Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 17-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati va Matbuot xizmati toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2021-yil 6-yanvardagi 1043-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining oʻrinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. NIZAMXODJAYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-dekabr,
1424-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 24-dekabrdagi 1424-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) Kotibiyatining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati (bundan buyon matnda Kotibiyat deb yuritiladi) Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini tashkiliy-uslubiy, axborot-tahliliy, huquqiy, moliyaviy, ijtimoiy-maishiy, moddiy-texnik jihatdan taʼminlashni amalga oshiradi.
3. Kotibiyat oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Qonuni, “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Reglamenti”, Markaziy saylov komissiyasi qarorlari, Markaziy saylov komissiyasi Raisining (bundan buyon matnda Komissiya Raisi deb yuritiladi) farmoyishlari, ushbu Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
4. Kotibiyat faoliyati davrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari devonlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kotibiyatlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik oʻrnatadi.
5. Kotibiyatga umumiy rahbarlik Komissiya Raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Kotibiyatga Komissiya Raisining farmoyishiga asosan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Kotibiyat rahbari boshchilik qiladi.
6. Kotibiyatning tuzilmasi, shtatlari va ish tartibi Komissiya Raisi tomonidan tasdiqlanadi. Kotibiyat xodimlari Markaziy saylov komissiyasi Raisining oʻrinbosari va Kotibiyat rahbarining taqdimiga binoan Komissiya Raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
2-bob. Kotibiyatning asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Kotibiyatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini, shu jumladan Markaziy saylov komissiyasi majlislarini, xizmatga oid yigʻilishlarini va boshqa tadbirlarni tashkiliy-uslubiy, axborot-tahliliy, huquqiy, moliyaviy, ijtimoiy-maishiy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash;
Markaziy saylov komissiyasi majlislarining bayonnomalarini yuritish, Markaziy saylov komissiyasi qarorlari va Komissiya Raisining farmoyishlarini rasmiylashtirish, ijrochilarga yetkazish, bajarilishini taʼminlash;
Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha rejalashtirish ishlarini olib borish;
Kotibiyat xodimlarining, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari (bundan buyon matnda hududiy saylov komissiyalari deb yuritiladi) doimiy asosda ishlovchi aʼzolarining mehnat va ijro intizomi, odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilishlarini nazorat qilish, natijasi boʻyicha Komissiya Raisi va Rais oʻrinbosariga (bundan buyon matnda rahbariyat deb yuritiladi) taklif kiritish;
korrupsiyaga qarshi kurash yoʻnalishidagi ishlarni tashkil etish;
qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida Markaziy saylov komissiyasiga yuklatilgan topshiriqlarning ijrosini taʼminlash va nazorat qilish;
Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalarida ish yuritish va arxiv ishini tashkil etish hamda nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va oʻtkazishda Markaziy saylov komissiyasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash;
saylov komissiyalari va referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarini tizimli oʻqitish, malakasini oshirish, ularning saylov qonunchiligi sohasida mukammal bilimlarini, saylov jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda professional koʻnikmalarini shakllantirishda amaliy yordam koʻrsatish;
Saylov va referendumlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish amaliyoti, shuningdek, milliy saylov qonunchiligining umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplari va standartlariga muvofiqligini tizimli ravishda monitoring qilib borish hamda takliflar ishlab chiqish;
Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini (bundan buyon matnda SJBAT deb yuritiladi) joriy etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxatidan (bundan buyon matnda SYAER deb yuritiladi) foydalanish faoliyati boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishda koʻmaklashish, shuningdek “E-saylov” axborot tizimida ish yuritilishini taʼminlash;
Markaziy saylov komissiyasining oʻz vakolatlari doirasida huquqni qoʻllash faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni taʼminlashni tashkil etish, ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib borish;
Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishini tashkil etish, saylov va referendumlarning axborot kampaniyasini muvofiqlashtirib borish, jamoatchilik bilan aloqalarni oʻrnatish;
Markaziy saylov komissiyasining xorijiy mamlakatlarning saylov organlari, xalqaro tashkilotlar va chet davlatlarning vakillari bilan xalqaro hamkorlik faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
Saylov komissiyalarining va referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning zarur jihozlar bilan taʼminlanganlik holatini oʻrganish, tahlil qilish va ular asosida xarid qilish uchun takliflarni tayyorlash hamda xarid va yetkazib berishni tashkil etish;
Markaziy saylov komissiyasida xoʻjalik ishlarini tashkil etish;
Markaziy saylov komissiyasining buxgalteriya hisobi va hisobotlarini markazlashtirilgan hisob-kitobini yuritish;
rahbariyat qabulxonalari faoliyatini tashkillashtirish;
Kotibiyat Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarda, Komissiya Raisi farmoyishlarida, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
8. Kotibiyat oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini, shu jumladan Markaziy saylov komissiyasi majlislarini, xizmatga oid yigʻilishlarini va boshqa tadbirlarni tashkiliy, tahliliy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash sohasida:
Markaziy saylov komissiyasining majlislari materiallari tayyorlanishini taʼminlaydi, majlislar, shu jumladan rahbariyat tomonidan oʻtkaziladigan turli yigʻilishlar, ishchi majlislarini oʻtkazishga doir tashkiliy, moddiy-texnik, axborot yoʻsinidagi masalalarni hal etadi;
Markaziy saylov komissiyasi majlis va boshqa yigʻilishlari zaruratga qarab videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilishining barcha tashkiliy-texnik jihatlarini barvaqt hal etadi;
Markaziy saylov komissiyasining axborot-kommunikatsiya tizimiga texnik va dasturiy taʼminot jihatdan xizmat koʻrsatadi, shakllantiradi va rivojlantiradi.
2) Markaziy saylov komissiyasi majlislarining bayonnomalarini yuritish, Markaziy saylov komissiyasi qarorlari va Komissiya Raisining farmoyishlarini rasmiylashtirish, ijrochilar eʼtiboriga yetkazish, bajarilishini taʼminlash sohasida:
Markaziy saylov komissiyasi majlisi stenogrammasi, bayonnomalari va ovozli yozuvlarini yuritadi;
Markaziy saylov komissiyasi qarorlari va Komissiya Raisining farmoyishlarini rasmiylashtiradi va ularning hisobini yuritadi;
Markaziy saylov komissiyasi qarorlari va Komissiya Raisining farmoyishlarini tarkibiy tuzilmalarga va saylov komissiyalariga ijro uchun yuboradi, ularning bajarilishini nazorat qiladi.
3) Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha rejalashtirish ishlarini olib borish sohasida:
Markaziy saylov komissiyasi ish rejalarining (yarim yillik va yillik ish rejalari) loyihalarini tayyorlaydi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi;
Markaziy saylov komissiyasi hamda hududiy saylov komissiyalari ish rejalarining ijro etilishini tahlil qiladi, umumlashtiradi va Markaziy saylov komissiyasi majlis va yigʻilishlarida muhokama qilish uchun axborot tayyorlaydi.
4) Kotibiyat xodimlarining va hududiy saylov komissiyalari doimiy asosda ishlovchi aʼzolarining mehnat va ijro intizomi, odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilishlarini nazorat qilish, natijasi boʻyicha rahbariyatga taklif kiritish, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurash yoʻnalishidagi ishlarni tashkil etish sohasida:
mehnat va ijro intizomi, odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi;
mehnat va ijro intizomiga rioya etilishi yuzasidan tarkibiy tuzilmalar uchun majburiy boʻlgan zarur koʻrsatma va topshiriqlar beradi;
rahbariyatning koʻrsatmalari va topshiriqlari bajarilishini nazorat qiladi;
samaradorlik koʻrsatkichlarini tarkibiy tuzilmalar tomonidan bajarilishini nazorat qiladi hamda natijalari boʻyicha tahliliy maʼlumotlar tayyorlaydi;
rahbariyatning topshirigʻiga koʻra mehnat va ijro intizomi ahvoli yuzasidan tarkibiy tuzilmalarning rahbarlari va xodimlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazadi va natijasi boʻyicha rahbariyatga axborot taqdim etib boradi.
5) Qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida Markaziy saylov komissiyasiga yuklatilgan topshiriqlarning ijrosini taʼminlash va nazorat qilish sohasida:
qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarini roʻyxatdan oʻtkazadi, masʼul ijrochini belgilaydi hamda rahbariyatga axborot beradi;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan, rahbariyat tomonidan imzolangan belgilangan shakldagi maʼlumotni, zarur tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga idoralararo elektron tizimga kiritadi;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holatini rahbariyat huzurida muhokama qilinishini tashkil etadi.
6) Markaziy saylov komissiyasida ish yuritish va arxiv ishini tashkil etish sohasida:
Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan barcha (yozma va elektron) xat va hujjatlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qiladi, roʻyxatga oladi, hisobini yuritadi, ularni rahbariyatga koʻrib chiqish uchun kiritadi, hujjatlarni ijrochilarga yetkazilishini taʼminlaydi;
jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilishni hamda ularning murojaatlarini belgilangan tartibda koʻrib chiqilishini tashkil etadi;
Markaziy saylov komissiyasi faoliyatiga doir hujjatlarni belgilangan tartibda arxivda saqlanishini taʼminlaydi.
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va oʻtkazishda Markaziy saylov komissiyasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash sohasida:
saylov kampaniyasi va referendum oʻtkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarning rejalari loyihasini tayyorlaydi va Markaziy saylov komissiyasi majlisi muhokamasiga tasdiqlash uchun kiritadi;
saylov komissiyalaridan oʻtkazilgan saylov va referendumlar yuzasidan maʼlumotlarni oladi, tahlil qiladi, umumlashtiradi va Markaziy saylov komissiyasi majlisi, yigʻilishida muhokama qilish uchun hisobot tayyorlaydi va rahbariyatga kiritadi;
saylov va referendumlar oʻtkazish boʻyicha Markaziy saylov komissiyasi koʻrsatmalari, yoʻriqnomalar va tartib-qoidalarni ishlab chiqadi, joylardagi komissiyalar tomonidan ularga rioya etilishini taʼminlaydi;
saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlaydi, saylovni (referendumni) tashkil etish masalalari yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar, yoʻriqnomalar hamda nizomlar boʻyicha tushuntirishlar beradi.
8) Saylov komissiyasi aʼzolarini tizimli oʻqitish, malakasini oshirish, ularning saylov qonunchiligi sohasida mukammal bilimlarini, saylov jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda professional koʻnikmalarini shakllantirish sohasida:
saylov va referendumga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish davrida saylov jarayoni (referendum) boshqa ishtirokchilarini, xususan saylov komissiyalari va referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarini tizimli oʻqitish, malakasini oshirish, saylov va referendum qonunchiligi sohasida mukammal bilimlarini, saylov jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda professional koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va ijrosini taʼminlaydi.
9) Saylov va referendumlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish amaliyoti, shuningdek, milliy saylov qonunchiligining umum eʼtirof etilgan xalqaro prinsiplari va standartlariga muvofiqligini tizimli ravishda monitoring qilib borish sohasida:
saylov va referendumga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish amaliyotini umum eʼtirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlarga muvofiqligini tizimli ravishda monitoring qilib boradi;
xorijiy davlatlarning saylov va referendumga doir qonunchilik hujjatlari tajribasini oʻrganish va umumlashtirish, tahlil qilish, qiyoslash orqali milliy saylov va referendum qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
10) SJBATni joriy etish hamda SYAERdan foydalanish faoliyati boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishda koʻmaklashish, shuningdek “E-saylov” axborot tizimida ish yuritilishini taʼminlash sohasida:
saylov va referendumga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida saylov jarayonining barcha ishtirokchilarida SYAER hamda SJBATdan foydalanish koʻnikmalarini hosil qilish choralarini koʻradi;
saylov qonunchiligi va zamonaviy axborot texnologiyalar boʻyicha SJBATdan foydalanish tartib-qoidalarini saylov tashkilotchilariga, jamoatchilikka keng tushuntirish ishlarini olib boradi;
“E-saylov” axborot tizimida ish yuritilishini tashkil etishda koʻmaklashadi va tizimni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
11) Markaziy saylov komissiyasining huquqni qoʻllash faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni taʼminlashni tashkil etish, ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib borish sohasida:
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalari (farmoyishlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar loyihalari)ning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazadi;
norma ijodkorligi faoliyatining joriy va istiqbolli rejalarini ishlab chiqadi yoki ularning ishlab chiqilishida, amalga oshirilishi va bajarilishini nazorat qilishda ishtirok etadi;
shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-daʼvo ishlarini yuritadi, mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini taʼminlaydi.
12) Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishini tashkil etish, saylov va referendumlarning axborot kampaniyasini muvofiqlashtirib borish, jamoatchilik bilan aloqalarni oʻrnatish sohasida:
Markaziy saylov komissiyasi faoliyati haqida OAV, ijtimoiy tarmoqlar, rasmiy veb-sayti, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yoʻli bilan aholiga muntazam, toʻliq va tezkor ravishda axborot taqdim etib boradi;
komissiya faoliyatiga aloqador matnli, foto-, audio- va videomateriallardan iborat maʼlumotlar bazasini shakllantiradi va yangilab boradi;
saylov kampaniyasi va referendumni yoritish boʻyicha Markaziy saylov komissiyasining matbuot markazini va uning hududiy boʻlinmalarini tashkil etish hamda uning ish rejasi boʻyicha takliflar tayyorlaydi, matbuot markazlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Markaziy saylov komissiyasi qarorlarining mazmun-mohiyati haqida, sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yoʻli bilan aholiga muntazam, toʻliq va tezkor ravishda axborot taqdim etib boradi.
13) Markaziy saylov komissiyasining xorijiy mamlakatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish sohasida:
xorijiy mamlakatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
boshqa mamlakatlarning saylov organlari, xalqaro tashkilotlar va chet davlatlarning vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilishini, bitimlar va memorandumlar tuzilishini taʼminlaydi;
saylov va referendumlarni kuzatish uchun xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish ishlarini tashkil etadi;
saylov va referendumlar boʻyicha xalqaro kuzatuvchi missiyalarining hisobotlarini tahlil qilish ishlarini tashkillashtiradi;
Markaziy saylov komissiyasining xorijiy mamlakatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi.
14) Saylov komissiyalari va referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning zarur jihozlar bilan taʼminlanganlik holatini oʻrganish, tahlil qilish va ular asosida xarid qilish uchun takliflarni tayyorlash hamda xarid va yetkazib berishni tashkil etish sohasida:
saylov komissiyalari va referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning zarur jihozlar bilan taʼminlanganlik holatini oʻrganadi, tahlil qiladi va ular asosida xarid qilish uchun takliflarni tayyorlaydi;
saylov komissiyalari va referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning saylov jihozlariga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlaydi hamda ularga saylov (ovoz berish) jarayonini oʻtkazish uchun yetkazib berishni tashkillashtiradi.
15) Markaziy saylov komissiyasida xoʻjalik ishlarini tashkil etish sohasida:
Markaziy saylov komissiyasi hamda Kotibiyat faoliyatini xoʻjalik jihatdan taʼminlash borasidagi ishlarni amalga oshiradi;
bino hududlari, xonalari va asbob-uskunalaridan foydalanishga, texnik jihatdan xizmat koʻrsatishni tashkil etadi va ularni zarur holatda saqlanishini taʼminlaydi.
16) Markaziy saylov komissiyasining buxgalteriya hisobi va hisobotlarini markazlashtirilgan hisob-kitobini yuritish sohasida:
Markaziy saylov komissiyasida buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishini tashkil etadi, shuningdek uning ijrosini nazorat qiladi;
saylov va referendumga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish boʻyicha xarajatlar smetasi loyihasini ishlab chiqadi;
moliyaviy hisobotlarni tahlil qiladi va umumlashtiradi.
Kotibiyat oʻz vakolatlari doirasida boshqa vazifa va funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Kotibiyatning huquqlari va majburiyatlari
9. Kotibiyat oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish maqsadida quyidagi huquqlardan foydalanadi:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlardan Markaziy saylov komissiyasi vakolatlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni va boshqa materiallarni soʻrab oladi;
Kotibiyatning faoliyatiga taalluqli hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun kiritadi;
Kotibiyatning faoliyatini takomillashtirish masalalari boʻyicha takliflar kiritadi;
zimmasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, jismoniy va yuridik shaxslar bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzadi;
Kotibiyat xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan choralarni koʻradi.
Kotibiyat qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
10. Kotibiyat:
Mazkur Nizomda belgilangan vazifa va funksiyalarni samarali amalga oshirish;
Markaziy saylov komissiyasi majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va tegishli materiallarni tayyorlash;
Markaziy saylov komissiyasi majlislarida elektron tizimlar samarali ishlashini taʼminlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish;
mehnat va ijro intizomi, odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etish;
rahbariyat topshiriqlari ijrosini oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash uchun javobgardir.
Kotibiyat zimmasiga qonunchilik hujjatlariga, shu jumladan Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
4-bob. Kotibiyatning tuzilishi
11. Kotibiyat quyidagi tarkibiy boʻlinmalarni oʻz ichiga oladi:
Tashkiliy-nazorat va rejalashtirish boʻlimi;
Saylov jarayonini tashkiliy taʼminlash boʻlimi;
Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar boʻyicha oʻquv markazi;
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻlimi;
Moddiy-texnika taʼminoti boʻlimi;
Matbuot xizmati;
Yuridik taʼminlash va murojaatlar bilan ishlash boʻlimi;
Xalqaro hamkorlik boʻlimi;
Moliya-iqtisod boʻlimi;
Xoʻjalik ishlari boʻlimi;
Kotibiyat tarkibiy tuzilmalari tarkibida shoʻba, guruh va boshqa tarmoq tuzilmalari tuzilishi mumkin.
Kotibiyat xodimlarining funksional vazifalari Komissiya Raisi tomonidan tasdiqlanadigan mansab yoʻriqnomalarida belgilanadi.
12. Kotibiyatning tarkibiy tuzilmalari toʻgʻrisidagi nizomlar Komissiya Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Kotibiyat rahbarining funksional vazifalari
13. Kotibiyat rahbari oʻzining asosiy funksional vazifalari doirasida quyidagilarni amalga oshiradi:
Kotibiyat, uning tarkibiy tuzilmalari samarali ishlashini taʼminlash choralarini koʻradi, Kotibiyat zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Kotibiyat xodimlarining ishlari rejalashtirilishini, tashkil qilinishini taʼminlaydi hamda Kotibiyat zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning ijrosini nazorat qiladi, shuningdek ular ijrosi toʻgʻrisida rahbariyatga axborot beradi;
Rahbariyatning topshiriqlari va ulardan ijro uchun qabul qilingan hujjatlarning bajarilishini tashkillashtiradi va nazorat qiladi;
Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari bilan kelishgan holda Markaziy saylov komissiyasi majlisi kun tartibiga kiritilgan har bir masala boʻyicha zarur materiallarni tayyorlash uchun Kotibiyatning mutasaddi tarkibiy tuzilmasi xodimlariga topshiriq beradi;
Markaziy saylov komissiyasida oʻtkaziladigan tadbirlar rejalari, kun tartibi loyihalarini tayyorlanishini tashkil etadi hamda ushbu hujjatlarni rahbariyat va komissiya aʼzolari koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
Kotibiyat xodimlariga yuklatilgan vazifalar bajarilishining samaradorligi darajasini baholash tizimini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻradi;
Kotibiyat xodimlarining mehnat va ijro intizomiga hamda odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilishlarini nazorat qiladi, ularni ragʻbatlantirish va mukofotlash, lavozim maoshlariga ustamalar hamda qoʻshimchalar belgilash, intizomiy javobgarlikka tortish, davlat mukofotlariga tavsiya etish va darajali unvonlar berish boʻyicha rahbariyatga takliflar kiritadi;
Kotibiyat faoliyatini samaradorligini oshirish maqsadida Kotibiyat tuzilmasi, shtatlari va kadrlar tarkibiga oid masalalar yuzasidan rahbariyatga taklif kiritadi;
Kotibiyat xodimlarining zaxirasini shakllantirish va yangilab borilishini nazorat qiladi;
Komissiya Raisining topshirigʻiga asosan Kotibiyat xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazishni va malakaviy imtihonlarni tashkil etadi;
rahbariyatga axborot, maʼlumotnoma va boshqa materiallar tayyorlanishini nazorat qiladi;
Kotibiyat tarkibiy tuzilmalarining faoliyatini takomillashtirish maqsadida innovatsion yangiliklarni joriy etish boʻyicha takliflar kiritadi;
Kotibiyat tarkibiy tuzilmalari tomonidan ushbu Nizomda belgilangan vazifalarning izchil bajarilishini hamda Kotibiyat xodimlarining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga va Ichki mehnat tartib qoidalariga qatʼiy rioya etishlarini taʼminlaydi;
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan hujjatlar hisobining yuritilishi, saqlanishi va belgilangan tartibda arxivga topshirilishi bilan bogʻliq ishlarni tashkillashtiradi;
ushbu Nizomga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
Kotibiyat rahbari boʻlmagan hollarda uning vazifalarini vaqtincha bajarib turish Komissiya Raisining farmoyishiga asosan belgilanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
14. Ushbu Nizomga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar belgilangan tartibda kiritiladi.