Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Yoshlarning tadbirkorlik gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ishbilarmonlik koʻnikmalarini rivojlantirish, yosh tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi, shu jumladan, startap va innovatsion loyihalarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish, kasb-hunar, raqamli texnologiyalar hamda xorijiy tillarni chuqur egallashi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, shuningdek, yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Markaziy bank, Yoshlar ishlari agentligi hamda AT “Aloqabank”ning 2025 — 2027-yillarda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yoshlar biznesi” dasturini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
Dastur doirasida 350 mingta yoshni qamrab olish, shu jumladan, oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslar uchun kamida 100 mingta qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish;
yosh tadbirkorlarga kompleks xizmatlar koʻrsatish, ularning faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasida AT “Aloqabank”ni tayanch “yoshlar banki” etib belgilash;
zamonaviy tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish uchun yoshlarning startap va investitsiya loyihalariga imtiyozli moliyaviy mablagʻlarni ajratish;
iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi, shu jumladan, raqamli texnologiyalar tatbiq etilgan innovatsion loyihalar hamda ijtimoiy tadbirkorlik yoʻnalishidagi qoʻllab-quvvatlash choralarini joriy etish.
2. Belgilansinki, Dastur doirasida:
Oldingi tahrirga qarang.
a) 2026-yil yakuniga qadar “Biznesga birinchi qadam” loyihasiga muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan ijtimoiy soliq toʻlagan oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxslarga asosiy qarzdan 2 yilgacha va foiz toʻlovlaridan 3 oygacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga sugʻurta polisi taʼminoti yoki uchinchi shaxs kafilligi asosida 100 mln soʻmgacha mablagʻlar quyidagi kredit mahsulotlari boʻyicha imtiyozli mikroqarz sifatida ajratiladi:
(2-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyundagi PQ-210-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2026-y., 07/26/210/0548-son)
tomorqalardan samarali foydalanish maqsadida ekin ekish va yetishtirish, chorvachilik, parrandachilik hamda qishloq xoʻjaligining boshqa yoʻnalishlaridagi faoliyatni amalga oshirish uchun;
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirish, shu jumladan, hunarmandchilik jihozlarini sotib olish va aylanma mablagʻlarni toʻldirishga;
fan, sanʼat va sport yoʻnalishlarida oʻz qobiliyatini namoyon etgan iqtidorli yoshlarni hamda frilanserlik xizmatlarini koʻrsatuvchi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun;
Oldingi tahrirga qarang.
b) “Yoshlar uchun ish oʻrinlari” loyihasi asosida yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti sifatida faoliyat yurituvchi yosh fuqarolarga, shuningdek, taʼsischilari yosh fuqarolar boʻlgan yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yurituvchi kichik tadbirkorlik subyektlarining yoshlarga kamida 10 ta ish oʻrni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 5 mlrd soʻmgacha mablagʻlar quyidagi yoʻnalishlardagi kredit mahsulotlari boʻyicha ajratiladi:
(2-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyundagi PQ-210-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2026-y., 07/26/210/0548-son)
ishlab chiqarish asbob-uskunalarini xarid qilish, qurilish ishlarini amalga oshirish, asosiy vositalarni sotib olish (shu jumladan, “sanoat ipotekasi” asosida) hamda aylanma mablagʻlarga;
tijorat maqsadlarida foydalanishga moʻljallangan avtotransport vositalarini xarid qilish uchun;
savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini tashkil qilishga;
yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish, shu jumladan, raqamli texnologiyalar va xorijiy tillar kabi yoʻnalishlarda taʼlim xizmatlari faoliyatini tashkil etish uchun;
v) “Innovatsion yoshlar” loyihasi boʻyicha venchur jamgʻarmalari orqali yoshlar quyidagi yoʻnalishlarda qoʻllab-quvvatlanadi:
yoshlarning startap loyihalari uchun kapital investitsiyalar kiritish;
ilmiy tadqiqotlar, texnologik ishlanmalar va startaplar uchun infratuzilmani rivojlantirishga qarz mablagʻlarini ajratish;
ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish uchun sharoit yaratish, shu jumladan, robototexnika yoʻnalishidagi zamonaviy asbob-uskunalar va laboratoriyalardan foydalanishda imtiyozli moliyaviy qoʻllab-quvvatlash;
startap-inkubatorlar, texnoparklar va tadqiqot markazlarini yaratishga investitsiyalar kiritish;
xalqaro tanlovlar, konferensiyalar va koʻrgazmalarda ishtirok etishni qoʻllab-quvvatlash;
g) yoshlarning zamonaviy va talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga, shu jumladan, raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarga oʻqishi oʻrnatilgan tartibda moliyalashtiriladi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Dastur doirasida:
imtiyozli kreditlarning kamida 30 foizi xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun yoʻnaltiriladi. Bunda oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan xotin-qizlarning tadbirkorlik koʻnikmalarini oshirish kurslarida oʻqishiga koʻmaklashiladi;
imtiyozli kredit mablagʻlari uning hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining kamida 50 foizida yoshlar ishga joylashtirilishi nazarda tutilgan holda ajratiladi;
imtiyozli kreditlarning taqdim etilishi shartlarini bajarmagan qarz oluvchilarga nisbatan kredit foiz stavkalari bozor stavkalariga oʻzgartiriladi.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda AT “Aloqabank”ning Dasturni moliyalashtirish boʻyicha quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan AT “Aloqabank”ga 5 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga 125 mln AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlarni milliy valyutada Markaziy bank asosiy stavkasi darajasida subordinar qarz sifatida bosqichma-bosqich AT “Aloqabank” talabnomalariga muvofiq ajratib borish;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 24-noyabrdagi PQ-352-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2025-yilda 25 mln AQSH dollarini teng ulushlarda AT “Aloqabank” ustav kapitaliga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ulushini oshirish hisobiga yoʻnaltirish;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 24-noyabrdagi PQ-352-sonli qarori tahririda)
imtiyozli kreditlarni Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratish.
5. AT “Aloqabank” hamda Markaziy bankning:
mazkur qarorda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash instrumentlaridan foydalangan tadbirkorlik subyektlarining hisobvaraqlariga bepul asosda xizmat koʻrsatish;
2025-yil 1-aprelga qadar “Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasini joriy etib, biznes-rejalar tuzish, onlayn treninglar oʻtkazish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya hamkorligini tashkil etish, mahsulot va xizmatlar uchun bozor topishga koʻmaklashish, shuningdek, tartibga solish qumdoni mexanizmini qoʻllash orqali kraudfanding imkoniyatlarini yaratish;
ikki oy muddatda tan olingan xalqaro sertifikatlar boʻyicha hamda belgilangan tartibda xorijiy ish beruvchilar talablariga muvofiq taʼlim xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻygan oʻquv markazlari bilan hamkorlikda mazkur qarorning 2-bandi “g” kichik bandida nazarda tutilgan yoshlarning kasb-hunarga oʻqishini moliyalashtirishga qaratilgan kredit mahsulotlarini ishlab chiqish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
6. AT “Aloqabank” tomonidan hududlarda yoshlarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalarni tijoratlashtirishga hamda moliyalashtirishga koʻmaklashish loyihasi (keyingi oʻrinlarda — “Startaplar” loyihasi) amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Markaziy bank hamda AT “Aloqabank”ning Raqamli texnologiyalar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
2025-yil 1-martga qadar “Startaplar” loyihasini respublikaning barcha hududlarida amalga oshirish va loyihaning hududlardagi boʻlinmalarini malakali kadrlar bilan toʻldirish;
2025-yil 1-apreldan boshlab har oyda 1 ta hududda “investor kun”larini tashkil etish hamda hududdagi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik dasturlarini yoʻlga qoʻyish;
Oldingi tahrirga qarang.
2027-yil yakuniga qadar akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan startaplar sonini 200 taga yetkazish;
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyundagi PQ-210-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2026-y., 07/26/210/0548-son)
2025-yil yakuniga qadar hududlarda “Yoshlar biznes-inkubatori” markazlarini tashkil qilib, tadbirkorlik faoliyatini yangidan boshlagan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda muvaffaqiyatli tadbirkor darajasigacha rivojlanishlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, jumladan ularga tayyor ofislarni ijaraga berish, buxgalteriya, marketing, eksport bozorlariga chiqish bilan bogʻliq kompleks xizmatlarni koʻrsatish toʻgʻrisidagi tashabbuslari maʼqullansin.
7. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, AT “Aloqabank”, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda biznes inkubatorlar tashkil etish uchun mos boʻlgan boʻsh turgan davlat obyektlari va yer maydonlari roʻyxatini shakllantirib, Vazirlar Mahkamasiga “Yoshlar biznes inkubatorlari” tizimini yaratish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini kiritsin.
8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga professional va oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlarni axborot platformasi orqali, shu jumladan, ish beruvchilarning talabnomalarini kiritishni nazarda tutgan holda ishga joylashtirish tizimini joriy qilish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini kiritsin.
Bunda amaliyot oʻtash, malaka oshirish hamda ishga qabul qilish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish orqali soddalashtirish koʻzda tutilsin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-fevral,
PQ-62-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 07/25/62/0152-son; 02.06.2026-y., 07/26/210/0548-son)