O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan pullik xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 21-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3602]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PQ-22-son “Kriminologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-iyuldagi 445-son “Kriminologik faoliyatni ilmiy ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan pullik xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-dekabr,
729-son
Kelishildi:
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A. XODJAYEV
2024-yil 26-noyabr
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 729-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan pullik xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti (bundan buyon matnda Institut deb yuritiladi) tomonidan jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida shartnoma asosida pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
buyurtmachi — Institutga jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ekspertlik, ilmiy-tadqiqot, noshirlik va matbaa faoliyati bo‘yicha xizmat ko‘rsatishni so‘rab o‘z ixtiyoriga ko‘ra murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
pullik xizmat — Institut tomonidan shartnoma asosida haq evaziga jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ekspertlik, ilmiy-tadqiqot, noshirlik va matbaa faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar.
2. Institut jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida shartnoma asosida quyidagi faoliyat turlari bo‘yicha pullik xizmat ko‘rsatadi:
ekspertlik faoliyati;
ilmiy-tadqiqot faoliyati;
noshirlik faoliyati;
matbaa faoliyati.
3. Institut ekspertlik faoliyati bo‘yicha quyidagi pullik xizmatlarni ko‘rsatadi:
jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarining kasbiy malakasini oshirish;
jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida jinoyatning omillari va tendensiyalari hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari bo‘yicha xulosa berish.
4. Institut ilmiy-tadqiqot faoliyati bo‘yicha quyidagi pullik xizmatlarni ko‘rsatadi:
jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati sohasida ijtimoiy fikrni o‘rganish bo‘yicha sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish;
stenogramma xizmatini ko‘rsatish (ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar majlislari stenogrammasini tayyorlash).
5. Institut noshirlik faoliyatida bosma mahsulotlarni (ilmiy va ommaviy adabiyotlarni, jumladan, kitob, gazeta, jurnal va tasviriy san’at asarlarini) nashr qilishga tayyorlash bo‘yicha pullik xizmatlarni ko‘rsatadi.
6. Institut matbaa faoliyati bo‘yicha quyidagi pullik xizmatlarni ko‘rsatadi:
bosma nashrlarni bosish;
bosma mahsulotlarning qoliplarini tayyorlash;
muhr va shtamplar tayyorlash, bosma mahsulotlarni muqovalash.
2-bob. Pullik xizmat ko‘rsatish tartibi
7. Buyurtmachi pullik xizmat ko‘rsatishni so‘rab Institutga yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
8. Institutga murojaat kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni ichida buyurtmachi va Institut o‘rtasida ikki nusxada pullik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuziladi.
9. Pullik xizmatlar preyskuranti (narxlari) Institut boshlig‘i tomonidan bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda tasdiqlanadi.
10. Pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar Institutning budjetdan tashqari jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
11. Pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘larning kelib tushishi va maqsadli sarflanishini nazorat qilish Institut boshlig‘i zimmasiga yuklatiladi.
3-bob. Yakuniy qoida
12. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.01.2025-y., 10/25/3602/0061-son)