O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tartib-taomillarini takomillashtirish, aholiga bu borada qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini, raqamlashtirish darajasini, yo‘lovchi tashish xavfsizligi hamda aholi bandligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 27-fevraldagi PQ-78-son qaroriga muvofiq yengil avtotransport vositasida yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar litsenziya varaqasiga asosan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritilganligi;
b) Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 26-dekabrdagi 885-son qaroriga muvofiq 2025-yil 1-iyuldan boshlab:
elektron tijorat operatorlari, shu jumladan, tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi agregatorlar faoliyatini amalga oshirishi uchun xabardor qilish tartibi joriy qilinishi;
elektron tijorat subyektlari reyestri O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritilishi;
elektron tijorat operatorlari faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshirish uchun talab va shartlar belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi agregatorlar faoliyati uchun quyidagi qo‘shimcha talab va shartlar belgilansin:
xizmatlarni faqat tegishli litsenziya varaqasiga ega bo‘lgan tashuvchilarga ko‘rsatish va buyurtmalarni tashuvchining litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hamda unga tutash hududlarda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) qabul qilinishini ta’minlash;
elektron fiskal chek ma’lumotlarini shakllantirish bo‘yicha soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan elektron platformaga ega bo‘lish;
agregatorlar axborot tizimlarini Transport vazirligi hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining tegishli axborot tizimlariga integratsiya qilish.
Ushbu banddagi talab va shartlar Vazirlar Mahkamasining “Transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali ko‘rish va harakatlanish bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida” 2025-yil 28-fevraldagi 132-son qaroriga muvofiq joriy etilgan agregatorlarning ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmatini ko‘rsatish faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilarga:
yo‘lovchilarni olish va tushirish maqsadida “To‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgisi amal qilish hududida, shu jumladan, aeroport va vokzallarga tutash hududlarda to‘xtash;
aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan qurilish mollari, dehqon va buyum bozorlari hamda savdo majmualarining pulli to‘xtash joylariga yo‘lovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirish;
yo‘nalishli transport vositalari uchun ajratilgan maxsus harakatlanish yo‘lagi bo‘ylab harakatlanish huquqi berilsin.
4. Quyidagilar:
Yo‘nalishsiz taksi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Avtomobil transportida yo‘lovchilarni buyurtma asosida tashish qoidalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soliq davrida ishlarni bajarishdan (xizmatlar ko‘rsatishdan) olgan daromadlari yuz million so‘mdan oshganda, ular to‘lashi lozim bo‘lgan soliqlar soliq organlarining yuridik shaxslarga yuborilgan xabarnomasi asosida yuridik shaxslar (soliq agenti) tomonidan to‘lov manbaida ushlab qolinadi.
6. Transport vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda to‘rt oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, yengil avtomobil transportida yo‘lovchi tashishda litsenziya talab va shartlarini birinchi marta buzganlik uchun alohida javobgarlikni hamda davlat boji miqdorlarini belgilash bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Adliya vazirligi to‘rt oy muddatda buyurtmalar agregatori operatorlari tomonidan:
litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hududdan tashqarida xizmat ko‘rsatilganligi uchun;
litsenziyasi yoxud ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati mavjud bo‘lmagan holda tashuvchilik faoliyati bilan shug‘ullangan shaxslarning yo‘lovchi tashish faoliyati davomida yo‘lovchining hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilgan taqdirda, yetkazilgan zararni agregator bilan birgalikda (subsidiar) javobgar bo‘lishini belgilash bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. 2025-yil 15-apreldan 2026-yil yakuniga qadar eksperiment tariqasida Toshkent shahrida turlari Transport vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan, haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq va sakkiztadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga hamda yuqori qulayliklarga ega avtotransport vositalarida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etilsin. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan tashuvchilarga litsenziya varaqasi berilganligi uchun davlat boji yiliga bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari miqdorida undiriladi.
9. Transport vazirligi:
ikki hafta muddatda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq va sakkiztadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga hamda yuqori qulayliklarga ega avtotransport vositalari turlarini tasdiqlab, o‘zining rasmiy veb sahifasiga joylashtirilishini ta’minlasin;
Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-oktabrga qadar mazkur qarorning 8-bandiga asosan amalga oshirilgan eksperiment natijalariga ko‘ra yo‘lovchilarni avtomobil transportida tashish sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 636-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil transportida yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro, shuningdek, yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
12. Transport vazirligi Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun va mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.J. Ramatov, transport vaziri I.R. Maxkamov hamda ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 2-aprel,
200-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 200-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Yo‘nalishsiz taksi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yengil avtomobil transportida yo‘nalishsiz taksi faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Yo‘nalishsiz taksi faoliyati yuridik va jismoniy shaxslar (o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar) tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu Nizom yo‘nalishli taksilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:
agregator — yo‘lovchi tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxs;
yo‘nalishsiz taksi — yo‘lovchilarning buyurtmanomalariga ko‘ra yo‘lovchilarni va ularning bagajini tashish uchun haq evaziga xizmatlar ko‘rsatadigan, haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqlarga hamda litsenziya varaqasiga ega bo‘lgan yengil avtotransport vositasi;
yo‘nalishsiz taksilarning maxsus jihozlangan to‘xtash joyi — ma’lumotlar ko‘rsatkichlari bilan jihozlangan, tegishli yo‘l belgilari qo‘yilgan hamda yo‘lovchilarni o‘tqazish (tushirish) va yo‘nalishsiz taksilarning to‘xtab turishi uchun mo‘ljallangan, ko‘chalarning yo‘lovchi yurmaydigan qismidagi maxsus maydoncha;
litsenziya varaqasi — litsenziya talablari va shartlariga majburiy rioya qilingan holda, yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan har bir avtotransport vositasiga litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun beriladigan ruxsatnoma (litsenziya);
haydovchi — avtotransport vositasini boshqaruvchi shaxs.
2-bob. Yagona tanish belgilari
4. Tashqi va ichki ma’lumotlar bilan jihozlash belgilari yo‘nalishsiz taksilar uchun yagona tanish belgilari hisoblanadi.
5. Yagona tanish belgilari transport oqimida avtotransport vositasining ajralib turishini va tanilishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan hamda ular yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchilarni tashiydigan barcha tashuvchilar uchun majburiy hisoblanadi.
6. Yo‘nalishsiz taksilarni tashqi ma’lumotlar bilan jihozlash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
avtotransport vositasining tepasiga ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq o‘rnatiladigan “TAXI” tanish belgisini o‘rnatish;
yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar uchun mo‘ljallangan maxsus seriyadagi avtotransport vositasining davlat raqami belgisi, shuningdek, mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq yo‘nalishsiz taksilarning old va orqa eshiklariga chiziladigan qora kvadratlar hamda kompozitsiya tushirilganligi (yopishtirilganligi).
7. Yuridik shaxs nomi, manzili, o‘zini o‘zi band qilgan tashuvchi yoki haydovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, fotosurati, faoliyat hududi, telefon raqami, avtotransport vositasining davlat raqami belgisi, ishlab chiqarilgan yili hamda litsenziya varaqasi haqidagi (raqami va amal qilish muddati) ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi taksi pasporti yo‘nalishsiz taksilarni ichki ma’lumotlar bilan jihozlash belgilari hisoblanadi.
Taksi pasporti avtotransport vositasi ichida yo‘lovchilar bemalol o‘qiy oladigan holatda o‘rnatiladi.
Taksi pasporti o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga litsenziya varaqasi bilan birga bepul beriladi.
3-bob. Yo‘nalishsiz taksiga qo‘yiladigan talablar
8. Yo‘nalishsiz taksi sifatida foydalaniladigan har bir avtotransport vositasi texnik jihatdan soz holatda bo‘lishi va Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi, shuningdek, quyidagi talablarga javob berishi kerak:
ushbu Nizomning 6 va 7-bandlarida belgilangan yagona tanish belgilarining mavjud bo‘lishi;
to‘lovlarni agregator yoki boshqa elektron to‘lov tizimlari orqali qabul qilish imkoniyati yaratilgan bo‘lishi;
yo‘nalishsiz taksi texnik holati va jihozlarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lishi;
shahar yo‘nalishlarida avtotransport vositasining ekspluatatsiyasi 15 yildan ortiq bo‘lmasligi;
tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi mavjud bo‘lishi;
taksometr funksiyalarini ta’minlaydigan maxsus ilovaga ega moslamalar (shu jumladan, uyali telefonlar, planshetlar) bilan ta’minlangan bo‘lishi.
Vagon tipidagi (“Damas” va shu tipdagi) avtotransport vositalarida yo‘nalishsiz taksi sifatida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.
9. Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar sifatida foydalaniladigan hamda yagona tanish belgilari bilan jihozlangan avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni olish va tushirish maqsadida “To‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgisi amal qilish hududida yo‘lovchilarni tushirish-chiqarishga (yuklarni ortish-tushirishga) ruxsat etiladi.
Yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar sifatida foydalaniladigan hamda yagona tanish belgilari bilan jihozlangan avtotransport vositalariga:
yo‘lovchilarni olish va tushirish maqsadida “To‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgisi amal qilish hududida, shu jumladan, aeroport va vokzallarga tutash hududlarda to‘xtash;
aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan qurilish mollari, dehqon va buyum bozorlari hamda savdo majmualarining pulli to‘xtash joylariga yo‘lovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirish;
yo‘nalishli transport vositalari uchun ajratilgan maxsus harakatlanish yo‘lagi bo‘ylab harakatlanish huquqi beriladi.
Mazkur band ushbu Nizomning 6 va 7-bandlarida belgilangan yagona tanish belgilari bilan jihozlanmagan, yo‘lovchilarni buyurtma asosida tashishda foydalaniladigan hamda litsenziya varaqasiga ega bo‘lmagan yengil avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4-bob. Yo‘nalishsiz taksilar haydovchilariga qo‘yiladigan talablar
10. Yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan yo‘nalishsiz taksilarni boshqarishga haydovchilik guvohnomasida “B” toifasi bo‘lgan, 21 yoshga to‘lgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va kamida uch yillik haydovchilik stajiga ega hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxslar qo‘yiladi.
11. Haydovchi faoliyatini mehnat va dam olish rejimiga rioya etgan holda amalga oshiradi.
12. Amalga oshirilishi uchun litsenziya berilgan faoliyat turi bilan faqat shu litsenziyani olgan jismoniy yoki yuridik shaxs shug‘ullanishi mumkin. Litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
13. Yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilarning haydovchilari ishlayotganda tegishli litsenziya varaqasiga hamda yo‘lga chiqishdan oldin avtotransport vositasining belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan va haydovchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida yo‘l varaqasiga ega bo‘lishi shart.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar:
o‘z avtotransport vositasini bir yilda bir marotaba texnik ko‘rikdan o‘tkazishi;
bir yilda bir marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomaga ega bo‘lishi shart.
14. Haydovchi faoliyatini litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hududda va unga tutash hududda amalga oshirishi mumkin.
Bunda litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hudud avtotransport vositasiga berilgan davlat raqami belgilarining hududiy kodlaridan kelib chiqib aniqlanadi.
15. Yo‘nalishsiz taksida muntazam yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi jamoat transportining yo‘nalish sxemalariga muvofiq (muntazam yo‘nalishlarda) yoki trafaret qo‘ygan holda yo‘lovchi tashishi taqiqlanadi.
16. Yo‘nalishsiz taksi haydovchisining belgilangan talablarga nomuvofiqligi aniqlangan hollarda haydovchiga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qo‘llaniladi.
5-bob. Yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchilar va bagajni tashish
17. Yo‘nalishsiz taksilarga yo‘lovchilar ularning talabiga ko‘ra Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan holda chiqariladi va tushiriladi.
18. Yo‘nalishsiz taksilarning yo‘lovchilar hamda bagajni tashish tariflari miqdori avtotransport vositalari turlari va xizmatlariga qarab belgilanadi.
19. Yo‘l haqi yo‘lovchi tomonidan safar tugagandan keyin va bagaj tushirilgandan keyin u bilan kelgan yo‘lovchilar hamda tashib keltirilgan bagaj sonidan qat’i nazar, to‘lovni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi, shuningdek, taksometr funksiyalarini ta’minlaydigan maxsus ilovaga ega moslamalar (shu jumladan, uyali telefonlar, planshetlar) ko‘rsatkichi bo‘yicha to‘lanadi. Bunda xizmat ko‘rsatilganligi uchun to‘lov tashuvchi yoki agregator tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq xizmat ko‘rsatish tugagunga qadar qismlarga bo‘lib amalga oshirilishi mumkin.
Haydovchi bilan hisob-kitob naqd pul, hisob-kitob terminalidan foydalangan holda bank plastik kartalari yoxud elektron to‘lov vositasi yordamida amalga oshiriladi.
Yo‘nalishsiz taksi bir necha yo‘lovchilar (navbatda turgan birinchi yo‘lovchining roziligi bilan) tomonidan to‘xtash joyida yollangan yoki taksini yollagan yo‘lovchi roziligi bilan yo‘li bir bo‘lgan yo‘lovchi chiqarilgan taqdirda, yo‘l haqi to‘lovining umumiy summasi yo‘lovchilar o‘rtasida har bir yo‘lovchining bosib o‘tgan masofasiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
20. Yo‘nalishsiz taksiga yo‘lovchilarni chiqarishda haydovchi ularning buyumlari va bagajini joylashtirishga hamda safar tugaganda ularni tushirishga yordamlashishi lozim.
21. Yo‘nalishsiz taksi tomonlarning o‘zaro kelishuviga yoki taksometr funksiyalarini ta’minlaydigan maxsus ilovaga ega moslamalar (shu jumladan, uyali telefonlar, planshetlar) ko‘rsatkichiga ko‘ra alohida to‘lov evaziga yo‘lovchining buyurtmasiga binoan kutib turadi.
22. Yo‘nalishsiz taksilarning salonida avtomobil eshigi orqali bemalol sig‘adigan, salon qoplamasini hamda uning uskunalarini buzmaydigan va iflos qilmaydigan, haydovchining avtomobilni boshqarishiga hamda orqani ko‘rish ko‘zgusidan foydalanishiga xalaqit bermaydigan buyumlar va ashyolarni tashishiga ruxsat beriladi.
Mushuklar, itlarni tizgin va to‘shagi mavjud bo‘lganda tumshuqbog‘larda, kichik jonivorlarni savatlarda, sumkalarda hamda qushlarni qafaslarda tashishga ruxsat beriladi.
23. Yo‘nalishsiz taksilarda bagaj tashiganlik uchun haq olinmaydi.
6-bob. Yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha nazorat
24. Yuridik va jismoniy shaxslarga yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya varaqalari O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan beriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar (litsenziatlar) tomonidan belgilangan litsenziya talab va shartlariga rioya etilishi yuzasidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
25. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu Nizom talablariga rioya etilishini:
yo‘nalishsiz taksilar uchun mo‘ljallangan boshqa yengil avtomobillardan farqlanuvchi davlat raqami belgisi ajratilishi yuzasidan;
yo‘nalishsiz taksilarda yo‘nalishsiz taksilar uchun yagona tanish belgilari bilan jihozlanganligi yuzasidan;
yo‘nalishsiz taksi texnik holati va jihozlarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligi yuzasidan;
yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan yo‘nalishsiz taksilarni boshqarishga haydovchilik guvohnomasida “V” ruxsat belgisi bo‘lgan, 21 yoshga to‘lgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va kamida uch yillik haydovchilik stajiga ega bo‘lgan shaxslarning qo‘yilishi yuzasidan nazorat qiladi.
26. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yo‘nalishsiz taksilarning maxsus jihozlangan to‘xtash joylarini qurish (barpo etish) bo‘yicha ushbu Nizom talablariga rioya etilishini nazorat qiladilar.
27. Mazkur Nizom talablariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha ishlar O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan umumiy muvofiqlashtirib boriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
30. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Yo‘nalishsiz taksi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
“TAXI” tanish belgisining tasviri

Izoh. Taksi tanish belgisi avtotransport vositasining tom qismiga o‘rnatiladi va boshqa rangda ham bo‘lishi mumkin.
Yo‘nalishsiz taksi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Yo‘nalishsiz taksilarning old va orqa eshiklariga chiziladigan qora kvadratlar hamda kompozitsiyaning tasviri va o‘lchamlari (sm)

Izoh. Qora kvadratlar va kompozitsiyaning tasviri yo‘nalishsiz taksining old va orqa eshiklariga yopishtiriladi. Ushbu talab minimal hisoblanib, tashuvchining xohishiga ko‘ra o‘lchamlar kattalashtirilishiga ruxsat etiladi.
Yo‘nalishsiz taksi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
TAKSI PASPORTI

* Avtotransport vositasi yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan taqdirda, tashkilot nomi va uning STIR ko‘rsatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 200-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Avtomobil transportida yo‘lovchilarni buyurtma asosida tashish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar yo‘lovchilarni buyurtma asosida (to‘y, turistik yo‘nalishlarda, shartnoma asosida, ommaviy va boshqa tadbirlarda) yengil avtotransport vositalarida (keyingi o‘rinlarda — avtotransport vositalari) tashish tartibini belgilaydi.
2. Avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni buyurtma asosida tashish faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
3. Mazkur Qoidalar yo‘nalishsiz hamda yo‘nalishli taksilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni buyurtma asosida tashish shahar, shahar atrofida va shaharlararo yo‘nalishlarda amalga oshiriladi.
5. Yo‘lovchilarni talabiga ko‘ra avtotransport vositalariga chiqarish va tushirish Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
6. Avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni buyurtma asosida tashish mijoz bilan tashuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida yoki tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra amalga oshiriladi.
7. Tomonlarning kelishuviga ko‘ra avtotransport vositalariga qo‘shimcha talablar hamda boshqa talablar ham belgilanishi mumkin.
8. Haydovchi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish vaqtida ularning buyumlari va bagajini joylashtirishga hamda safar tugaganda ularni tushirishga yordamlashishi lozim.
9. Avtotransport vositalarining salonida avtomobil eshigi orqali bemalol sig‘adigan, salon qoplamasini hamda uning uskunalarini buzmaydigan va iflos qilmaydigan, haydovchining avtomobilni boshqarishiga hamda orqani ko‘rish ko‘zgusidan foydalanishiga xalaqit bermaydigan buyumlar va ashyolarni tashishiga ruxsat beriladi.
10. Buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalaridan yo‘nalishsiz taksi sifatida foydalanish taqiqlanadi. Bu holat faoliyatni litsenziyasiz amalga oshirganlikka tenglashtiriladi.
11. Mushuklar, itlarni tizgin va to‘shagi mavjud bo‘lganda tumshuqbog‘larda, kichik jonivorlarni savatlarda, sumkalarda hamda qushlarni qafaslarda tashishga ruxsat beriladi.
2-bob. Buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalariga qo‘yiladigan talablar
12. Buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalari texnik jihatdan soz holatda bo‘lishi hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi lozim.
13. Buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalari yuqori klassda bo‘lishi lozim.
Vagon tipidagi (“Damas” va shu tipdagi) avtotransport vositalariga buyurtma asosida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.
14. Buyurtma asosida avtotransport vositalarida tashish xizmatlarini ko‘rsatishda aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan qurilish mollari, dehqon va buyum bozorlari hamda savdo majmualarining pulli to‘xtash joylariga yo‘lovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirishga ruxsat beriladi.
15. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalarining turlari hamda ishlab chiqilgan yili bo‘yicha ro‘yxat shakllantiriladi hamda vazirlikning rasmiy veb-saytida joylashtirilib, muntazam ravishda yangilab boriladi.
16. Buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalari muntazam yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi jamoat transportining yo‘nalish sxemalariga muvofiq (muntazam yo‘nalishlarda) yoki trafaret qo‘ygan holda hamda yo‘nalishsiz taksi sifatida faoliyat yuritishi taqiqlanadi.
3-bob. Buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalari haydovchilariga qo‘yiladigan talablar
17. Buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalarini boshqarishga haydovchilik guvohnomasida “B” toifasi bo‘lgan, 21 yoshga to‘lgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va kamida uch yillik haydovchilik stajiga ega hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxslarga ruxsat beriladi.
Haydovchilar mehnat va dam olish rejimiga rioya etgan holda faoliyatini amalga oshiradi.
18. Buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalarining haydovchilari yo‘lga chiqishdan oldin avtotransport vositasining belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan va haydovchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida yo‘l varaqasiga ega bo‘lishi kerak.
19. Buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalari haydovchisining belgilangan talablarga nomuvofiqligi aniqlangan hollarda unga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qo‘llaniladi.
4-bob. Avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni buyurtma asosida tashish bo‘yicha nazorat
20. Avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni buyurtma asosida tashuvchi yuridik shaxslarga yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun “buyurtma asosida” so‘zlari aks ettirilgan litsenziya varaqalari O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan beriladi.
Avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni buyurtma asosida tashuvchi yuridik shaxslar (litsenziatlar) tomonidan belgilangan litsenziya talab va shartlariga rioya etilishi yuzasidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
21. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalarining texnik holati va jihozlarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligi yuzasidan;
buyurtma asosida faoliyat yurituvchi avtotransport vositalarini boshqarishga haydovchilik guvohnomasida “B” toifasi bo‘lgan, 21 yoshga to‘lgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va kamida uch yillik haydovchilik stajiga ega bo‘lgan shaxslarning qo‘yilishi yuzasidan nazorat qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 200-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 636-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil transportida yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro, shuningdek, yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 3-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirilsin:
“Bunda yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin”.
2. 9-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Amaldagi litsenziya varaqasiga ega avtotransport vositasiga boshqa bir yuridik yoki jismoniy shaxslarning arizasiga muvofiq litsenziya varaqalari berilishi taqiqlanadi”.
3. 7-ilovada:
a) 5-pozitsiyaning uchinchi ustuni quyidagi mazmundagi “v” kichik band bilan to‘ldirilsin:
“v) o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning bir yil ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumot”;
b) 7-pozitsiyaning uchinchi ustuni 2-bandidagi jadval quyidagi mazmundagi pozitsiya bilan to‘ldirilsin:
“ | |
haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega bo‘lgan yengil avtotransport vositasida o‘zini-o‘zi band qilgan holda yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish | BHMning 1 baravari |
”; |
v) 8-pozitsiyaning uchinchi ustuni quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 1 ish kuni”;
g) 9-pozitsiyaning uchinchi ustunida:
“k” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“k) yo‘nalishsiz taksilarning hamda yo‘lovchilarni buyurtma asosida tashuvchi yengil avtotransport vositalarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligi”;
quyidagi mazmundagi “m” va “n” kichik bandlar bilan to‘ldirilsin:
“m) o‘zini o‘zi band qilgan tashuvchilar o‘z avtotransport vositasini bir yilda bir marotaba texnik ko‘rikdan o‘tkazishi hamda bir yilda bir marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tishi.
n) yo‘nalishsiz taksilarning litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hududda yoki yondosh hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) faoliyat ko‘rsatishi”;
d) 12-pozitsiyaning uchinchi ustuni quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zini o‘zi band qilgan shaxslardan arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi”.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 200-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 18-maydagi 139-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi O‘RQ-352-son Qonuni)” 2014-yil 3-martdagi 45-son qaroriga 1-ilovaning 29-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 1-fevraldagi PF-5647-son Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuk va yo‘lovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 6-martdagi PQ-4230-son qarori)” 2020-yil 8-maydagi 271-son qaroriga 1-ilovaning 16-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” 2021-yil 20-apreldagi O‘RQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 263-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Jamoat transportini moliyalashtirishning yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 18-martdagi 116-son qaroriga 3-ilovaning 2-bandi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/200/0300-son)