Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Malta Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan oʻzaro ozod etish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari davlat reyestrida 2024-yil 24-yanvarda roʻyxatga olindi, roʻyxat raqami 4582-MT-2025-H]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Malta Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda alohida “Tomon” va birgalikda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Malta Respublikasi oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash istagiga amal qilib,
Tenglik va oʻzarolik tamoyillariga muvofiq,
Amaldagi diplomatik pasportlarga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi va Malta Respublikasi fuqarolarining sayohat qilish shart-sharoitlarini soddalashtirish niyatida,
Quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Viza talablaridan ozod etish
Viza talablaridan ozod etish
1.1. Har qaysi Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasportlariga ega fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga kirgan sanadan boshlab, olti (6) oy ichida toʻqson (90) kundan oshmagan muddatda vizalar rasmiylashtirmagan holda, ushbu Tomon davlati hududiga kirish, undan chiqish, tranzit oʻtish hamda unda vaqtinchalik boʻlib turish huquqiga ega hisoblanadilar.
1.2. Mazkur moddaning 1.1-bandida nazarda tutilgan muddatdan uzoqroq muddatga boshqa Tomon davlatining hududiga kirishni istagan bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasportlariga ega fuqarolari ushbu Tomon davlatining hududiga kirish uchun viza oladilar.
2-modda
Akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik xodimlar
Akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik xodimlar
2.1. Basharti Tomonlardan biri amaldagi diplomatik pasportlarga ega boʻlgan oʻzining har qanday fuqarosini boshqa Tomon davlati hududidagi oʻzining diplomatik vakolatxonalariga va konsullik muassasalariga yoki xalqaro tashkilotlarga tayinlagan taqdirda, u tayinlangan shaxs boshqa Tomon davlatining hududiga yetib kelganidan vaqtda, boshqa Tomonni bunday tayinlov haqida xabardor qiladi.
2.2. Boshqa Tomon davlatining hududiga yetib kelganidan soʻng, ushbu moddaning 2.1-bandida koʻrsatilgan shaxslar tegishli diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari yoki xalqaro tashkilotlarning soʻroviga binoan va qabul qiluvchi Tomon davlatining qonunlariga muvofiq oʻttiz (30) kun ichida akkreditatsiya qilinadi.
2.3. Bir Tomon davlatining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari yoki boshqa Tomonning hududida joylashgan xalqaro tashkilotlarning vakillari sifatida tayinlangan amaldagi diplomatik pasport egalari ularning akkreditatsiya qilingan butun muddati davomida boshqa Tomon davlati hududiga kirish, undan chiqish, tranzit oʻtish hamda boʻlib turish uchun viza talablaridan ozod qilinadilar.
2.4. Mazkur moddaning 2.3-bandida nazarda tutilgan shartlar boshqa Tomon davlati hududida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxona, konsullik muassasasi yoki xalqaro tashkilot xodimining turmush oʻrtogʻi, voyaga yetmagan bolalari va qaramogʻidagi ota-onalariga ham, basharti ular boshqa Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari boʻlsa, qoʻllaniladi.
3-modda
Diplomatik pasportlarning yoʻqolishi yoki shikast yetishi
Diplomatik pasportlarning yoʻqolishi yoki shikast yetishi
3.1. Tomonlardan biri davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari boshqa Tomon davlati hududida pasportlari yoʻqolgan yoki shikastlangan taqdirda, oʻz davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasini zudlik bilan xabardor qiladilar, ular esa qabul qiluvchi davlatning vakolatli idoralarini tegishli choralar koʻrish uchun xabardor qiladilar.
3.2. Yoʻqolgan yoki shikastlangan hujjat oʻrniga tegishli Tomon davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi yangi diplomatik pasport yoxud yoʻqolgan pasportning oʻrnini vaqtinchalik bosuvchi boshqa sayohat hujjatini taqdim etadi.
4-modda
Harakatlanish nazorati
Harakatlanish nazorati
4.1. Har qaysi Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari boshqa Tomon davlati chegarasini faqat ushbu Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq xalqaro yoʻlovchi tashish uchun ochiq boʻlgan chegara punktlari orqali kesib oʻtadilar.
4.2. Ikkala Tomonning vakolatli idoralari chet el fuqarolarining kirishi, chiqishi va vaqtinchalik boʻlib turishi bilan bogʻliq oʻzlarining qonunchiligiga har qanday oʻzgarishlar kiritilgan hollarda, diplomatik kanallar orqali bir-birlarini zudlik bilan xabardor qiladilar.
5-modda
Milliy qonunchilikka amal qilish
Milliy qonunchilikka amal qilish
5.1. Har qaysi Tomon davlatining vakolatli organlari boʻlib turishi nomaqbul deb topilgan boshqa Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasport egalarini mazkur Tomon davlat hududiga kirishlarini rad etish yoki unda boʻlib turishlarini qisqartirish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
5.2. Bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasport egalari, shuningdek, ularning oila aʼzolari, boshqa Tomon davlati hududida boʻlish vaqtida ushbu davlatning qonunchiligini hurmat qilish majburiyatini oladilar.
6-modda
Bitimni toʻxtatish
Bitimni toʻxtatish
6.1. Har bir Tomon jamoat tartibini taʼminlash, davlat xavfsizligini yoki jamoat sogʻligini himoya qilish zarurati paydo boʻlganda, mazkur Bitimni qoʻllashni toʻliq yoki qisman toʻxtatishi mumkin. Toʻxtatish toʻgʻrisida va bunday toʻxtatishning sabablari bilan birgalikda yozma ravishda diplomatik kanallar orqali tegishli Tomonga xabar beriladi hamda boshqa Tomon ushbu yozma xabarnomani olgandan soʻng darhol kuchga kiradi.
6.2. Mazkur moddaning 6.1-bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni qoʻllashga qaror qilgan Tomon ushbu chora-tadbirlarni bekor qilish va mazkur Bitimni qoʻllashni qayta tiklash toʻgʻrisida zudlik bilan boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qiladi.
7-modda
Tegishli hujjatlar toʻgʻrisida xabar berish
Tegishli hujjatlar toʻgʻrisida xabar berish
7.1. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari mazkur Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab oʻttiz (30) kundan kechiktirmasdan diplomatik pasport namunalarini, shu jumladan, bunday hujjatlarning batafsil tavsifini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
7.2. Basharti Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari mazkur Bitimning amal qilishi muddati davomida diplomatik pasportlarini almashtirsa yoki ularga oʻzgartirish kiritsa, ushbu Tomon boshqa Tomonni mazkur oʻzgartirishlar kuchga kirishidan oldin oʻttiz (30) kundan kechiktirmasdan diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi va bir vaqtning oʻzida, boshqa Tomon davlatining vakolatli organlariga yangi pasportlar namunalarini, shu jumladan, ularning batafsil tavsifini taqdim etadi.
8-modda
Nizolarni hal qilish
Nizolarni hal qilish
Tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan va ushbu Bitimni talqin qilish, amalga oshirish yoki qoʻllash natijasida kelib chiqadigan har qanday nizo yoki kelishmovchiliklar uchinchi tomon yoki xalqaro tribunalga murojaat qilmasdan, diplomatik kanallar orqali Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar oʻtkazish orqali doʻstona hal qilinadi.
9-modda
Bitimga oʻzgartirish kiritish
Bitimga oʻzgartirish kiritish
9.1. Mazkur Bitimga kiritilgan har qanday oʻzgartirishlar Tomonlar tarafidan muhokama qilinishi, muzokaradan oʻtkazilishi va kelishilishi lozim, bunda yozma va oʻzaro rozilik hamda diplomatik kanallar orqali almashish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
9.2. Bunday oʻzgartirishlar mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va ushbu Bitimning 10-moddasiga muvofiq kuchga kiradi.
10-modda
Bitimning kuchga kirishi, muddati va tugatilishi
Bitimning kuchga kirishi, muddati va tugatilishi
10.1. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini Tomonlar bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab oʻttiz (30) kundan soʻng kuchga kiradi.
10.2. Har bir Tomon boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish orqali mazkur Bitimni tugatishi mumkin. Bunday holda, mazkur Bitimning amal qilishi boshqa Tomon tugatish toʻgʻrisidagi xabarnomani olgan sanadan boshlab oʻttiz (30) kundan soʻng tugatiladi.
Toshkent shahrida, 2025-yil 23-yanvarda, ikki nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)