OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
QARORI
“Qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 21-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3205-4]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2019-yil 28-sentabrdagi 24/5-son “Qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3205, 2019-yil 19-dekabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2019-y., 10/19/3205/4177-son) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-aprel,
7/4-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 2-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 8-apreldagi 7/4-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Qarorda:
a) nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”;
b) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.”.
2. Nizomda:
a) nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom”;
b) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom mikromoliya tashkiloti va lombard (bundan buyon matnda nobank kredit tashkiloti deb yuritiladi) tomonidan qarz oluvchi jismoniy shaxslarga kreditlar (mikroqarzlar) ajratilayotganda qarz yuki koʻrsatkichini hisoblash tartibi va uning ruxsat etilgan miqdorini, shuningdek nobank kredit tashkiloti tomonidan jismoniy shaxslarga ajratiladigan kredit (mikroqarz) boʻyicha kunlik eng yuqori foiz stavkalarini belgilaydi.”;
d) 1-bandda:
ikkinchi xatboshi “kredit tashkilotiga” degan soʻzlardan oldin “nobank” degan soʻz bilan toʻldirilsin;
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qarz beruvchi — bank, nobank kredit tashkiloti, mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi toʻlov tashkiloti va tovar isteʼmol kreditlarini beruvchi tashkilot;”;
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oʻrtacha oylik toʻlovlar miqdori — qarz oluvchining kredit (mikroqarz) ajratish toʻgʻrisida qarz beruvchi tomonidan koʻrib chiqilayotgan murojaati (murojaatlari) hamda uning barcha qarz beruvchilar bilan tuzilgan kredit (mikroqarz) shartnomalari, shuningdek qarz oluvchi kafil va/yoki birgalikda qarz oluvchi sifatida ishtirok etadigan kredit (mikroqarz) shartnomalari boʻyicha toʻlovlarning oʻrtacha oylik qiymati;”;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“kreditni qayta moliyalashtirish — qarz oluvchining boshqa qarz beruvchilardan olgan kreditini (mikroqarzini) soʻndirish maqsadida nobank kredit tashkiloti tomonidan maqbul shartlar asosida kredit (mikroqarz) berilishi;”;
sakkizinchi xatboshi toʻqqizinchi xatboshi deb hisoblansin;
toʻqqizinchi xatboshidagi “shaxslar” degan soʻz “shaxs” degan soʻz bilan almashtirilsin;
e) 2-bandda:
birinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
ikkinchi — oltinchi xatboshilar tegishli ravishda birinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qarz yuki koʻrsatkichi har bir qarz oluvchiga nobank kredit tashkiloti tomonidan kredit (mikroqarz) ajratishda, shu jumladan mazkur kredit (mikroqarz) boʻyicha oʻrtacha oylik toʻlovlar miqdorini oshirish (bundan shartnomada belgilangan oʻzgaruvchan foiz stavkasi oshishi munosabati bilan toʻlovlar miqdorining oshirilishi holatlari mustasno), kreditlash limitini oshirish hamda muddatni uzaytirish va boshqa qarz beruvchining kreditga (mikroqarzga) doir huquqlarini (talablarini) sotib olish yoki kreditni qayta moliyalashtirishga oid qaror qabul qilinganda (bundan buyon matnda kredit (mikroqarz) ajratish deb yuritiladi) hisoblanishi lozim.”;
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
uchinchi xatboshidagi “mikromoliya tashkiloti va lombard” degan soʻzlar “nobank kredit tashkiloti” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
f) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Nobank kredit tashkiloti tomonidan boshqa qarz beruvchining kreditga (mikroqarzga) doir huquqlari (talablari) sotib olinayotganda yoki kredit qayta moliyalashtirilayotganda, qarz yuki koʻrsatkichi hisob-kitobida qarz oluvchining mazkur kredit (mikroqarz) boʻyicha toʻlovlari takroran hisobga olinmaydi.”;
g) 4-bandda:
uchinchi xatboshidagi “qarz beruvchi” va “kreditorlar” degan soʻzlar tegishli ravishda “nobank kredit tashkiloti” hamda “qarz beruvchilar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshi “amalda boʻlgan” degan soʻzlardan keyin “barcha” degan soʻz bilan toʻldirilsin;
h) 41-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“41. Kredit (mikroqarz) shartnomasiga asosan uni soʻndirish muddati 36 oydan oshgan taqdirda, qarz yuki boʻyicha oʻrtacha oylik toʻlovlar miqdori hisob-kitobida kredit (mikroqarz) boʻyicha barcha toʻlovlar 36 oyga teng miqdorda taqsimlanadi.”;
i) 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Nobank kredit tashkiloti oʻrtacha oylik toʻlovlarni kredit byurosi tomonidan taqdim etiladigan kredit hisobotidagi va nobank kredit tashkiloti boshqa rasmiy manbalardan olgan maʼlumotlaridan foydalangan holda hisoblab chiqadi.”;
j) 6-banddagi “bir kalendar oydan” degan soʻzlar “10 kalendar kundan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
k) 7-bandning ikkinchi xatboshisidagi, 8-banddagi va 11-bandning birinchi xatboshisidagi “Qarz beruvchi” degan soʻzlar “Nobank kredit tashkiloti” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
l) 9-bandda:
birinchi xatboshidagi “Qarz beruvchi” degan soʻzlar “Nobank kredit tashkiloti” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda, nobank kredit tashkiloti mazkur bandning ikkinchi — yettinchi xatboshilarida keltirilgan hujjatlar bilan cheklanmasdan boshqa maʼlumotlardan foydalanishi mumkin.”;
toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
m) 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Nobank kredit tashkiloti tomonidan kredit (mikroqarz) ajratishda jismoniy shaxsning qarz yuki koʻrsatkichi 50 foizdan oshmasligi kerak, bundan mazkur Nizomning 2-bandi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollar mustasno.”;
n) ilovaning ilova belgisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 10/25/3205-4/0377-son)