Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YoNGʻINGA QARShI AVTOMATIKA VOSITALARINI, QOʻRIQLASh SIGNALIZATSIYALARINI, YoNGʻINDAN DARAK BERUVChI VA YoNGʻINDAN SAQLOVChI SIGNALIZATSIYALARNI LOYIHALAShTIRISh, MONTAJ QILISh, SOZLASh, TAʼMIRLASh VA ULARGA TEXNIK XIZMAT KOʻRSATISh FAOLIYATINI LITSENZIYALASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-oktabrdagi 880-sonli “Yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyalarini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish sohasini davlat tomonidan samarali tartibga solish, ishlab chiqarish va boshqa obyektlarni yongʻindan saqlashning ishonchli texnik vositalarini yaratishda yagona muhandislik-texnika siyosatini oʻtkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Z.A. Almatov):
bir oy muddatda idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin;
yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyati sohasidagi yangi talablar va shartlar toʻgʻrisidagi axborot ikki oy muddatda litsenziatlar-yuridik shaxslarga yetkazilishini va tushuntirish berilishini taʼminlasin;
yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish uchun haqiqiy litsenziyalarga ega boʻlgan yuridik shaxslar bilan 2004-yil mobaynida mazkur Nizomda nazarda tutilgan yigʻimlar va bojlarni undirmasdan tasdiqlangan Nizom asosida litsenziya shartnomasi tuzsin;
litsenziatlar faoliyati hamda ular tomonidan mazkur sohada amalda boʻlgan qonun hujjatlariga, normalar va standartlarga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni taʼminlasin.
4. “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi (A.R. Toxtayev), “Oʻzstandart” agentligi (R.A. Boʻriyev), “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi (Sh.Oʻ. Umarov) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan birgalikda zamonaviy talablarni hisobga olgan holda qurilish meʼyorlari va qoidalarining yongʻinga qarshi avtomatika vositalariga, qoʻriqlash signalizatsiyalariga, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarga taalluqli qismini qayta ishlab chiqsinlar hamda tegishli normativ va yoʻriqnoma hujjatlarga zarur oʻzgartirishlar kiritsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 22-mart,
136-son
Yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda foydalaniladigan tushunchalar va taʼriflar:
yongʻinga qarshi avtomatika vositalari — obyektda (bino, inshoot, xona, hududda) yongʻin chiqishi belgilari toʻgʻrisidagi axborotlarni qabul qilish va ularga ishlov berish, yongʻinni avtomatik tarzda oʻchirish hamda yongʻinga qarshi xavfsizlikni taʼminlash uchun masʼul boʻlgan kuchlar va vositalarni xabardor qilish uchun moʻljallangan texnik vositalar kompleksi;
qoʻriqlash signalizatsiyasi vositalari — obyektni (bino, inshoot, xona, hududni) qoʻriqlashning ahvoli toʻgʻrisidagi axborotlarni qabul qilish, ularga ishlov berish, uzatish va aks ettirish uchun moʻljallangan texnik vositalar yigʻindisi;
yongʻindan darak beruvchi signalizatsiyasi vositalari — yongʻin belgilarini aniqlash, tegishli axborotga ishlov berish va ularni uzatish, yongʻinga qarshi xavfsizlikni taʼminlovchi kuchlar va vositalarni avtomatik tarzda xabardor qilish, shuningdek yongʻinni oʻchirish avtomatik qurilmalarini ishga tushirishga komanda berish uchun moʻljallangan texnik vositalar yigʻindisi;
qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalari — qoʻriqlash signalizatsiyasi va yongʻindan darak beruvchi signalizatsiyaning qoʻshma tizimlari.
3. Obyektlarda oʻrnatiladigan yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyati litsenziyalanadi va faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Avtotransport vositalarida oʻrnatiladigan yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyati litsenziyalanmaydi.
4. Yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan (keyingi oʻrinlarda litsenziyalovchi organ deb ataladi) amalga oshiriladi.
5. Yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish uchun namunaviy (oddiy) litsenziya beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Litsenziyaning amal qilish muddati 5 yil.
(6-bandning ikkinchi gapi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-sonli qaroriga muvofiq chiqarib tashlandi — OʻR QHT, 2006-y., 20-21-son, 181- modda)
7. Litsenziya talabgorining arizasiga koʻra litsenziya litsenziyalanadigan faoliyatning bir qismiga berilishi mumkin.
II. Litsenziya talablari va shartlari
8. Litsenziya talabgoriga va litsenziatga quyidagi talablar qoʻyiladi:
yuridik shaxs-litsenziya talabgorining doimiy shtatida maxsus tayyorgarlikka va tegishli ixtisoslik (yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish) boʻyicha kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan kamida ikkita xodimning mavjud boʻlishi;
litsenziya talabgorida litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun zarur moddiy-texnik bazaning, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalarning mavjud boʻlishi;
litsenziat tomonidan qonun hujjatlariga, yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish sohasidagi normativ hujjatlar va standartlar talablariga rioya etilishi;
litsenziyalovchi organ tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha litsenziyalanadigan faoliyat boʻyicha ishlarni bajaruvchi xodimlar toʻgʻrisida litsenziyalovchi organga har yili maʼlumotlar taqdim etish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq sertifikatlangan yoki qoʻllash uchun “Qoʻriqlash” respublika birlashmasi yoki Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan ruxsat berilgan yongʻinga qarshi avtomatika vositalari, qoʻriqlash signalizatsiyasi, yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya, qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalari va tizimlaridan foydalanish;
yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyasini, yongʻindan darak beruvchi va qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish loyihalarining hisobini olib borish va ularni ishlatishning butun davrida loyihalarning (yoki ularning nusxalarining) saqlanishini taʼminlash;
litsenziat tomonidan obyektlarda oʻrnatilgan yongʻinga qarshi avtomatika vositalari, qoʻriqlash signalizatsiyasi, yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya va qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi toʻgʻrisidagi axborotlarning, shuningdek obyektni qoʻriqlash va uning xavfsizligini taʼminlash tizimi toʻgʻrisida litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish jarayonida maʼlum boʻlib qolgan boshqa maʼlumotlarni muhofaza qilishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarning koʻrilishi;
litsenziat tomonidan yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyasi, yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya va qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalarini loyihalashtirish va montaj qilish yuzasidan bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi, jihozlangan obyektlarning idoraviy qarashliligi, oʻrnatilgan priborlar va koʻrsatkichlarning turi va miqdori koʻrsatilgan holda maʼlumotlarning, shuningdek ishlarni bajarishda ishtirok etgan shaxslarning roʻyxati har yili Ichki ishlar vazirligiga taqdim etilishi.
9. Litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirishda:
ilgari sudlangan va qasddan jinoyat sodir etganligi uchun muddati oʻtalmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarning;
ruhiy kasalliklar, giyohvandlik, toksikomaniya, alkogolizm yuzasidan hisobda turuvchi shaxslarning ishga yollanishiga yoki jalb qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Litsenziyalovchi organ va litsenziat oʻrtasida tuziladigan litsenziya bitimida mazkur Nizomning 8-bandida sanab oʻtilganlardan kelib chiquvchi aniq litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur hujjatlar
11. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziya berish toʻgʻrisida ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi: yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami, litsenziyalanayotgan faoliyatning (uning bir qismining) yuridik shaxs tomonidan amalga oshirilishi moʻljallanayotgan turi ;
(11-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat;
litsenziyalovchi organ tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha mutaxassislarning malaka tarkibi toʻgʻrisidagi tegishli hujjatlar (mehnat daftarchasining, maʼlumoti yoki maxsus tayyorgarligi toʻgʻrisidagi hujjatlarning nusxasi) ilova qilingan roʻyxati;
litsenziyalanayotgan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik bazaning mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
12. Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Hujjatlar litsenziyalovchi organga litsenziya talabgori tomonidan bevosita yoxud ularning olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar litsenziyalovchi organ tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
14. Ishonchli boʻlmagan yoki buzilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
15. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun ariza berilgan kunda amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organning hisob raqamiga oʻtkaziladi va litsenziyalovchi organ yigʻimni litsenziyalashda ishtirok etgan boʻlinmalar oʻrtasida taqsimlaydi. Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan yoki litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berishni rad etgan taqdirda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
16. Yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash ushbu Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi va barcha zarur hujjatlar olingan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
Litsenziyalovchi organ xulosa tayyorlash uchun oʻz mablagʻlari hisobiga:
litsenziya talabgorida litsenziyalanayotgan faoliyat turini amalga oshirish uchun talab qilinadigan mavjud shart-sharoitlarni joyiga borib baholash;
tegishli xulosalar tayyorlash uchun shartnoma asosida ekspertlarni jalb etish huquqiga ega.
17. Litsenziyalovchi organ litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
18. Litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimida quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turi (uning bir qismi)ning nomi;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini litsenziyalovchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
19. Litsenziyalar maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi. Litsenziya blankalari namunalari litsenziyalovchi organ tomonidan tasdilanadi va litsenziyalovchi organ buyurtmasi boʻyicha “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi. Litsenziyalovchi organ litsenziyalar blankalarining saqlanishi uchun javob beradi.
Litsenziyalovchi organ nomidan litsenziyalar Ichki ishlar vazirligi vakolat berilgan shaxs tomonidan imzolanadi hamda litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va u litsenziya bitimini imzolagandan keyin uch kun muddatda beriladi.
20. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, litsenziyalovchi organ litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilishga haqlidir.
21. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
22. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan, muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
23. Litsenziya berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar litsenziya talabgori tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish litsenziyalovchi organ tomonidan koʻrsatilgan kamchiliklar litsenziya talabgori tomonidan bartaraf etilganligini tasdiqlovchi zarur hujjatlar (dalolatnomalar, maʼlumotnomalar, sertifikatlar, formulyarlar va boshqalar) bilan birgalikda arizasi olingan kundan boshlab oʻn kun mobaynida amalga oshiriladi. Bunda litsenziya talabgorining arizasi takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
24. Litsenziya talabgorining arizasini qayta koʻrib chiqishda ilgari litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi;
Rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan litsenziya berish muddati tamom boʻlgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza deb hisoblanadi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
25. Litsenziya talabgori litsenziyalovchi organning litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlgan taqdirda ushbu qaror, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
V. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
26. Yuridik shaxs-litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
27. Litsenziyalovchi organ tegishli hujjatlar ilova qilingan holda ariza olingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida litsenziyani qayta rasmiylashtiradi hamda litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organning hisob raqamiga oʻtkaziladi.
28. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
29. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza litsenziyalovchi organga litsenziyaning amal qilish muddati oʻtgunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
30. Amal qilish muddati oʻtmagan yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra dublikat berilishi mumkin. Bunda litsenziat ommaviy axborot vositalarida yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziyaning haqiqiy emasligi toʻgʻrisida axborot eʼlon qilishi va eʼlonni litsenziyalovchi organga taqdim etishi shart.
Litsenziya dublikatini berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organning hisob raqamiga oʻtkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
31. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat litsenziyalovchi organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
32. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda litsenziyalovchi organ oʻz vakolatlari doirasida:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziatning ularga rioya etishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish yuzasidan litsenziatga majburiyat yuklovchi qarorlar qabul qilish;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish toʻgʻrisida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaror chiqarish yoki sudga murojaat qilish.
(32-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
33. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida litsenziyalovchi organning tekshiruvchi xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, uning bir nusxasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi litsenziyalovchi organda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va litsenziyani bekor qilish
Oldingi tahrirga qarang.
34. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish, uni bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22—24-moddalarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-sonli qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)
35. Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish, uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyalovchi organ tomonidan qabul qilingan qaror asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
36. Litsenziyalovchi organ berilgan litsenziyalar reyestrini yuritadi.
37. Har bir reyestrda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni;
litsenziyalanadigan faoliyat turining nomi;
litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
litsenziyani bekor qilish asoslari va sanasi.
38. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytida joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq boʻladi.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(40-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
IX. Litsenziya berganlik uchun davlat boji
42. Yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun toʻlov kunida belgilangan eng kam oylik ish haqining oʻn baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
43. Davlat boji respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash sxemasi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 12-son, 141-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda, 46-47-son, 458-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda)