosabatlarni siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda yanada kompleks rivojlantirish istagida,
2022-yil 2-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida abadiy doʻstlikni mustahkamlash va ittifoqchilik toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaga sodiqliklarini qayd etib,
ikki tomonlama munosabatlarni ikkala birodar davlatning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlariga mos boʻlgan, oʻzbek-tojik strategik sherikligi salohiyatini toʻliq namoyon etishga xizmat qiladigan, shuningdek, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashdagi asosiy omil hisoblangan ittifoqchilik munosabatlarining yangi darajasiga olib chiqishga intilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Shartnomaga muvofiq uzoq muddatli asosda ittifoqchilik munosabatlarini oʻrnatadilar va rivojlantiradilar, Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi hududlarida yashovchi xalqlar oʻrtasidagi abadiy doʻstlik aloqalarini mustahkamlaydilar.
2-modda
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari har tomonlama hamkorlik, ishonch, tenglik va milliy manfaatlarni oʻzaro hisobga olish, bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, mustaqillik, suverenitet, hududiy yaxlitlik va davlat chegaralarining buzilmasligini oʻzaro hurmat qilish, shuningdek, oʻzaro majburiyatlarni vijdonan bajarish asosida oʻrnatiladi.
3-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri uning hududi, resurslari, kommunikatsiya tizimlari va boshqa infratuzilmasidan bir-biriga qarshi agressiya, qurolli yoki boshqa dushmanona harakatlarga tayyorgarlik koʻrish yoki ularni amalga oshirish, shuningdek, boshqa Oliy Ahdlashuvchi Tomonning davlat suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga zarar yetkazish maqsadida foydalanilishiga yoʻl qoʻymaydi.
4-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va, eng avvalo, suverenitet, hududiy yaxlitlikni taʼminlash va davlatlar chegarasi buzilmasligiga rioya qilish asosida mintaqaviy mojarolarni tinchlik yoʻli bilan maslahatlashuvlar orqali hal etishga koʻmaklashish maqsadida harakat qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mojarolarning oldini olish va tartibga solish hamda xavfsizlik va barqarorlikning mintaqaviy va global muammolarini hal etishdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy rolini yanada mustahkamlash tarafdori ekanliklarini tasdiqlaydilar.
5-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar qandaydir shaklda bir-biriga qarshi qaratilgan bloklar yoki ittifoqlarda, shuningdek, qandaydir harakatlar yoki bunday harakatlarni qoʻllab-quvvatlashdan saqlangan holda, xalqaro tashkilotlarning qarorlarida ishtirok etmaslik majburiyatini tasdiqlaydilar.
6-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Davlat chegarasini demarkatsiya qilish boʻyicha hamkorlikdagi ishni davom ettirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi Davlat chegarasi ikki birodar mamlakat va xalqlarning abadiy doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik chegarasi boʻlib qolishi uchun choralar koʻradilar.
7-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Oliy Ahdlashuvchi Tomonning manfaatlariga tahdid qiluvchi, Davlat chegarasi hududidagi tinchlik va barqarorlikka putur yetkazuvchi, shuningdek, atrof-muhitga va inson sogʻligiga zarar yetkazuvchi hech qanday faoliyatni olib bormaydilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining milliy qonunchiliklariga muvofiq chegara idoralarining harbiy xizmatchilari, maxsus xizmat, bojxona va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, shuningdek, Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar fuqarolarining gʻayrihuquqiy harakatlari yoki harakatsizliklari va ular orqali kelib chiqadigan oqibatlarning oldini olish boʻyicha barcha zaruriy choralarni koʻradilar.
8-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzbek-tojik koʻp qirrali hamkorligini yanada mustahkamlash maqsadida “parlament diplomatiyasi”ni, ikki davlat parlamentlarining doʻstlik guruhlari yoʻnalishida, shuningdek, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasida yaqindan hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
9-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni chuqurlashtiradilar, ilmiy ishlab chiqarish kooperatsiyasini sifat jihatdan yangi darajaga koʻtaradilar, shuningdek, ikki tomonlama, mintaqaviy va koʻp tomonlama platformalarning salohiyatidan faol foydalanadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida mintaqalararo hamkorlikning muhim salohiyatini namoyon etishga koʻmaklashishda davom etadilar.
10-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro bogʻliq transport tizimini yanada rivojlantirish, oʻzlarining hududlari orqali oʻtadigan xalqaro transport yoʻlaklarining xavfsizligi va uzluksiz ishlashini taʼminlash, shuningdek, transport koridorlarining tranzit salohiyatini oshirish uchun zarur boʻlgan huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro avtomobil qatnovlari sohasida yaqindan hamkorlik qiladilar, milliy avtotashuvchilar, tovarlarni tranzit tashish jarayonlarini soddalashtirish, ikki mamlakat yoki uchinchi davlat bozorlariga mahsulotlarni oʻz vaqtida yetkazib berishni taʼminlovchi transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun maʼqul sharoitlarni yaratadilar.
11-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini hisobga olgan holda, Markaziy Osiyo davlatlararo manbalarining suv resurslaridan oqilona, odilona va oʻzaro manfaatli foydalanish yoʻlida hamkorlik qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar suv resurslari, energetika, ekologiya va Orol dengizi havzasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi sohalarida mintaqa mamlakatlari hamkorligini chuqurlashtirish uchun Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasining tashkiliy tuzilmasi va normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish zarurligini taʼkidlaydilar.
12-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlararo manbalarda oʻzaro manfaatli boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarini qurish va ularni ekspluatatsiya qilish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni bunday obyektlarni qurish va ularni ekspluatatsiya qilishning umumeʼtirof etilgan qoidalari va standartlarini inobatga olgan holda amalga oshiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan suv va gidroenergetika inshootlarining muvofiqlashtirilgan ekspluatatsiyasidagi foydani eʼtirof etib, mavjud va qurilayotgan gidroenergetika inshootlarining Markaziy Osiyo mintaqasidagi daryolar havzalarida suv-energetika masalalarini hal qilish va iqlim barqarorligiga erishishdagi ahamiyatini qayd etadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz iqtisodiyoti va aholisini barqaror va ishonchli suv va energiya taʼminoti bilan taʼminlashga qaratilgan suv-energetika sohasida qoʻshma va muvofiqlashtirilgan harakatlar olib borilishini taʼminlaydilar.
13-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlari ishtirokchi boʻlgan ikki tomonlama va koʻp tomonlama xalqaro shartnomalarga muvofiq harakat qilgan holda, mintaqada ekologik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha birgalikda harakat qiladilar, atrof-muhit va suv resurslarini himoya qilish, tabiatdan oqilona foydalanish uchun zaruriy choralarni qoʻllaydilar, oʻz hududlari va aholi hayotiga xavf tugʻdiruvchi transchegaraviy tabiiy va texnogen xususiyatga ega boʻlgan favqulodda vaziyatlarda oʻzaro yordam koʻrsatadilar.
14-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mintaqaviy yaqinlashuv va mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlik gʻoyalarini ilgari surgan holda Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash maqsadida tashqi siyosat sohasida yaqindan hamkorlik qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Markaziy Osiyo Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini umummintaqaviy tusdagi masalalarni kompleks muhokama qilish va konstruktiv ravishda hal qilish uchun afzal mexanizm deb hisoblaydilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Markaziy Osiyo Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini takomillashtirish yoʻlida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va ushbu maydon salohiyatidan toʻlaqonli darajada foydalanish uchun barcha ishtirokchi-davlatlarning manfaatlarini qatʼiy hurmat qilish asosida maqsadli ish olib boradilar.
15-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar BMT, SHHT, MDH, IHT, EHT, OHICHK, YEXHT hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar va forumlar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga boʻlgan oʻzaro intilishlarini taʼkidlaydilar.
16-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zona yadro qurolini tarqatmaslik tartibini mustahkamlash, yadro energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda hamkorlikni rivojlantirish, radioaktiv zararlanishdan aziyat chekkan hududlarni ekologik reabilitatsiya qilishda hamkorlikni rivojlantirish hamda mintaqaviy va xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash yoʻlida alohida muhim qadam ekanligiga ishonch bildirgan holda, 2006-yil 8-sentabrda Semipalatinsk shahrida imzolangan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zona toʻgʻrisidagi Shartnoma qoidalariga sodiq ekanliklarini tasdiqlaydilar va Markaziy Osiyo mintaqasining yadrodan holi maqomini yanada mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettiradilar.
17-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining milliy qonunchiliklari va xalqaro majburiyatlariga muvofiq xavfsizlikning yangi xavf-xatarlari va tahdidlariga, jumladan, xalqaro terrorizm, ekstremizm, noqonuniy migratsiya, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular prekursorlari, tez taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarning noqonuniy muomalasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va boshqa chaqiriqlar, shuningdek, xalqaro xavfsizlik, xususan, kibermakondagi tahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarini muvofiqlashtiradilar va birlashtiradilar.
18-modda
Tomonlar xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi sohasida munosabatlarni rivojlantirishga intiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining xalqaro majburiyatlari va qonunchiligiga muvofiq inson huquqlari va asosiy erkinliklarini amalga oshirishga koʻmaklashishda hamkorlik qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining xalqaro majburiyatlari va qonunchiligiga muvofiq bir Oliy Ahdlashuvchi Tomon fuqarolari va yuridik shaxslarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini bir Oliy Ahdlashuvchi Tomon hududida kafolatlovchi taʼsirchan choralar koʻradilar.
19-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar xavfsizlikni taʼminlash, tinchlik va barqarorlikni saqlash maqsadida mavjud xalqaro-huquqiy majburiyatlar va oʻz qonunchiliklari qoidalarini inobatga olgan holda harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirishga intiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz qurolli kuchlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni, shu jumladan, qoʻshma tezkor va jangovar tayyorgarlik tadbirlarini oʻtkazish, shuningdek, harbiy sohada kadrlar va mutaxassislar salohiyatini oshirish masalalarida chuqurlashtiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fikriga koʻra, uchinchi davlatlar tarafidan qurolli hujum xavfini tugʻdiruvchi vaziyat yuzaga kelgan holda, Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlari bilan ham ikki tomonlama asosda, ham ular ishtirokchi boʻlgan xalqaro tashkilotlar doirasida uni tinch yoʻl bilan hal etishga koʻmaklashuvchi choralarni koʻrish maqsadida zudlik bilan tegishli maslahatlashuvlarni oʻtkazadilar.
20-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar xalq diplomatiyasini rivojlantirishga, ikki mamlakat xalqlarining maʼnaviy va madaniy yaqinligini saqlashga, fan, taʼlim, tibbiyot, yoshlar siyosati, sport, madaniyat, madaniy meros, turizm sohalarida oʻzaro aloqalarni chuqurlashtirishga har taraflama koʻmaklashadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Tojikiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan oʻzbeklar va Oʻzbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan tojiklar uchun ona tilini saqlash va rivojlantirish, shu jumladan, ona tilida oʻrta, professional va oliy taʼlim olish, shuningdek, milliy madaniyati, anʼana va qadriyatlar borasida qulay shart-sharoitlarni yaratadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ijodiy uyushmalar va birlashmalar, madaniyat, adabiyot, fan, taʼlim va sanʼat arboblari oʻrtasida tarixiy shakllangan munosabatlar va aloqalar asosida umumiy madaniy-gumanitar makonni saqlash va mustahkamlash uchun shart-sharoitlarni taʼminlaydilar.
21-modda
Har bir Oliy Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Oliy Ahdlashuvchi Tomonning yuridik va jismoniy shaxslarining mulk huquqi va mulki himoya qilinishini kafolatlaydi.
22-modda
Mazkur Shartnoma uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan va Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ishtirokchi hisoblangan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
23-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Shartnoma qoidalarini amalga oshirish maqsadida, zarur hollarda, alohida xalqaro shartnomalar tuzadilar.
24-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan mazkur Shartnomaga uning ajralmas qismi boʻlgan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan va mazkur Shartnomaning 26-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
25-modda
Mazkur Shartnomani amalga oshirishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
26-modda
Mazkur Shartnoma ratifikatsiya qilinadi va uning ratifikatsiya yorliqlari almashilgan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mazkur Shartnoma Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Oliy Ahdlashuvchi Tomonning yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan boshlab oʻn ikki oy oʻtgunga qadar oʻz kuchida qoladi.
Dushanbe shahrida 2024-yil 18-aprelda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng kuchga ega.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Shartnoma qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)