O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining belgilangan tartibda turarjoy bilan ta’minlanmagan harbiy xizmatchilarining turarjoy ta’minotini yaxshilash orqali ularni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilsin:
2025-yil 1-martdan boshlab harbiy xizmatchilarga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdorini 20 foizga oshirish;
2025-yil 1-iyundan boshlab qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, kalendar hisobida o‘n yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turarjoy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdorini uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilash.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning asoslangan so‘rovnomalariga muvofiq ularning harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasining oshirilgan to‘lovlari bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar uchun 2025-yilda Davlat budjetidan zarur mablag‘lar ajratsin, 2026-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida ko‘zda tutilishini ta’minlasin.
3. Mudofaa vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-fevral,
PQ-71-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PQ-71-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimcha
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilarini ijtimoiy muhofaza qilishni ta’minlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-112-son qarorining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. 2025-yil 1-martdan yil yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar (kommunal xizmatlar haqi bundan mustasno) doirasida turarjoy bilan ta’minlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun:
Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 4,8 baravarigacha miqdorda;
Nukus shahri va viloyatlar markazlarida — bazaviy hisoblash miqdorining 3,6 baravarigacha miqdorda;
O‘zbekiston Respublikasining boshqa shaharlari, tuman markazlari va aholi punktlarida — bazaviy hisoblash miqdorining 2,4 baravarigacha miqdorda har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari belgilansin.
Oila a’zolari uch kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi.
2026-yildan boshlab har yili har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari miqdori hududlar kesimida turarjoy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilab boriladi. Bunda turarjoy ijarasining bozor narxlarini qayta belgilashda Soliq qo‘mitasining har yili 1-oktabr holatiga ko‘ra soliq organlari avtomatlashtirilgan axborot tizimiga hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasi bo‘yicha bergan ma’lumoti asos hisoblanadi. Turarjoy ijarasining bozor qiymati mazkur qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan har oylik kompensatsiya me’yorlaridan kam miqdorlarni tashkil etsa, har oylik kompensatsiyaning ushbu qarorda belgilangan me’yorlari o‘zgartirilmaydi”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 190-bandi “25 foizi” so‘zlaridan keyin “(kalendar hisobida o‘n yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilar uchun — 35 foizi)” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.02.2025-y., 07/25/71/0178-son)